Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.06.2024 | 20:47

img2005

MATEMATIKA MASALANI HAYOTDAN OLADI

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, O‘zbekiston Qahramoni, senator, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Shavkat Ayupov bilan matematika sohasidagi izlanishlar, yurtimizda fan va ta’lim tizimida kechayotgan islohotlar borasida suhbatlashdik.

Salohiyatli olim operator algebralari, nokommutativ integrallash va kvant ehtimollar nazariyasi bo‘yicha o‘z ilmiy maktabiga ega. U zamonaviy matematika sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) akademigi hamda Abdus Salom nomidagi Xalqaro nazariy fizika markazi (ІSTR) a’zosi etib saylangan.

– Matematika – hayotning asosi, deymiz. Bu murakkab fanni o‘qitishda nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

– Matematika chetdan qaralganda murakkab fanga o‘xshaydi. Sababi, uni ibtidosidan, boshidan o‘qimasa, tushunib bo‘lmaydi. Men doim matematikani o‘rganishda o‘qituvchi­ning, ayniqsa, maktab o‘qituvchisining o‘rni juda katta ekanligini ta’kidlayman. Chunki bu fanning amaliy ahamiyati tushuntirib berilsa, o‘zlashtirishi past bolalar ham qiziqib qoladi. Aksincha, murabbiy qolipga tushib, faqat qoida va teorema yodlatib, o‘quvchilarning tushunmagan savollariga javob bermay dars soatini o‘tkazsa, qarabsizki, ikki-uch darsdan so‘ng bolalarda “Matematika umuman tushu­nib bo‘lmaydigan fan ekan”, degan noto‘g‘ri tasavvur hosil bo‘ladi.

Aslida matematika kishini mantiqiy fikr­lashga o‘rgatadi. Ko‘pchilik bu fanni faqat hisob-kitob mashqi deb tushunadi. Ammo teoremani yodlab gapirib berishning o‘zi yetarli emas. Aksincha, har bir qoidani tushunish, uning isbotini bilish zarur. Shundagina formulalar esda qoladi. Afsuski, uzoq yillar davomida maktab bitiruvchilari oliy ta’limga o‘qishga kirishda matematikasi yo‘q yo‘nalishlarni tanlashga harakat qilardi. Hozir yurtimizda ta’limga e’tibor juda katta. Prezident maktablari va ixtisos­lashgan maktablar tashkil etilyapti. Ammo ming yaxshi sharoitli bino, zamonaviy laboratoriyalar bo‘lmasin, muallim o‘z fanining fidoyisi bo‘lmasa, kuchli matematiklar yetishib chiqmaydi. Bizning yoshligimizda bunday imkoniyatlar bo‘lmagan, oddiy maktabda o‘qiganmiz. Lekin o‘qituvchilarimiz shunday dars berganki, matema­tikaga muhabbat qo‘yganmiz.

Matematika hayot talabi o‘laroq eramizdan avvalgi davrlardan boshlab Yunoniston, Rim, Misrda rivojlana boshlagan. Keyinchalik – birin­chi Renessans davrida bu jarayon Muhammad Xorazmiy nomi bilan bog‘lanadi. Shunisi ahami­yatliki, Xorazmiy ham Bag‘dod akademiyasiga borgunga qadar o‘z yurtidagi oliymaqom matema­tika maktabini ko‘rgan. To‘g‘ri, biz uning ustozlari kimligini bilmaymiz. Lekin Muhammad Xorazmiy fenomeni­ning o‘zi diyorimizda qadim davrlarda sivilizatsiya mavjud bo‘lganini, fan taraqqiy etganini ko‘rsatadi. 

– “Nol – sifra” atamasi atrofida bahsli mulo­hazalar bor. Ba’zilar aynan shu raqam Yevropa faniga Muhammad Xorazmiy tomonidan kiritilgan desa, ayrimlar esa boshqa manbalarni ro‘kach qilishadi.

– Hindlarda qadimdan raqamlar tartibi mavjud bo‘lgan. Ammo Yevropada hech kim bu sonlarni bilmagan. Ular o‘sha davrda Rim raqamlaridan foydalanishgan. Nol o‘rni bo‘sh qoldirilgan, belgi qo‘yilmagan. Xorazmiyning asosiy xizmati hind raqamlarini olib kirganida emas. To‘g‘ri, yevropaliklar ushbu sonlardan Xorazmiy asarlarini o‘qib xabar topishgan. Ammo asosiy masala bobo­miz­ning hisob tizimi yaratganida. Rim raqamlari ustida birorta amal bajarishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Xorazmiy kiritgan usulda esa xohlagan raqamni yozish va ular ustida qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish kabi amallarni bajarish mumkin bo‘lgan. Bu juda katta yutuq va qulaylik bo‘lib, Xorazmiy asarlari Yevropaga borgach, shov-shuv bo‘lib ketgan.

