Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.05.2026 | 12:36

img1197

KIM JINOYATCHI?

Yaqinda davlat xavfsizlik xizmatlari arxivida jadid harakatiga doir yangi hujjatlarni o‘rgandik. Tarixiy qiymati nihoyatda katta ushbu ma’lumotlarni gazetxonlar e’tiboriga havola etishni lozim topdik.

Tergov hujjatlarida ikki shaxs nomi diqqatimizni tortdi: Yunusjon hoji va Ne’matjon Og‘aliqovlar. Ularning kechmishi o‘sha qaltis va tahlikali palladagi qatag‘on suroni, taloto‘plar, ayblov-u tuhmatlar mohiyatini ochib berishda muhim manba sifatida namoyon bo‘ladi.

Og‘aliqovlarning inqilobgacha Qo‘qonda iqtisodiy mavqeyi baland bo‘lgan, otasi yirik qo‘y savdogari, xonadon nufuzi mulkdor qatlamga mansub edi.

Ne’matjon Og‘aliqov (1877-yili tug‘ilgan) madrasa ta’limi olgan, dunyoqarashi diniy va milliy muhitda, Turkiston muxtoriyati davridagi harakatlarda shakllangan. Yunusjon hoji Og‘aliqov (1884-yili tug‘ilgan) esa yurt kezgan, savdo bilan shug‘ullanib, jamoat ishlarida faol shaxs bo‘lgan.

Inqilobga qadar haj ibodatini ado etib, qator mutaraqqiy shaharlarda, jumladan, Istanbulda bo‘lib qaytgan Yunusjon hoji safar davomida turli ma’rifiy muhit va islohotparvar qarashlar bilan tanishadi. Bu holat uning keyingi faoliyatida kuzatiladigan milliy uyg‘onish va jamoatchilik harakatlariga qiziqishi bilan uyg‘unlik kasb etadi. Xususan, “Sho‘royi islom”, “Milliy ittihod” kabi tashkilotlarga a’zo bo‘lib, Turkiston muxtor hukumati faoliyatida ishtirok etishida malaka vazifasini o‘tagan. Hoji muxtoriyat halokatidan so‘ng turli sohalarda ishlagan bo‘lsa-da, hamma jabhada millat ravnaqi, yurt ozodligi uning uchun bosh maqsad bo‘lgan. O‘sha davrning tosh-tarozusiga ko‘ra, bunday dunyoqarash nafaqat qabul qilinmas, balki mutlaqo kechirilmas hol edi. Qahramonimiz aksilinqilobiy faoliyati uchun qatag‘onning ilk to‘lqini – 1926-yili 7 yilga Sibirga badarg‘a qilingan.

1932-yili Qo‘qonga qaytgach, u millat ozodligi yo‘lidagi aloqalarini tiklaydi. Hurriyatparvar tashkilot rahbari Ashurali Zohiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunusov hamda “Guliston” tahririyati kotibi Sodiqov bilan yaqin munosabatlarini qayta yo‘lga qo‘yadi. Ma’rifiy doiralar bilan yaqin aloqalari uni O‘zbekiston davlat nashriyoti do‘koniga rahbarligida qo‘l keladi.

1937-yil iyul oyiga oid kuzatuvlardan Yunusjon hojining o‘sha davrdagi hayoti ikki qutb orasida kechganiga guvoh bo‘lamiz. Bir tomondan, u Toshkentda – olim G‘ozi Yunusovnikida yashab, Cho‘lpon kabi ziyolilar bilan yuzlashib turgan, ya’ni ma’rifiy muhitdan uzilmagan. Ikkinchi tomondan, uning suhbatlarida kundalik hayot muammolari – non narxining oshirilib-tushirilishi kabi masalalar ham tilga olinadi. Bu esa qahramonimiz dunyoqarashi siyosiy doira bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy voqelikning eng oddiy, biroq o‘tkir nuqtalari bilan ham uzviy bog‘langanidan dalolat beradi.

Bu kabi mulohazalar yurt taraqqiysi uchun jon koyitgan fidoyi insonlar bilan uchrashuv va davralarda tobora charxlanib borardi. Biroq bunday suhbatlar doim ham erkin, xotirjamlikda kechmagan. Xususan, 27-iyul kuni Ashurali Zohiriy uyida o‘tgan suhbatda maxfiy xizmat xodimining kirib kelishi gap o‘zanini darhol boshqa mavzuga – kitoblar va madaniy masalalarga burib yuborgan. Ilg‘ash qiyin emaski, bunday davralarda fikr almashish oson kechmagan. “Gupping qalin bo‘lsa ham qishdan qo‘rq, do‘pping qalin bo‘lsa ham mushtdan qo‘rq”, deganlaridek, ehtiyotkorlik davr taqozosi bo‘lgan.

1937-yil iyul oyiga oid ko‘rsatmalarda Yunusjon hoji bozorlardagi oziq-ovqat taqchilligi, turnaqator navbatlar va aholining og‘ir ahvolidan yozg‘iradi. U guruch topilmagani, moy uchun soatlab navbatda turishga to‘g‘ri kelgani haqida gapirar ekan, bu hol unda jiddiy xavotir uyg‘otganini ro‘yrost keltiradi. Ko‘rinadiki, uning mulohazalarida oziq-ovqat yetishmovchiligi tartibsizlik, ochlik va beqarorlikka olib kelishi mumkinligi haqida o‘ylar ustun. Bu kabi mulohazalar o‘sha davrdagi iqtisodiy va ijtimoiy hayotga nisbatan tanqidiy munosabatning mavjudligini anglatardi.

