Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.10.2026 | 14:28

img752

ÖZIMIZNING ÖZ ĞOYAMIZ

Özbekiston hayotida taşqi siyosat, milliy özlik va hududiy taraqqiyotni qamrab olgan yana bir hafta tarixga muhrlandi. Bu yettikunlikda yetakçi söz millatimiz nomi özagida turgan “ÖZ” sözi böldi.

Ana şu oltin özak Til bayrami tabrigida ham, murojaat va muloqot­larda ham sarbaland jarangladi.

AQŞ Davlat kotibi Marko Rubioning taşrifi va Samarqanddagi “C5+1” muloqoti mamlakatimizning xalqaro şerikligini mustahkamlaşga xizmat qilgan bölsa, Prezident Şavkat Mirziyoyevning özbek tili bayrami munosabati bilan yöllagan tabrigi milliy qadriyatlar va bağrikenglik masalasini kun tartibiga olib çiqdi. Qaşqadaryoga taşrif esa islohotlarning hududlardagi amaliy natijalari – yangi iş örinlari, sanoat va kasbiy ta’lim bilan boğliq vazifalarni namoyon etdi.

Samarqandda bölib ötgan bolalar farovonligi böyiça xalqaro sammit bu uç yönalişni kelajak avlod manfaatlari bilan boğladi.

Samarqanddagi muloqot

AQŞ Davlat kotibi Marko Rubio boşçiligi­dagi nufuzli delegatsiyaning Özbekiston­ga taşrifi, Samarqandda ötkazilgan “C5+1” vazirlar uçraşuvi hamda Amerika – Özbekiston işbi­larmon­lik va investitsiya kengaşining ikkinçi yiğilişi Özbekiston–AQŞ munosa­batlarini sifat jihatidan mutlaqo yangi, strategik va amaliy bosqiçga olib çiqdi. Uşbu taşrif geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega bölgan tarixiy voqelikka aylandi, deyiş mumkin.

“C5+1” vazirlar uçraşuvi va Amerika–Özbekiston işbilarmonlik va investitsiya kengaşining ikkinçi yiğilişi doirasida savdo, investitsiya, xavfsizlik, innovatsiyalar, energetika va ta’lim masalalari muhokama qilindi. Kengaş yiğilişida umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollar bölgan 54 ta kelişuv va istiqbolli taşabbus taqdim etildi.

Muhim minerallarni qazib oliş va qayta işlaş, energetika, trans­port, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar hamkorlikning ustuvor yönalişlaridan. Özbekiston uçun esa muhim şart – faqat xomaşyoni eksport qilmasdan, uni mamlakat içida qayta işlaş va qöşilgan qiymat yaratişdir. Investorlarga tayyor infratuzilma va loyihalar taklif etiş közlangan natijaga yordam berişi mumkin, lekin bu jarayon şaffof qoidalar va mahalliy biznesning iştiroki bilan ta’minlanişi zarur.

Samarqandda ötkazilgan muzo­kara­lar klassik “win-win” (har ikki tomon manfaati) tamoyili asosida qurildi. Davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan 2035-yilgaça bölgan hamkorlik dasturi AQŞdagi siyosiy ma’muriyatlar almaşsa ham, iqti­sodiy va texnologik aloqalar töxtab qolmasligini kafolatlaydi. Toşkentda Vebster, Amerika texnologiyalar universiteti va Kolorado konçilik maktabi markazlarining oçilişi milliy kadrlar salohiyatini jahon standartlari darajasiga kötaradi.

Özbekistonning taşqi siyosiy falsafasi muvozanatli, köp vektorli va pragmatik diplomatiyaga tayanadi. Marko Rubioning Samarqandga taşrifi va erişilgan bitimlar ana şu muvozanatning yorqin namunasidir.

Samarqand yana bir bor Markaziy Osiyoning diplomatik markazi ekanini namoyiş etdi. Özbekiston “C5+1” formatida nafaqat öz manfaatlarini, balki butun mintaqaning tranzit, energetika va ekologik birligini ilgari surmoqda. Bu yon qöşnilarning ham global jarayonlarda ovozi eşitilişiga xizmat qiladi. Trans­kaspiy yönalişini rivojlantiriş va uni AQŞ tomonidan qöllab-quvvat­lanayotgan loyihalar bilan tutaştiriş mintaqaning dengizga çiqiş imkoni­yatlarini kengaytiradi va geosiyo­siy qaramlikni keskin kamay­tiradi.

