Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.07.2024 | 18:40

img772

MAQOM – RUH OZIG‘I

Keyingi vaqtlarda yurtimizda milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilyapti. Asrlar davomida ne-ne atoqli nozimlar, olimlar-u hofizlar, sozandalar-u navozandalarning sermashaqqat mehnati, ijodiy tafakkuri tufayli ravnaq topib, bizning davrimizda ham ijro etib kelinayotgan bu noyob san’at faqatgina yurtimiz va mintaqa mamlakatlarida emas, balki dunyo qamrovida ham katta e’tibor va e’tirof qozonib kelmoqda.

Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli badiiy rahbari, taniqli sozanda va bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim ISMOILOV bilan suhbatimiz ana shu muhtasham maqom san’ati xususida bo‘ldi.

ILDIZ QACHON SUVGA YETADI?

Madaniyat ahli orasida “Haqiqiy san’at hech qachon millat tanlamaydi” degan qanotli ibora mavjud. Bu gap ulug‘vor maqom san’ati­ga ham tegishli. Agar ohang poydor bo‘lsa, maqom­ning poydevori juda mustahkam bo‘ladi. Bilasiz, musiqa alifbosida yettitagina nota bor. Necha asr­lardan buyon ana shu yetti moʻjiza vositasida minglab kuylar yaratilyapti. Boshqa xalqlar­ning ham kuy-qo‘shiqlari o‘ziga xos, lekin ular­ning taronasi 3–5 notadan u yog‘iga o‘tmaydi. Xudo bizning xalqimizga soz pardasini butun, komil qilib bergan. Ilmiy maqom tariximiz juda olis davrlarga, Forobiy, Abu Ali ibn Sino, hazrat Alisher Navoiy davrlariga borib taqaladi. Tarixdagi jamiki buyuk ajdodlarimiz u yoki bu darajada musiqashunos bo‘lishgan. Bu xislat Yaratgan tomonidan ato qilinadi. Agar shunday bo‘lmasa, Bobur Mirzo hazratlarining har bir g‘azali kuyga tushmas, qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning she’rlari o‘z-o‘zidan qo‘shiqqa aylanmas edi. O‘z paytida Erkin akaning deyarli har bir she’ri qo‘shiq bo‘lgan. Chunki shoiri­miz aruz ilmini yaxshi egallagan, o‘zi ham yetuk navoiyshunos olim darajasidagi shaxs edi. Ma’lumki, aruzda bitilgan she’rlar o‘z hijosi, ichki ohangi bilan yarim qo‘shiq sanaladi. O‘rni kelganda, bir gapni aytib qo‘yishim kerak, bugun ayrim ijodkorlarimiz: “Nega san’atkorlar mening she’rimni qo‘shiq qilmaydi?” deb o‘zlariniyam, bizniyam noqulay ahvolga solib qo‘­yishadi. Ularning savoliga javob shu: ozgina mumtoz adabiyotni o‘rganish, ulug‘ shoirlarning g‘azallarini yod olish kerak. Ana shunda shoirlarning ijodi teranlashib, o‘zbekcha ayt­ganda, ildizi suv­ga yetadi.

OLIYMAQOM SAN’AT

1996-yili Tokioga borganimda Okinava shahri­da bir yapon musiqashunosi: “Sizlar­ning maqomlaringizni kompyuterga solib, o‘zagi va jozibasining sababini topolmadim. Maqom degani qanday musiqa o‘zi? Uning asoslari qayer­da?” deya hayrat bilan savol bergan edi. “Murakkabligi nimada? Nega topolma­dingiz?” deb so‘rasam, “Boshlanish pardadan ikkinchi par­da­ga o‘tganda daromadi boshlanadi. Daromaddan o‘rta pardaga o‘tadi, o‘rta pardadan kichkina avjga, kichkina avjdan katta avjga, katta avjdan yana kichkina avjga, kichkina daromadga, yana daromadga qaytib keladi. Ya’ni, boshlagan joyi­ga yana qaytadi. Mate­ma­tika, hisob-kitob ­bunga javob berolmayapti”, deya hayratlandi. Ana shunday, milliy maqomimiz – oliymaqom san’atdir, uning ma’no-mohiyati, dardi va ohangi­ni anglab ­yetish uncha-muncha allomaga nasib qilmaydi.  

Maqom insonga axloq-odobdan saboq beradi, kishini madaniyatli, iymonini baquvvat qiladi, ota-­onaga, el-yurtga sodiqlikka da’vat etadi. Maqom muhiti kishini ruhan tarbiyalaydi, toblaydi. Maqom ijrochisi hazrat Navoiy, Nodirabegim, Uvaysiy asarlarini yod olib, ularni qo‘shiq qilib kuylash barobarida g‘azallarning ichiga kirib borar ekan, o‘z-o‘zidan kibrdan yiroq bo‘ladi. Zotan, san’at va adabiyot ahliga takabburlik mutlaqo yarashmaydi. Kalondimog‘lik – iste’dodning eng katta kushandasidir. 

SANOYI NAFIS NIMA?

