Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.08.2026 | 09:56

img1178

YETTI IQLIMGA OVOZA CHASHMA

Tabarruk maskanlar qatag‘oni nega kerak edi?

Sovet qatag‘oni haqida gap ketganda, odatda, ko‘z oldimizga otilgan jadidlar, surgun qilingan ziyolilar, qamoqlarga tashlangan millat oydinlari, fidoyilar keladi. Ammo qatag‘on faqat insonlarni emas, xalqning tarixi, xotirasi va muqaddas qadamjolarini ham nishonga olgandi.

Chunki xalqni o‘z ildizidan uzish uchun uning xotirasini yo‘qotish zarur edi. Buning uchun esa asrlar davomida e’zozlab kelingan ziyoratgohlar, masjidlar, madrasalar va muqaddas qadamjolar “xurofot o‘chog‘i” sifatida qoralandi, yopildi, vayron qilindi yoki chorva saqlash uchun qo‘ra, ombor kabi xo‘jalik obyektiga aylantirildi.

Shukrki, o‘tmishning bu adolatsiz siyosati tarix sahifasida qoldi. Bugun tarix o‘z haqiqatini tiklamoqda. Mustaqillik davrida, ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizdagi tarixiy va tabarruk maskanlar qayta tiklanib, xalqning ma’naviy hayotiga qaytmoqda. Bu nafaqat obidalarni ta’mirlash, balki tarixiy adolatni tiklash, millat xotirasini qayta jonlantirish ham demak.

Qatag‘onga uchragan, tarixning eng qayg‘uli sahifalaridan biri – Nurotaning suvi yetti iqlimga ovoza Chashmasi bo‘ladi. Mustaqillik yillarida mazkur qadamjoning tarixiy, ma’naviy va madaniy ahamiyatini qayta tiklashga yuksak e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 va 2019-yillarda majmuaga tashriflari bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Natijada majmua va uning atrofi keng ko‘lamda obodonlashtirilib, azaliy qiyofasini tiklash, ziyoratchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Chashma majmuasining qadimiyligi, xalq hayotida tutgan o‘rni tarixiy manbalarda ham o‘z aksini topgan. Xususan, atoqli tarixchi Abu Bakr Narshaxiy Markaziy Osiyo tarixnavisligining ilk qadimiy durdonalaridan bo‘lmish “Buxoro tarixi” asarida Nurota haqida shunday yozadi: “Nur katta joy. Unda masjidi jome’ bor. U ko‘pgina rabotlar (bir-biridan ma’lum masofada joylashgan, soqchilar bilan qo‘riqlanadigan qo‘nish joyi)ga ega. Buxoro va boshqa joylarning odamlari har yili ziyorat uchun u yerga boradilar. Buxoro aholisi bu ishda ko‘p mubolag‘a qiladilar. Nur ziyoratiga borgan kishi haj qilgan (bu jumlada haj qilgan kishilar erishgan savob nazarda tutilayotir, hojilik maqomi emas) fazilatiga ega bo‘ladi. U ziyoratdan qaytib kelganida tabarruk joydan kelganligi sababli shaharni havozaband (baland binolarni bezash) qilib bezatadilar. Bu Nurni boshqa viloyatlarda Nuri Buxoro deb ataydilar. Tobe’inlardan ko‘p kishilar u yerga dafn etilganlar. Xudo ularning hammalaridan to qiyomatgacha rozi bo‘lsin”.

Aslida, ma’no suv haqida bo‘lib, Narshaxiy “Buxoro shahri hali bo‘lmasdan, Nur mavjud ekanligini, tabarruklik sabablari va sifatlarini” yozib qoldirgan. Chashma bo‘yida madaniy qatlamning yoshi arxeologlar xulosasiga ko‘ra 3500 yildan oshiq. Suvida 13 turdagi shifobaxsh ma’dan mavjud, yilning to‘rt faslida ham 19,5 darajada muqim turishi ulkan sinoat. Shirmohi baliqlari esa moʻjiza. Butun bir shaharning birgina suv manbasidan ta’minlanishi hikmat.

Chashma sahnida noyob tarixiy yodgorlik – “Chil ustun” jome masjidi bor. Dastavval VIII–IX asrlarda barpo etilgan va ikki bora – XVI asrda Abdullaxon hamda 1906–1912-yillarda nurotalik ma’rifatparvar Eshoni Sudur Tursunxo‘ja tomonidan poydevorigina saqlanib, tamoman qayta qurilgan.

