07.09.2026 | 09:59
855
MATEMATIKA – GO‘ZALLIK SAN’ATI
O‘zFA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining differensial tenglamalar laboratoriyasi mudiri, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Ravshan Ashurov bilan suhbat

– Ravshan Rajabovich, avvalo, mukofot muborak bo‘lsin. Mukofot ko‘ngilga taskin beradi, ilmiy-ijodiy faoliyat e’tirof etilsa, olim ko‘ngli quvonchga to‘ladi. Ko‘p yillik mehnatlaringiz samarasi bu. Taqdirlangach, ko‘proq nimalarni o‘yladingiz?
– Bu xabarni men Xitoydagi xalqaro kongressdan qaytib, O‘zbekistonga kelganimda, aeroportning o‘zida ustozim, akademik Shavkat Alimovning tabrigidan bildim. Bu men uchun unutilmas lahza bo‘ldi. Kecha mukofotlarni topshirish yig‘inida qatnashdim. Bu kun men uchun hayotimdagi unutilmas, mazmunli kun bo‘ldi. Yuksak mukofot katta sharaf va mas’uliyatdir. Bu mukofotni yigirma yildan ortiq vaqt davomida birga ishlagan ustozlarim, hamkasblarim va shogirdlarimning mehnatiga berilgan baho, deb qabul qilaman. Ayniqsa, ustozlarimga chuqur minnatdorlik bildiraman. Menga ilm yo‘lini ko‘rsatgan, doimo qo‘llab-quvvatlagan insonlarning ishonchini oqlashga harakat qildim va bundan keyin ham shunga intilaman. Bu e’tirofni yangi marralarning boshlanishi, deb bilaman. Yurtimiz ilm-fani rivoji uchun yanada astoydil xizmat qilaman.
– Matematik va fiziklarga hurmatim baland. Otam fizika-matematika muallimi edi. O‘quvchilik yillarim bu fanlarni a’loga o‘qidim. Ammo fizika darsi mahali otam she’rlar o‘qib, lirik chekinishlar qilardi. Shu jihatiga qiziqib, so‘z dardiga yo‘liqdim. Ravshan aka, sizda matematika faniga qiziqish qanday paydo bo‘lgan?
– Uch-to‘rt yoshlarimda sonlarni yozishni o‘rgandim. Keyin eng katta songacha yozib chiqaman, deb boshlaganman: 1, 2, … 798, … 77309 … va hokazo. Keyin o‘sha paytda aqlim yetganki, bu ketma-ketlik tugamas ekan. Shu zayl, sonlarga qiziqib qolganimni eslayman: qo‘shish, ayirish va boshqa arifmetik amallar meni o‘ziga mahliyo qildi. Turli olimpiadalarda qatnashdim. Meni ko‘proq televizorda namoyish etiladigan maktab bolalari uchun matematika olimpiadalariga taklif qilishar edi. Dasturni D.Movashev degan matematik olib borardi. Bu teledasturlarda juda ko‘p savollarga javob berardim. Qizig‘i, maktabimizga respublikamizning turli hududlarida istiqomat qiladigan o‘quvchilardan xatlar kelardi, bir haftada kelgan xatlarga kichikroq qop to‘lardi!
– Men matematik, fizik, biolog, ximik va umuman, tabiiy fan olimlarini ilm-fan lokomotivlari, deb hisoblayman. Ulardagi ilm haqiqatidan biroz og‘ish ham ulkan moddiy, ijtimoiy-ma’naviy o‘pirilishlarga olib keladi. Matematik bo‘lishning mas’uliyati qanday?
– Olim bo‘lish, ayniqsa, matematika kabi aniq fan bilan shug‘ullanish, avvalo, katta mas’uliyatdir. Matematikning asosiy mas’uliyati – o‘z natijasining to‘g‘riligiga ishonch hosil qilish. Teoremani isbotlashda yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato ham butun natijani noto‘g‘ri qilib qo‘yishi mumkin. Matematikaning yaxshi tomoni shundaki, bu xatolarni aniqlashning o‘ziga xos tizimi bor. Avval natija ilmiy seminarlarda muhokama qilinadi, boshqa matematiklar savollar beradi, isbotni tekshiradi. Keyin maqola jurnalga yuborilganda, uni mustaqil mutaxassislar – taqrizchilar ko‘rib chiqadi. Shuning uchun matematikada “men shunday deb o‘ylayman”, degan fikrning o‘zi yetarli emas – natijani isbotlash kerak. Olimning yana bir mas’uliyati shogirdlariga to‘g‘ri ilmiy masala qo‘ya bilish bilan bog‘liq.
