Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.07.2026 | 12:20

img1119

TURKIY DUNYO KUTUBXONALARI BIRLASHMOQDA

Bundan roppa-rosa bir asr avval Boku shahrida turkiy dunyoning 131 nafar fidoyi ziyolisini bir davraga jamlagan ilk tarixiy Turkologiya qurultoyi bo‘lib o‘tgan edi. Oradan yuz yil o‘tib, bu yerda “Turkiy dunyo haftaligi” yuqori saviyada tashkil etildi. Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan kelgan yuzdan ziyod olim va turkologlarni birlashtirgan xalqaro anjumanning ochilish marosimi haqiqiy ma’rifat bayramiga aylandi. Unda ishtirok etish bir ziyoli sifatida kamina xodimingizga ham quvonch bag‘ishladi.

Biz uchun eng hayajonlisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligi munosabati bilan yo‘llagan qutlov murojaati o‘qib eshittirilgan daqiqalar bo‘ldi. Prezidentimiz turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlarini birlashtirgan holda, “Turkiy dunyo ma’rifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish hamda jadid harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarini o‘z ichiga olgan Yagona raqamli kutubxona shakllantirish tashabbusini ilgari surdi.

Xalqaro anjuman dasturidan yigirmadan ziyod rang-barang tadbirlar o‘rin olgan bo‘lib, ular doirasida sohaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor berildi. Jumladan, Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Milliy kutubxonasida “Turkiy dunyo milliy kutubxonalari” jamoat birlashmasining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi hamda “Birinchi Turkologiya qurultoyi. Stenografik hisobot” va “Birinchi Turkologiya qurultoyi. Bibliografiya” nashrlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kutubxonadagi tadbirlar avvalida XX asr turkologiya tafakkuri tarixidagi eng muhim hodisalardan biri hisoblangan Birinchi Turkologiya qurultoyi qatnashchilarining xotirasi bir daqiqalik sukut bilan yod etildi. So‘ng “Umumiy meros, boy xazina: Milliy kutubxonaning oltin fondidan” nomli kitob ko‘rgazmasi mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.

Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori, professor Karim Taxirov ko‘rgazmaning ochilish marosimida Birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlarning tili, madaniy merosi va ilmiy hamkorlik istiqbollarini belgilab bergan olimlarni birlashtirgani, ularning g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi. Ozarbayjondagi Otaturk markazi direktori, akademik Nizomiy Ja’farov ushbu tarixiy anjumanning 100 yilligi yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etdi. Ozarbayjon Milliy Majlisining Fan va ta’lim qo‘mitasi raisi, professor Anar Iskandarov o‘z chiqishida sakkiz kun davom etgan o‘sha tarixiy anjuman turkiy dunyodagi fikr va g‘oyalar rivojiga, ilmiy-madaniy integratsiya jarayonlariga ulkan ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.

Tadbirda “Birinchi Turkologiya qurultoyi. Stenografik hisobot” nashrini tayyorlashda ishtirok etgan olimlar, tarjimon va mutaxassislar guruhining mashaqqatli mehnati yuqori baholandi. Shu bilan birga, arxivdagi audioyozuvlarni tinglashdagi texnik murakkabliklar sababli rus tilidan ozarbayjon tiliga o‘girilgan dastlabki tarjima matni ustida ishlarni yana davom ettirish, keyingi nashrlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi qayd etildi. “Birinchi Turkologiya qurultoyi” elektron ma’lumotlar bazasi ham keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Taqdimoti o‘tkazilgan “Birinchi Turkologiya qurultoyi. Bibliografiya” nashrini yaratish ishlari ancha avval boshlangan bo‘lib, to‘plamni tuzishda ko‘plab xalqaro hamkorlarga murojaat xatlari yuborilgani va keng ko‘lamli izlanishlar natijasida 1890 ta manbaning bibliografik yozuvi jamlangani ma’lum qilindi. Ushbu bibliografiyaning e’tiborli jihatlaridan biri, tadqiqotchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida maxsus yordamchi ko‘rsatkichlar bilan ta’minlanganida ko‘rinadi. Hamkorlik qilgan mamlakatlar, shuningdek, muallif va tarjimonlarning alifbo tartibidagi ko‘rsatkichlari shular jumlasidandir.

