Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.09.2026 | 09:56

img735

TUGANMAS QUVVAT MANBAYI

Akademik Qahramon ALLAYEV bilan suhbat

– Domla, bolalikdan katta ilm-fan sari boshlangan yo‘lingizga nazar tashlasak, energetika sohasini tanlashingizga undagan omillar nimada?

– 1963-yilda Xiva shahridagi maktab-internatning o‘zbek guruhini tamomlaganman. Maktabni oltin medal bilan bitirib, Moskva energetika institutiga o‘qishga kirdim. Ko‘pchilik, ayniqsa, shogirdlarim: “Domla, o‘zbek maktabini tamomlab, qanday qilib Moskva energetika institutiga kirdingiz? U yerda darslar rus tilida-ku”, deb so‘rashadi. Men shunday javob beraman: bizning sohamizda, umuman, texnika va energetikada asosiy fanlar matematika, fizika, kimyo hisoblanadi. Bu fanlarning formulalari esa qaysi tilda yozilishidan qat’i nazar, bir xil. Matematikadan, fizikadan imtihonlarni yaxshi baholarga topshirganim uchun institutga o‘qishga kirdim. 1963-yili talaba bo‘lib, 1969-yilda institutni tamomladim.

O‘sha paytda energetika bugungidek rivojlangan soha emas edi. Yoshlarni muayyan kasbga yo‘naltirishda pedagoglarning roli juda katta. Menga ham matematika fanidan dars bergan, marhum ustozimiz To‘lqin Otaboyev: “Sen energetik bo‘lishing kerak”, deb ko‘p aytardi. Nega aynan energetika? Chunki quruvchining g‘isht qo‘yishini, metallurgning metall quyishini ko‘rish mumkin. Energetikada esa simdan o‘tayotgan tokni ko‘rmaysiz. Uni faqat tafakkur, fikrlash orqali anglash va boshqarish mumkin. Ustozimning shu tavsiyasi menga katta turtki bo‘lgan. Oradan yillar o‘tib, energetik bo‘ldik, shu sohada ancha ishlarni amalga oshirdik. Bugun esa mamlakatimiz energetikasi bilan shug‘ullanib, o‘zimizning ilmiy maktabimizni yaratdik. Shogirdlarimiz bu ishlarni davom ettirmoqda.

Hozirgi yoshlar juda iqtidorli va iste’dodli. Masalan, bizda doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha ilmiy kengash bor. Uning 21 nafar a’zosidan 16 nafari aynan shu kengashda dissertatsiya himoya qilib, fan doktori ilmiy darajasini olgan. Ular 35-42 yosh oralig‘ida. Bu, albatta, quvonarli holat. Chunki ilm-fan, ishlab chiqarish yoki boshqa har qanday sohaning rivojini, avvalo, yangi avlod ta’minlaydi. Shu bois, iqtidorli yigit-qizlarni topish, ularni yuzaga chiqarish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish juda muhim. Maktabdagi ustozlarning bu boradagi mehnati, ayniqsa, beqiyos. Hozirgi yoshlar ham o‘ziga xos, shuning uchun ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish oson emas. Ammo o‘z vaqtida berilgan birgina maslahat ham bolaning butun hayot yo‘lini o‘zgartirishi mumkin.

Yoshlar, avvalo, matematika, fizika, kimyo kabi fundamental fanlarni chuqur o‘rganishi kerak. Chunki texnika va texnologik rivojlanishning asosi shulardir. Biroq buning o‘zi yetarli emas. Umumiy dunyoqarash ham keng bo‘lishi kerak. Ular tarixni, adabiyotni, mamlakatda va dunyoda yuz berayotgan jarayonlarni ham bilishi zarur. Insonning dunyoqarashini kengaytirish, unda ilmga va hayotga qiziqish uyg‘otish, avvalo, maktabdan boshlanadi.

– Ilmiy izlanishlaringiz energetika tizimlarining turg‘unligi va ishonchliligiga bag‘ishlangan. Bu tadqiqotlarning amaliy foydalari qaysi jabhalarda ko‘rinyapti?

– Energetikaning inson hayotidagi ahamiyatini tasavvur qilish uchun elektr energiyasi yarim soatga o‘chib qolgan holatni o‘ylab ko‘rishning o‘zi kifoya. Deyarli barcha jarayonlar to‘xtab qoladi. Shuning uchun energetika sohasida ishlaydigan muhandislarning eng asosiy vazifasi – iste’molchiga elektr va issiqlik energiyasini kerakli vaqtda, kerakli miqdorda va sifatli yetkazib berishni ta’minlash. Iste’molchini energiya qayerda ishlab chiqarilgani yoki qayerda qanday avariya yuz bergani qiziqtirmaydi. Unga kerak bo‘lgan paytda elektr energiyasi bo‘lishi kerak. Demak, energetiklarning asosiy maqsadi – tizimning ishonchliligini ta’minlash.

