22.06.2024 | 20:25
758
“TARAQQIY”DAN “JADID”GACHA
O‘zbek matbuoti tarixi jadidlik harakati va jadid ziyolilari nomi bilan tabiiy ravishda bog‘lanadi. Jadidlik ancha chuqur, murakkab, ziddiyatli, ayni damda yangiliklarga, ezgu orzu-niyatlarga, amaliy faoliyatlarga to‘la bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma’rifiy harakatdir. Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasini ibratxonaga aylantirish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matbuot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi.

Jadidlar zamonida matbuotdagi haq so‘zning kundalik hayotga, odamlarga, jamiyatga ta’siri kuchli bo‘ldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmog‘i va dunyodan boxabar bo‘lmog‘i uchun zaruratga aylandi. Dastlab gazetalar oyda bir bora bazo‘r nashr qilindi; asta-sekin haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalaridagi maqola va ma’lumotlar ma’naviy ehtiyoj tusini oldi.
Darhaqiqat, jadidlar millat ma’naviyatini isloh etish, odamlarni ma’rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida matbuotning qadrini baland ko‘tardi. Matbuot ular nazdida fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ong-u shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim edi. “Ulfat” ko‘ngillar birligidan so‘z ochishi, “sado”lar ma’rifat va ma’naviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi bo‘lishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.
Turkistonlik ziyolilar o‘zlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Bog‘chasaroyga ko‘z tikishdi. Ismoilbek Gʻaspralining “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyalariga havaslanib qarashdi.
Jadidlar shu allomaning “Tarjimon” (1883–1914) gazetasini o‘qib, uning muxlisi va muhibiga aylanishdi. Gazetaning yo‘li, maslagi va maqsadi aniq edi: “Tarjimon” – har turli ish, ahvol va ixtilofga “haqqoniyat” va “mumkiniyat” jihatidan boqajakdir. “Tarjimon” tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida g‘ayrati doimiyda bo‘lajakdir. “Tarjimon” – har na so‘ylar va yozar bo‘lsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul etishi suratda arz va bayon etajakdir”. Garchand Turkistonda “Tarjimon”ning o‘quvchilari ko‘p bo‘lsa-da, dastlabki paytlar gazetada turkistonlik yozuvchilarning chiqishlari kam kuzatildi. Biroq XX asrning o‘ninchi yillaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy (Samarqand), Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mirhusayn Mirrahimov (Qo‘qon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Mu’in (Samarqand), Qozi Ziyouddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) nomlari gazetada ko‘zga tashlana boshladi. Mualliflar ba’zan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda o‘zlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida “Tarjimon”ga maktublar yo‘llaydi. Abdulhamid Cho‘lpon 1913-yili Ismoil Gʻaspraliga yozgan maktubida “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjimon”, “Vaqt” va “Iqbol” kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallarini yodga oladi, ularni o‘qib borayotganini aytadi.
Turkiston ziyolilari “Tarjimon”dan juda mamnun bo‘ladilar. Deylik, shu mamnuniyatni toshkentlik shoir Karimbek Kamiy “Moʻtabar “Tarjumon” va Ismoilbek Gʻasprali janoblari haqqinda” degan she’rida izhor etdi. Unda gazetaning barchaga manzuru maqbul ekani, undan o‘quvchi “hilm-u odob-u maosh-u ilm-u fan” o‘rganishi mumkinligini ta’kidlab, “Har hurufi gul kabi, har nuqtasi g‘uncha misol, Xush tamosho istayanlarg‘a guliston “Tarjimon”, deb yozdi. I.Gʻasprali va “Tarjimon”ning to‘rt tarafga sochgan fikrlari, ilg‘or qarashlari, jadidona ruhiyatli fikrlari barchaning yuragidan birdek o‘rin oldi. Jadidshunos Begali Qosimov o‘rinli ta’kidlaganidek, “Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”. Gʻaspraliga ergashar va “Tarjimon”ini e’zozlar edilar.
Turkistonlik jadidlar I.Gʻaspralining “Tarjimon” gazetasidan har vaqt saboq oldi. Keyinchalik esa, 1906-yili o‘zlarining birinchi “Taraqqiy” gazetasini chiqarishdi. Yangi gazetani ham birinchi bo‘lib “Tarjimon” tabrikladi. “Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoji bor edi”, deb yozdi. Biroq “jadidlarning eng suyukli va to‘ng‘ich gazetasi”ning umri qisqa bo‘ldi. Yigirmata soni chiqqandan keyin chor hukumati tomonidan yopib qo‘yiladi va muharriri qamoqqa olinadi.