Mazkur nashrning 289-293-sahifalaridan O‘zbekistonda mavzuga oid chop etilgan kitoblar hamda vaqtli matbuotda e’lon qilingan maqolalarning yillar va tillar kesimidagi tizimli ro‘yxati o‘rin olgan. Ushbu nufuzli manbani tayyorlashda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bibliograflarining ishtiroki alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Anjumanda so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Saodat Yusifova ushbu qimmatli manbalarni yaratishga hissa qo‘shgan hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Boku davlat universiteti rektori Elchin Boboyev universitetning Milliy kutubxona bilan yo‘lga qo‘yilgan muvaffaqiyatli hamkorligi bundan keyin ham izchil qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Tashrif doirasida Ozarbayjon Milliy kutubxonasi bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Yurtimizdan borgan taniqli olimlar Hamidulla Boltaboyev va Inomjon Azimov bilan birga kutubxonaning “O‘zbekiston” burchagiga boy mazmundagi kitob va jurnallar to‘plamini hadya qildik. Tadbir davomida olimlarimiz tomonidan milliy kutubxonalar o‘rtasidagi bunday izchil hamkorlik va raqamli hamjihatlik qardosh mamlakatlarda ko‘plab istiqbolli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda, umumiy tarixiy merosni chuqur o‘rganishda muhim omil bo‘lishi alohida qayd etildi.

 Anjuman davomida Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi prezidenti, akademik Iso Habibbeyli “Turkiy dunyo milliy kutubxonalari” jamoat birlashmasining tashkil etilishi 1926-yil Birinchi Turkologiya qurultoyi belgilab bergan maqsad va tamoyillarni kelajakda uyushqoqlik bilan davom ettirish uchun muhim maydon bo‘lishini ta’kidladi.

Kunning ikkinchi yarmida “Turkiy dunyo milliy kutubxonalari” jamoat birlashmasining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Shimoliy Kipr va Vengriya Milliy kutubxonalari direktorlari ishtirok etdi. Professor Karim Taxirov bundan ikki yil avval poydevori qo‘yilgan uyushmani endilikda xalqaro tashkilot sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish hamda boshqa turkiy davlatlarni ham unga jalb etish bosh vazifa ekanini aytib o‘tdi.

Bugun turkiy davlatlar dunyo maydonida nufuzli kuchga aylanib borayotgan bir davrda, kutubxonalar o‘rtasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga chiqmoqda. Yig‘ilishda Turkiya Milliy kutubxonasi direktori Taner Beyog‘lu, Qozog‘iston Akademik milliy kutubxonasi direktori Kumis Seitova, Qirg‘iziston Milliy kutubxonasi direktori Eldar Attokurov va O‘zbekiston tomonidan kamina  hozirgi shiddatli va tahlikali zamonda kutubxonalar integratsiyasi o‘ta muhim hamda dolzarb ahamiyatga ega ekanini yakdil qo‘llab-quvvatladik. Biz “Turkiy dunyo raqamli kutubxonasi”ni ishga tushirish, “Turkiy dunyo milliy kutubxonalari” jamoat birlashmasining rasmiy saytini yaratish, kutubxonachilar uchun tajriba almashuv va malaka oshirish maqsadida ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, turkiy tillar uchun sun’iy intellekt, OCR va avtomatik tarjima texnologiyalarini hamkorlikda rivojlantirish takliflarini ilgari surdik.

Yig‘ilishda barcha takliflar umumlashtirilib, tuzilmaning 2026-2027-yillar uchun harakatlar rejasi belgilab olindi va uning tashkiliy faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, kasbiy uchrashuv turkiy davlatlar milliy kutubxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim poydevor bo‘ldi.

Anjumanning madaniy dasturi ham unutilmas lahzalarga boy o‘tdi. Hafta davomida turkiy dunyo mehmonlari uchun Boku sayrgohida katta tantanali konsert uyushtirilib, unda O‘zbekiston san’atkorlari ham o‘z chiqishlari bilan dasturga fayz bag‘ishladi. Boku go‘zalligi odamni hamisha maftun etadi. Ayniqsa, dunyodagi ilk inklyuziv muzey eksponatlari – Brayl alifbosidagi ma’lumotlar bilan ta’minlangan Ozarbayjon milliy gilam muzeyi, Ozarbayjon milliy tarixi muzeyi, “Qiz qal’asi” va Eski shahar taassurotlari o‘zgacha bo‘ldi.

Bundan bir asr muqaddam Boku zaminida boshlangan ma’rifat va birlik harakati qatnashchilarining orzu-armonlari besamar ketmaganini shu kunlarda yaqqol his qildik. Yo‘qotilgan imkoniyatlar, qatag‘on qilingan ulug‘ bobolarimizning xotirasi bugun kutubxonalar va ilm-fan olamida kuch olayotgan yangi hamkorlik nafasi bilan qayta tirilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Birinchi Turkologiya qurultoyi o‘z davrida milliy o‘zlikni anglash yo‘lida tub burilish yasagan bo‘lsa, yuz yildan so‘ng o‘tkazilgan ma’rifat bayrami yangi asrda turkiy dunyoning nafaqat madaniy-ilmiy, balki ma’naviy va strategik jihatdan ham mustahkam birlikka aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Kitob va ezgu amal birlashtirgan millatlarning kelajagi hamisha nurafshondir. Bu ulug‘vor yo‘lda esa kutubxonalarimiz asrlarni asrlarga bog‘lovchi oltin ko‘prik bo‘lib xizmat qilaveradi.

Umida TESHABOYEVA,
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605