22.11.2026 | 11:37
28
IZLANIŞDAN NATIJAGA
Özbekistonda xizmat körsatgan ixtiroçi va ratsionalizator Mirtemir QURBONOV bilan suhbat

E’tirof – şaraf va mas’uliyat
Joriy yil Öqituvçi va murabbiylar kuni munosabati bilan yuksak davlat mukofoti – “Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan ixtiroçi va ratsionalizator” faxriy unvoniga loyiq körildim. Davlatimiz tomonidan köp yillik mehnatimizning e’tirof etilişi, bir tomondan, katta şaraf bölsa, ikkinçi tomondan, yanada jiddiy mas’uliyat yuklaydi. Bu e’tirof nafaqat mening, balki ÖzFA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti ilmiy jamoasining hamjihatlikdagi mehnatlari hosilasidir. Çunki ilm-fanda katta natijalarga bir kişining sa’y-harakati bilan emas, balki butun jamoaning izlanişlari orqali erişiladi. Ilmiy natijalarni qölga kiritiş uçun köplab tadqiqotlar va tajribalar ötkaziş, ularning natijalarini tahlil qiliş talab etiladi.
Şu ma’noda, uşbu faxriy unvonni hamkasblarim bilan birgalikda olib borgan izlanişlarimizga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilaman. Bu e’tirof kelgusida ham ilm-fan rivoji va mamlakatimiz taraqqiyoti yölida yanada samarali işlaşga undaydi.
Yangi materiallar – yangi imkoniyatlar
Institutimizda fizika va materialşunoslikning köplab yönalişlari böyiça tadqiqotlar olib boriladi. Bevosita özim va ilmiy guruhimiz faoliyatiga töxtaladigan bölsam, izlanişlarimiz, asosan, kremniy-uglerod asosida yangi materiallar yaratiş, amaliyotdagi muammolarga yeçim topiş va ular asosida samarali texnologiyalar işlab çiqişga qaratilgan.
Kremniy oliş, kremniyli qotişmalar işlab çiqariş texnologiyalarini takomillaştiriş va ularning xususiyatlarini modifikatsiyalaş ustida işlaymiz. Uşbu yönalişdagi muammolarni hal etişga qaratilgan köplab patentlarimiz ham mavjud. Maqsadimiz – ilmiy izlanişlar natijalarini amaliyotga tatbiq etiş, işlab çiqariş samaradorligini oşiriş va yangi materiallardan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytirişdir.
Tadqiqotlarimizning yana bir muhim yönalişi – akkumulyator batareyalari uçun işlatiladigan materiallarni takomillaştirişga qaratilgan. Bugungi kunda akkumulyatorlar mobil telefonlar, maişiy texnika, elektromobillar va boşqa köplab qurilmalarda keng qöllaniladi. Şu bois, ularning energiya siğimini oşiriş, xizmat muddatini uzaytiriş va işlaş samaradorligini yaxşilaş dolzarb vazifalardan biri.
Kremniy – istiqbolli material
Bugungi kunda mobil telefonlar va köplab elektromobillarda litiy-ion akkumulyatorlaridan foydalaniladi. Bunday akkumulyatorlarda anod va katod deb ataladigan ikkita elektrod mavjud. Anod materiali sifatida asosan grafit qöllaniladi. Kremniyning nazariy soliştirma siğimi grafitnikidan qariyb ön baravar yuqori. Bu esa kremniy asosidagi materiallardan foydalaniş orqali akkumulyatorlarda köproq energiya saqlaş imkoniyati mavjudligini anglatadi.
Şu sababli, biz kremniy asosidagi materiallarni yaratiş va ularni akkumulyatorlarning anod qismida qöllaş ustida işlayapmiz. Biroq kremniyning yuqori siğimiga qaramay, undan foydalanişda muayyan texnologik muammolar mavjud. Akkumulyator zaryadlanib-böşatilişi davomida kremniy hajmi sezilarli darajada özgaradi. Natijada anod materiali yorilişi, yemirilişi va öz xususiyatlarini yöqotişi mumkin. Bu esa akkumulyatorning işlaş samaradorligi hamda xizmat muddatiga salbiy ta’sir körsatadi.
Bizning vazifamiz – kremniyning yuqori siğimidan foydalaniş bilan birga, uning hajmiy kengayişi oqibatlarini kamaytirişdan iborat. Buning uçun, masalan, ğovakli tuzilişga ega materiallar yaratiş mumkin. Bunday strukturalardagi böşliqlar kremniyning kengayişi uçun joy ajratib, anodning yorilişi va yemirilişini kamaytirişga yordam beradi. Hozirgi tadqiqotlarimizda aynan şunday materiallarni işlab çiqiş va ularning xususiyatlarini yaxşilaşga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Kelajak akkumulyatorlari
Hozirgi kunda natriy-ion akkumulyatorlari uçun materiallar yaratiş ustida ham işlayapmiz. Litiy yengil va ion radiusi kiçik element bölgani sababli, zaryad taşiş jarayonida qulay xususiyatlarga ega. Natriy ionining radiusi esa litiy ioninikidan kattaroq. Şu bois, natriy-ion akkumulyatorlarida ham öziga xos texnologik masalalarni hal etiş talab qilinadi. Şunga qaramay, natriy-ion akkumulyatorlarining istiqboli porloq. Ularni, ayniqsa, statsionar energiya saqlaş tizimlarida qöllaş mumkin. Bunday tizimlarda energiya ma’lum joyda töplanadi va zarur vaqtda foydalaniladi. Bu yerda akkumulyatorning yengil yoki ixçamligi har doim ham hal qiluvçi omil bölavermaydi.