Shundan keyin Munavvar qorining “Xurshid” (1906-yil sentyabr), Abdulla Avloniyning “Shuhrat” (1907-yil dekabr) gazetalari chop etiladi. Biroq bu gazetalar faoliyati ham uzoqqa cho‘zilmaydi. “Tarjimon” (1907-yil, 14-son) bu xususda ham yozdi: “Matbuotimizda taassuf bo‘lgan bir hol-da bordir: bu Toshkandda chiqqan “Taraqqiy” va “Xurshid” do‘stlarimizning taqiqlanishi. O‘rta Osiyo uchun rasmiy bo‘lgan “Turkiston gazeti” yetarli emas”. O‘z g‘oyalari, maslaklari targ‘ibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar gazetachilik jabhasida sa’y-harakatdan to‘xtamadi. “Tujjor”, “Osiyo”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Tirik so‘z” kabi gazetalar yonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnali paydo bo‘ldi. 1913–1915-yillarda uning oltmish sakkiz soni bosildi. Ziyo Said jurnalning maqsadi islom millatining saodati va islohi, musulmonlarning madaniyati va zamonaviy fanlardan foydalanishlari yo‘lida xizmat qilishini yozar ekan, Behbudiyning “tavahhudi lisoniya” (turkiy tillarni birlashtirish) tarafdori ekaniga urg‘u beradi. Bu g‘oyaning ildizi ham “Tarjimon”ga borib taqaladi, albatta.
“Oyina” jurnali o‘z vaqtida juda yuksak bir obro‘ga ega bo‘ldi, har bir o‘quvchining suyukli jaridasiga aylandi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ushbu jurnali xuddi “Tarjimon”dek ulkan va olamshumul bir missiyani ado qildi: ma’rifat tarqatdi, odamlarni fikr tarbiyasiga o‘rgatdi; yangi paydo bo‘lgan matbuot nashrlarini targ‘ib-tashviq qildi. “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Farg‘ona” gazetalarini “Turonning egizak farzandlari” deb atar ekan, gazetxonlarga shu nashrlarni o‘qish va ularga obuna bo‘lishni tavsiya etadi: “Millatg‘a iona va olib o‘qumoqlarini ojizona tavsiya etarmiz, chunki matbuot chirog‘ va niholdek bo‘lub, anga yog‘ va suv berib tarbiyat qilmaguncha, ma’zolloh, so‘nub qurumog‘i tabiiydur”.
O‘zbekiston matbuoti tarixida jadid ziyolilari nashr qilgan gazeta va jurnallar son-sanog‘i yo‘q. Bir marta chiqib to‘xtaganlari bor. Ularning ba’zilari o‘z yo‘l-yo‘rig‘iga ko‘ra jiddiy farqlanadi ham. Garchand o‘zaro qarama-qarshi kayfiyatda bahslashadiganlari bo‘lsa ham, ular oldiga qo‘ygan maqsadlari nihoyatda ulug‘, niyatlari ezgu, qarashlar aniq va tiniq edi. Millatni uyg‘otishdek ulkan vazifa ijrosiga bel bog‘lagan edi jadidlar va ularning maktabi, maorifi, teatri, adabiyoti va matbuoti.
Muhim bir fikr shuki, davriy nashrlar qaysidir ma’noda ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar tarixi bilan uyg‘un-hamqadam edi. O‘zgarishlar, yangilanishlar gazeta va jurnallarda aks etdi. Yoki shu o‘zgarishlarga mos yangidan yangi matbuot nashrlari vujudga keldi. Shunga ko‘ra 1917-yilgi fevral o‘zgarishi, Turkiston Muxtoriyati, oktyabr inqilobi kabi voqea-hodisalar munosabati bilan “Najot”, “Turon”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, “Yurt”, “Hurriyat” kabi nashrlar paydo bo‘ldi. “Yashasin, Turkiston muxtoriyati!” shiorlarini o‘rtaga tashlab, ozodlik va hurriyatdan, tenglik va adolatdan so‘z ochdi. Muhit girdobi va ziddiyalari bois ularning ayrimlari tezda botqoqzor va uyumuqlar bag‘riga cho‘kib ketdi…
Darhaqiqat, matbuot insonlarni ma’naviyat ufqlari sari parvozga chorlagan jadidlik harakatining keng qulochli qanoti edi.
