Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2026 | 10:05

img883

SHAXSNAVIS ADIB

Stolim ustida bir ijodkor qalamiga mansub bir nechta kitob. Ularni ustma-ust qo‘yib, o‘lchasam, umumiy bo‘yi bir qarichdan oshdi. Keyin nomlarini qayd etish uchun yoygan edim, noutbugim atrofini butkul o‘rab oldi:

“Toshbaqalar poygasi”, “Senga ko‘ngil bersam…”, “Konvert-odam”, “Odil Yoqubov xazinasidan”, “Uyg‘onish zamoning muborak bo‘lsin”, “Vijdon qo‘ng‘irog‘i”, “Sahifaga sig‘magan satrlar”, “Yurak bo‘ronlari”, “Botir Zokirov – o‘zbek bulbuli” (rus tilida), “Do‘ppisi yo‘q dunyo”, “Oltin ovozlar”…

Keyingi uchtasi shu yil bosilib chiqqan. Bular hali u yozgan kitoblarning hammasi emas, kaminada borlarigina, xolos. Keyingi uchtasi shu yil bosilib chiqqani muallifning bugungi faolligidan dalolat beradi.

Bulardan biri ko‘zga yaqin edi. Avvallari nashriyotlar kitob qo‘lyozmasini bir mutaxassisga taqrizga berar, nashrda taqrizchining nomi ham qayd etilar edi. Adibning ilk kitobi bo‘lmish hikoyalardan iborat  “Toshbaqalar poygasi”ga taqriz yozib bergan ekanman. Arxivimdan bundan 42 yil burun bitilgan o‘sha matnni topib oldim. Albatta, unda uncha-muncha takliflar ham aytilgan ekan. Shu takliflarning aksariyati inobatga olinib, hikoyalar saralangan, ayrimlari to‘plamga kiritilmagan, yangilari qo‘shilgan, ba’zilari jiddiy tahrir ham qilinganiga guvoh bo‘ldim. Taqrizdagi ikki muhim parchani bugun aynan keltirish o‘rinli bo‘lsa kerak. Birinchisi: “Muallifning muvaffaqiyati hayotning achchiq haqiqatlarini anglay boshlagan bola obrazini chizishga intilishida ko‘zga tashlanadi. Yosh yozuvchini bolalarning dunyo faqat yaxshiliklardangina iborat emasligini fahmlab qolgan lahzalarini qalamga olish ko‘proq qiziqtiradi. Bu – ijobiy xususiyat”. Ikkinchisi: “Qalamkash hali saviyasi jihatidan bulardan yuksakroq asarlar yozadi, deb ishonaman”.

Adib, chindan, yuksak saviyadagi asarlar yaratdi. Uning mavzu ko‘lami va janrlar maydoni ham kengaygandan kengaydi. Hikoyadan tashqari, qissa, felyeton qissa, ma’rifiy qissa, esse, xotira-esse, ocherk, hangoma, ibrati va hazil iboralar, ma’rifiy roman, qanchadan qancha tahliliy-publitsistik maqolalar yozdi. Har bir qalamkash ijodining yetakchi xususiyati bo‘ladi. Shu ma’noda, bu adibni zamona qahramonlari haqida bitish ko‘proq qiziqtiradi.

Shundan kelib chiqib, uni “shaxsnavis adib” deb ta’riflaging keladi. Buni asarlarining sarlavhalarida “inson” va “odam” so‘zlari ko‘p uchrashidan ham bilsa bo‘ladi. Uning ocherklar va esselardan iborat “Uyg‘onish zamoning muborak bo‘lsin” to‘plamidan joy olgan uch turkumning ikkitasi sarlavhasida “inson” so‘zi uchraydi: “Mehrim tushgan insonlar”, “Insoniylik yuki”.

Kitobdagi ikki asar sarlavhasida esa “odam” kalimasi istifoda etilgan: “Odamlarni boy qilsak – davlat ham boy bo‘ladi”, “Odamlar zavqi bilan yashash zavqi”. Uning bir felyeton-qissasi “Konvert-odam”, monolog tarzida bitilgan bir asari “Shoshilayotgan odam” deb ataladi.

