Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.05.2024 | 20:50

img490

“HAR KISHI ERMEN DEBON ERMU BO‘LUR…”

Ma’lumki, “er” so‘zi nutqimizda “er kishi”, “biror kimsa”, “turmush o‘rtoq”, umuman olganda, ma’lum bir jins vakili ma’nolarida ko‘zga ko‘rinadi. Bugungi kunda mazkur nom aso­san o‘rta yoshdagi erkaklarning sifati hisoblanib, yosh yigitlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Biroq ushbu lafzning tarixiy mohiyatiga diqqat qaratsak, uning butun turkiy millatlar fe’l-atvori, turmush tarzi hamda qadriyatlarini o‘zida jamlay olgan ulug‘vor istiloh ekanligiga guvoh bo‘lamiz.

“Er” nomi sof turkiy so‘z hisoblanib, ilk adabiy manbalarda asosiy obraz o‘laroq ko‘rinadi. Turkiylarning ilk davlatchilik hokimiyati hisoblangan Arshakiylar nomi aslida “er sak” ekanligi, milliy qahramon Alp Er To‘nga shu nom bilan sharaflangani bu so‘zning tarixi ancha qadimiy ekanligiga ishora qiladi. Ilk yozma yodgorliklardan hisoblangan “Kul tigin” bitigtoshidagi “Onam xotunning baxtliligi uchun eng kichik avlodim Kul tigin Er otini olmishdir”, degan satrlar turkiy adabiyotda er nomini olish ulug‘ in’om va muzaffariyat ekanligiga aniqlik kiritadi. Ozarbayjon xalq dostoni “Dada Qo‘rqut kitobi”da yozilishicha, qadimgi turkiylarda odam biror dushmanini mag‘lub qilmagunicha unga ism berilmagan ekan. Turkiylarda “er otim” birikmasi bilagi kuch-quvvatga to‘lgan, ulkan maqsadlar ortidan borib, xalq koriga ­yarash uchun harakat qiladigan insonlar­ning sifati hisoblangan. Qadim turkiylarda er – kuch-quvvat timsoli ekanligi bilan bog‘liq maqollar ham mavjud bo‘lgan: “Er quti belin, suw quti terin” (Er quti qo‘rqmaslikda, suv quti cho‘ngqurlikda). Bobolarimiz “er” nomidan shunchaki kishilarni atash uchun emas, ulug‘ insoniy fazilatlar sohibini nomlash uchun foydalanishgan. Misol uchun, xalq qo‘shiqlarida “Bek Alpomish yetti yoshda er yetgan, kofirga qaratib, to‘qson tog‘ otgan” singari misralarning kuylanishi erlikning jasorat va ma’rifat bilan hosil qili­nishini ko‘rsatadi. Bilamizki, Hakimbek yetti yoshda bobosidan qolgan kamonni ko‘ta­rib, el-u yurtni lol qoldiradi. Shundan so‘ng unga Alpomish nomi beriladi. Lekin dostonda kamon voqeasidan keyin Boybo‘ri va Hakimbekning ilm-u ma’rifatga oid bir suhbati keladiki, yosh alp erning ma’rifatli qalb egasi ekanligi ham ayon bo‘ladi. Alpomish otasining saxiylik va baxillik haqidagi savoliga: “Vaqti-bevaqt birovnikiga mehmon kelsa, otini ushlab, joyi bor bo‘lsa, ko‘nglini xushlab jo‘natsa, bul ham saxiy, agar joyi bor turib, joy yo‘q, deb qo‘ndirmay jo‘natsa, bul odam baxil. Vaqt-bevaqt kishi bir mozorotning qabatidan o‘tsa, chap oyog‘ini uzangidan chiqarib, mozordagi odamlar­ning haqiga duo qilib o‘tsa, bul ham saxiy, agar bunday qilmasa, baxil…”, deya javob beradi. Alpomish yetti yoshda diniy hamda dunyoviy bilimlarning zukko bilimdoni bo‘lib ulgurgan edi. Umuman olganda, folklor namunalarida insoniyat orzu qilgan chin insonlar “er” deya ulug‘langan. Shu boisdan Erali, Ero‘g‘li, Ersari singari qahramonlar haqida dostonlar kuylangan. Erlar yurtning chin himoyachilari, millat fidoyilari hisoblangan. Xalq maqollarida “er” va “el” nomlari yonma-yon kelib, “Erning ishi el bilan”, “Yaxshi ot erniki, er elniki”, “Er so‘zi – el so‘zi”, “Er qadrini og‘asi emas, eli bilar” kabi hikmatli so‘zlarning yaralishi ana shu mohiyat bilan bog‘liq. Xalq og‘zaki ijodi namunalarida alplar er yetib, xalqni boshqarishi eng muhim jihat hisoblangan. Ularning elga xizmati shu bilan belgilangan:

Ota yurtin Yodgor qo‘zim tebratar,

Gʻanim bo‘lgan dushmanlarni bo‘zlatar.