Inqilob, hokimiyat tepasiga kelgan ishchi va dehqonlar boshqaruvi jamiyatni tubdan o‘zgartirdi. Yoshlar nisbatan bu vaziyatga tez moslashdi. Ammo yurt hurriyatini o‘ylagan va orzulari sarobga aylanganidan mahzun tortgan jadid ziyolilari ong-u shuurida, xayollarida o‘z niyatlari yashab qoldi. Garchand sho‘ro jamiyatining hukmronligi kun-kundan ortib borayotgan va bu yangi ijtimoiy tuzum millatlararo tenglik, insonlararo adolat kabi juda ko‘p ijtimoiy va’dalar bersa ham, amaldagi vaziyat ancha boshqacha – gapdangina iborat edi. Shu bois XX asrning 20-yillari matbuotida “Og‘izda emas, amalda bo‘lsin!” kabi maqolalar bosildi. Uning muallifi: “Eski idora yerlik xalqni yot ko‘rish barobarida sag‘ir hisoblab, vasiylik qilishni o‘z ustiga olgan edi. Ajal sayyodi u bechoraga o‘z jomidan ajal sharbatini ichirdi.
O‘zgarishdan keyin yana bizni “tarbiya” qilish uchun vasiy bo‘lguvchilar topildi. Lekin so‘nggi vaqtda giriftor bo‘lg‘on vasiylarimiz ham, o‘tgan marhum vasiylarimiz kabi bizga vasiyi mutloq bo‘lib, muqaddiratimizni o‘z qo‘llarida tutib kelmoqdalar. Rusiya o‘zgarishi bo‘lg‘on 1917-yil edi, hozir o‘zgarishning 1922-yilida turibmiz. Shu muddatda biz “sag‘ir”lar haqiga “vasiylarimiz” tomonidan ozmi taarruzlar bo‘ldi?
Sag‘ir bolalarning ishi yig‘idir; biz yig‘ladik. A, bizni ovutish yo‘lini bergan vasiylarimiz, bizni haqimiz bo‘lg‘on semiz sigirlarning sutidan bahrasiz qildi, quruq emizukni og‘zimizga soldilar. Ilgarigi vasiylarimiz biz sag‘irlarni “siz yot, begona bolalarsiz” deb emizuk berganda, o‘zgarishdan keyingi vasiylarimiz bizning peshonamizni silab “bechora, benavo yetimlarim, sizdan baynalmilalchi vasiy otangiz aylansin” deb ko‘nglimizni sindirmasdan ovutib keladilar” (Oziyoliq. Og‘izda emas, amalda bo‘lsin. “Qizil bayroq”, 1922, 11-avgust), deb qo‘rqmay ochiqcha yozdi.
Bu davr matbuoti keyinroq keladigan hibslar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan muhitdan nisbatan farq qiladi. Jadid ziyolilari yangi hukumatning va’dalariga goh ishondi va ba’zan shubhaga borishdi. Ichki bir milliy tuyg‘u ziyolilar ko‘nglini hamisha bezovta etdi. Erkparvar shoir Cho‘lpon bir she’rida zulm chekayotgan o‘lkaga qarata: “Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?” deya so‘roqli xitob qiladi. Shoir “Qo‘zg‘alish” (1922-y.) she’rida yana shunday dedi:
“Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan,
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!”.
XX asrning 20-yillari oxiriga borib matbuotda cho‘lponizm bahslari boshlandi, Cho‘lponni tanqid va tahqir qilishlar, anjumanlar majlislaridan haydab chiqarish jarayonlari boshlandi. Cho‘lpon darhol tuzalib, yangi jamiyatga moslashib keta olmasligini, bu jarayon sekin-asta bo‘lishini e’tirof etdi. Shoir haqida “Qizil O‘zbekiston”da “Aqlli jinni” degan maqola bosildi. Aynan erkin matbuotda nisbatan erkinlab va erkalab yozgan “Yig‘indi gaplar” hangomasi uchun Julqunboy ma’nan majruh qilindi: 1926-yili uch oy qamoqda o‘tirdi.
1922-yili jadidlar “Haqiqat” degan jurnal ham chiqarishdi. “Dinsiz jamiyat, jamiyatsiz din yo‘qdir…” – ularning shiori edi. Cho‘lponning “Kishan” she’ri shu jurnalda bosiladi. “Haqiqat” ham ikkita sondan keyin sindiriladi.
