Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.04.2024 | 13:38

img816

MATEMATIKA – HAQIQAT DEMAK!

O‘tkir ROZIQOV, akademik

“Matematika fanining tamal toshini al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘o­niy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ bobolarimiz qo‘ygan”, – degan edi Prezidentimiz V.I.Romanovskiy nomi­dagi matematika institutiga tash­­rif buyurib, uning faoliyati bilan ta­nish­ganida.

Mamlakatimizda ilm-fan, xusu­san, matematika rivojiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu­ning nati­jasi turli sohalarda yangi texno­logiyalar tatbiq etilishi, o‘quv­chi va talabalarning xalqaro fan olimpiadalaridagi yutuqlari, yetuk olimlarimizning xorijdagi ilmiy doiralarda obro‘-e’tibori oshib borayotgani bilan ham izohlanadi. O‘zbekiston Fanlar akademiya­sining V.I.Romanovskiy nomi­dagi matematika instituti direktor o‘rinbosari, Gibbs o‘l­chovlari naza­riyasiga salmoqli hissa qo‘sh­gan va matematik biologiyada o‘z nazariyasini yaratgan ulkan olim, akademik O‘tkir ROZIQOV bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi. – O‘tkir aka, Prezidentimizning 2017-yil 17-fev­raldagi “Fanlar akade­miya­si faoli­yati, ilmiy-­tadqiqot ish­larini tash­kil etish, boshqarish va mo­liya­lash­tirishni yanada takomillash­tirish chora-­tadbirlari to‘g‘­risi­da”­gi qaroriga muvofiq O‘z­be­kiston Milliy universiteti hu­zu­­ridagi Matematika ins­ti­tuti Fanlar akademiyasi tar­kibida qayta tashkil etildi. O‘t­gan yillar davomida institut tomonidan qanday muhim ishlar amalga oshirildi? – Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbe­kis­ton Res­publikasi Fanlar aka­demiyasining V.I.Roma­novskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillash­tirish chora-tadbirlari to‘g‘­ri­si­da”­gi hamda 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror­lari bizga dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Bu qarorlar ijrosida ilm-fan ahliga katta e’tiborni his qildik. Haqiqattan ham 2017-yil­dan boshlab matematika fani va ta’limini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratila bosh­landi. Uzluksiz ta’lim tizimida matematika ilm-fani va ta’limini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga mos­lashtirish uchun mavjud muammolarni bartaraf etish tizimi yaratildi. 2020-yil­dan boshlab respublikamiz­ning har bir tumanida matematika faniga ixtisoslashgan maktablarni bos­­qichma-bosqich tash­kil etish tizi­mi joriy qilindi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda matematika fani bo‘yicha “uzluksiz ta’lim dasturlari” majmuasi yaratildi. Matema­tika instituti tarkibida beshta shtat birligidan iborat Matematika ta’limi bo‘­yicha o‘quv-uslubiy materiallarni mu­vofiqlashtirish laboratoriyasi va Ins­titut direktorining yosh matematiklar va yosh olimlar masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbo­sari lavozimi tashkil etildi. Matematika fani va ta’limini ri­voj­lan­­tirishni qo‘llab-quvvatlash jam­­g‘ar­­masi tuzilib, tala­balarning Xalqaro mate­ma­tika olimpiadasida qatna­shishi uchun mablag‘ ajratil­moq­da. Ular­ning xalqaro mate­ma­­tika olim­piadalarida muvaffaqiyatli ishtiroki va iqtidorli talabalarni sara­lash maqsadida Matematika instituti va O‘zbekis­ton Milliy universiteti hamkorligida “Mathematical olympiads of Uzbe­kistan for University