Masala dolzarb, ilmiy jihatdan qiziqarli va eng muhimi, yechimga ega bo‘lishi kerak. Men yosh tadqiqotchiga masala berayotganimda, imkon qadar uning yechimi haqida o‘zim ham tasavvurga ega bo‘lishim kerak, deb hisoblayman. Umuman olganda, olimning mas’uliyati faqat o‘z tadqiqoti bilan cheklanmaydi. U yosh avlodga, jamiyatga va ilm-fanning kelajagiga ham mas’ul. Shuning uchun olim har bir aytgan so‘zi va e’lon qilgan natijasiga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi kerak.
– 2005-yili siz bilan Pekinga borgan edik. Maroqli ilmiy safar bo‘lgan edi. Xitoy devori tomoshasiga borayotganda, siz: “Filolog olimlar ikki-uch kunda bir kitobni o‘qib, darrov maqola yozar ekan, to‘g‘rimi?”, deb savol bergan edingiz. Xo‘sh, matematika sohasidagi maqolalar, kitoblar qay yo‘sinda bunyod bo‘ladi? Bitta masalani yechish uchun qancha vaqt kerak?
– O‘zimning eng yaxshi natijamni 2009-yilda boshlab 2019-yilda tugatdim. Bu natija “Rossiya Fanlar akademiyasi ma’ruzalari” jurnalida va garmonik analiz bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli nashr – “Fourier alaysis and applications” degan Germaniya jurnalida chop etildi. Maqola atigi yetti bet edi. Lekin bu maqolada 1968-yil sobiq ittifoq fanlar akademiyasi akademigi V.Ilin tomonidan qo‘yilgan muammo hal qilingandi. Aslida, bu masalaning tarixi uzoq: 1915-yili A.Luzin gipoteza e’lon qilgan: funksiya kvadrati bilan integrallanuvchi bo‘lsa, uning Fouriyer qatori deyarli barcha nuqtalarda yaqinlashadi. Bu gipoteza bilan A.Kolmogorov, N.Bari kabi eng kuchli matematiklar shug‘ullangan. Gipotezaning ijobiy yechimini 51 yildan keyin shved matematigi L.Karleson topgan. Lekin karrali Fouriyer qatori uchun Luzin gipotezasi hozirgacha ochiq. Shuning uchun Ilin bu gipotezani soddalashtirib, quyidagi masalani qo‘ydi: funksiya kvadrati bilan integrallanuvchi bo‘lib, biror to‘plamda nolga teng bo‘lsa, bu funksiyaning karrali Fouriyer qatori o‘sha to‘plamning deyarli barcha nuqtalarida yaqinlashadimi? Shu savolga yuqoridagi ishimda ijobiy javob berildi.
– Universitetdagi saboqlarimda matematika bilan adabiyotni bog‘laydigan ma’ruzalarim bor. Negizi matematik bo‘la turib, badiiy adabiyotga ulkan hissa qo‘shgan olimlar xususida gapiraman. Gohida biror asarni burro tushuntirib berayotgan talabaga karra jadvalidan savol beraman. Sizda bu jarayon qanday? Matematikaga doir masalalar yechimi va amaliy tatbiqotini ko‘proq qaysi ijtimoiy fan sohalariga bog‘lashni yoshlarga maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Menimcha, matematika faqat tabiiy fanlarning asosi emas. Uning tarix, iqtisodiyot, tilshunoslik, falsafa kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan ham tutashadigan jihatlari ko‘p. Ayniqsa, iqtisodiyot va statistika bilan aloqasi juda kuchli. Tarixdagi juda ko‘p jarayonlarni matematik usullar yordamida tahlil qilish mumkin. Masalan, yosh fan doktori A.N.Kolmogorov vaqtida tarixni o‘rganishda matematikani qo‘llash ustida ilmiy ish olib borgani ma’lum. Lekin men yoshlarimizga bir narsani aytgan bo‘lardim: matematika bilan shug‘ullanuvchi inson adabiyotdan, san’atdan, tarixdan uzoqlashib ketmasligi kerak. Chunki keng dunyoqarash yaxshi matematik uchun juda muhim. Menimcha, buyuk olimlarning ko‘pchiligida shu xususiyat bo‘lgan.