Manbalarda Xorazmiy kvadrat tenglamalarni yechish usulini ham topgani aytiladi. U usullarni bosqichma-bosqich o‘rgatgan. Kitobini lotin tiliga o‘girgan tarjimon: “Al-Garizmiy bunday deydi, Al-Garizmiy bunday qiladi”, deb yozadi. Vaqtlar o‘tib, “Al-Garizmiy” ism ekanligi unutilgan. Natijada “algoritm” atamasi paydo bo‘lgan. Ya’ni algoritm biror masalani qadamma-qadam, mantiqan yechish usulini anglatgan. Mana, hozir informatsion texnologiyalar algoritm asosida ishlaydi. Xorazmiy hozirgi Ay-Ti sohasining asoschisi deb qaralsa ham bo‘ladi. Ya’ni u mantiqan, izchillik asosida fikr yuritib, muammoni yechish yo‘lini ixtiro qilgan.

Yurtimizda ro‘y bergan ikkinchi Renessansning asosida matematik bilimlar yotadi. Chunki astro­nomiyadagi hisob-kitoblar ham matematika­ga asoslanadi. Ba’zan olimlar qandaydir mate­ma­tik muammoga qiziqib qoladi. Asrlar davomida yechilmagan masalalar ham bor. Ana o‘shalarni yechish uchun yangi-yangi usullar o‘ylab topilgan. Natijada matematikaning har xil tarmoq­lari rivoj­langan. Masalan, algebra, geometriya, topologiya. Maktabda o‘qituvchining roli beqiyosligi shundaki, u matematik muammoni yechgach, amaliyotda bu nimaga kerakligi, qayerda qo‘llani­lishini tushuntirib berishi zarur. O‘quvchi shunchaki boshqotirma yechmayotgani, uning masalasi real hayotda kashfiyotga asos bo‘lishi mumkinligini anglashi lozim. Ba’zan kap-katta odamlar ham yechayotgan masalangizni ertaga qayerda qo‘llash mumkin deb so‘raydi. Bu noto‘g‘ri savol. Chunki shunday masalalar borki, ming yildan keyin ham qo‘llanilishi mumkin.

– Hayotga tatbiq qilingan ana shunday yechimga ega real masalalar bormi?

– Eramizdan oldin bir yunon matematigi konus kesmalarni ixtiro qilgan. O‘sha paytda bunga sof matematik nazariya, amaliyotda hech qanday ahamiyati bo‘lmagan masala sifatida qaralgan. Oradan bir ming ikki yuz yil o‘tganidan keyin astro­nom Kepler sayyoralarning harakatini, qanday orbitada yurishini kuzatgan. O‘shanda fazogir barcha kosmik jismlar aynan shu konus kesmalar orqali harakatlanarkan, degan xulosaga kelgan. Agar bir ming ikki yuz yil avval bu masala topilmaganida edi, Kepler sayyoralar harakatini tushunmagan bo‘lardi. Lobachevskiy XVIII asrda “Lobachevskiy geometriyasi”ni ixtiro qilgan. Ushbu usul yaqin yillarda lokatsiya dasturi­ning yaratilishiga asos bo‘ldi. Matematika o‘zini o‘zi rivojlantiradi, masalani hayotdan oladi. Uni matematik usullar bilan yechib, qachondir yana amaliy ravishda hayotga qaytaradi. Matematikaning boshqa fanlardan farqi ana shunda. Bir payt­lar u faqat abs­trakt, fundamental fanga o‘xshardi. Lekin o‘sha fundamental matematikaning ham vaqti yetib, kutilmagan joyda tatbiqi kelib chiqadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz qayta-qayta matematikaga urg‘u beradilar.

Matematikani yaxshi bilgan odam qaysi kasbni egallasa ham, injener, quruvchi, mexanik, shifokor bo‘lishiga qaramay, o‘z sohasida hamkasblariga qaraganda ko‘proq natijalarga erishadi. Hozir ko‘p yoshlarimiz Ay-Ti sohasi mutaxassisi – dasturchi bo‘lishni orzu qiladi. Bu hozir eng istiqbolli, kerakli kasb bo‘lib qoldi. Lekin uning o‘rnini sun’iy intel­lekt egallaydi. 