Students” nomli onlayn loyiha ochildi. Shuning­dek, matematika yo‘nalishida ta’lim olayot­gan talaba va tadqiqotchilar uchun akademik T.A.Sarimsoqov nomidagi stipendiya ta’sis etildi. Yosh matematiklarimizdan Jasurbek Karimov, Sobirjon Shoyimardonov va Zafar Boxonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lishdi. Bu kabi e’tibor mamlakatimizda matematika fanini yanada rivojlanti­rish, sohada malakali kadrlarni tar­biya­lash imkoniyatini oshirdi. Mate­matika instituti tomonidan so‘nggi yillarda ilm-fan sohosida salmoqli nati­jalarga erishildi. Birinchidan, Statistik fizika va kvant maydoni nazariya­si kuzatiluv­chilari fazosini tav­siflash uchun yangi algebraik yondashuv ishlab chiqildi. Statistik mexanika va biologiyadagi nochiziqli dinamik sistemalar naza­riyasi rivojlantirildi. Ozod va ikki jins­li populyatsiyalarning vaqt o‘tishi bilan keyingi avlodlarining turg‘un holatlari tasnifi berildi. Bu natijalar populyatsiya­lar kelajagini bashorat qilish uchun muhim matematik asos bo‘ladi. Ikkinchidan, Kasr tartibli dif­­fe­ren­siallash operatorli para­bolo-giper­bolik tenglamalar uchun chegaraviy masalalar tadqiq qilindi. Dinamik sistemalarga oid ilmiy-tadqiqot ish­larini avtomatlashtirishga mo‘l­jal­lan­gan ­kom­­­pyu­ter dasturi pa­keti yaratildi.  Immigratsiyali tarmoqlanuvchi jarayonlarning asimptotik xossalari va bunday jarayonlarda qatnashuvchi zarrachalar umumiy soni uchun limit taqsimotlar o‘rganildi. Uchinchidan, kompyuter tomo­grafiyasi tasvirlarini qayta tiklash uchun yangi optimal algoritm­lar ishlandi. Issiqlik elektro­stansiyalaridagi aylanuv­chi regenerativ havo qizdirgichlardagi issiqlik almashish jarayonining yangi matematik modeli yaratildi. Dori-darmon tayyorlashda “struk­tura-aktivlik” modelini qurish vaqtida tanlanma to‘plamni model qobiliyatini baholashning yangi metodi tadqiq qilindi. Koronavirus bemorlari uchun xavfni baholash dasturi ishlab chiqildi. Bu borada yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. – Matematika instituti yetuk ilmiy xodimlarining xorijdagi hamkasblari bilan hamkorligi haqida to‘xtalib o‘tsangiz. – Matematika instituti tomonidan dunyoning yetakchi ta’lim muassasa­lari, xususan, Bonn, Boxum, Berlin, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ins­titutimiz tashab­busi bilan AQShning Kalifor­niya shtati universiteti, Birlashgan Arab Amirliklari universiteti, Malayziya­ning MARA texnologiyalar universiteti, Avstraliyaning Malayziyadagi Monash universiteti, Malayziyaning Putra uni­ver­sitetlarida faoliyat yuritayot­gan yurt­doshlarimiz bilan hamkor­likda yetak­chi professor-o‘qituvchilarning “onlayn” mahorat dars­lari va seminarlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. – Matematika – aniq fan. Demak, ushbu fan ravnaqiga butun dunyo matematiklari qo‘shgan hissalari ham aniq ko‘rinib turadi. Ularning orasida bizning olimlarimizning o‘rnini qanday baholash mumkin? – O‘zbek matematiklari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda fanning bir necha yo‘nalishi bo‘yicha mashhur olimlar hamda ular rahbarligidagi ilmiy maktablar yaratildi. Ularning ilmiy izlanishlari ja­hon miqyosida tan olindi. O‘zbek matema­tiklaridan to‘rt nafari Butunjahon fan­lar akademiyasi akademigi va olti nafari TWASning yosh olimlar bo‘limi a’zosi bo‘lishdi. Xorijdagi nufuzli jurnallarda o‘zbek