Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.10.2026 | 12:12

img863

“YAXŞILAR BOR YAXŞIYAM…”

Farğonaning tanti, zabar­dast şoiri Bahodir Isoni ilk bor bundan ön uç-ön tört yillar oldin Yozuvçilar uyuşmasining viloyat böli­mida körgandim. Ustozi­miz Enaxon Siddiqova bölim qoşida taşkil qilgan “Qalb sadosi” gazeta­sining yangi soniga urinib turganimizda, bir kişi baralla salom berib kirib keldi-yu, göyo hamma uni kutayotganday xona içi zavq-şavqqa tölib ketdi. 

Egnida odmigina kulrang kost­yum, boşida döppi, qölidagi sumkada kitoblarning burçaklari börtib turibdi. Hazil-huzul bilan hol söraşdi, söng:

– Qani, Manzura opa, – dedi, – boğga ötaylik-çi, nima harakatlar ekan. 

Ular xonadan çiqişlari bilan söradim:

– Kim bu kişi?
– Bahodir Iso-da! Tanimas­midingiz?
– Yöğ-e? Taniyman, katta şoir-ku! Lekin endi köryapman-da. Juda… oddiy ekanlar.  
– Ha, şunday. Hozir atrofga yangi köçatlar ekiş uçun tavsiya bergani keldilar. Qurilişgayam uquvlari bor. Rassom, naqqoş, haykaltaroş. Bahodir aka şunaqa, jaydari buyuklardan!   

Keyin şunça yillar ötdi va har doim şunday böldi: u kirib kelgan davralar jonlanib ketar, izdihomda ajib yengil kayfiyat paydo bölar, rasmiyatçilik degan yuk birdan yelkalardan tuşardi. Undan doim şe’r sörardilar, lekin kam hollar­dagina minbarga çiqardi. Şoirning tabiatini şe’ridan yaxşi­roq ifoda etiş qiyin:

Ovoza böliş ham 
lekin sal  
işkal, 
Şon-şuhrat  
kimlarni buzmagan axir… 
Mening suyaklarim 
mehnatda
pişgan, 
Menga 
yalangoyoq yurmoqlik – 
faxr!

Ajabo, mana öşa “jaydari buyuklik”! Aynan şunday. Bahodir Isoni davralar suydi, katta dargohlar öziga çorladi, şe’rlari yod böldi, u esa öşa-öşa, “Bu sodda maskanda soddaman hamon” degança, jöngina yölida davom etdi. Önga yaqin kitoblari çiqdi, şe’rlari qöşiqqa aylandi, u haqda qator körsatuvlar namoyiş etildi – u hamon öşanday, “Şe’rim, yana özing yaxşisan” (Usmon Nosir) deya yuraverdi. 

Uning suhbatida ham, ijodida ham özigagina xos mağzi töq yumor bor edi. Gurunglarni xalqona qoçirimlar bilan qizdirar, tagdor mutoyiba bilan mazmun baxş etar edi. Hazil şe’rlari – alohida mavzu. Kuldirganida ham yurakdan, ğuborlarni tökib kuldirgan şoir bir qarasang… boşdan oyoq anduhga çömgan. Bu purğamlik, tiriklik va özlik aro bedorlik uning “Uyğoniş” şe’rida betakror ifodasini topgan:

Horğin ruhim, 
qanotlaring höl,
Bir silkinsang 
yuking ariydi.
…Yerda daho 
bölgunça, kökka
yulduz bölib köçsam, 
qaniydi…

Inson ruhining javhari bölmiş ruh tarhini bu qadar tiniq tasvirlaş uçun iste’dodning özi kamlik qiladi. Bu – hayotga tik boqib yaşamoq, tafakkur maydonida muttasil kuraşmoq natijasidir. 

Ma’yus şe’rlarimni 
tinglaydi kim deb, 
Tinglab, yurak-bağrin 
tiğlaydi kim deb, 
Bahodir Isoni anglaydi 
kim deb, 
Odamlar içidan 
odam izladim… – 

deydi u yana bir maşhur şe’rida, şoirona iztirobni bahodirona ifoda etib. Darhaqiqat, xalqimiz “Sözing özingdir” degandek, u şoirlarning bahodiri edi! Buni anglaş uçun “Qorabayir”, “Siz şoşilmang”, “Umr” kabi şe’rlarini öqib, bir lahzagina öyga toliş kifoya. 

