Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.05.2026 | 14:31

img3002

TURKIY DUNYO VA TURKISTON SAMMITI

Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida yangi burilish nuqtasi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 3-sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlar VI sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etganini qayd etish mumkin. Bu qadam tashkilot rivojiga yangi turtki berdi.

2019-yilda respublika Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilib, TDT faoliyatidagi to‘laqonli ishtirokini rasman mustahkamladi. Bu tashkilot faoliyatiga yangi hayot bag‘ishladi. Bugun Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi norasmiy sammiti boshlanadi.

Bu tadbir nafaqat turkiy xalqlarning ma’naviy poytaxtida o‘tayotgani bilan, balki global geosiyosiy vaziyat nihoyatda murakkablashgan bir davrga to‘g‘ri kelayotgani bilan ham tarixiy ahamiyatga ega.

Dunyo xaritasida yangi kuch markazlari shakllanayotgan, yirik davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaygan va an’anaviy xavfsizlik tizimlari zaiflashgan bir paytda, Turkiy davlatlar tashkiloti xalqaro maydonda salmoqli kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Tarixan XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston va butun turkiy olamda yuz bergan jadidlik harakati milliy uyg‘onish va o‘zaro yaqinlashuvning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi. Ismoil G‘asprali, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi jadid namoyandalari turkiy xalqlarning kelajagini faqatgina birlik va ilm-fan taraqqiyotida ko‘rishgan. Jadidlarning muhim xizmatlaridan biri shundaki, ular ta’lim va ilm-fanni modernizatsiya qilish, “Usuli jadid” maktablari orqali dunyoviy bilimlarni tarqatib, jamiyatni jaholatdan qutqarishga intilishdi. Ismoil G‘aspralining mashhur “Tilda, fikrda, ishda birlik!” shiori bugungi turkiy integratsiyaning kontseptual asosiga aylandi.

“Tarjimon”, “Sadoyi Turkiston” kabi gazetalar orqali turli mintaqalardagi turkiy xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik o‘rnatildi.

Jadidlarning orzusi bo‘lgan “Turkiston muxtoriyati” yoki yagona turkiy makon g‘oyasi o‘z davrida siyosiy bosimlar ostida qolgan bo‘lsa-da, uning ma’naviy urug‘lari bugungi kunda bo‘y ko‘rsatmoqda. Xususan, hozirgi turkiy integratsiya makoni jadidlarning uchta asosiy tamoyilini o‘zida mujassam etgan. Birinchisi, ma’naviy yaqinlashuv, tarixiy meros va diniy-madaniy qadriyatlarni qayta tiklash. Ikkinchisi, jamiyatni modernizatsiyalash, raqamli texnologiyalar, innovatsion iqtisodiyot va ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar. Uchinchisi, davlatlararo siyosiy ishonch va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik.

Jahonda “Yalta tizimi” yemirilib, yangi tartibot shakllanayotgan bir paytda, TDTning birligi ulkan mintaqada barqarorlikni ta’minlash, davlatlar suverenitetini himoya qilish borasida nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti G‘arb va Sharq (AQSH va Xitoy yoki Rossiya) o‘rtasidagi global raqobatda muvozanatlashtiruvchi rolni o‘ynaydi.

Bu davlatlarga yirik kuchlarning bosimidan himoyalanish va o‘z milliy manfaatlarini jamoaviy tarzda himoya qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, xalqaro institutlar (masalan, BMT) inqirozga yuz tutgan sharoitda, TDT o‘xshash madaniyat, til va qadriyatlarga ega davlatlarning o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda murakkab masalalar “katta og‘a”siz, teng huquqlilik asosida hal etiladi. Tuzilma mintaqaviy barqarorlik kafolati hamdir. Afg‘onistondagi vaziyat va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida Turkiy dunyoning jipslashishi Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasini beqarorlikdan asrovchi “xavfsizlik kamari” vazifasini o‘taydi.

Turkiston sammiti norasmiy maqomga ega bo‘lsa-da, unda qabul qilinadigan qarorlar strategik ahamiyatga ega. Kun tartibida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturini amalga oshirish, bojxona to‘siqlarini kamaytirish va yagona transport makonini yaratish masalalari markaziy o‘rin tutishi kutilmoqda. Shuningdek, dunyodagi so‘nggi harbiy va iqtisodiy mojarolar fonida, turkiy davlatlarning mudofaa sanoati sohasidagi hamkorligini kengaytirish masalasi ham muhokama qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Turkiy davlatlar tashkiloti – bu shunchaki o‘tmishdagi ildizlarni eslash emas, balki kelajakdagi xavf-xatarlarga qarshi jamoaviy qalqondir.

2026-yilgi Turkiston sammiti turkiy xalqlarning nafaqat madaniy, balki siyosiy va iqtisodiy jihatdan bir butun kuchga aylanayotganini namoyish etadi. Dunyoda keskinlik ortayotgan bir sharoitda, bunday ittifoq mintaqamizning barqarorligi va farovonligi uchun eng muhim kafolatlardan biridir. Aniqroq aytganda, XX asrda Yevropa Ittifoqi insoniyat tarixiy va siyosiy hayotida, xalqaro tinchlikning ta’minotida qanday rol o‘ynagan bo‘lsa, XXI asrda yaratilajak Turkiy davlatlar birligi ham shu funksiyani, ayni paytda yanada katta siyosiy tajriba va potensialni amalga oshirish imkonini beradi. Shu yo‘l bilan endigina mustaqillikka erishgan turkiy davlatlarning qardoshlik munosabatlarini yaratishga katta hissa qo‘shgan Turkiyaning marhum prezidenti Turg‘ut O‘zalning 1992-yilda “XXI asr – turkiylar asri bo‘ladi” deya uzoqni ko‘zlab aytilgan so‘zlari o‘z tasdig‘ini topishi mumkin. Hali o‘sha paytlar Turg‘ut O‘zalning bu nekbin va jasoratli siyosiy qarashlariga o‘z munosabatini bildirgan siyosatchilar bu o‘rinda faqat Turkiya emas, balki barcha turkiy davlatlar nazarda tutilganini bayon etishgan.