– Dunyoning ko‘plab mamlakatlari oliy o‘quv yurtlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etasiz, ilmiy anjumanlarga borasiz. O‘zbek olimlarining bu sohadagi yutuqlari qanday?
– To‘g‘ri, men yiliga kamida beshta xalqaro konferensiyaga ma’ruzachi sifatida chaqirilaman. Masalan, bu yil ikki marta Qozog‘istonga, Bolgariyaga, AQSHning Nyu-York shahriga – Xalqaro matematiklar jamiyatining bosh assambleyasi yig‘ilishiga, so‘ng Filadelfiyadagi Xalqaro matematiklar kongressiga, 8-avgustdan 22-avgustgacha Xitoyda bo‘lib o‘tgan Kongressga bordim. Xuddi shunday, institutimizning ko‘pgina xodimlari xorijga borib ma’ruzalar o‘qib kelishyapti.
Bunday faollik zamirida, albatta, yurtimizda ilm-fanga, xususan, matematika fanining rivojiga yuksak e’tibor turibdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilm-fanga, xususan, matematikaga ko‘rsatayotgan e’tibori va yaratib berayotgan imkoniyatlari tufayli O‘zbekistonda matematika bilan shug‘ullanish, yosh matematiklarni tarbiyalash va ilmiy maktablarni rivojlantirish uchun katta sharoitlar yaratilmoqda. Matematika instituti uchun yangi bino qurilgani, matematika fanini rivojlantirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilingani buning yaqqol dalilidir.
– Bugun SI zamoni, har fan sohasida sun’iy zakoga zarurat bor. Dissertatsiyalarini unga yozdirayotganlar ham yo‘q emas, menimcha. Matematikaga oid ilmiy tadqiqotlarga bu nanotexnologiyalar qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Bilasizmi, hozir sun’iy intellekt barcha yirik xalqaro matematik anjumanlarda muhokama qilinayotgan eng dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Men yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan xalqaro kongressda ham bu masalaga katta qiziqish borligini ko‘rdim. Sun’iy intellekt matematika uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Ulkan hajmdagi ma’lumotlarni tez tahlil qilishi, murakkab hisob-kitoblarni bajarishi, mavjud natijalar orasidagi bog‘liqliklarni topishi va ba’zi hollarda yangi matematik g‘oyalarni izlashda tadqiqotchiga yordam berishi mumkin. Ayniqsa, sonli hisoblash, matematik modellashtirish, differensial tenglamalarni yechish kabi yo‘nalishlarda uning imkoniyatlari katta. Lekin men bir narsani alohida ta’kidlagan bo‘lardim: sun’iy intellekt matematik olimning o‘rnini bosa olmaydi. Chunki matematikaning eng muhim qismi faqat hisoblash emas – muammoni to‘g‘ri qo‘yish, yangi g‘oya topish, nima uchun aynan shunday natija bo‘lishini tushunish va qat’iy matematik isbot berishdir.
Siz aytganingizdek, afsuski, bugun sun’iy intellekt yordamida dissertatsiya yoki ilmiy maqolalarini tayyorlayotganlar ham yo‘q emas. Bu ilm-fan uchun xavfli. Chunki tayyor matnni olish bilan olim bo‘lib qolmaysan.
Ilmda inson o‘z fikri, o‘z g‘oyasi va eng muhimi, natijaning to‘g‘riligini o‘zi tushunishi kerak. Men yosh matematiklarga sun’iy intellektdan qo‘rqmaslikni, aksincha, undan to‘g‘ri foydalanishni maslahat beraman. Uni yordamchi sifatida ishlatish kerak, lekin miyangiz va ilmiy fikr o‘rniga emas. Menimcha, kelajak matematikasi – inson tafakkuri va sun’iy intellekt imkoniyatlarining yaxshi uyg‘unligida bo‘ladi.