Davlat tili: özlikni asraş va taraqqiy vositasi

Prezident Şavkat Mirziyoyevning 21-oktyabr – Özbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yöllagan tabrigi ona tilimizni qadrlaş, uning imkoniyatlarini kengaytiriş va zamonaviy hayotdagi örnini mustahkamlaşga qaratilgan muhim dasturilamal böldi. Tabrikning asosiy ğoyasi şundaki, til faqat muloqot vositasi emas. U xalqning xotirasi, ma’naviyati va tajribasini özida mujassam etadi. Inson ona tili orqali özligini anglaydi, oilasi va Vataniga bölgan mehrini ifoda etadi. Şu ma’noda, özbek tilining taraqqiyoti milliy özlikni asraş bilan birga, mamlakatning zamonaviy rivojlanişiga ham xizmat qiladi.

Tabrikda zamonaviy ilmiy manba­lar, sifatli tarjimalar va sohaviy ada­biyotlarga ehtiyoj ham qayd etilgan. Tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boşqa yönalişlarda özbek tilidagi işonçli bilim manbalarini köpaytiriş tilning ilm-fan tili sifatida rivojlanişi uçun muhimdir.

Bu jarayon tilşunoslar, tarjimonlar, olimlar va soha mutaxassislarining hamkorligini talab qiladi.

Tabrikda özbek tilining raqam­li muhitdagi imkoniyatlarini kengay­tirişga alohida urğu berilgani zamon talabiga mosdir. Elektron luğatlar, sifatli tarjima va tahrir vositalari, nutqni matnga va matnni ovozga aylantiruvçi dasturlar ta’lim, mehnat va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratişi mumkin. Sun’iy intellekt vositalarining özbek tilidagi sifati ham muhim masala. Buning uçun sifatli matn va nutq namunalari bazasini şakllantiriş, özbek tilida işlaydigan raqamli mahsulotlarni rivojlantiriş zarur. Bunda şaxsiy ma’lumotlar va mualliflik huquqini himoya qiliş qoidalariga ham qat’iy rioya etilişi kerak.

Qaşqadaryo: “kasbli inson heç qaçon kam bölmaydi”

Prezidentimizning Qaşqadaryo viloyatiga taşrifi hududni rivojlan­tirişga qaratilgan loyihalarni közdan keçiriş bilangina çeklanmadi. Taşrif davomida sanoat va qişloq xöjaligini çuqur qayta işlaş, “yaşil” energetikani rivojlantiriş va yoşlarni zamonaviy kasblarga tayyorlaş kabi özaro boğliq vazifa­larga e’tibor qaratildi.

Qaşqadaryo ilğor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar şaharçasi” bilan tanişuv ham taşrifning iqtisodiy mazmunini töldirdi. Yangi korxonalar işga tuşişi malakali mutaxassislarga talabni oşiradi. Şuning uçun ta’lim dasturlarini iş beruvçilar ehtiyojiga moslaştiriş, dual ta’limni rivojlantiriş va yoşlarga amaliy könikma beriş muhim.

“Kasblar şaharçasi”ning yana bir muhim jihati – bolalarni kasb­ga erta yönaltirişidir. Maktab öquvçilari axborot texnologiyalari, robototexnika va yaşil energetikadan tortib agronomiya, oşpazlik va santexnikagaça bölgan sohalarni sinab körib, öz qiziqişi va qobiliyatini aniqlaş imkoniga ega böladi. Bu kasb tanlaşni tasodifiy qaror emas, puxta öylangan tanlovga aylantirişga yordam beradi. Yil yakuniga qadar 500 nafar yoşni nemis tiliga öqitib, Germaniyada haq tölanadigan amali­yotga yuboriş rejasi ham ta’lim va xalqaro tajri­bani uyğunlaştiriş namunasidir. Ammo bu imkoniyatning samarasi yoşlarning malakasi, til bilimi va orttirgan tajribasini keyin­çalik öz hududida qöllay olişi bilan ölçanadi.

Prezidentning “kasbli inson heç qaçon kam bölmaydi” degan fikri taşabbusning mazmunini aniq ifodalaydi. Yangi korxonalar va investitsiya loyihalari malakali kadrlarga ehtiyojni oşirayotgan bir paytda, ta’limni iş beruvçilar talabiga moslaştiriş, amaliyotni kuçaytiriş va yoşlarni maqsadli tayyorlaş ayniqsa muhim.

Bolalar farovonligi: asosiy mezon

Samarqandda ötgan bolalar farovonligi böyiça butunjahon sammiti hafta voqealarining inson manfaatlarini birlaştirgan muhim qismidir.