olimlari ilmiy ishlariga chet ellik olimlar tomonidan berilgan taqrizlarda: “mualliflardan biri juda taniqli ekspert”, “bu yo‘nalishda o‘zbek maktabi muhim o‘rin tutadi”, degan e’tiroflarga tez-tez duch kelamiz. Shuningdek, matematiklarimiz “Springer Nature Top Author” va “Scopus Award” tanlovida “Top researcher in Natural sciences” (Tabiiy fanlar bo‘yicha yil tadqiqotchisi), deb e’tirof etilgan. COMSTECHning  “Eng yaxshi ilmiy maqola” xalqaro mukofotini ham qo‘lga kiritgan olimlarimiz bor. Joriy yil 20-fevralda Berlinning “Veyershtrass amaliy tahlil va stoxastika ins­tituti” seminarida ma’ruza qilishimdan oldin menga so‘z bergan professor­ning “Gibbs o‘lchovlar sohasida taniqli ekspert” deb tanishtirgani o‘zbek olimlarining bugungi kun matematikasidagi o‘rnini ifodalovchi bir misoldir. – Bugungi kunda IT sohasi ko‘p­chilikka ma’lum. Yana “sun’iy intel­lekt” degan tushuncha paydo bo‘ldi. Shuni soddaroq qilib tushun­tirib bersangiz. Bu ham odamlarni danga­sa qilib qo‘ymaydimi? – Dangasalik ba’zilarning fe’l-atvorida bo‘ladi. Unday kishi­lar ish-­amallar osonlashgani sababli paydo bo‘lmaydi. Masalan, sonlar ustida amallarni o‘rganish maktabda o‘tiladi, lekin kalkulyator bor, bu amallarni o‘rganish shart emas, deydiganlar dangasadir. Bugungi kunda sun’iy intellekt paydo bo‘lishi ham oldin kalkulya­tor paydo bo‘lganiga o‘xshash hodisa. Kalkulyator mate­ma­tikaning boshlang‘ich mavzularini o‘rganishdan voz kechishga olib kelmadi-ku, sun’iy intellekt ham tabiiy intellektning o‘rnini egallashi mumkin emas. Aksincha, inson sun’iy intellekt dasturini takomillashtirish ustida ishlashi uchun o‘z tabiiy intellektiga tayanadi. Sun’iy intellektning paydo bo‘lishi ilm-fan rivojini keskin tezlashtiradi va tabiiy intellektimiz bilan kashfiyotlar qilishda kalkulyator vazifasini bajaradi.    – Matematika instituti xodimlari ayni vaqtda qanday muam­molar ustida ish olib bormoqda? – Institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar nazariy ahamiyatga ega bo‘lishi bilan birga amaliy jihatdan ham salmoqlidir. Nazariy ishlarimizda matematikaning zamonaviy abstrakt masalalarini yechish uchun algebra, nochiziqli analiz, differen­sial tenglamalar, dinamik sistemalar, ehtimollar nazariyasi soha­larini rivoj­lantiryapmiz. Bu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda matematika fanini jahon standartlari doirasida saqlashdir. Dunyoda matematika sohasida bo‘layotgan yangiliklarni o‘z vaqtida anglab, ular­ga munosib hissa qo‘shishimiz shart. Ayniqsa, bu vazifalarni amalga oshirish uchun safimizda yosh mate­matiklarning ko‘pligi va ular­ning soni oshib borayotgani madad bo‘l­moqda. Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyo­­­­da matematika fani erishgan yutuq­­lari bilan cheklanib qola olmasligimiz ravshan. Ayniqsa, O‘z­bekiston uchun matematikani yana­da kuchaytirish zaruriyati juda yuqori. Har bir soha rivojining asosida, albatta, matema­tika bo‘ladi. Amaliy matematika sohasida, masalan, oxirgi yillarda yurak-qon tomir kasalliklari natijalari­ni bashorat qiluvchi modellar ishlab chiqilib, ular Kardiologiya markazi­ning Qo­ra­qal­pog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatidagi filiallari hamda Endokrinologiya markazida amalda joriy etildi. Yangi dori vositalarini yaratish uchun mo‘ljallangan MolekulGen das­turlar to‘plami ishlab