Ana shu uzluksizlikni ta’minlash uchun qayta tiklanuvchi quvvat manbalariga murojaat etishimiz kerak. Uning eng muhim afzalliklaridan biri – atrof-muhitga an’anaviy yoqilg‘ilar kabi zarar yetkazmaydi. Shu bois, mamlakatimizda ham bu yo‘nalishga katta e’tibor qaratilmoqda. Kelajakda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada kengayadi. Bu, bir tomondan, atrof-muhitni asrashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, tabiiy gaz kabi qimmatli resurslarni tejash imkonini beradi. Gazni shunchaki yoqib yuborish o‘rniga, undan boshqa sohalarda, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.

Bir olimning juda obrazli gapi bor: neft va gazni shunchaki yoqish – pulni o‘choqqa tashlash bilan barobar. Shuning uchun mavjud resurslardan oqilona foydalanish kerak. Bizga berilgan quyosh va shamol energiyasidan imkon qadar keng foydalanish esa shu nuqtayi nazardan juda muhim. Albatta, bu borada texnologiyalarni ham takomillashtirish zarur. Masalan, turli energiya manbalarining foydali ish koeffitsiyenti bir xil emas. Shuning uchun quyosh va shamol energiyasidan olinayotgan resursni imkon qadar samarali o‘zlashtirish, uni iste’molchiga ishonchli yetkazib berish bugungi energetika oldidagi muhim vazifalardan biridir.

– Siz energetika sohasiga turli siyosiy davrlarda qanday munosabatda bo‘linganiga guvoh bo‘lgansiz. So‘nggi yillarda ushbu tizimda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

– Har qanday katta o‘zgarish qadamma-qadam amalga oshadi. So‘nggi yillarda energetika ta’minotini yuqori darajaga ko‘tarish, eng avvalo, uning ishonchliligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaymoqda.

Quyosh va shamol energiyasining imkoniyatlari katta, ammo ularning bir jihatini ham hisobga olish kerak: kechasi quyosh bo‘lmaydi, shamol esa istalgan paytda to‘xtashi mumkin. Demak, bunday vaziyatlar uchun zaxira energiya manbalarini yaratish zarur. Bu borada gidroelektr stansiyalar, gidroakkumulyatsion stansiyalar va akkumulyator batareyalari muhim ahamiyatga ega. Masalan, gidroakkumulyatsion stansiyalarda suvdan qayta foydalanish orqali energiyani zaxiralash va kerakli vaqtda undan foydalanish mumkin. Mamlakatimizda bunday stansiyalarni barpo etish ishlari ham boshlangan. Bu energetika tizimining barqarorligini ta’minlashda muhim qadam.

Shu bilan birga, energetikada bazaviy energiya manbalari ham bo‘lishi kerak. Bunga issiqlik va atom elektr stansiyalari kiradi. Atom elektr stansiyasi doimiy ravishda energiya ishlab chiqarishi bilan muhim. Hozir mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Demak, kelajak energetikasida quyosh va shamol kabi o‘zgaruvchan manbalar, issiqlik va atom stansiyalari kabi bazaviy manbalar hamda gidroakkumulyatsion stansiyalar va akkumulyatorlar kabi zaxira vositalari bir-birini to‘ldiradi. Ana shu tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, energetika ta’minotining ishonchliligi yanada oshadi.

Biz bu jarayonlarning istiqbolini hisob-kitob qilganmiz. 2030, 2035-yillarda qancha elektr va issiqlik energiyasi kerak bo‘lishi, uni qaysi manbalardan olish mumkinligi bo‘yicha hisoblar mavjud. Hozir bu prognozlarni yanada uzoq muddatga – 2050-yilgacha ishlab chiqyapmiz. Buni energetikada “energiya balansi” deyiladi. Har qanday katta ish oldindan rejalashtirilgani kabi energetikani ham uzoqni ko‘zlab rejalashtirish kerak. Bu katta tizimlarni boshqaradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan bog‘liq. Atom energetikasi rivojlanayotgan ekan, uni kim boshqaradi, degan dolzarb savol turibdi oldimizda. Bugun biz – faoliyat yuritayotgan avlodning o‘rniga ertaga yoshlar keladi. Shuning uchun ularning bilimi juda puxta bo‘lishi kerak. Ishonamanki, o‘zimizning yosh mutaxassislarimiz yetishib chiqib, kelajakda atom stansiyalarini ham, butun energetika tizimini ham muvaffaqiyatli boshqaradi.