– Sun’iy intellekt inson omili o‘rnini bosa oladimi?

– Bu sohaga bog‘liq. Ba’zi narsalarni u insondan ham yaxshiroq bajaradi. Masalan, das­turlashtirish yordamida sizni birovning ovozi bilan gapirtira oladi. Agar yomonlik qilmoqchi bo‘lsa, nomingizdan nojo‘ya gaplarni “gapirib”, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishi ham hech gapmas. Bunday hollar allaqachon bizga tanish ham bo‘lib qoldi. Sun’iy intellekt hodisasi bir tomondan juda xavfli, ikkinchi tomondan kerakli.

– Fandagi tadqiqotlar boshqa sohalarga ham joriy qilinyaptimi?

– Albatta, foydalanilyapti. Lekin afsuski, bizda hali matematikani qo‘llash unchalik yo‘lga qo‘yilmagan. Chunki boshqa sohalarimizning rivojla­nish darajasi hali matematika qo‘llashgacha yetib kelmagan. E’tibor berilsa, Nobel mukofotini ola­yot­ganlarning aksariyati Yevropa va Amerika olim­lari. Chunki ularda zamonaviy, yangidan yangi uskunalar yaratiladi. Biz ularni sotib olishga ola­miz-u, ishlatadigan, foydalanishni biladigan mutaxassisimiz yo‘q. Chetdan kadr­larni olib kelish juda qimmatga tushadi. Hech bo‘lmasa, zamo­naviy texnologiya­larni biladigan mutaxassis­lari­miz bo‘lishi zarur. Muammolarning ildizi ham shunda. Shuning uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarimiz chet elga o‘qishga yuboril­yapti. Ko‘z tegmasin, talabalarimiz Yevropa, AQSh universitetlarida tahsil olishyapti. Ular o‘sha yerdagi tajri­bani o‘zlashtirib, qanday uskuna olishni ham bilib qaytishadi.

Afsuski, har doim ham tadqiqotlarimiz falon sohada qo‘llanilyapti, deb sanab berolmaymiz. Biz hozir zamonaviy matematikani rivojlantirish bilan shug‘ullanyapmiz. Maqolalarimiz chet ellarda chop etilyapti. Qayerdadir amaliyotda foydala­nilyapti. Masalan, institutimizda “Tibbiyot-bio­logiya-informatika” laboratoriyasi bor. Bu yerda yangi dorilarni ishlab chiqishda sun’iy intellektdan foydalaniladi. Prezidentimizning qarori bilan jahon andozalari talablariga javob beradigan noyob super kompyuter olganmiz. Oldin yangi dori topish uchun har xil kimyoviy elementlar bir-biriga qo‘shib ko‘rilar, o‘rganilardi. Hozir avvalo uning matematik modeli yaratiladi. Oldin kimyoviy xossalarni tekshirish uchun bir yil ketgan bo‘lsa, hozir kompyuter bu jarayonni bir haftada bajara oladi.

– Matematik tibbiyot tushunchasi ham omma­lashmoqda…

– Iqtisodiyot sohasida oxirgi yillarda Nobel mukofotiga sazovor bo‘layotganlarning ko‘pchiligi matematiklardir. So‘nggi yigirma yil ichida Ameri­ka matematika jamiyati ushbu fan doirasida qaysi yo‘nalishda ko‘proq doktorlik himoyasi bo‘lganini tahlil qilganida eng ko‘p natija matematik tibbiyotda qayd etilgan. Sababi avvallari tibbiyot sof tajriba fani bo‘lib, nazariyalar ham kam bo‘lgan. Hozir apparatlar juda ham ko‘p, bilimlar bazasi kengaygan. Baza ko‘p bo‘lsagina unga yangi fan kirib boradi, tahlilga yo‘l ochiladi. Masalan, ellips­ni oladigan bo‘lsak, uning ikkita fokusi bor. Bir fokusidan nur chiqarsangiz qayerga borsa ham akslanib ikkinchi fokusiga qaytib keladi. Bu hodisa bugungi kunda lazerli terapiyada ham keng qo‘llanilyapti. Onkologik operatsiyalarda shu usuldan foydalanib, aynan kasallangan hujayrani yo‘qotish uchun nur chiqadigan joyi birinchi fokusda, hujayra ikkinchi fokusda tursa, nur qayerga yo‘naltirilsayam kasal hujayraga boradi.