Şoir iste’dodining qirralari naqadar yorqin! Suratlari, naqşlari, haykallari… Riştonning Dutir qişloğidagi özi öqigan maktabda Abu Ali ibn Sino haykali, Toşkentning Yunusobod dahasida hazrat Navoiy siymosi va yana qançadan qança byust, portretlar şoirning mohir qöllari mahsuli ekanini hamma ham bilmasa kerak. Özbek elining matonatiga qiyoslab qadrdon qişloğida tiklagan “Omonlik daraxti” nomli ramziy yodgorlikni esa yillab qurgan, sayqallagan, hali yana takomiliga yetkazmoqçi edi…

– Bahodir ustoz ança oğrib qolibdilar, – dedi viloyat uyuşmasi rahbari Dilşodaxon. – Ertaga uylariga ötib, körib kelamiz. 

Xastaliklarini eşitgan, sörab turgan edik, lekin bunçalik jiddiy deb öylamagandik. Axir, Bahodir aka-ku bu – doim tetik, dadil, peşqadam! Lekin issiq jon ekan-da, ötar-ketar dard bölsin işqilib, degança yölga çiqdik. Qişning namçil pallasi, tin olgan tabiatning öyçan manzaralari… Sarişta hovliga kirdik, öğillari kutib olib içkariga boşladi. Bahodir aka bizni körib bir qözğaldi-yu, uzr aytib yana yostiqqa boş qöydi. Hukminiso aya yonlarida, peçkada öt lovullaydi. U doimgidek tetik sözlaşdi, hammani birma-bir söradi. Öktam ovozidan xiyla taskin topdik. 

– Tezroq qayting endi, ustoz, sizsiz huvillab qoldik, – dedi Dilşodaxon.

– Xudo xohlasa, qaytaman, özim ham işni, odamlarni soğindim. Faqat hozir emas, bu ahvoldamas… Tuzalib olay, avvalgiday yerni gursillatib bosib boraman!  

Yaratganning irodasi bilan bu ustozdan eşitgan sönggi sözlarimiz böldi. Közlari çaqnoq, çayir, keng qanotlari höl ruh quşi bir silkindi-yu, yuki arib, uçib ketdi…

“Özimga savol beraman – men kimman? – degan edi Bahodir Iso intervyularining birida. – Maqsadim – faqat yaxşilik, faqat yaxşilik!..” Haqiqatan, u barçaga fido bölib yaşadi. Ta’bir joiz bölsa, uning özbek adabiyotida borligi – eng katta yaxşiligi edi. 

…Maşinamiz töla mehmon, şaharning silliq yöllaridan yurib boryapmiz. Radiodan qadrdon qöşiq yangrayapti. 

Şoirman deb, Bahodir Iso,
Dunyolarga solmagin ğavğo.
Bermasinlar senga ham baho – 
Körmaganning körgani qursin.

– Mana, eşitinglar-a, – deydi ulovni boşqarib borayotgan turmuş örtoğim jöşib. – Mana şu qöşiq şe’rini yozgan odam bor-u, öşa katta şoir töy qilganimizda biznikiga kelgan! 

– Voy, munça yaxşi, taniydimi sizlarni?
– Ha, oilam bilan birga işlagan. Bahodir Iso!

Ha, Bahodir aka dunyolarga ğavğo solmasdan, söz bilan tanilib ketdi. Yulduz bölib kökka emas, köngillar toqiga köçdi. 

Yodim lavhalarini şoirning “Rauf Parfi” şe’ridagi xuddi öziga dohildek yozgan uşbu satrlari bilan muxtasar qilaman: 

Tirik edi u Söz! 
Hozir-da, 
Tirikligi oçiq va oşkor!
Paypaslamang – 
nima bor görda? 
U 
bizning
iç-içimizda
bor… 

Gulçehra ASRONOVA,
yozuvçi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604