– Haqiqiy matematiklar ham shoirlardek darveshona kayfiyatli bo‘ladi, nazarimda. Adashmasam, Sofiya Kovalevskayaning “Matematiklar biroz shoir bo‘lmasa, hech qachon mukammal matematik bo‘la olmaydi”, degan mazmunda fikri bor. Bu gapga nima deysiz?
– Menimcha, matematika bilan she’riyat o‘rtasida yaqinlik bor. Shoir so‘z orqali go‘zallik yaratadi, matematik esa formulalar, teoremalar va g‘oyalar orqali. Yaxshi matematik natijani ko‘rganingizda ham undagi go‘zallikni his qilishingiz mumkin. Ba’zan juda murakkab bir masalaning sodda va chiroyli yechimini ko‘rib, beixtiyor hayratga tushasiz. Shu yaqinlik tufayli ko‘plab matematiklar she’riyat va adabiyotga ham qiziqish bildirgan.
Hatto matematika bilan bir qatorda she’riyatda ham yaxshi ijod qilgan olimlarimiz bor. Masalan, ustozimiz Abdulla A’zamovni aytish mumkin. U kishi matematika sohasida katta ilmiy maktab yaratgan olim bo‘lish bilan birga, adabiyot va she’riyatni ham juda yaxshi his qiladigan inson.
Menimcha, haqiqiy matematikda ham ma’lum ma’noda shoirona tafakkur bo‘lishi kerak. Chunki yangi matematik natijaga kelish uchun bilimning o‘zi yetarli emas. Tasavvur, sezgi, go‘zallikni ko‘ra bilish va ba’zan boshqalar ko‘rmagan narsani his qilish kerak. Isbot esa keyin keladi. Shuning uchun Sofiya Kovalevskayaning fikriga qo‘shilaman. Matematikada ham ijod bor. Men hatto shunday derdim: matematika – bu faqat aniq fan emas, u ayni paytda ijod va go‘zallik san’atidir.
– Ferma teoremasi yoki Puankare jumbog‘iga o‘xshash qiziqarli masalalar matematiklar orasida hozir ham bormi?
– Bor va hatto juda ko‘p. Matematikada yechimini kutayotgan, yuz yildan ortiq vaqt davomida olimlarni o‘ylantirib kelayotgan muammolar bor. Mening sohamga yaqin eng mashhur masalalardan biri – Navye-Stoks tenglamalarining klassik yechimlari mavjudligi va yagonaligi haqidagi muammo. Bu tenglamalar suyuqlik va gazlarning harakatini matematik jihatdan ifodalaydi. Masalan, suvning oqishi, havoning harakati yoki atmosfera jarayonlarini tasvirlashda shu tenglamalardan foydalaniladi.
Qizig‘i shundaki, tenglamalarning o‘zi XIX asrdayoq ma’lum bo‘lgan, ularning amaliy qo‘llanishi ham juda katta. Lekin uch o‘lchamli holatda ma’lum boshlang‘ich shartlar uchun yechim har doim mavjudmi va u yagona hamda yetarlicha “silliq” bo‘lib qoladimi – mana shu savolga hali to‘liq javob topilmagan. Bu shunchalik muhimki, u Clay Mathematics Institute tomonidan “Ming yillik muammolar” qatoriga kiritilgan. Uni to‘liq yechgan matematikka bir million AQSH dollari miqdorida mukofot belgilangan. Menimcha, matematiklar uchun eng katta mukofot pul emas. Eng katta mukofot – asrlar davomida hech kim yecha olmagan masalani yechib, insoniyatning matematik bilimiga yangi sahifa qo‘shishdir.
– Bugun barcha sohada o‘zbek olimlarining maqomini yuksaltirish uchun nimalarga diqqat qaratish lozim?
– Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, olimlarning mavqeyini oshirish borasida oxirgi o‘n yil ichida juda katta ishlar amalga oshirildi. Men ularning barchasini sanab o‘tirmayman, buni hammamiz bilamiz. Endi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish va ayrim muammolarni hal qilishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Birinchidan, yosh olimlarning chet tillarni bilishiga jiddiy e’tibor berish lozim. Bugun magistraturani tugatgan, matematikasi kuchli bo‘lgan yoshlarning ayrimlari ingliz yoki rus tilini yetarli bilmagani uchun ilmiy faoliyatda qiynalmoqda. Keyinchalik aspiranturaga kirish va xalqaro hamkorlikda ham bu katta to‘siqqa aylanadi. Shuning uchun tilni aspiranturada emas, maktabda va talabalik davridayoq puxta o‘rgatish kerak.
Ikkinchidan, xorijiy olimlar bilan birgalikda doktorantlar tayyorlash tajribasini kengaytirish lozim. Masalan, Qozog‘istonda doktorantga mahalliy va xorijiy ilmiy rahbar biriktiriladigan tizim bor. Men buni shunchaki, nomigagina “xo‘ja ko‘rsin” uchun emas, haqiqiy ilmiy hamkorlik sifatida amalga oshirish kerak, deb hisoblayman.
Xorijiy rahbarning mehnati, doktorantning borib-kelishi va ilmiy amaliyoti uchun mablag‘ ajratilsa, bu xarajat emas – ilm-fanga investitsiya bo‘ladi. Men bunday hamkorlik natijasida yetishib chiqqan yosh olimlarni bilaman, bugun ularning o‘zlari professor bo‘lib, yangi avlod olimlarini tayyorlamoqda.
Uchinchidan, yosh olimlarimizni xalqaro konferensiyalarga ko‘proq yuborish kerak. Bizda yosh tadqiqotchining xorijga chiqishi ko‘pincha moliyaviy imkoniyatga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Menimcha, iqtidorli yosh olim uchun bunday anjumanlar shunchaki safar emas, ilmiy maktab va yangi hamkorliklar uchun imkoniyat bo‘ladi.
To‘rtinchidan, fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini izchil yo‘lga qo‘yish kerak. Bugungi ilm-fan chegara bilmaydi. Masalan, zamonaviy matematikaga fizika, biologiya, informatika va boshqa fanlar bilan hamkorlik qilish tobora ko‘proq zarur bo‘lmoqda. Xuddi shuningdek, fizik yoki biolog ham zamonaviy matematik usullarni bilishi shart. Shuning uchun universitetlarda fanlarni bir-biridan ajratib qo‘ymasdan, ularning tutashgan joylariga ko‘proq diqqat-e’tibor lozim. Shu yo‘nalishlarga jiddiy e’tibor bersak, o‘zbek olimlarining xalqaro ilmiy maydondagi mavqeyi yanada yuksaladi. Eng muhimi, biz bugungi yosh olimga nafaqat bilim, balki dunyo ilm-faniga chiqish imkoniyatini ham berishimiz kerak.
– “Bahodir menga shu savolni bersa, butun qalbimni ochib, o‘z qarashlarimni bayon qilar edim”, deb qaysi savolni kutgan edingiz?
– Menga: “Siz 2004-yildan 2006-yilgacha O‘zbekiston Milliy universiteti rektori bo‘lib ishladingiz. O‘sha davrdagi qaysi ishlarni eslaysiz? Nimalar o‘rgandingiz?” – degan savol ham muhim. Bu ikki yil mening hayotimdagi eng mazmunli va hayajonli davrlardan biri bo‘lib qoldi.
Eng avvalo, hech qachon yodimdan chiqmaydigan bir voqeani eslayman. Meni universitet jamoasiga tanishtirish uchun o‘sha paytdagi Bosh vazirimiz, hozirgi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kelgan edi. 2005-yil yanvar oyidan boshlab Talabalar shaharchasini tubdan qayta qurish ishlari boshlandi. Bunga bir nechta vazirliklar jalb qilindi. Juda qisqa vaqt ichida bu joy zamonaviy shaharchaga aylandi. Bugun ortga qarab, o‘sha ikki yil menga nafaqat rahbarlik tajribasini, balki katta mas’uliyat maktabini berganini tushunaman. 2006-yildan Matematika institutida ishlay boshladim. O‘sha paytda olimlarning maoshi yuqori emas, institutdagi sharoitlar ham bugungidek emas edi.
