Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.05.2024 | 19:27

img827

CHO‘LPONNI ANGLASH YOXUD “QIZIL” TEGIRMON

Cho‘lponni shoir sifatida yaxshi taniymiz, ammo uning hayot yo‘li, shaxsiyati borasida nimalarni bilamiz? “Go‘zal” she’ri­ning qaysi “go‘zal”ga atalganini-chi? Yoki Turkistonning qanday qilib bosqinchilar oyog‘i ostida toptalgani, kimlar Toshkentni ikki million rublga sotgani haqidagi manbalar bilan tanish­misiz? Agar sizni bu borada asl haqiqatlar qiziqtirsa, taniqli yozuv­chi Nabi Jaloliddinning “Cho‘lpon” roman-dilogiyasini o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

To‘g‘risi, shu chog‘gacha Cho‘l­pon­ning hayoti va ijodiga oid ko‘p­lab ilmiy maqolalar, tadqiqotlar bilan tanishgan bo‘lsam-da, ushbu roman u haqdagi fikrlarimni butunlay yangi bir o‘zanga burib yubordi. Romanda XIX asrning oxiri, XX asr boshlaridagi qaltis va murakkab tarixiy vaziyat mahorat bilan tasvirlangan. Rossiya imperiyasining Turkistonni qay tarzda bosib olishi, mustamlakachilik harakatlari, chor istibdodiga qarshi zimdan va oshkora olib borilgan kurashlar, jadidlikning shakllanishi hamda tugatilishi, Turkiston muxtoriyati­ning tashkil topishi va yo‘q qilinishi, dashnoqlar qirg‘ini, millat oydinlarining ayovsiz qatag‘on etilishi… Asarda nisbatan qisqa davrda yuz bergan tig‘iz va shiddatli, shu bilan birga, yuragingizga tig‘dek qadaluvchi ayanchli voqealar haqida batafsil hikoya qilinadi. Jadidlik harakatining eng yirik va faol vaki­li bo‘lgan Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon bu voqealar markazida turadi. Asar Cho‘lponning bir necha suyak naridagi ajdodlari, bobolarining nima ishlar bilan shug‘ullangani, otasining savdo-sotiqqa qanday kirib qolganidan boshlanadi. Muallif sizni o‘tmishning eng sirli puchmoqlariga yetaklab, isyonkor shoirning tug‘ilishini, oilada tarbiya topishi jarayonlarini qiziqarli yo‘sinda badiiy ifodalaydi.

Asar syujetiga ko‘pam to‘xtal­moq­chi emasmiz. Ammo muallif ushbu murakkab davr hayotini chuqur o‘rgangani, manbalar, ­arxiv materiallarini erinmasdan tahlil qilib chiqqani, turli ilmiy qarashlarni qiyoslab, oltin o‘rtaliqni topa olganini e’tirof etish lozim. Zotan, jadidlik davri nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo­da katta qiziqish bilan tadqiq etilayotgan va turlicha talqin qilinayotgan, hali bu borada izla­nishlar davom etayotgan murakkab davr sanaladi. Shu jumladan, Cho‘lponning hayot yo‘li ham ziddiyatlarga boy, taloto‘plar ichida kechganki, ularni bir tizimga solib, shoir qalbini ochib be­rish, ­uning harakatlari va tuyg‘ulari uyg‘unlashgan nuqtalarni topish oson bo‘lmagani aniq.

Roman-dilogiyaning ikkinchi no­mi “Tegirmon” deb atalgan. “Dunyo, hayot ham go‘yo tegirmon. Odamlar esa – bug‘doy donalari”, deb yozadi muallif. Ammo Cho‘lponning ko‘z oldida namoyon bo‘ladigan tegirmonning toshi-da, suvi-da, unda aylanayotgan bug‘doyi va uni ham qip-qizil… Bu o‘sha mudhish davr­ning qonli voqealariga ishora qila­yotgandek go‘yo…

Romanda bir qator ramzlar vositasida asarning tag ma’nolari, yozuvchining asl g‘oyalari o‘z ifodasini topganki, bularni anglash uchun o‘quvchidan diqqatni jamlash va asarni e’tibor bilan mutolaa qilish talab etiladi. Jumladan, qizil tegirmon, shoirni doimiy ta’qib etib yuruvchi qora chivin, osmon to‘la yulduzlar, oy… Bu ramzlarni har kim o‘zicha tushunadi. Ammo qayta-qayta o‘qiganingizda yana yangi ma’nolar chiqib kelaveradi.