– Siz Butunjahon Fanlar akademiyasi a’zosisiz. Yurtimizdagi ilm-fan taraqqiyotini dunyo ilm-faniga qiyoslaganda kamchilik va yutuqlar nimalarda ko‘rinadi? Ularning tajribalaridan nimalarni o‘rgansak bo‘ladi?

– Matematika – dunyoviy fan. Bir joydagi tadqiqot, ixtirolar boshqa joyda ham qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun butun dunyodagi matematiklar bilan aloqada bo‘lib tura­miz. Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatida bo‘l­ganman. Hamma joyning o‘z afzalligi, yutuqlari bor. Masalan, noassotsiativ algeb­ra yo‘nalishida biz­ning institutimiz dunyo­da tan olingan markaz hisoblanadi. Hatto AQShning Milliy ilmiy fondi (National Science Foundation) pandemiyagacha har yili o‘z talabalari uchun tanlov e’lon qilar, ikki yarim oy davomida institutimizda ilmiy ish qilib, ma’ruzalar tinglashi uchun har bir talabaga 3 ming dollardan pul to‘lab, o‘n nafar talabani bu yerga yuborardi.

Institutimiz algebra va yana bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha ham dunyoda tan olingan obro‘li markazlardan biridir. Har bir yo‘nalishning ana shunday markazlari bor. Qayerdadir yangi yo‘na­lish rivojlanayotgan bo‘lsa, biz ham xodimlari­mizni o‘sha yoqqa yuboramiz yoki ularni taklif qilamiz. Matematiklar orasida axborot almashish keng yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, internet rivojlanib, semi­narlarimiz ham xalqaro miqyosda onlayn o‘tadigan bo‘ldi. Hozir xorijga bormasdan turib ham hamkorlik qilish mumkin.

– PhD va fan doktorlarininig soni ko‘paya­yotgani, ilmiy ishlarning ko‘chirmakashlik yo‘li bilan himoya qilinayotgani haqida ko‘p gapiril­moqda. Nahotki aniq fanlarda ham antiplagiat dasturlar bularni aniqlay olmasa?

– Biz uchun juda og‘ir muammoni ko‘tardingiz. Prezidentimiz olimlarga ko‘plab shart-sharoitlar yaratib berdi. Ularning maoshi oshirildi, ilmiy darajasi borlarga ustama haqi to‘lanadigan bo‘ldi. Bir olim sifatida aytamanki, bu imtiyozlar ilm yo‘lidagilar uchun ulkan imkoniyat. Ammo bu ishonch suiiste’mol qilinib, ko‘p sohalarda qalbakilashtirish boshlandi, soxta fan doktorlari ko‘payib ketdi. Nafaqat ko‘paydi, balki qing‘ir yo‘llar bilan mansabga ko‘tarilgan ba’zi rahbarlar boshqalargayam yo‘l ochib beryapti. Masalan, bir kishi soxta doktor bo‘lib, yo‘l-yo‘riqlarni bilib olsa, ke­yin “shogird­lari”ga ham o‘rgatadi. Chunki qancha ko‘p fan nomzodi, fan doktorlarini tayyorlasa, shuncha obro‘si, moyanasi oshadi. Bir oycha avval “Jadid” gazetasida akademik Abdulla A’zamovning “Qutu­rish qonuni” degan maqolasi e’lon qilingan edi. Matematiklarimiz ilm-fandagi qallobliklarni ko‘rib, bu masalaga murosasiz munosabat bildirishyapti. Abdulla akaning maqolasida ko‘rinishi xorijiy nufuzli jurnalga o‘xshaydigan nashrlar ham tanqid qilingan edi. Ularning ichini ochib o‘qisangiz, tahrir hay’ati a’zolari ham o‘zimizniki, tizimni qalbakilash­tirib olishgan. Yarim yildan keyin jurnal­ning sox­taligi oydinlashib, yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo ungacha qalloblar mo‘may daromad ishlab, boz ustiga ilm daryosini loyqalatishga ulgurishadi.

– Baribir aniq fanlarga asoslangan tadqi­qot­larda “o‘g‘rilik”ni fosh etish osonroq bo‘lsa kerak. Chunki bu sohada raqamlar “gapiradi”. Shunday emasmi?