Turkiy integratsiya makonining shakllanishi ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, u nafaqat til, madaniyat va tarixiy meros mushtarakligiga, balki turkiy xalqlarning boy ma’rifatparvarlik va intellektual tafakkur an’analariga ham tayanadi. XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi jadidlik harakati madaniy va ma’naviy yaqinlashuv g‘oyalarining shakllanishida alohida o‘rin tutdi. Uning namoyandalari ta’lim, ilm-fan, jamiyatni modernizatsiya qilish va turkiy xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan.

Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kechayotgan jadal integratsiya jarayonlari shunchaki siyosiy yoki iqtisodiy zarurat emas, balki ko‘p asrlik tarixiy asos va teran intellektual tafakkurning mantiqiy davomi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Turkiy dunyoning birlashishi g‘oyasi nafaqat til va madaniyat mushtarakligiga, balki eng avvalo, bundan bir asr oldin poydevori qo‘yilgan ma’rifatparvarlik an’analariga tayanadi. Ya’ni, jadidlik harakati integratsiyaning intellektual beshigi hisoblanadi.

TDT faoliyatining yana bir asosiy maqsadi a’zo davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Ustuvor vazifalar qatoriga o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, tashqi siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish kiradi. Savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa aholisi turmush darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Raqamlar mavjud holatning tiniq ko‘zgusidir. 2019–2025-yillar davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan 116 ta tashabbus ilgari surildi. Eng muhimi, bu takliflar qog‘ozda qolib ketmadi – ularning 64 tasi to‘liq amalga oshirildi, qolganlari esa yakuniy bosqichda turibdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning turkiy makonda integratsiya jarayonlariga nisbatan tizimli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvini ko‘rsatadi.

Turkiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar izchil o‘sib bormoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 10,8 milliard dollardan oshdi. Qozog‘iston va Turkiya mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari sifatida qolmoqda, ammo Ozarbayjon va Qirg‘iziston bilan ham savdo dinamikasi yuqori. Iqtisodiyotning “qon tomirlari” bo‘lgan transport sohasida ham ulkan qadamlar tashlandi. Masalan, O‘zbekiston tashabbusi bilan “e-Permit” va “Raqamli TIR” joriy etilishi ortidan yuk tashish jarayonlari raqamlashtirildi, byurokratik to‘siqlar kamaytirildi. Bojxona jarayonlari soddalashtirilib, tranzit salohiyati keskin oshirildi.

O‘zbekiston tashkilot doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Qo‘qon shahrining “Turkiy dunyo turizm poytaxti” deb e’lon qilinishi va “Tabarruk ziyorat” loyihasining ishga tushirilishi mintaqada ziyorat turizmining jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Yoshlar siyosatida esa Turkiy universitetlar uyushmasi va Yosh yetakchilar forumlari orqali yangi avlod turkiy ziyolilari va tadbirkorlari qatlami shakllantirilmoqda. Ayniqsa, kosmik soha va mudofaa sanoatidagi hamkorlik ishtirokchi davlatlarning yagona texnologik makon yaratish yo‘lidagi qat’iyatini ko‘rsatadi.

2022-yilgi Samarqand sammitidan so‘ng boshlangan O‘zbekiston raisligi tashkilot tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi. Ilk bor raislik davri uchun kompleks konsepsiya va tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Raislik doirasida 100 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazilib, hamkorlikka institutsional va izchil tus berildi.

Turkiston sammiti turkiy davlatlarning asrimizning eng dolzarb chaqiriqlariga javobi bo‘ladi. Zero, sammitda raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma innovatsion ekotizimlarni yaratish, zamonaviy texnologiyalar davri uchun yuqori malakali kadrlar, mutaxassislar tayyorlash, geosiyosiy keskinlik sharoitida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Turkiston sammiti ramziy ma’noda jadidlar intilgan o‘sha buyuk maqsadlarning zamonaviy ko‘rinishidir. Turkiston shahrining “Turkiy dunyoning ma’naviy poytaxti” deb e’tirof etilishi ham bejiz emas. Zero, bu muqaddas zamin asrlar davomida turkiy tafakkurning markazi bo‘lib kelgan va bugungi kunda u yana bir bor tarqoq zanjirlarni birlashtiruvchi nuqtaga aylanmoqda. Shu ma’noda, Turkiy integratsiya – bu vaqtinchalik konyunktura emas, balki tarixiy adolatning tiklanishidir. Jadid bobolarimiz boshlagan ma’rifatparvarlik harakati bugungi kunda siyosiy va iqtisodiy qudrat bilan to‘ldirilmoqda. Global dunyodagi keskinliklar sharoitida bizning eng katta kuchimiz – tarixiy merosimiz va intellektual tafakkurimiz mushtarakligidadir.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img113

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img333