Shu ma’noda, qahramonimiz esga olgan mana bu lavha o‘sha davr ruhini o‘zida mujassam etganday tuyuladi: “Bir kuni do‘konimga kolxozchi kirdi, oq aroq so‘radi, garchi bu yer kitob do‘koni ekanini ko‘rgan edi. Men unga aroq borligini aytib, bir butilka gummiarabiki (tabiiy mumdan tayyorlangan sharbat)ni berdim, u 3 rubl 70 tiyin to‘ladi va ketdi”. Bu gapdan keyin suhbat ishtirokchilari, jumladan, Ashurali Zohiriy ham miyig‘ida kulib: “Qarang, bizning kolxozchini qanchalik oson aldash mumkin. Sovet hukumati uni qanday qilib boqishga qiynalmaydi”, deb kinoya qiladi.

Bu kabi holatlarda maishiy ehtiyojlar bilan ma’rifiy muhit o‘rtasidagi chegaralar xiralashib, odamlar ongida muayyan chalkashliklar yuzaga kelgani seziladi… Bunday ziddiyatli muhit, tabiiyki, Og‘aliqovlar sulolasi vakillari taqdirida chuqur iz qoldirgan.

Xususan, Ne’matjon Og‘aliqov haqidagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki, uning hayot yo‘li ham o‘sha davr siyosiy jarayonlari bilan bevosita bog‘liq kechgan. Savdogar oiladan chiqqan, madrasada ta’lim olgan bu shaxs ilk bosqichdayoq “Sho‘royi islom” va “G‘ayrat” kabi tashkilotlarda qatnashib, keyinchalik Turkiston muxtoriyati davridagi harakatlarda ishtirok etadi, hatto hukumat tarkibiga kiradi. Biroq sovet hukumati iqtidorga kelib, yer islohoti siyosatini yo‘lga qo‘ygan davrda bog‘ va yerlaridan mahrum etilishi uning ijtimoiy mavqeyiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu paytdan e’tiboran manbalarda uning sovet hukumatiga nisbatan norozilik kayfiyati anglashiladi. Keyingi taqdiri aynan shu qarashlarga doxil kecharoq, “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi sifatida ta’qibga uchraydi, hibsga olinib, uch oy qamoqda saqlanadi.

Ne’matjon Og‘aliqov qamoqdan so‘ng doimiy ta’qib tufayli faol siyosiy hayotdan chetlashib shahar shifoxonasida qiroatchi sifatida ishlashga majbur bo‘ladi. Biroq sog‘lig‘idagi muammolar tufayli bu ish faoliyati uzoqqa cho‘zilmaydi. Aniqrog‘i, nogironlik vaji bilan ishdan bo‘shatiladi.

Maxfiy kuzatuv materiallarida Ne’matjon Og‘aliqovning o‘zini “milliy harakatchi” sifatida qanday qabul qilgani masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. U 1930-yildan keyin bu faoliyatdan voz kechganini ta’kidlasa-da, amalda o‘zining avvalgi ayblovlardan xalos bo‘lmaganini tan oladi. Uning huquq va qonun haqidagi mulohazalari esa o‘sha davrdagi siyosiy tizimga nisbatan ishonchsizlikni ochiq ifoda etadi. “Men barchaga huquq beruvchi ochiq qonunni qidirmayman, chunki unga rioya qilinmaydi. Balki boshqa qonun bordir, uning ostida milliy harakatchilarga qiynoq ko‘rsatiladi va shu qonunga men ham kirib qoldim”, deydi u.

Kundalik hayotdagi tangliklar uning mulohazalarida alohida o‘rin tutadi. Bir gal ko‘chada tanishi bilan uchrashib, o‘z ahvolidan norozi ekanini bildirar ekan, aholi har kuni non uchun navbatda turishga majbur bo‘lib, umri zoye ketayotganiga afsus bildiradi. Ayni kayfiyat shahar soveti oldida Zohiriy bilan qisqa muloqotda yanada ta’sirliroq namoyon bo‘ladi. Garchi Ashurali Zohiriyning “Qayerga ketayotibsiz?” degan savoliga Ne’matjon Og‘aliqovning “Non olishga”, deb javob berishi oddiy holdek tuyulsa-da, u buni zumda kinoya bilan to‘ldiradi. Oldiniga: “Har bir kishi o‘z ko‘z yoshlarini sevgilisi oldida oqizsin”, deya eski qo‘shiqdan iqtibos keltirib, uni zamon ruhiga moslab: “Har bir kishi o‘z ko‘z yoshlarini non oldida oqizsin”, deb davom ettiradi.

Og‘aliqovlarni qatag‘onga tortgan omillar – milliy uyg‘onish harakatlarida ishtirok etgani, “Sho‘royi islom”, “Milliy ittihod” kabi tashkilotlar bilan bog‘liqligi, ma’rifiy doiralardan uzilmagani ularning jamiyatdagi kamchiliklarga nisbatan ochiq yoki kinoyali munosabati bilan o‘zaro tutashib ketgan. Ana shu hurfikrlilik kechirilmas “jinoyat”ga aylantirilib, oilaning ikki ustuni, ikki tayanchini jisman qulatgan bo‘lsa-da, hamisha fikrida sobit bo‘lgan bu insonlar ma’nan tog‘lar kabi mangu poydordir.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600