Demak, turli akkumulyator texnologiyalarining öziga xos afzalliklari va çeklovlari mavjud. Muhimi, muayyan ehtiyojdan kelib çiqib, eng maqbul material va texnologiyani tanlaşdir.
Çiqindidan xomaşyoga
Ilmiy işlanmalarni işlab çiqarişga tatbiq etiş va mahalliy xomaşyodan samarali foydalaniş borasida ham muhim izlanişlar olib boryapmiz. Masalan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis işlab çiqariş jarayonida katta miqdorda texnogen çiqindilar hosil böladi. Biz uşbu çiqindilarni qayta işlab, tarkibidan kremniyni ajratib oliş va uni tiklaş orqali akkumulyator batareyalarida qöllaş imkoniyatlarini örganmoqdamiz. Bu yondaşuv bir vaqtning özida ikkita muhim vazifani hal etişga xizmat qiladi. Birinçidan, sanoat çiqindilarini qayta işlaş orqali ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytiriş mumkin. Ikkinçidan, akkumulyatorlar uçun zarur materiallarni oliş xarajatlarini qisqartiriş. Ya’ni, çiqindiga aylanayotgan resursdan yangi mahsulot yaratişda foydalaniş mumkin.
Bundan taşqari, mamlakatimizda kremniy işlab çiqariş böyiça Navoiy va Angrenda zavodlar barpo etilgan. Mahalliy sanoatning kremniy va ferrosilitsiyga bölgan ehtiyojini hisobga olsak, işlab çiqariş texnologiyalarini takomillaştiriş ham katta ahamiyatga ega.
Tadqiqotlarimiz davomida ferrosilitsiy işlab çiqariş jarayonini takomillaştiriş orqali xomaşyo va energiya resurslarini tejaş imkoniyatlari ham körsatib berildi. Jumladan, bir tonna ferrosilitsiy işlab çiqarişda 200-205 kilogramm kvarsitni tejaş hamda elektr energiyasi sarfini 20-30 foizgaça kamaytiriş imkoniyatlari aniqlangan. Bunday natijalar işlab çiqariş xarajatlarini qisqartiriş va mavjud resurslardan oqilona foydalanişga xizmat qiladi.
Elektromobillar soni ortib borayotgan bir paytda, işlaş muddati tugagan akkumulyatorlarni qayta işlaş masalasi ham dolzarb bölib bormoqda. Albatta, bu ham kelajakda jiddiy e’tibor talab qiladigan masalalardan biridir.
Elektromobillar mamlakatimizda tobora keng tarqalib borayotganini hisobga olsak, işlaş muddati tugagan akkumulyatorlarni utilizatsiya qiliş va qayta işlaş muammosi yanada dolzarb böladi. Işlatilgan akkumulyatorlarni şunçaki çiqindiga çiqarib taşlaş örniga, ularning tarkibidagi qimmatli materiallarni qayta ajratib oliş yoki texnik jihatdan yaroqli qismlaridan qayta foydalaniş imkoniyatlarini örganiş zarur. Bu orqali atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytiriş va tabiiy resurslarni tejaş mumkin.
Vasila HABIBULLAYEVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-noyabrdagi 47-sonida
SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI
Hayoti Syukuro Manabe 1931-yil 21-sentyabrda Yaponiyada tuğilgan. Tokio universitetida tahsil olgan. 1958-yilda doktorlik işini muvaffaqiyatli himoya qilgaç, AQŞga köçib ötgan. Avval Milliy okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari boşqarmasida işlagan, bir muddat Yaponiyada yaşagaç, yana Prinston universitetiga qaytib kelgan. Hozirda şu universitetda faxriy meteorolog. 2007–2014-yillarda Nagoya universitetida maxsus taklif qilingan professor sifatida işlagan. Kaşfiyoti Insoniyat uçun hayotiy […]
19.11.2026 | 09:08
464
“KITOB, MENING DÖSTIMSAN”
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi homiyligida yana bir turkum kitoblar naşrdan çiqdi. “Sohibqironga ehtirom” nomli yangi töplamdan şonli ajdodimiz Amir Temurga bağişlab yozilgan nazmiy asarlar örin olgan. Atoqli şoirimiz Abdulla Oripovning şunday satrlari bor: Har qança faxr etsang arziydi, özbek,Balqibsan bir zotning yuksak şonida.Temurbek yulduzi Oltin qoziqdekÇaraqlar buyuklar kahkaşonida. Abdurauf Fitrat, Alixontöra Soğuniy singari atoqli ma’rifatparvarlarning maşhur […]
18.11.2026 | 15:39
490
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
644



