Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2024 | 20:54

img727

QISMATI O‘ZIDAN OG‘IR KITOBLAR

Har tirik jon kabi dil siyo­hi bilan yozilgan kitoblarning ham quvonchli-yu ayanchli taqdiri bo‘ladi. Kitob­xonning sirdosh va dildoshi, ko‘ngil mulki maqomiga ko‘tarilgan asar­lar asrlardan asrlarga o‘tib yashaydi, necha-necha avlod­lar qalbini ilm nuri bilan yoritadi. Yana shunday asarlar bo‘ladiki, ular zamiridagi chin haqiqat adolat mash’ali yanglig‘ porlab, zolimlar, bosqinchilar, firibgar-u fitnakorlarning ko‘ngliga qo‘rquv soladi.

Kitobshunos, adab ilmiga doir ko‘p­lab asarlar muallifi ibn an-Nadiym­ning xotirlashicha, xalifa Ma’mun bir urushda Rim podshohini mag‘lub etgach, o‘zaro sulhga ko‘ra, undan o‘lpon o‘rniga bag‘dodlik olimlarga xazinasidagi nodir kitoblarni tarjima qilish uchun ruxsat berishini talab qilgan.

Fotimiy xalifalarning mashhur kutubxonalari mamluklar tajovuzi paytida yo‘q qilingan. Muarrixlar “Johil olomon nodir kitoblarga o‘t qo‘yib, ularning jildidan kiyishga poyabzal yasab oldilar”, deya yozishgan.

Bosqinchilar Bag‘dodni vayron qil­ganlarida bu yerdagi mashhur kutub­xonalar tamomila yo‘q qilingan. “Vah­shiy­­lar qo‘llariga ilingan barcha kitob­­lar­ni daryoga uloqtirishgan, suvga tash­lan­gan kitoblar hisobiga daryo suv­lari qirg‘oqlaridan toshgan, shu darajadaki, otliq kishi daryoning u sohilidan bu sohiliga bemalol o‘ta olgan, kitoblar­ning rangi hisobiga suv bir necha oy timqora rangga bo‘yalgan”.

Salib yurishlari davrida Tripolida uch million kitob yo‘q qilingan. Musulmon Andalusiyasiga uyushtirilgan bosqinda Gʻarnota maydonida bir milliondan ortiq kitob shafqatsizlarcha yoqib yuborilgan. Nobel mukofoti sohibi, fizik olim Pyer Kyuri bu mash’um johillik haqida shunday yozadi: “Andalusiyadan bizga bor-yo‘g‘i 30 ta kitob qoldi, xolos. Shu kitoblarni o‘qib, atomni parchalashga erish­dik. Agar biz ana o‘sha buyuk islom sivilizatsiyasiga tegishli kitoblarni yoqib yubormay, saqlab qolganimizda nima bo‘lardi − biz bugun fazodagi galaktika­lar orasida sayr qilib yurgan bo‘­lardik”.

Asar yozish rejasi qamoqxonada tug‘ilgan mashhur kitoblar orasida Ser­van­tesning “Don Kixot”, Jon Banyanning “Avliyoning sayohati”, Oskar Uayldning “Qamoqdagi istig‘for”, Nikkolo Makiavellining “Hukmdor” asarlari bor.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirzakalon Ismoiliyning “Farg‘ona tong otguncha” romani ham qamoqxonada yozilgan. Mahbus Ismoilov kunlik yuk tashish rejasini ortig‘i bilan bajargani, tinimsiz ishlagani uchun unga dastlab kuniga ikki varaq, so‘ng uch, to‘rt varaq qog‘oz berilgan. Nazoratchilar o‘zbekistonlik mahbus qog‘ozga nimalarni yozayotganini kuzatib turishgan.

Romanning so‘nggi bobiga kelganida Ismoilovning qamoq muddati tugab qoladi. Yozuvchi­ning qa­moqxona rahbarlariga yozgan arizasiga Moskvadan rux­sat kelgach, Mirzakalon kamerada “istisno tariqasida” yana yigirma kun yashab, asarni yozib tugatadi.