Adib asarlari orasida to‘rttasi alohida ajralib turadi. “Esar Jayhun shamollari” essesi ajoyib xonanda Otajon Xudoyshukurov haqida. Botir Zokirov haqida “Yurak bo‘ronlari” ma’rifiy romanini yozgan. Bu asarlarda xonandalarning ijod “ustaxona”siga dadil kirib borilgan. Hayotining murakkab jihatlari ham teran ochib berilgan. Ulug‘ yozuvchimiz hayoti va ijodini tahlil qilishga bag‘ishlangan yana bir xotira-essesi “Odil Yoqubov xazinasidan” deb nomlanadi. Ne’mat Aminov xususida “Vijdon qo‘ng‘irog‘i” ma’rifiy qissasini yaratdi. Ehtimol, bu adib haqida undan boshqa hech kim bu qadar mufassal kitob yoza olmas edi. Chunki uning haqiqiy shogirdi, qadrdon ukasi edi. Shuning uchun qahramonini juda yaqindan bilardi.

Biz ijodi haqida so‘z yuritayotgan adibimiz uch kishini o‘ziga chin ustoz deb biladi: Ne’mat Aminov, Odil Yoqubov, Ibrohim Gʻafurov. Ko‘ngildan kechadiki, endi u O‘zbekiston Qahramoni bo‘lgan uchinchi ustozi haqida ham bir hujjatli-ma’rifiy asar yaratsa, ko‘p yaxshi ish bo‘lar edi.

Tilga olganimiz ikki xonanda va ikki adib hayoti va ijodi haqida dissertatsiyalar yozilgan, yozilayotgandir ham. Biroq ular tor mutaxassislar o‘qishiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Adib qalamidan chiqqan bu to‘rt asar esa omma uchun bitilgan. Keyin yozuvchi degani shaxsning ichki dunyosiga kira oladi ham. Olimlarimizning ko‘ngliga kelmasin-u, bu to‘rt asar adabiyot va san’at uchun ham, ilm uchun ham, ehtimol, ular haqidagi dissertatsiyalardan ko‘ra foydaliroqdir.

Adibimiz hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ta’lim olgan. Bu uning uzoq yillar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi “San’at” bo‘limi mudiri bo‘lib ishlashida qo‘l keldi. Bu yerda u chinakam san’at tanqidchisiga aylandi. Xususan, musiqa sohasining buyuk namoyandalari ijodini tahlil qilishga bag‘ishlangan ko‘plab maqola yoki esselar bitdi. “Oltin ovozlar” to‘plamidan Y.Rajabiy, A.Abdurasulov, K.Otaniyozov, M.Uzoqov, O‘.Saidjonov, B.Zokirov, F.Umarov, Sh.Jo‘rayev, O.Xudoyshukurov, O.Otajonov, M.Yo‘lchiyeva, M.Dadaboyeva, R.Qurbonov haqidagi materiallar o‘rin olgan.

U adabiyotga bolalar yozuvchisi sifatida kirib kelgan edi. Keyin jiddiy hikoyalar ham bitdi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasidan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida ham ishladi, “Mushtum”, “Gulxan” jurnallariga bosh muharrirlik qildi, “O‘zbekiston” nashriyoti bosh direktori o‘rinbosari bo‘ldi. Dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqib, tahlil qilgan maqolalari bilan taniqli publitsistlarimizdan biriga aylandi. Publitsistikasi bilan bog‘liq bir nozik jihatni aytib o‘tmasa, bo‘lmas. O‘zbekistonimizning Afshona, Shohimardon, Vodil, Olmos va boshqa ayrim qishloqlari el orasida mashhur. Ammo bu birodarimiz o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq ahlining quvonch va tashvishlari, ijtimoiy muammolari, ajoyib, mehnatkash, fidoyi kishilari haqida matbuotda turkum maqolalar yozaverib, Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Jaloyirni elga tanitdi.

Xo‘sh, shuncha asarlarini tilga olganimizdan so‘ng bu taniqli adib va publitsist, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni, shuningdek, Yoshlar ittifoqi, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofotlari sohibi, navqiron yetmish bilan yuzlashgan Ashurali Jo‘rayev ekanini fahmlagandirsiz, albatta. Kitobxonlar undan yana va yana go‘zal asarlar kutib qoladi.

Sultonmurod OLIM

“Jadid” gazetasining 2026-yil 18-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600