27.04.2024 | 13:55
329
OILA – SHAXSIY MASALA EMAS!

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi davr jamiyatda ham qarashlar islohini talab qilyapti. Afsuski, biz fikrlar xilma-xilligi girdobida nimalarni topib, nimalarni yo‘qotayotganimizni aniq anglab olishga ulgurmayapmiz. Zamon yaratgan qulayliklar va shunga yarasha talablar jarayonida kishining hayotda to‘g‘ri, halol yo‘lni topishi murakkablashmoqda. Bu, albatta, birinchi navbatda jamiyat hamda mahallaning negizi bo‘lgan oila va tajribasiz yoshlar turmushida yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Taniqli huquqshunos, “Kongress-Nota” advokatlik firmasi advokati Usmonqul AHMEDOV bilan suhbatimiz shu mavzuda kechdi.
– Sud-huquq sohasi xodimlari faoliyati birmuncha murakkab hisoblanadi. Keyingi yillarda yoshlar orasida sudlov darajasigacha ko‘tarilgan qanday mojarolar ko‘payib bormoqda?
– Huquqni muhofaza qilish bo‘yicha dastlabki tergov va sud sohasida O‘zbekiston Respublikasi Respublikasi Prezidentining bir qancha farmon va qarorlari qabul qilindi, keyingi yillarda Jinoyat, Jinoyat protsessual, Ma’muriy kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga yoshlar o‘rtasida psixotrop moddalarni iste’mol qilish, uni sotishga doir jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rish va jazo muqarrarligini anglatuvchi moddalar qo‘shildi. Xususan, JK 251-2511-moddalarida: “Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish” masalasi o‘z aksini topgan. Bu bejiz emas. Afsuski, yoshlar o‘rtasida psixotrop moddalarni iste’mol qilish hollari ko‘paymoqda. Buning oqibatida odamlar joniga qasd qilish, o‘g‘rilik, firibgarlik singari jinoyat turlari sodir etiladi. Ko‘pchilik bu holatlarning ishsizlik, tirikchilik o‘tkazish og‘irligi oqibatida kelib chiqishiga urg‘u beradi. Menimcha, buning sabablarini oila muhitidan, ota-onaning farzand tarbiyasiga e’tiborsizligidan qidirish kerak.
Masalan, Jinoyat kodeksining 2511-moddasi bilan ayblanib, sudga yuborilgan bir shaxs kuchli ta’sir qiluvchi 67 dona “Regapen” va 21 dona “Tropikamid” dori vositalarini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida boshqa shaxsning plastik kartasidan 6 565 000 so‘m qabul qilib olayotganda huquq-tartibot xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan. Uning tarjimai holini o‘rganganimizda ma’lumoti oliy, yangi yengil mashinasi bor, hamma narsasi yetarli ekanligi ayon bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda yoshlar orasida “Pregabalin”, “Mefedron”, “Tetragidrokannabinol” (gashish) singari kuchli ta’sir qiluvchi kimyoviy moddalar tarqalishiga duch kelyapmiz. Keyingi vaqtlarda ketma-ket ana shunday jinoyatga qo‘l urgan shaxslarning jinoiy ishlari ko‘rib chiqilganda shaxsan o‘zim ishtirok etdim va ular 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi. Ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxslar ham nochor yoki moddiy jihatdan qiynalgan oila farzandlari emas, ularning halol mehnat orqasidan oila boqish imkoniyatlari bor.
Ana endi mahkumning panjara ortida o‘tkazadigan umri davomida farzandlarining tarbiyasi qanday bo‘ladi? Ular qanday inson bo‘lib shakllanadi? Bu masalani chuqur o‘ylab ko‘rish kerak.
– Ma’lumki, bugun xorijda ishlab oilasini boqayotganlar ko‘p. Uzoq vaqt otasiz yoki onasiz yashayotgan bolalar tarbiyasida kamchiliklar bo‘lishi tayin. Mana shu muammolar oqibati qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda?
– Bu savolingizga javob berishdan oldin tarixga bir nazar solishni istardim. Ikkinchi jahon urushida yurtimizdan taxminan bir yarim milliondan ziyod odam qatnashgan. Ular uyiga bir so‘m jo‘natganmi? Balki bu taqqoslash mantiqsiz tuyular, ammo haqiqat! Urush davri bolalari keyinchalik mehnatkash, halol insonlar bo‘lib ulg‘aydi. Ular – bizning ota-bobolarimiz. O‘sha davrda fan, madaniyat va boshqa sohalarda qanday ulug‘ insonlar yetishib chiqdi. Buning asosi milliy qadriyatlarda: halollik, rostgo‘ylik va o‘zaro oqibatda bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Otalarimiz birovning haqidan qo‘rqqan, oilasiga harom luqma olib kirmagan.