Yaqin o‘tmishda yozilgan ba’zi kitoblarda Toshkentning so‘nggi qozikaloni Hakimxo‘ja eshon Norxo‘ja eshon o‘g‘li haqida asosan salbiy fikrlar bor edi. Bu holatga ustoz Sharif Yusupovning “Tarix ummoni sirlari” kitobida aniqlik kiritilgan. Muallif shunday yozadi: “Emishki, Toshkentga Chernyayev qo‘shini hujum qilgan 1865-yilning yozida qozikalon o‘zi istiqomat qilgan Sebzor dahasi yigitlarini bosqinchilarga qarshi kurashga boshlagan, kuchi yetmagach, o‘z odamlari bilan qochib qolgan. Go‘yo o‘z mansabini saqlab qolish ilinjida shahar darvozasini bosqinchilarga ochib bergan ekan va hokazolar… Asli­da voqea bunday bo‘lgan. Toshkent shahri qamalda qolgach, bir yarim oy mobaynida ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan azoblardan qirilib bitishga mahkum etilgan aholi Abulqosimxon eshon, Solihbek oxund, Hakimxo‘ja qozikalon singari pokdomon zotlarga iltijo qilib, dushman bilan murosa yo‘lini topishni so‘raydi. Shu tariqa so‘nggi chora sifatida taslim bo‘lish haqida Chernyayev bilan bitim tuziladi. Bu to‘g‘rida ishonchli manbalarda yozib qoldirilgan. Ana shu voqealardan keyin Hakimxo‘ja qozikalon Turkiston gubernatori Romanovskiy ishtirok etgan katta yig‘ilishda bu hukmdorning dag‘dag‘asiga javoban, dilidagi gapni dangal aytadi: “Hammamizni yaratgan Haq taolo bor. Uning amri har bir inson uchun muqaddasdir, binobarin, sizning amringizdan ham yuqori turadi. Agar Haq taolo meni o‘z panohida asrasa, faqat siz emas, balki sizdan yuqorida turganlar ham hech narsa qila olmaysiz­lar. Muhtaram janob, siz meni qo‘rqitish bilan shariat yo‘lidan toydirishga majbur qilaman deb o‘ylay ko‘rmang!”

Bu jasoratli gap imperator saroyigacha yetib borib, katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng yirik hukm­dorlar orasida “Turkistonda Xudodan boshqa hech kimdan qo‘rqmaydigan jasoratli yagona odam bor, u − Hakimxo‘ja qozikalondir”, degan ovoza tarqaladi…”

Abdulla Qodiriyning uch hukmdorni maftun etgan Xonposhsha haqidagi kitobi yozib tugatilmagan. Tadqiqotlarda aytilishicha, adib mavzuni o‘rganish uchun bir necha bor Marg‘i­londa bo‘lgan, Xudoyor­xon zo‘rlik bilan uylanib olgan Roziyabegim bilan uchrashgan, uning ayanch­li taqdiri bi­lan qiziqqan. Qamoqqa olinganida NKVD tintuvchilari adib bilan birga romanning dastlabki boblari bitilgan varaq­larni ham “veshdok” – jinoyatni tasdiqlovchi hujjat sifatida olib ketishgan. Xotiralarga ko‘ra, hibsxona nazoratchilari nos chekkanlarida, tufdon sifatida shu varaqlardan foydalanishgan. Milliy adabiyotimiz yana bir noyob asarni yo‘qotgan.

Ismoil Gʻasprali asaridan o‘qiganim: “Abu Ja’far Yunon hukmdori bilan inoq bo‘lib, Afinadan beadoq kitoblar oldi­radi. Ma’mun davrida Yahyo ibn Xo­lid Barmakiy Ptolomeyning “Majistiy” asarini tarjima qiladi. Sanad bin Ali va ­Xolid bin Abdumalik astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritadilar. Yer sharining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqiladi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga oid asarlaridagi ko‘plab xatoliklarni aniqlaydilar, quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumli yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qiladilar. Yevropa olimlari handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy beshinchi asr boshida tuzgan “Az-ziji Shomil” va “Majistiy”sidan o‘rgandi…”

