Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.06.2024 | 10:52

img357

MIRTEMIRNI TUSHUNISH

Men, ayniqsa, Mirtemirning til boyligi haqida alohida to‘xtalib o‘tgim keladi. U xalq iboralari, so‘z boyligi, xususan, o‘simliklar, hayvonlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, jihozlar va etnografiyaga oid shu qadar ko‘p turkiy so‘zlar ishlatadiki, ularning ko‘pchiligi, ikki jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q. Bu lug‘atda o‘zbeklar ishlatmaydigan va tushunmaydigan arab-fors so‘zlari tiqilib yotgani holda, nima uchun Mirtemirning o‘zbeklarga tushunarli turkiy so‘zlari lug‘atga kiritilmagani mutlaqo tushunarsizdir.     

Mana, o‘sha mashhur “Onaginam” she’rini olaylik:

Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – g‘ashlik,

Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g‘ashlik,

deya boshlanadi u.

Baytdagi har o‘zbekka tushunarli bo‘lgan sizloviq, sizlatguvchi so‘zlari “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q.

Yoki shoir “Asarlar”ining 3-jildi, 70-betida: “Zanglamish boltalar, siniq sungular”, degan satrni uchratamiz. Bu yerda­gi sungu ruslar “штык” deb ataydigan so‘zning o‘zi ekanligi tushunarli emasmi, nega lug‘atga kiritilmagan? Yoki xuddi shu shakldagi suygu so‘zi sevgi, yoqtirish ekani anglashilmaydimi?

Zulmlarning bormikin cheki,

Qanday sovuq, zo‘ravon suygu? –

bu yerda gap zo‘rlik bilan sevish, bir tomonlama sevish ustida borayotgani besh qo‘lday ayon bo‘lib turibdi-ku! Nega o‘zbek so‘zligimizdan o‘rin olmagan?

Yana Mirtemirning tarjimalarida:

– Yo savdogar o‘g‘li oyoq chaldimi –

Moskva-rekada, musht janglarida?                         

Javob berar shunda Kiribeyevich,

Jingalak sochlarin silkitib turib:

– O‘shandoq zo‘r yudruq tug‘ilgani yo‘q.

Na savdogar va na boyar zotida,

kabi satrlar aro kelgan, bir necha karra ishlatilgan ajoyib turkiy so‘zimiz “yudruq” ham lug‘atimizda uchramaydi.

Yoki yana bir misol. Mirtemir domla qirg‘iz do‘stlarga bag‘ishlangan bir she’rida “bovurdoshlik” so‘zini ishlata­di. Bu yerdagi “bovur” “bag‘ir” degan so‘zning o‘zi. Shoir o‘zbek tiliga “bag‘irdoshlik” ma’nosida “bovurdosh­lik”ni olib kirmoqchi bo‘lgan. Lug‘atda xuddi shu so‘z kirishi mumkin bo‘lgan joyga o‘zbeklarning 70-80 foizi tushunmaydigan va ishlatmaydigan “bovujud” so‘zi qo‘yilgan. Boring, ana, “bovujud” ham kira qolsin, ammo nega o‘zbek tili­da O‘zbekiston xalq shoiri amalda ishlatgan “bovurdoshlik” so‘zini kiritmaslik kerak?

Yoki “o‘ba” so‘zini olaylik. Shoir yozadi:

Meni chorlar hatto yozning yolqini…

Yaylov, o‘ba, paxtazorlar salqini…

O‘ba so‘zining ma’nolari ko‘p. Turkiy xalqlarning deyarli hammasida eng ko‘p tarqalgan ma’nosi: qir, tekis­lik, tashqaridagi yerdir. Shoir ham shu ma’noda qo‘llagani ko‘rinib turibdi. (Bir daf’a Usmon Nosir qabrini ziyorat qilgani Kemerovo viloyatiga borganimizda, o‘sha yerlik bir kishi Kemerovo – Ko‘miro‘ba degani, ya’ni o‘sha tekislik ko‘mir koni bo‘lganini, so‘ngra o‘sha yerda qad ko‘targan shahar ham shu nomni olganini aytib bergandi) Bu so‘z ham o‘zbekcha so‘zligimizda yo‘q.

Yana bir oddiygina so‘z: qumloq, tosh­loq singari tuzloq.

Bo‘lgan ekan bu joy bir kez kattakon tuzloq…

Yo‘q-yo‘q, bu so‘zni ham lug‘ati­miz­dan qidirib ovora bo‘lmang.

Bunday misollarni ko‘plab keltirishi­miz mumkin. Ammo bu yog‘iga shunday so‘zlarning ayrimlarini keltirib qo‘ya qolaman: yelpiramoq, dong‘il, yang‘iroq, utta, yopog‘i, eltir, chalqi, chalqimoq, dirgizlash, otoq, ketmonlik, ketmontepa, qapchig‘ay, achit­­gulik va hokazolar. Bu so‘zlar­ning barchasi bir-ikki o‘tirishda ko‘­zimga chalinganlari xolos. Menim­cha, lug‘at­chi olimlarimiz “Navoiy asar­la­ri lug‘ati” tuzganlari kabi “Mirtemir asarlari lug‘ati” ham tuzishsa, turkiy tilimizning boyligini ko‘rsatuvchi bir vatanparvarlik burchini ado etgan bo‘lardilar.

Miraziz A’ZAM

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605