Otasi Er edi, Erday bo‘p o‘tar,

Otasining yurtin shunday bo‘p tutar.

“Er” istilohining ilk sharhi “Devonu lug‘otit-turk” asarida ko‘zga tashlanib, erlik – mardlik va jasurlik ekanligi aytiladi: Olar ikki erlashdi (ular ikkisi mardlikda bahsla­shishdi). “Er” nomi qadim turkiylarda jasurlik va shijoat ramzi bo‘lib, xo­li­san aytganda, bir erning bu xislatlardan mahrum bo‘lishi tasavvurga sig‘mas voqelik hisoblangan. Er haqidagi qadim tasavvurlar asrlar osha mukammallik hosil etib, er yigit­ning jo‘mardlik sifatlari badiiy manbalarda aniq va yaqqol aks eta boshladi. “Qutadg‘u bilig” asarida millat yukini ko‘tarib, eldan keladigan jafoga vafo ila javob qiladigan, ahdida sobit turib, xoinlikka keskin qarshi turadigan botirlar er deb ulug‘lansa, “Hibat ul-haqoyiq”da ezgu amalli insonlarning barchasi er nomi bilan ataldi. Yusuf Xos Hojib asari so‘ngida bu olamda ishonish mumkin bo‘lgan insonlar faqat erlar ekanligini aytar ekan, er va’dasi, aslida, odamiy­lik hukmi ekanligini na­zarda tutadi:

Apan andqa erse eminlik butunlik,

Bu and tutg‘uch kim an er atay.

Mazmuni: Agar ishonchlilik ont bilan bo‘ladigan bo‘lsa, bu va’dani tutuvchini er deb atayman.

E’tiborlisi, “Turklar va mo‘g‘ullarning qadimgi dini” kitobida “Turkchada er nomi­ning berilishi, albatta, ruhning butunlikka, mukammallikka erishganini belgilash uchundir. Bu ot aslida ruhning o‘zidir” ta’rifi keltiriladi. Demak, er turkiylarda faqat er kishi emas, komil insonlar nomi ham sanal­gan. Hazrat Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida valiy ayollarni “Er mar­tabasiga yetgan orifa ayollar” deb ta’riflashi bu nomning “jinsdan-da oliy va beqiyos irodiy iqtidor” ekanligini ko‘rsatadi. Bilamizki, komillik nafsoniy istaklarga qarshi turib, o‘zini isloh qilish hamda Alloh buyurgan qonun-qoidalarga to‘liq rioya etmoq bilan belgilangan. O‘zbek mumtoz adabiyotidagi “er” aynan shundaydir:

Nafsin o‘lturgon er bo‘lur g‘oziy,

Er ersang hosil et aning bekin ot. 

Erdagi jasorat va qat’iyatning asosi dunyo havaslaridan o‘zini forig‘ etib, ruhoniy hurriyatga yetgani bilan belgilanadi. Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul “er” so‘zining “erk” lafzidan paydo bo‘lganini, erkdan mahrum, hurlikdan yiroq kimsalar ozod shaxs bo‘lolmasligini aytadi. To‘g‘ri, tilshunoslik ilmida “er” va “erk” so‘zlarining lug‘aviy yaqinligi qayd qilinmagan. Biroq Turkiston piri Ahmad Yassaviy “Er ul turur, qulman teyu qulluq qilsa, qo‘rqub Qahhor otidin ul farmon tutsa”, deya “er” uchun ma’naviy hurriyat Haqqa qullikdan boshlanishini nazarda tutadi. Er uchun bandalar shafqatiga bo‘yin egish, raqib qarshisida bosh egish uyat hamda isnod hisob­langan. Temuriy shahzoda Abubakr Mirzo:

Er kerak o‘rtansa, yonsa yolina,

Yora deb yotsa otining yolina.