Mashhur golland vrachi German Bur­xa­vening “Tibbiyot san’atining yago­na va teran siri” nomli kitobi muallif o‘limi­dan so‘ng 1738-yili auksionda 10 ming dollarlik oltinga sotiladi. Bejirim bezalgan va g‘iloflangan kitob ochilganida uning sahifalari bo‘m-bo‘shligi ma’lum bo‘ladi. Birinchi sahifasida birgina shu yozuv bor ekan, xolos: “Boshing­ni sovuqda qoldirsang ham oyog‘ingni issiq tut. Shun­da­gina sen eng zo‘r vrachlarni ham qash­shoqlikka mahkum qilasan”.

Bir kitobda o‘qiganim yodimga tushdi: “So‘qirlik shayton va jinoyatga o‘rin qolmagan baxtli koinotdir… Tabrizlik Shayx Ali ismli mashhur musavvir Jahonshoh uchun “Xusrav va Shirin” devoniga suratlar chizadi. Ish yarimlab qolganida shoh o‘zi uchun dunyo­da tengsiz kitob yaratilayotganidan behad xursand bo‘ladi. Ammo ko‘ng­lida xavotir uyg‘onadi: Shayx Ali uning azaliy raqibi bo‘lmish Uzun Hasanga bundan-da go‘zal va bebaho kitob yaratib berishi mumkin. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Kitob bitishi bilan Shayx Alining ko‘zini ko‘r qi­lish kerak.

Shoh mulozimlariga tegishli topshiriq beradi. Bundan musavvir xabar topadi, ammo u Tabrizni tark etmaydi, hech nima bo‘lmaganday, ishini davom ettirave­radi. Kitob bitgach, shoh yovuz niyati­ni amalga oshiradi. Biroq bu ishidan hech qan­day natija chiqmaydi. Shayx Ali Uzun Hasanga xotirasi asosida yanada go‘zal va betakror kitob tayyorlab beradi. Bundan ilhomlangan Uzun Hasan Jahonshohga qarshi qo‘shin tortadi, raqibini mag‘lub etib, uning xazinasidagi no­yob kitobni qo‘lga kiritadi. Keyinroq fotih Sulton Mahmud Uzun Hasanni yengib, ikkala kitobni ham olib ketadi.

Yevropaning bir qator mamlakatlarida vaqti-vaqti bilan o‘n ikki-o‘n to‘rt yoshli o‘smirlarning qancha foizi kitob o‘qishiga aniqlik kiritib turiladi. Bu hududda kitob o‘qimaydigan bolalardan kelgusida jinoyatchilar chiqishi ehtimoli nazardan qochirilmas ekan…

O‘zbekistonda shaxsiy kutubxonasida o‘n mingdan ortiq kitoblar jamlangan yuzdan ortiq kitobsevarlar bor. Har yili yuz ming nusxadan ortiq kitob O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilib, yosh kitobxonlarga bepul tar­qa­tilmoqda.

Kitoblar haqidagi hikoyatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Maqolani mual­liflik huquqi o‘zimga tegishli bo‘lgan bir daqiqalik film ssenariysi bilan yakunla­moq­chiman: “To‘y. Karnay-surnay sado­lari. Kuyov bola jo‘ralari bilan kelinni olib ketishga kelgan. Gullar bilan yasatilgan “Mersedes”. Kelinni avaylab mashinaga o‘tqazishadi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘olayotganida kutilmagan voqea yuz beradi – kelin mashinadan tushib, hay-haylashlariga qaramay, uyi tomon yuguradi. “Voy sharmanda, kelin qochib ketdi”, degan g‘iybat bosh­lanadi. Kuyov gangiydi. Bir necha daqiqadan keyin kelin qaytadi. Qo‘lida kitob. “Bobom o‘n olti yoshga to‘lgan kunim sovg‘a qilgan edilar”, deydi u noyob hadyani bag‘riga bosgancha mashinaga o‘tirayotib”.

Havas qilsa arzigulik taqdir.

Ahmadjon MELIBOYEV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600