– Ha, afsuski, pedagogika kabi ijtimoiy soha­lar­da ko‘chirmakashlik avjiga chiqqan. Aynan peda­go­gikada to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirilgan ish­larga ko‘p duch kelganmiz. OAKda antiplagiat dasturi bor. Dasturning ishlash uslubi ilmiy ishni ochiq bazalar bilan tekshiradi. Dissertatsiyalar bu bazada yo‘q. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri ololmaysiz. Biz dissertatsiyalarni sotib olib solishtirdik. O‘shanda so‘zma-so‘z tarjima qilingani ko‘rinib qoldi. Peda­gogika yo‘nalishida juda ko‘p ilmiy kengashlar ochilgan. Ishni ularga jo‘natsak ham, baribir, “Qar­g‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi”, deganlari­dek, ovoza qilishmadi.

Gaplarim ko‘pchilikka yoqmasligi mumkin. Biroq bu fakt, haqiqat. Men faqat matematika sohasi uchun emas, O‘zbekistondagi barcha fan tarmoqlari uchun jon kuydirib aytyapman. Res­publikamizdagi turli fan jamiyatlari raislari to‘planganda bir necha bor: “Hamma o‘z fanini o‘zi himoya qilishi kerak”, dedim. Biz fanimizda bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Gapingizda jon bor, matematikada ko‘chirmakashlikni xaspo‘shlash qiyin, darrov misi chiqadi. Vaholanki, Yevropa, Xitoy kabi davlatlarda pedagogika fani nomzodlari, doktorlari yo‘q. Chunki pedagogika ta’lim rivojlangan mamlakatlarda fan hisoblanmaydi. Bu – mahorat. Shunaqa kulgili “ilmiy ish”larni ham ko‘rdikki, matematikani o‘qitish metodikasi bo‘yicha dissertatsiya yozgan kishining o‘zi matematikani bilmasligi ma’lum bo‘lib qoldi.

– Mental arifmetika bolaning fanlarni o‘z­lash­tirishi, fikrlashi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi haqida aytiladi. Ta’lim tizimimizda mental arifme­tikani joriy qilish qanchalik samarali deb o‘ylaysiz?

– Mental arifmetika bu – matematika emas, shunchaki tez hisob-kitob qilish usuli. Televizorda ba’zi bolalarning sonlarni tez qo‘shib-ayi­rayotganini ko‘ramiz. Bu ham inson miyasining imkoniyatlaridan biri. Xuddi kompyuterda tez hisoblaganday gap. Bunda asosan algoritmning elementar bir usuli o‘rgatiladi. Biroq bu o‘quvchi­ning matematikani yaxshi bilishini ko‘rsatmaydi. Ular teoremalarni yaxshi tushunmaydi. Mantiqiy masalani yechishda ham mental arifmetikani qo‘llab bo‘lmaydi. Miyani charxlash uchun biroz shug‘ullanib ko‘rilsa ziyoni yo‘q. O‘ylashimcha, hammani mental arifmetikaga jalb qilish maqsadga muvofiq emas.

– Iste’dodli yozuvchimiz Abduqayum Yo‘l­dosh­ning “Puankare” qissasida matematik olim­ning mashaq­qatli, ziddiyatlarga to‘la ha­yot yo‘li tasvirlangan. Bugungi kunda olimlar oldida ilm uchun qanday to‘siq va muammolar bor?

– Bu matematiklar tarixidagi qiziq voqea. Puankare muammosi matematikaning klassik masalalaridan biri. U ikki asr oldin Jyul Anri Puankare tomonidan qo‘yilgan muammo hi­sob­lanadi. Ko‘p olimlar ushbu gipoteza ustida ishla­gan. Hozirda Sankt-Peterburg shahrida yashagan matematik olim Grigoriy Perelman butun umrini shunga bag‘ishlab, masalani hal qilgan. Ammo uning topilmasini boshqa yurtlik bir nech­ta matematiklar o‘z nomidan e’lon qilishgan. O‘shanda bu katta shov-shuv bo‘lib ketgandi. Keyin xalqaro matematika jamiyati muammoga aralashib, Perelmanning muallif ekanini tasdiqlagan. Perelman ilmiy jamoatchilikdan qattiq xafa bo‘lgan va matematika sohasidagi eng oliy mukofot “Filds” medalini berish uchun chaqirishganida ham bormagan. Medalning 1 million dollarlik mukofotini ham olishdan bosh tortgan. Hatto Xalqaro Matematika Jamiyati prezidenti kelib iltimos qilganida ham pulni olmagan. Holbuki, o‘zi keksa onasi bilan tor-tang kvartirada muhtojlikda, g‘a­rib ahvolda kun kechirgan. Shu tariqa Puankare masalasi insoniylik, aniqrog‘i, halollik muammosi bilan baqamti turib qoldi.