– Ilmiy izlanishlaringiz natijalari yirik energetika obyektlarida amaliyotga joriy etilgan. Olim uchun o‘z g‘oyasi hayotda samara berayotganini ko‘rish katta zavq bag‘ishlasa kerak…

– “Avesto” kitobida “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” degan tushuncha bor. Har qanday katta ish, avvalo, fikrdan boshlanadi. Olim ham biror masalani o‘rganar ekan, uning natijasi amaliyotda qo‘llansa, qandaydir qurilma, texnologiya yoki mahsulotga aylansa, bundan ortiq quvonch bo‘lmaydi.

Moskvada o‘qib yurgan davrimda ustozlarim bilan energetika tizimlarining ishonchliligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar olib bordim. Xususan, yangi turdagi generatorlarning ishlash usullarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan tadqiqotlarim keyinchalik amaliyotga joriy qilindi. Bugungi kunda Rossiyada ushbu ishlanmalar asosida yaratilgan yirik elektr mashinalari ishlab turibdi. Ilmiy maqolasiga boshqa olimlar murojaat qilayotgani, tadqiqotidan foydalanayotganini ko‘rish ham olim uchun katta baxt.

Bugun shogirdlarimiz ham shu an’anani davom ettiryapti. Masalan, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo kabi sohalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ya’ni, mahsulot sifatini pasaytirmagan holda, ishlab chiqarishga sarflanadigan energiyani kamaytirish – energiya samaradorligi degani. Chorvoq GESda ham shogirdlarimizdan biri olib borgan tadqiqot natijasida generator quvvatini oshirish imkoniyati yaratildi. Bunday natijalar ilmiy izlanishlarning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi.

Shuning uchun yosh olimlarga doim bir narsani uqtiramiz: ilmiy g‘oya qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. U imkon qadar hayotga tatbiq etilib, texnologiyaga, qurilmaga, mahsulotga yoki real natijaga aylanishi lozim. Olim uchun asosiy maqsad va katta baxt ham shunda.

– Uzoq yillardan beri nafaqat olim, balki pedagog sifatida ham faoliyat yuritasiz. Shogird tarbiyalash bilan ilmiy izlanish olib borish o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

– Juda to‘g‘ri aytasiz. Bu, umuman olganda, kadrlar tayyorlashning asosidir. Moskvada o‘qiganimda bizga o‘z sohasining yetuk namoyandalari – Sergey Izbushev, Georgiy Petrov, Irina Litkis, Nikolay Sokolov kabi mashhur akademiklar va olimlar dars bergan. Biz ulardan bilim oldik va bugun o‘sha bilimlarni rivojlantirib, keyingi avlodga yetkazishga harakat qilyapmiz. Ustoz-shogird tushunchasining mohiyati ham shunda. Biz o‘zimiz egallagan bilim va tajribani yoshlarga berishimiz, ularni ilmga qiziqtirishimiz, to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatishimiz kerak.

Demak, energetikaning kelajakdagi rivoji ham ko‘p jihatdan bugun qanday kadrlar tayyorlayotganimizga bog‘liq. Shu ma’noda, ustoz-shogird an’anasi – shunchaki bilim berish emas, balki kelajak uchun mutaxassis tayyorlash mas’uliyatidir.

– Ham dars berib, ham ilmiy izlanish olib borish qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

– Men buning aksini aytgan bo‘lardim. Yoshlar bilan suhbatlashsangiz, ularning ko‘zidagi qiziqish va berayotgan savollarini ko‘rsangiz, o‘zingiz ham yangi fikrlarga ega bo‘lasiz. Hozir viloyatlarda yoshlar, talabalar, maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Ularning savollaridan hayratlanaman. Masalan, Qoraqalpog‘istonda 7-sinf o‘quvchisi menga kosmosdan kelayotgan zarrachalar, ularning xususiyatlari haqida savol berdi. Yana biri atom energetikasini qanday rivojlantirish, uning ishonchliligini qanday oshirish mumkinligini so‘radi. Eng quvonarlisi, hududidan qat’i nazar, yoshlarning savollari mazmunan bir-biriga yaqin. Bu ularning fikrlashi va qiziqishlari to‘g‘ri yo‘nalishda shakllanayotganidan dalolat beradi.

