15.09.2026 | 15:26
1056
AYOL ILMLI BO‘LSA…
Davlatimizning oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosati zamirida hech bir ayol o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak, degan insonparvar tamoyil mujassam. Shu bois, qabul qilinayotgan qaror va dasturlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, ularni qiynayotgan hayotiy masalalar o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi farmoni xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlashda muhim huquqiy asoslardan biri bo‘ldi.

Farmonga muvofiq, 2022-2023-o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun yetti yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat tomonidan qoplab berish tizimi joriy etildi, ya’ni, qaytarish shartisiz qoplash uchun har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirish belgilandi. Xorijiy bakalavriat dasturlari uchun ellik, magistratura dasturlari uchun o‘n nafar xotin-qizga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasining qo‘shimcha grantlari, doktoranturaga esa kamida 300 ta maqsadli kvota ajratilishi nazarda tutildi.
2016-yilda oliy ta’lim muassasalarida 102 ming 457 nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, bugun ular soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54, magistratura bosqichida tahsil olayotganlarning esa 66 foizini, stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada o‘qiyotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni, 61 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. O‘tgan o‘quv yilida 60 nafar o‘quvchi qiz dunyoning eng nufuzli oliygohlariga o‘qishga qabul qilingani ham bu boradagi yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.
Bundan anglashiladiki, endilikda masala faqat oliy ma’lumot diplomiga ega bo‘lish bilan cheklanmaydi. Qizlarning sifatli ta’lim, zamonaviy kasb, ilmiy izlanish va innovatsion faoliyatga kirishishi uchun uzluksiz imkoniyatlar zanjiri yaratilmoqda.
Kegeylilik Indira Satniyazova shu yil mart oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan OMOUS xalqaro matematika olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Buvaydalik Dilafro‘z Jo‘raboyeva xalqaro startap tanlovlarida g‘olib bo‘lib, “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida e’tirof etildi. Bu qizlarimizning zamonaviy bilim, texnologiya va tashabbuskorlik bilan ulkan marralarga chiqayotganini ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning buxorolik Vazira Fayzullayeva va navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalaridagi yutuqlarini alohida qayd etishi kimni quvontirmadi, deysiz. Kegeyli, Buxoro, Navoiy, Buvayda… Imkoniyatlar eng chekka hududlarga kirib borgani sari, iqtidorli yoshlar geografiyasi yanada kengaymoqda.
Bugun farzand tarbiyasi har qachongidan ham muhim masalalardan biriga aylandi. Raqamli muhit bolaning dunyoqarashiga, fikrlash tarzi va hayotiy tanlovlariga har daqiqada ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda, ota-onadan ham zamon bilan hamqadam bo‘lish talab etiladi. Ayniqsa, farzand qalbiga eng yaqin, uning ilk ustozi va ma’naviy tayanchi bo‘lgan ona zamonaviy bilimga, media va raqamli savodxonlikka, huquqiy hamda moliyaviy tushunchalarga, sog‘lom va mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lishi shart.
Xotin-qizlar ta’limiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni aholi salomatligi, jamiyatning huquqiy madaniyati, mehnat unumdorligi hamda kelajak avlod raqobatbardoshligiga sarmoya deyish mumkin. Negaki, oliy ma’lumot va zamonaviy kasb egallagan ayol daromad manbalarini kengaytirish, murakkab vaziyatlarda asosli qaror qabul qilish, farzandlar ta’limiga ko‘proq resurs va e’tibor yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizning kambag‘allikni qisqartirish siyosatida xotin-qizlar ta’limi ham ustuvor omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu esa faqat bir ayolning turmush darajasini emas, balki butun oilaning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyini yaxshilashga xizmat qiladi.
Albatta, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, bugun tegishli davlat idora va tashkilotlari oldida turgan vazifalar ko‘lami ham nihoyatda keng. Son ko‘rsatkichlaridan sifat bosqichi va yuqori natijalar sari ildamlash, sifat ko‘rsatkichlarini qat’iy oshirish talab etiladi. Ta’lim samaradorligi bitiruvchilarning munosib bandligi, barqaror daromadi, ilmiy ishlanmalar-u innovatsion g‘oyasi va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan baholanishi kerak. Ayniqsa, aniq fanlar, muhandislik, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, “yashil iqtisodiyot”, tibbiyot va ilmiy tadqiqotlarda xotin-qizlar salohiyatini kengroq ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifamizdir.
Shu nuqtayi nazardan, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi zimmasidagi mas’uliyat ham tobora ortib bormoqda. Bugun har bir mahallada iste’dodli, bilim olishga intilayotgan qizlarni erta aniqlash, qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash va orzularini mavjud imkoniyatlar bilan bog‘lash g‘oyat muhim. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan qizlarga davlat tomonidan yaratilgan imtiyozlarni manzilli yetkazish, kasb-hunar o‘rganayotgan xotin-qizlarni barqaror ish o‘rinlari va daromad manbalari bilan bog‘lashda tizim xodimlari, xususan, mahalladagi xotin-qizlar faollarining o‘rni har qachongidan ham katta.
Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida mentorlik, ilmiy rahbarlik va karyera xizmatlarini kuchaytirish, talaba qizlarning qobiliyati va qiziqishini yanada rivojlantirish zarur. Ta’lim muassasalari bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik qanchalik mustahkam bo‘lsa, olingan bilimning amaliy natijaga, mutaxassislikning munosib ish o‘rniga, iqtidorning esa jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan salohiyatga aylanishi shunchalik tezlashadi.
Farovon oila haqida so‘z yuritar ekanmiz, uning markazida bilimli, ma’rifatli, qadri ulug‘langan va o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarayotgan ayol siymosini ko‘ramiz. Oilada ayol qadr topsa, o‘sha xonadonda mehr-oqibat mustahkamlanadi, barkamol farzandlar ulg‘ayadi, kelajakka ishonch ortadi. Vatan taraqqiyoti esa, avvalo, o‘z oilasida baxtli yashayotgan, farzandlarini ilm-ma’rifatga oshno, vatanparvarlik ruhida tarbiyalayotgan, halol mehnati va tashabbusi bilan jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shayotgan millionlab ayollarning hayotidan boshlanadi.
Saodat BOYMIRZAYEVA,
filologiya fanlari doktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