Ushbu masjidni alohida ta’kidlashimiz sababi shundaki, 1922-yili Nurota sarhadida Mullo Abduqahhor rahbarligida qizillarga qarshi kurash boshlanadi. Eshoni Sudur juma kuni Nurota Chashmasi sahnidagi masjidda Amir Olimxon tomonidan (o‘ziga) yo‘llangan maktubni o‘qib berib, Mullo Abduqahhorni Buxoro amirligining bosh lashkarboshisi etib tayinlanganini e’lon qiladi va u bilan hamkorlikka o‘zi va mahalliy qo‘rboshilar Siroj xo‘ja, Maqsum Xo‘jayev, Sobir polvon, Olimxo‘ja, Navro‘z Boqiyevlar birlashganini bildirib, ommani safarbarlikka chaqiradi.

Quyidagi jumla muqaddam fikrimizni to‘ldiradi: “…Gʻarbiy va Shimoli-sharqiy Buxoroda ozodlik kuchlari hamon kurashni davom ettirmoqda edi. Bu voqealardan xabardor bo‘lgan Olimxon (Buxoro amiri) o‘z yaqinlaridan Tursunxo‘ja (Eshoni Sudur) va Latif Devonbegi (qo‘shinda faxriy vakil sifatida qatnashgan amir amaldori)ni sovg‘a-salomlar bilan Mullo Abduqahhor huzuriga yuboradi, ularning kelishi qarshilik harakatini yanada ruhlantirdi”.

Ta’kidlash joizki, “Sudur”lik – amir tomonidan o‘z davrining ma’rifat va shijoat ahliga berilgan yuksak unvon sanalgan. Eshoni Sudur o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, Mullo Abduqahhorning navbatdagi qarorgohini Nurotaga ko‘chirishga muvaffaq bo‘ladi. Bu esa milliy ozodlik harakatining Nurota hududida yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Metan Polvon, Latif devonbegi, Abdurasul Afandi, Xushvaqt, Og‘a Gulbek, Yodgor Xo‘ja, Siroj Xo‘ja, Musoboy, Azim yuzboshi, Mulla Qarshi, Nazir yuzboshi, Asadulla qorovulbegi, Oqil qorovulbegi, Mustafo qorovulbegi, Mulla Mansur kabi qo‘rboshilar o‘zaro birlashadilar. Ko‘p o‘tmay Nurota janubi-sharqida joylashgan Chuya qishlog‘idagi Mustafo Hayitbek qo‘rboshining dastasi ham Mullo Abduqahhorga qo‘shiladi.

Bu voqealar Eshoni Sudurning jon-u molini ayamay, bor imkoniyatini istiqlol yo‘liga bag‘ishlaganini ko‘rsatadi. U nafaqat ma’rifatparvar, balki milliy ozodlik g‘oyasi yo‘lida amaliy kurash olib borgan fidoyi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Binobarin, millat qahramoni sifatida o‘zini bu yo‘lda fido qilishdan cho‘chimagan. Dushmanlar tomonidan unga “Muhim qush” laqabining berilgani ham bejiz emas edi. Zero, Eshoni Sudur erk yo‘lidagi chinakam kurashchilardan bo‘lgan, azob-uqubat va o‘lim tahdidiga qaramay, e’tiqodi va maqsadidan bir zum chekinmagan.

Ammo milliy ozodlik kurashchilari qanchalik jasorat ko‘rsatmasin, Qizil armiya qurol-aslaha jihatidan ustun edi. Ular malakali harbiy mutaxassislar tomonidan boshqarilar, uzoq tayyorgarlik bosqichlari o‘talgani sezilardi. Va afsuslar bo‘lsinki, g‘oyaviy va iqtisodiy ta’sirlar doirasida mahalliy aholining ma’lum bir qatlamini ham o‘zlariga ag‘darib olib, ulardan omilkorlik bilan foydalanish boshlangandi. Ko‘makdosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shni Xiva va Qo‘qon xonliklari allaqachon ularning tuzog‘iga tushib, jabrini tortmoqda edi. Oqibatda g‘alaba sovetlar – qizillar qo‘lida bo‘ldi va birinchi navbatda ongli, tafakkurli mahalliy xalqni yo‘qotishga kirishildi. Ommaviy qatag‘on boshlandi. To‘qima vajlar bilan zulm va qabohatga erk berildi. Mullo Abduqahhor, Eshoni Sudur va safdoshlari “bosmachi“ deb e’lon qilinib, turli nayranglar bilan xalqni chalg‘itishdi.