Hozir ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘layotgan maktab o‘quvchilarining ustozlarini mensimasliklari haqidagi faktlar ham kelajakda og‘ir oqibatlarga olib borishi mumkin. Maktab yoshidanoq jamoat tartibiga bepisand ruhda o‘sgan, ota-ona nazoratidan tashqarida qolgan bolalar erta-indin bezori yoki giyohvand bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Mana shunday sharoitda o‘qituvchilarni huquqiy jihatdan yanada himoyalash yoki mavjud huquq doirasini kengaytirish lozimmikin, deb o‘ylab qolaman.
Shu o‘rinda atoqli adib Sadriddin Ayniyning: “Ortiqcha pul o‘g‘il bolani, yetishmovchilik qiz bolani buzadi”, degan dono so‘zlarini keltirmoqchiman. Ota uzoqda mashaqqat bilan pul topib, oilasiga yuboryaptimi, farzandlar ham buning qadriga yetishi lozim. “Men sendan kammi?” qabilida ish tutayotgan ayrim manman oilalarda ulg‘aygan farzandlarning aksariyati ko‘chada tarbiya topadi, ya’ni biz kutgan tarbiyani ko‘rmaydi.
Oila – muqaddas qo‘rg‘on, ish jarayoningizda bu qo‘rg‘onning butunligiga tahdid soluvchi qanday xavflarni ko‘proq kuzatyapsiz?
– Xalqimizning “Ota turib o‘g‘il, ona turib qiz so‘zlar” degan kinoyali maqoli tez-tez xayolimga kelib turadi. Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrida qayd etilgan taxminan bir ming ikki yuzdan ortiq nikohlarning qariyb yarmi buzilib ketmoqda. Buning asosiy sababi oilada o‘g‘il-qizlarga milliy urf-odatlarimizni chuqur singdira olmayotganimizga borib taqaladi. Qizlarning sabrsizligi, yengil hayotga o‘rgangani, arzimagan muammoni deb oiladan voz kechish hollari ko‘payib borayotgani tashvishlanarli. Oila buzilishining oqibatlari o‘zingizga ma’lum.
Masalan, 1995-yilda tug‘ilgan yigit bilan 1999-yilda tug‘ilgan qiz 2021-yil mart oyida turmush qurib, bir nafar farzandli bo‘lishgan. Biroq ayol jufti haloliga xiyonat qilgan. Havoyi orzularga berilib, oilasini tashlab ketgan. Ayol shu darajaga yetganki, mahalla yarashuv komissiyasi narida tursin, ota-onasining gaplarini ham rad etgan. Xo‘sh, bu qaysi insoniylik mezoniga to‘g‘ri keladi? Or-nomus haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Bu kabi ko‘ngilsizliklar farzand tarbiyasidagi xatolarning oqibati emasmikin?
Yana bir holatni aytay. Yaqinda viloyatlardan birida yosh oilada yuz bergan mojaro masalasini ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Arzimagan bahona bilan ro‘zg‘or buzilib, norasida ko‘chada qolgan. Kelinning qaynota va qaynonasiga oshkora hurmatsizligi, sababsiz janjal ko‘tarishlari shunga olib kelgan. Ayol qo‘lidagi emizikli go‘dakni ota-onasiga tashlab, Toshkent shahrida ishlayman, deb chiqib ketgan.
Nima uchun Yevropa davlatlarida nikoh tuzish murakkab jarayon hisoblanadi? Chunki ularning qonunchiligida nikohni qonuniy rasmiylashtirishdan oldin nikoh shartnomasi tuzilib, har ikki tomonning majburiyatlari belgilab olinadi. Bizning qonunchiligimizga ham nikoh shartnomasi tuzish, majburiy me’yorlar kiritish vaqti keldi, deb o‘ylayman.
Bir so‘z bilan aytganda, oila mustahkamligini ta’minlash masalasini butun xalq, jamiyat jiddiy muhokama qilib, o‘z munosabatlarini bildirishi zarur. Zero, har bir oila – umumjamiyat mulki hisoblanadi. Uni asrab-avaylash orqali millat kelajagini ta’minlaymiz.
– Muhim mavzudagi fikrlaringiz uchun sizga gazetxonlarimiz nomidan rahmat aytamiz.
Humoyun AKBAROV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 9-aprel 17-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