Prezident Şavkat Mirziyoyev­ning bolalar farovonligiga bağişlan­gan xalqaro sammit iştirokçilariga murojaatida muhim ğoya ilgari surildi. Bolaning qadri kelajakda qanday kasb egasi bölişi yoki qança daromad keltirişi bilan emas, uning bugungi ehtiyojlari va huquqlari bilan belgilanadi. Har bir bola mehr, xavfsizlik, ta’lim va tibbiy yordamga haqli. Murojaatda keltirilgan natijalar – onalar ölimi va bolalar ösişdan ortda qolişining ikki barobar kamayişi, maktabgaça ta’lim qamrovining 27,7 foizdan 78 foizga oşişi, oliy ta’lim qamrovi­ning 9 foizdan 45 foizga kötarili­şi – islohotlar kölamini körsatadi. Inklyuziv maktablar sonining beş barobarga oşgani va nogironligi bölgan bolalarning 85 foizdan ortiği ta’limga jalb qilingani ham e’tiborga molik. Biroq bu raqamlarning eng muhim mezoni – ular har bir bola va oilaning hayotida qanday özgariş yaratayotganidir.

Murojaatning muhim jihatlaridan biri – bolani oila muhitida tarbiya­laşga ustuvor ahamiyat berilganidir. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan xalqona hikmat bolaga befarq bölmaslik va oilani yolğiz qoldirmaslikni anglatadi. Bu an’ana bolaning şaxsiy daxlsizligini hurmat qiladigan davlat kafolatlari, malakali ijtimoiy xizmatlar va ota-onalarni qöl­lab-quvvatlaş tizimi bilan mustah­­kam­lanişi kerak.

Prezident ilgari surgan “ÖZ” ğoyasi ham şu mazmun bilan uyğun: öz qadrini anglaş, özganing qadrini hurmat qiliş va kelajak uçun mas’uliyat oliş.

Bola öz tili va madaniy ildizlarini anglagan holda, boşqa xalqlarga hurmat bilan qarab ulğayişi lozim. Buning uçun unga savol beriş, mustaqil fikrlaş, ijod qiliş va bilim oliş imkoniyati yaratilişi kerak –  millati, tili, e’tiqodi, salomatligi yoki oilasining daromadidan qat’i nazar.

Yana bir ustuvor vazifa – bolalar uçun xavfsiz raqamli muhit yaratiş. Kiberbulling, ekspluatatsiya va şaxsiy ma’lumotlarni suiiste’mol qiliş xavflariga qarşi kuraşiş bilan birga, bolalarning bilim oliş va xavfsiz muloqot qiliş imkoniyatlarini ham kengaytiriş zarur. Bu işda bolalar, ota-onalar va pedagoglar uçun raqamli savodxonlikka oid amaliy yordam muhim örin tutadi.

Bolalarning özlariga tegişli qarorlarda iştirokini ta’minlaş taklifi ham alohida ahamiyatga ega. Ular uçun yaratilayotgan xizmatlar haqida bolalarning fikrini eşitiş, ularning tajribasini hisobga oliş lozim. Bunday iştirok yoşga mos, ixtiyoriy va xavfsiz taşkil etilişi şart. Samarqand platformasi şu yönalişlarda tajriba almaşiş, qöşma loyihalar tayyorlaş va natijalarni muhokama qiliş uçun amaliy maydon bölişi mumkin. Buning uçun deklaratsiyadagi umumiy niyatlarni mas’ullar, resurslar, muddatlar va ölçanadigan natijalar belgilangan rejalarga aylantiriş zarur.

Ötayotgan hafta taşqi siyosiy şeriklik, milliy til, hududiy iqtisodiyot va bolalar farovonligi bir-biridan ajralgan mavzular emasligini körsatdi. Iqtisodiy hamkorlikning samarasi mahalliy iş örinlari va kadrlar tayyorlaşda, til siyosati­ning samarasi ta’lim va xizmatlar­dan foydalanişda, bolalarga inves­tit­siyaning natijasi esa ularning xavfsizligi va imkoniyatlarida namoyon böladi. Endilikda asosiy vazifa – e’lon qilingan kelişuvlarni amaliy loyihalarga, investitsiyalarni barqaror işlab çiqarişga, ta’lim taşabbuslarini kasbiy mahoratga, bolalar farovonligi haqidagi maqsad­larni esa har bir oila sezadigan özgarişlarga aylantirişdir. Asosiy mezon ham şu.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583