Asarda Cho‘lpon bilan bir qatorda, Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvar qori, Qodiriy, Elbek, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Uyg‘un kabi taniqli ijodkorlarning hayoti va ijodiy faoliyati ishonarli va haqqoniy tasvirlangan. Ayniqsa, Cho‘lponning Abdulla Qodiriy bilan uchrashuvlari, Usmon Nosir bilan bo‘lgan suhbatlari juda ishonchli va kishining yurak-yuragiga singadigan tarzda dardchil yoritilgan.

Odatda tarixiy shaxslar haqida asar bitilganda qahramonning ijobiy xislatlari bo‘rttirib ko‘rsatilib, kamchilik va qusurlariga u qadar e’tibor qaratilmaydi. Haddan ziyod maqtov va ideallashtirish o‘quvchining ham g‘ashiga tegishi bor gap. Ammo “Cho‘lpon” romani qah­ra­monlari o‘zgacha fazilatlari bi­lan birga qusurlari, xato va kamchi­liklari ila namoyon bo‘ladiki, bu kitobxonni ularga yaqinlashtiradi, suh­batdoshga aylantiradi, o‘sha davr muhitiga olib kirib, jadidlar bilan zamondosh qilib qo‘yadi.

To‘g‘risi, bu asarni o‘qish davomida jadid bobolarimizga bir do‘st o‘laroq “hasratlashib”, ularning iztiroblaridan ko‘zimga yosh kelgan, quvonchdan joyimdan irg‘ish­lab yuborgan paytlarim bo‘ldi. Bu ham romanning eng muhim yutuqlaridan biridir.

Asar voqealari qariyb bir asrcha oldin yuz bergan bo‘lsa-da, roman qahramonlari bugungi tilimizda so‘zlaydi, eski o‘zbek tili elementlarini aralashtirmaydi. Tilimiz jonkuyarlari bo‘lgan jadidlar bugungi Toshkent shevasiga monand “man” deb gapiradi. Balki, yozuvchi bugungi kun o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishi uchun shu usulni tanlagandir. Ayrim o‘rinlarda dialoglar o‘rniga suhbat mazmunining muallif tilida bayon etilishi va ba’zi tarixiy voqealar tasvirida bayonchilikning kucha­yib ketgani asarning badiiyligiga soya solgandek, nazarimizda. Yozuvchi har bir satrni yozayotganida o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi, zarur tafsilotlardan birortasi qolib ketmasligiga e’ti­bor qaratadi. Ayrim joylarda qavs ichida tushuntirishlar berib ketadiki, bu o‘sha davr tarixi­dan bexabar yoshlarimizning asar voqealarini to‘la anglashida qo‘l keladi. 

Taniqli cho‘lponshunos olim, filo­logiya fanlari doktori, professor Dilmurod Quronov shunday yozgan edi: “Cho‘lpon tanglayi millat dardi bilan ko‘tarilgan shoir edi. Uning hayotdagi amallari ham, ijoddagi izlanishlari ham millatning ertasi haqidagi tashvish, millat taraqqiysi, millat ozodligi kabi ulug‘ niyatlar bilan chambarchas bog‘liq edi”. Dar­ha­qiqat, shunday. Nabi Jaloliddin­ning ushbu roman-dilogiyasini mutolaa qilish orqali Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning ana shu xislati, fazilatini yanada teranroq, yanada aniqroq his etish mumkin. Bu kabi asarlar ko‘proq targ‘ib etilishi, ko‘proq o‘qilishi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ong-u shuuriga chuqur singishi bizning milliy o‘zligimizni topishimizga, jadid bo­bo­­larimiz orzu qilgan taraqqiyotga tez­roq erishishimizga xizmat qiladi.

Bekzod IBRAGIMOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mustaqil tadqiqotchisi

 “Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600