Eng achinarlisi, aspiranturaga kirib, ilm bilan shug‘ullanishni istagan yoshlar juda kam edi. Institutimiz o‘sha paytda asosan grantlar asosida ishlardi: grant bo‘lsa – ish bor, grant bo‘lmasa – ish yo‘q. Olim esa ertangi kunidan xavotir olmay, xotirjam ilm bilan shug‘ullanishi kerak.
Menimcha, ilmiy muvaffaqiyatning muhim shartlaridan biri ham shu.
Keyingi yillarda, ayniqsa, 2017-yildan boshlab institutlarning davlat byudjetiga o‘tkazilishi bilan vaziyat tubdan o‘zgara boshladi. Olimlar uchun barqaror sharoit yaratildi. Buning natijasini o‘z faoliyatimda ham ko‘raman. Bugungi kungacha besh nafar fan doktori va o‘n uch nafar fan nomzodi tayyorlashga muvaffaq bo‘ldim. Shogirdlarim bilan hamkorlikda o‘nga yaqin monografiya va monografiyalarga boblar yozdik. Hatto magistraturada o‘qib yurgan shogirdim o‘sha davrning o‘zida PhD dissertatsiyasini tayyorlab, muvaffaqiyatli himoya qildi. Bugun bundan ham quvonarli holatlar bor. Masalan, hozir uchinchi kursda o‘qiyotgan talabam juda yaxshi ilmiy natijaga erishib, akademik Shavkat Arifjanovich Alimov tavsiyasi bilan maqolasini Fanlar akademiyasi jurnaliga taqdim etdi. Bu men uchun katta quvonch. Chunki ustoz uchun shogirdining yutug‘idan katta mukofot yo‘q. Shu yillar davomida yuzdan ortiq xalqaro konferensiyalarda ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashdim.
Ustozim, akademik Sh.A.Alimov bilan birgalikda matematik analiz bo‘yicha uch tomlik darslik yozdik. Bu kitob qayta nashr etildi va bugungi kunda universitetlar uchun asosiy darsliklardan biri sifatida foydalanilmoqda.
Shuning uchun universitet rektori bo‘lib ishlagan o‘sha ikki yilni men oddiygina bir lavozim davri deb emas, butun keyingi hayotim va ilmiy faoliyatimga katta ta’sir ko‘rsatgan maktab deb hisoblayman.
– Ilm sohasini tanlayotgan yoshlarga zarur maslahat va tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.
– Yoshlarga avvalo shuni aytgan bo‘lardim: yaxshi o‘qing va o‘z ustingizda ishlashdan hech qachon to‘xtamang! Yaxshi ta’lim insonga hayotda ko‘proq tanlov va imkoniyat beradi. Bugun yoshlarimiz uchun ilm olish, zamonaviy bilim va kasb egallash uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Bundan 10-20 yil oldin olimlar va pedagoglarning maoshi bilan oilani munosib ta’minlash qiyin edi. Shuning uchun ko‘plab bilimli insonlar tadbirkorlikka yoki boshqa sohalarga ketishga majbur bo‘ldi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi: ilm-fan va ta’lim sohasida ishlash uchun risoladagidek sharoit yaratilgan. Yaxshi bilim olgan yoshlar nafaqat yurtimizda, balki dunyoning eng nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida ham o‘z o‘rnini topishi mumkin.
Bugun chegaralar kengaydi – bilim va qobiliyat bo‘lsa, chet elda o‘qish, stajirovka o‘tash, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari mavjud.
Shuning uchun yoshlarga tilagim: vaqtingizni qadrlang, yaxshi ustoz toping, chet tillarini o‘rganing, ko‘p kitob o‘qing va o‘zingiz tanlagan sohani chin dildan seving. Ilmda natija darhol kelmaydi. Lekin sabr, mehnat va qiziqish bo‘lsa, albatta, o‘z samarasini beradi. Eng muhimi, o‘zingizga va qobiliyatingizga ishoning. Mening hayotimda ham ilmga sarflangan vaqt hech qachon zoye ketmagan. Bugungi mukofotni ham ana shu ko‘p yillik mehnatning munosib natijasi, deb bilaman.
– Samimiy suhbat uchun rahmat.
Bahodir KARIM suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