Yaqinda Bo‘zatov tumanidagi bir maktabga bordim. Maktabni 27 nafar o‘quvchi tamomlagan ekan, ularning barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Maktab direktoridan buning sirini so‘radim. U menga matematika va fizika fanlaridan kuchli o‘qituvchilarni jalb qilgani, ularga munosib sharoit yaratgani, darsdan tashqari to‘garaklar tashkil etib, bolalar bilan qo‘shimcha shug‘ullanganini aytdi.

Mana, ustoz-shogird an’anasi deganda men shuni nazarda tutaman. O‘qituvchi o‘z bilimini berib, boladagi qiziqishni rivojlantirsa, natijasi, albatta, ko‘rinadi. Hozir maktablarda qo‘shimcha mashg‘ulotlar, to‘garaklar va fanlarga ixtisoslashgan darslar yo‘lga qo‘yilmoqda. Chunki masala faqat bolaning oliy ta’limga kirishida emas. To‘garaklar va qo‘shimcha mashg‘ulotlar uning dunyoqarashi, bilimga qiziqishi va fikrlash doirasini ham kengaytiradi. Buning zamirida, eng avvalo, yaxshi ustoz turadi. Shuning uchun o‘qituvchiga e’tibor berish, uning mehnatini qo‘llab-quvvatlash juda muhim.

Singapur “moʻjizakor yurt” sifatida dunyoga tanilgan. Uning taraqqiyotiga Li Kuan Yuning ta’lim va o‘qituvchilar mavqeyiga alohida e’tibor qaratgani sabab bo‘lgan. Menimcha, bizda ham ta’lim, ustoz va olimlarga e’tibor kuchaygani kelajakdagi taraqqiyot uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Yangi avlodning bilimi va salohiyati mamlakat kelajagini belgilaydi.

– Hozir atrofingizdagi yoshlarning bilimidan, o‘zlashtirishi va intilishidan qoniqyapsizmi? Shijoatli yoshlar ko‘pmi?

– Ochig‘ini aytish kerak, so‘nggi paytlarda yoshlar uchun yaxshi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. To‘garaklar, ixtisoslashtirilgan maktablar, Prezident maktablari – bularning barchasi katta imkoniyat. Endi, eng muhimi, shu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish va ularni yanada rivojlantirishdir.

Bu yerda ustozlarning mas’uliyati juda katta. Men buni qayta-qayta ta’kidlayapman: o‘qituvchi yoshni to‘g‘ri yo‘naltirsa, uning qiziqishini qo‘llab-quvvatlasa, bilim olishga undasa, natija, albatta, bo‘ladi. Kutubxona, kitob mutolaasi ham juda muhim.

Hozirgi ilm-fan va texnika jadal rivojlanayotgan bir paytda chet tilini bilmagan odam xalqaro ilmiy jarayondan chetda qolib ketishi mumkin. Til bilgan yoshlar xorijiy olimlarning fikrini o‘rganadi, o‘z tajribasini ularga tushuntiradi va yangi bilimlarni ishiga tatbiq etadi. Shuning uchun til – shunchaki qo‘shimcha ko‘nikma emas, bugungi mutaxassis uchun zarur vosita.

– Siz butun umringizni energetika sohasiga bag‘ishladingiz. Sizningcha, insonni hayoti davomida oldinga undab turadigan eng katta energiya manbayi nima?

– Menimcha, bu – intilish. Insonda biror narsani o‘rganish, rivojlantirish va yangi natijaga erishish istagi bo‘lishi kerak. Ammo intilishning asosi – bilim. Shuning uchun bolalarimizning nafaqat texnik bilimini, balki umumiy dunyoqarashini ham rivojlantirishimiz zarur.

Bu jarayon oiladan boshlanadi, maktabda shakllanadi, oliy ta’limda esa yanada rivojlanib, katta yutuqlarga olib kelishi mumkin. Yoshlarni izlanishga, o‘rganishga, fikrlashga o‘rgatishimiz kerak. Pedagogikada bu motivatsiya, ya’ni, insonni ma’lum bir maqsad sari yo‘naltirish, deb ataladi. Bu vazifada ustozning ham, ota-onaning ham mas’uliyati katta.

Yana bir gap. Dunyoda tugamaydigan, kamaymaydigan quvvat manbayi bor. Bu – ilm. Ana shu energiya taraqqiyot g‘ildiragini harakatga keltiradi. Ilm quvvatining qanchaligiga qarab, Vatan va xalq ertasini tasavvur qila olasiz.

– Domla, Sizga ham bitmas-tuganmas hayot quvvati tilab qolamiz. Ilmingiz taratgan nur minglab xonadonlar, yuzlab yoshlarning qalbini munavvar qilib tursin.

Suhbatdosh: Vasila HABIBULLAYEVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 25-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604