It o‘lumi birla o‘lsa yaxshiroq,

Er otonib dushmanig‘a yolina, –

der ekan, erlik turkiylar uchun or-nomus masalasi bo‘lganini qayd etadi. Birinchi mis­rada yolina – olov, alanga ma’nosida kelgan. Er shunday mardki, o‘tda yonib, jarohat olganda, Yaratgandan madad so‘rab, otining yoliga bosh qo‘yadi, aslo dushmani­ga iltijo qilib, madad tilamaydi, jonini omon saqlash uchun uning poyiga yiqilmaydi. Er jismonan va ma’nan mukammal shaxs, uning uchun oriyat, g‘urur tuyg‘ulari har narsadan ustun. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-ab­ror” dostonida butun bir maqolatning “er bila nomard” ta’rif-u tavsifiga bag‘ishlanishi ja­miyat ravnaqida erlikning qanday ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Ulug‘ shoir erni “jonfido muhab­batkash” deb atab, ­uning nafsini yengib, el-u yurti uchun jonini fido qilishi, jang maydonida sobit tura bilib, har ne sinov kelsa, millat himoyasi uchun otla­nishi, eng muhimi, xizmatlarini aslo minnat qilmasdan, sir saqlay bilishi haqida gapiradi. Umuman olganda, hazrat Navoiy nazdida, er – dunyo hoy-u havaslaridan poklanib, ulug‘ martabaga yetgan zotlar nomidir:

Uldur erkim, salb etib nafsoniyat,

Gʻolib etgay zotig‘a ruhoniyat.

Har kishida bu sharaf bizzot erur,

Ul kishi pok-u sharif avqot erur.

Yuqoridagi misollar qadimgi turkiy va mumtoz adabiyot doirasida bayon qilindi. Bu bilan er e’tirofi o‘tmishda qolib ketdi, degan tasavvur paydo bo‘lishi kerak emas. Xususan, XX asr adabiyotida, xoh nazmda bo‘lsin, xoh nasrda, mazkur obraz aslo qimmatini yo‘qotmadi. Bu davr adabiy namunalarida ham “er” – el-yurtiga su­yanch, fidoyi va jo‘mard yigitlar nomi bo‘lib qoldi. Oybekning “Qutlug‘ qon” romanida Yo‘lchi rahmdil, mazlumdan ko‘magini ayamaydigan, jamiki odamzodga shafqat va himmat nazari bilan boqadigan qahramondir. Hatto, Mirzakarimboy uni “ulug‘vor va vazmin”, “jasorat va g‘urur” sohibi, deya e’ti­rof qiladi. Yo‘lchi o‘limidan so‘ng uning “…mard yigit edi, nomusli yigit edi… er o‘g‘li – er edi, u boshqa olamdan edi” deb xotirlanishi fikrimizni quvvatlaydi. Yoki bo‘lmasa, Shavkat Rahmon she’riyatida erlar Turon, Turkistonning asl umidlari, vatanda yongan chiroqlar ekanligi ko‘rsa­tib beriladi:

Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,

bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,

bormi bul tufroqda o‘zligin izlab,

osmonu falakka yetgan bolalar.

Bor bo‘lsa, alarga yetkarib qo‘ying,

Bir boshga bir o‘lim demagan ermas,

shahidlar o‘lmaydi

bir qarab to‘ying:

Yovga ters qaragan musulmon emas…

Bu misralar bir namuna xolos, bunday misollarni yetarlicha ko‘rsatish va tahlil qilish mumkin. Ayon bo‘ldiki, “er” asl turkiy so‘z va yetuk shaxsiyat egalariga berilgan nomdir. Hozirgi nutqimizda faol bo‘lgan “erkak” so‘zi esa asrlar davomida insonning emas, hayvonlar jinsining nomi sifatida qo‘llanilgan. “Devonu lug‘otit-turk”da “erkak – har qanday hayvon va parrandaning erkagi” deb keltirilsa, Alibek Rustamov tadqiqotida “er” so‘zi insonga, “erkak” so‘zi hayvonga nisbatan ishlatilgan”i aytiladi. Biz bu bilan ikki so‘z orasidagi farqni keskin xulosalab, faqat “er” so‘zidan foydalanish xususida qaror berishdan yiroq­miz. Ammo “er” nomining tarixiy quvvati, mazmun-mohiyat qat’iyligini biroz bo‘lsa-da, yoritishni lozim topdikki, millatning chin egalari bo‘lgan er yigitlar aslida kim ekanligini, bu e’tirofga loyiq bo‘lish uchun doimo g‘ayrat qilish shartligini anglasin. Zotan, er kishi tom ma’noda kuch-quvvat, shijoat, aql-idrok hamda ilm-u ma’rifat sohibi bo‘lmog‘i lozim va bu olam muvozanati uchun juda muhimdir. Shu sababdan insoniyatga komillik yo‘lini ko‘rsatgan umid va taskin olami hisob­lanmish badiiy adabiyotda “er” nomi eng asosiy obrazga aylangan.

Nasiba JO‘RAQULOVA

“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599