chiqildi. Proksimal son suyagining sinishi va asosiy osteoporotik sinish­lar ehtimolini individual hisoblash uchun Chat-bot yaratildi. Parafreyzer, imlo tekshiruvi, grammatik tahrir, xulosalovchi va nutqni matnga aylantirish kabi xizmatlarni o‘z ichiga olgan muharrirai.com platformasi yaratildi. Sanoat mintaqalarida ekoholatni monitoring qilish va prognoz­lash uchun dasturiy moduli, neft qat­lamlari mavjud hudud­larga kislotali ishlov berishning yangi matematik modeli va texnologik ko‘rsatkichlarni hisoblash uslubiyati yaratildi. DNKlar tizimlari xossalari Gibbs o‘lchovlari bilan o‘rganildi, temperaturaning DNKlar Xolliday birikmasiga ta’siri tas­nifi berildi, DNK-RNK renaturatsiyasi uchun tempera­tura shartlari topildi. Hozirgi kunda institut bilan dunyoning yetakchi matematika ilmiy markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, olimlarning tadqiqotlari ko‘lami yanada kengaymoqda, sohaga zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar kirib kelmoqda. – Avvalgi suhbatlaringizdan birida Kriptografiya sababli Ikkinchi jahon urushi axborot xavf­sizligini saqlash sohasidagi bitta teorema qo‘llangandan keyin urush muddatidan ikki yil oldin tugagan, degan fikrni aytgandingiz. Bu qanday teorema edi? – Kriptografiya axborotni kodlab, begonalardan sir saqlash uchun ishlatiladi. Masalan, bankning biror ma’lumotini elektron pochta bilan boshqa bankka yubormoqchi bo‘lgan xodim xakerlar bu ma’lumotni ochishi­ning oldini olish uchun ma’lumotni kodlab yuboradi. Lekin zamonaviy kompyu­terlar uncha mukammal o‘ylanmagan kodlarni millionlab kombinatsiya orqali tez ochishi mumkin. Shu sababli zamonaviy kriptografiyaning asosiy masalalaridan biri hatto kompyuter ham qisqa vaqt (aytaylik, kamida bir yil) ichida ochib berolmaydigan kodlar yaratishdir. Bu masala doimo o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ikkinchi jahon urushi paytida K.Shennon tomonidan shunday kodlash taklif qilindiki, bu matematik yangilik yordamida Ikkinchi jahon urushi kutilganidan oldinroq (kamida 2 yil) tugatildi va millionlab odamlarning hayo­ti, milliardlab dollar asrab qolindi. – Har bir sohaning pesh­qadam­lari bor. Kelajak ularga yaq­qolroq ko‘rinadi. Bizda matematikaning kelajagi qanday bo‘ladi? – Sun’iy intellekt, dasturlash va boshqa zamonaviy kashfiyotlar matematika fani oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Inson hayot­ning har qadamida matematikaga tayanadi. Mashhur faylasuf I.Kant aytganidek, “Har bir ilmda qancha ko‘p matematika bo‘lsa, shuncha ko‘p haqiqat bor”. Demak, kundalik turmushingiz qanchalik mate­matika­ga asoslangan bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyat qozonasiz. Aytmoqchimanki, insoniyat shiddat bilan o‘zgarayot­gan zamonimizda o‘z kelajagini ma­te­matik asoslashi zarur. Davrning chegara bilmas muammolari ko‘pa­yib bormoq­da. Masalan, kibertahdid, axborot xavfsizligi, virus tarqalishi xav­fi (jumladan, koronavirus) va hokazolar. Bu singari davr muammolari­ni yechishda axborot texnologiyalari, dasturlash, matematik modellashtirish va kimyo-biologiya kabi sohalarni rivoj­lantirish juda muhim. Bu sohalar­ning asosi esa, albatta, matematika! Demak, oldin ham, bugun ham va kelajakda ham insonning hayotida matematikaning o‘rni beqiyosdir.

Humoyun AKBAROV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614