– Shavkat Abdullayevich, sirasini aytganda, ilm ahli­ga hamma zamonlarda ham oson bo‘lmagan…

– To‘g‘ri. Mustaqillikning ilk yillarida ham olim­larimiz hayotida turli qiyinchilik­lar bo‘ldi. Faqat matematiklar emas, barcha olimlar murakkab pallalarni yashab o‘tishdi. Fanlar akademiyasi yopilish arafasida edi. Bizning institutimiz ham Akademiya tarkibidan chiqarilib, Milliy universitet qoshiga o‘tkazildi. Fizika, Yadro fizikasi institutlari va yana qanchalab gumanitar fan ins­titutlari yopilib ketdi. Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishlari bilan barcha akademiklarni yig‘ib, ilm-fanni tiklash uchun nima qilishimiz kerak, degan masalani o‘rtaga tashladi. Birinchi Farmoni bilan Akademiya qaddini rostladi. Matematika sohasiga doir ikkita qaror qabul qilindi. Viloyatlarda institutimizning bo‘limlari ochildi. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim va fanni ko‘proq bir-biriga muvofiqlashtirish edi. Hozir olimlarimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Uy-joy, avtoulov, mablag‘ va ta’minot masalasida qator imtiyozlar berildi. Bizdan yagona talab – ana shu e’tiborni suiiste’mol qilmaslik, ishonchni oqlab, ilmni sidqidildan rivojlantirish.

– Bugungi ta’lim tizimidagi muammolarning ildizi qayerda?

– Ta’lim hayotimizning eng muhim sohasidir. Afsuski, hozir ta’lim sifati yuqori emas. Uni birgina xato bilan buzish oson, lekin tuzatish uchun o‘n, yigirma yillab fursat yo‘qotamiz. Bilim berishda birinchi navbatda o‘qituvchi, keyin darsliklar masalasi muhim. Institutimiz Prezident qarori bilan matematika darsliklariga mutasaddi qilingan. Hozir barcha – maktabdan tortib, oliy ta’limgacha darsliklar shu yerda ekspertizadan o‘tishi ke­rak. Afsuski, ba’zi sifatsiz darslik va qo‘llanmalar bizning institutimizni chetlab o‘tmoqda.

Muhim masalalardan yana biri pedagogika universitetlarida tayyorlanayotgan kadrlar, ularning bilim va salohiyati, o‘qituvchilik mahorati darajasi bilan bog‘liq. Ular asosiy e’tiborini PhD va fan doktorlari tayyorlashga qaratgan. Lekin ularning birlamchi vazifasi maktab o‘qituvchisini tarbiyalab yetishtirishdan iborat bo‘lishi kerak. Yaqinda butun dunyo miqyosida ta’lim sifatini tekshiradigan “PISA” reytingi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston eng quyi o‘rinlardan birini oldi. Ya’ni bu bizda maktab ta’limining sifati yaxshi emasligini ko‘rsatadi. Balki, birinchi marta testda qatnashilayotgani, o‘quvchilar ko‘nikmaga ega bo‘lmagani uchun ham past ball olingan bo‘lishi mumkin. Ammo ayrim maktablardagi ta’lim darajasi pastligi hech birimizga sir emas. Vaqt boy berilgach, na ta’limni, na saviyani ko‘tarib bo‘ladi.

Jadid bobolarimiz jami islohotning avvali maktabda, pedagogikada deb bilishgan. Yangi Toshkent shahriga tamal toshi qo‘yish marosimida Prezidentimiz “Bu yerda pedagogika universiteti­ning kampusini quramiz”, deb bejiz ta’kidlamadi. Hozir universitetning fakultetlari poytaxtning turli hududlarida joylashgan. Bu, albatta, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Yangi Toshkentda esa 20 ming talabaga mo‘ljallangan kampus bo‘ladi. Umid qilamizki, fan va ta’limga berilayotgan bu qadar yuksak e’tibor ziyolilarimiz tomonidan qadrlanib, amaliy natijalar bilan munosib javob qaytariladi.

– Biz ham millat nomini dunyoga taratgan ulug‘ matematik allomalarimiz an’anasi sizlar­ning timsolingizda davom etadi deb ishona­miz. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img125

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img635

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img630