Alohida ta’kidlash kerakki, o‘sha yillari o‘zbek matbuoti bilan birga o‘zbek adabiy tili ham qayta shakllanish bosqichini boshidan kechirdi. Adabiy tildagi turli islohotlar, ular bilan bog‘liq muammo va takliflarni jadidlar matbuoti yoritib bordi. “Chig‘atoy gurungi” o‘z qarashlarini Fitrat boshchiligida nashr bo‘lgan “Tong” jurnalida e’lon qildi. “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas” degan gap ularning shiori edi. Zamonaviy adabiy til uchun qoidalar ishlab chiqildi; o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlari, badiiy til fasohati va balog‘ati jadidlar yozgan badiiy asarlarda yaqqol ko‘rindi. Shu e’tibordan jadid adabiyotidagi poetik nutqning yangilanishi va unga xos ilmiy-nazariy tamoyillar alohida tadqiqot qamrovida o‘rganish uchun o‘z egalarini kutib turibdi. Nafaqat jadid adiblari asarlarining tili, balki nodir fondlardagi jadidlar chiqargan gazeta va jurnallar, ulardagi adabiy, publitsistik, ilmiy manbalarning joriy imloga tabdillari, zamonaviy nuqtai nazardan qayta baholash va qayta nashri ham yosh ilmiy kuchlarning odil, xolis, jiddiy va mehr-muhabbatli talqinlariga juda-juda muhtoj, menimcha.
Shuningdek, asr boshida boshlangan ma’rifatparvar ziyolilarning jadidona kayfiyati, matbuotda chiqishlaridagi jadidona ruhiyati mustabid sovet tuzumi davrida ham ming mashaqqat bilan, “ezopona til”ga ko‘chgan ravishda qaysidir ma’noda davom etganini ham ta’kidlashni istar edim…
Aslida jadidlar orzusida bo‘lgan so‘z erkinligi, har bir narsani o‘z nomi bilan atash uchun Istiqlol yillari imkon berdi. Samarqandda bitta gazeta XX asrning 20-yillarida “Mehnatkashlar tovushi”, “Mehnatkashlar o‘qi”, “Kambag‘allar tovushi”, keyin “Zarafshon” deb nomlandi. Sobiq tuzum davrida bu nomlar o‘chirildi. Ammo hozir Samarqand viloyatining bosh gazetasi “Zarafshon” deb ataladi. O‘sha yaqin moziyda poytaxtda bosilgan bitta gazeta “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, keyin “Turkiston” deb nomlandi. Keyinchalik u “Qizil O‘zbekiston”, “Sovet O‘zbekistoni” bo‘ldi. Istiqlol yillarida gazetalarning biri uchun “O‘zbekiston ovozi” nomi qayta tiklanganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Jadidlar orzu qilgan zamonlarning gazetalar nomidagi eng sodda ifodasi bu.
Tarixdan ibrat olish har bir inson uchun juda muhim. Jumladan, o‘zbek matbuotining jadidlari faoliyati bilan bog‘liq ancha qiziqarli, murakkab va ibratlarga to‘la tarixi bor. Gazeta chiqarish, fikrni hukmron “nozirlar” chig‘irig‘idan o‘tkazish, obuna, chiqqan gazeta va jurnallarni tarqatish yo‘l-yo‘riqlarini tasavvur qilish lozim. Umri “qo‘lmiya”larga tikilib o‘tayotgan hozirgi yosh avlodga bu tarixni o‘rgatish ham kerak. Shundagina bugungi ijtimoiy tarmoq egalari, turli xabarlarni beto‘xtov yozib tarqatayotgan mualliflar o‘z vijdonini oyinaga solib ko‘radi. O‘zlari yog‘dirayotgan so‘z bo‘ronlarining talafoti yoki saodatini mulohaza qilib ko‘radi, albatta.
Darvoqe, o‘zbek matbuoti tarixini batafsil o‘rganadigan gazetashunoslar 1906-yilda bosilgan “Taraqqiy”dan boshlab, to 2024-yil 1-yanvarida ilk soni chiqqan “Jadid” gazetasigacha bo‘lgan davrni qamrab olishlari lozim bo‘ladi. Zero, bu ulkan davrdagi o‘zgarish va yangilanishlar, ma’lumot va bahs-munozaralar, quvonch va armonlar – barcha-barchasi milliy matbuotimiz ruhini o‘zida aks ettirishi tabiiy.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