Bu siyosat tabarruk maskanlarga ham ta’sir qildi. Masjid tamoman yopilib, Chashma oyoqosti bo‘ldi, “xurofot maskani” deb e’lon qilindi. Toki Mustaqillik yillariga qadar qatag‘on iskanjasida qoldi. Tabiatning noyob moʻjizasi sanalgan Chashma suvining minglab kilometr yerosti yo‘laklaridan soniyasiga 290 litr miqdorida oqib chiqishi, qishin-yozin moʻtadil haroratni saqlashi, hech qachon muzlamasligi, rohatbaxsh va shifobaxsh xususiyatlari e’tibordan chetda qoldirilib, ommaning unga bo‘lgan ixlosi “gumrohlik” sifatida baholandi.

Vaholanki, suv tarkibidagi oltin moddasi oshqozon-ichak xastaliklariga, yod bo‘qoq kasalligiga, brom esa asab tizimi bilan bog‘liq xastaliklarga qarshi shifobaxsh xususiyatga ega ekani haqidagi ma’lumotlar ham inobatga olinmadi. Majmuadagi baliqlarning “avliyobaliq” deb atalishi ham sovet ma’muriyatining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mahalliy aholi iste’mol qilmaydigan ushbu baliqlarni tutib yegan ayrim rus askarlarining o‘limi bosqinchilarni sarosimaga solib, Chashma hududiga kirish-chiqish yanada qattiq cheklandi.

Ammo, qatag‘on yillarida har qancha ta’qib va nazorat bo‘lmasin, xalq o‘z Chashmasini ham, Chashma bo‘yidagi tarixiy obidalarni ham, vatanparvar jadid farzandi Eshoni Sudur – Tursunxo‘ja Eshonxo‘jani ham unutmadi, uning xotirasini doimo e’zozlab keldi, sharaflab yod etdi.

Tursunxo‘ja Eshon Sudurlik darajasini olgach, qizillarga qarshi milliy ozodlik kurashi tashkilotchilaridan biriga aylanadi. So‘roqlar davomida u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni inkor etadi. Shunga qaramay, tergov yakunida u O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 69-, 78- va 242-moddalari (RSFSR Jinoyat kodeksining 58–13, 59–3 va 173-moddalari) bilan aybdor deb topiladi.

Jinoyat ishi OGPUning 172–24-sonli ayblov xulosasi bilan sudga oshiriladi. Biroq, sud o‘tkazilmaydi. 1928-yil 2-noyabr kuni OGPUning tezkor yig‘ilishida ayblovlar tor doirada muhokama qilinib, Eshoni Sudur Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasidan chiqariladi, yashash huquqi cheklanadi va uch yil muddatga Samaraga surgun qilinadi.

Surgun muddati adog‘iga yetgach, Tursunxo‘ja Eshoni Sudur Tojikiston poytaxti Dushanbe yaqinidagi Vahdat shahri (sobiq Yangibozor) atrofida joylashgan Tangai qishlog‘ini (hozirgi Simiganj mahallasi hududi) o‘z vataniday tutadi va umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Uning qabri bugungi kunda nurotalik yurtdoshlarining tashabbusi bilan obod qilinib, ziyoratgohga aylantirilgan.

Jadid ma’rifatparvarlari orzu qilgan milliy uyg‘onish g‘oyasi qatag‘on yillarida to‘xtatilgandek tuyulsa-da, uning ildizlari xalq xotirasida saqlanib qoldi. Mustaqillik ana shu ezgu orzularni ro‘yobga chiqarish uchun tarixiy imkoniyat yaratdi. Bugun tarixiy merosni asrab-avaylash, tabarruk maskanlarni qayta tiklash va milliy qadriyatlarni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu uzviy davomiylikning amaliy ifodasidir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir.”

Darhaqiqat, bu yerda “yangi” tushunchasi yangidan tarix yaratishni emas, balki millatning asriy orzu-intilishlarini, jadidlar boshlab bergan ma’rifat va taraqqiyot g‘oyalarini zamon talablari asosida davom ettirishni anglatadi. Binobarin, bugun yurtimizda tabarruk maskanlarni asrab-avaylash, ularni obod etish va tarixiy merosimizni qayta tiklash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ana shu tarixiy zaruratning amaliy ifodasidir. Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Nurotadagi Chashma majmuasi kabi muqaddas qadamjolarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimizning ma’naviy merosini asrab-avaylash va tarixiy adolatni qaror toptirish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarni yaqqol namoyon etmoqda.

Suyundik Mustafo NUROTOIY,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614