Xalqaro Maqom anjumani birinchi marta Shahrisabz shahrida o‘tkazilganida yurtimizga xorijdan qanchadan qancha san’atkorlar, soha mutaxassislari, muxlislar-u mehmonlar oqib keldi. Chunki bu tadbir shunchaki ko‘ngilochar tomosha emas, balki o‘ziga xos ilm anjumani hamdir. Maqom tadqiqotchilari o‘zaro fikr almashishdi, ijrochilar bir-birlaridan ilhom va ta’lim olishdi. Bu yilgi festival uchun nega aynan Zomin tumani tanlandi? Sababi, u yerda maqomning tabiatiga yarashadigan tabiat bor. Maqomning tabiati degani – toza ruh degani. Ba’zi odamlar haqida tabiati sal xiraroq, degan gap yuradi. Bu – san’atdan, adabiyotdan uzoq g‘ofil banda degan ma’noni anglatadi. Agar asl tabiatli, qalbida ozgina dardi bor, muhabbatga oshno kishilarning oldida musiqa ijro etsangiz, ilhomingiz keladi, she’r o‘qiganingizda jo‘shib ketasiz. Chunki u sizni his qilyapti, tushunyapti. “Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga” degan maqol ham bejiz aytilmagan. San’atning o‘zi ruh bilan paydo bo‘ladi.

Musiqa ilmida uchta mashhur ibora mavjud: sanoyi nafis, rizoyi ruh, ilmi musiqa. Sanoyi nafis – dunyodagi nafislardan nafis san’at, o‘ta nozik degani. Ya’ni, kapalakni ushla­shingiz mumkin, lekin san’atni ushlolmaysiz. U shunaqa nozik, nafis va ulug‘ ne’matdir. Agar san’atkor kibrga berilmasdan, ustozlar duosi­ni olgan holda ijod qilsa, rizoyi ruhga erisha­di. Ilmi musiqa degani shuki, san’atkor avvalo tug‘ma iste’dod sohibi bo‘lishi lozim. U o‘ziga ato etilgan ana shu qobiliyatni rivoj­lantirish uchun tinimsiz o‘qib-o‘rga­nishi, mashq qilishi kerak. Maqomni institutda, konservatoriya­da, san’atga bog‘liq dargohlarda o‘qish shart. Ana shunda san’atkor­ning ilmi to‘kis bo‘ladi. Lekin faqat shuning o‘zi bilan san’atkor bo‘laman, deb o‘ylagan odam xato qiladi. San’atkor davralarda o‘zini tutish, muo­mala va muloqot bobida ham mukammal bo‘lishi lozim. Ahamiyat bersangiz, ilmli odam doim mulo­yim, vazmin qiyofada andisha bilan gapiradi. Nimagaki, ilm – odob demak.

MAQOM – MILLIY QADRIYAT

Yaqinda Zomin tumanidagi so‘lim maskanda o‘tkazilgan ikkinchi Xalqaro maqom san’ati anjumaniga 80 dan oshiq davlatdan mehmon keldi. Bu gal ham biz anjuman ishtirokchilari­ning chiqishlarini diqqat bilan kuzatdik, o‘z navbatida mehmonlar bizning milliy ashulala­ri­mizni eshitib, tom ma’noda hayratda qolishdi. O‘zbek maqomining avji balandligini, ma’nosi teranligini, ohangi betakrorligini yana bir bor e’tirof etishdi. Bu galgi anjumanda eronlik maqom ijrochilari Gran-pri sovriniga sazovor bo‘lishdi. Lekin ushbu mamlakatdan tashrif buyurgan xonanda Ali Asg‘or Arabshohiy ham, turk san’atkori Chidem Gurdal ham o‘zbek maqomining o‘ziga xos jilvasi, betakror nolalari va baland darajasini alohida e’tirof etishdi. Mehmonlar festivalning ochilishida “Toshkent irog‘i”, “Qo‘qon ushshog‘i”, “Munojot”ni eshitib lol qo­lishdi. Mazkur ashulalar yaxlit asarday bir-biriga ulanishini ko‘rib, hayron bo‘lishdi. Biz esa xalqimizning qay darajada yuksak san’at sohibi ekanligidan faxrlandik.

Shu o‘rinda bir gapni ham aytmasam bo‘l­maydi. Men shunday durdona san’atimizning qadriga yetmaydigan, unga bepisand qaraydigan odamlarni ko‘rsam yoqamni ushlayman. Olding­dan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlari shu-da. Maqom – biz uchun milliy qadriyat. Agar uni anglamasak, qadrlamasak, milliy qiyofamiz to‘kis bo‘lmaydi. Ana shuning uchun ham yurtimizda maqom anjumanlari tashkil etilyapti. O‘z navbatida, bu festivallar xalqimizning tari­xiy san’atimiz mazmuni va ahamiyatini teranroq angla­shi­ga ham ko‘maklashyapti.

OLTIN SILSILA

Rasul qori Mamadaliyev, Fattohxon Mama­da­liyev, Tavakkal Qodirov, Orifxon Hotamov, Ma’mur­jon Uzoqov, Zaynab Polvonova, Fotima Boru­xova, Barno Isoqova, Kommuna Ismoilova, Habiba Oxunova, Berta Davidova… Maqom san’ati oltin silsilasining nomdor namoyandasi bo‘lgan bunday ustozlarning o‘ziga xosligi nimada edi? Shubhasiz, maqomda, maqom tarbiyasini egallaganida. Ular maqomning yuksak pardalarida ijod qilib, shu oliy maktabning o‘quvchisi sifatida keyinchalik o‘zlari ham yangi qo‘shiq yaratganlar. Doni Zokirov, Gʻanijon Toshmatov ham maqomni yaxshi bilgani uchun yaratgan qo‘shiqlarining umri uzoq. Hozir aksariyat xonandalar kuylayotgan qo‘shiq­larning umri uch oyga ham bormayapti. Sababi, ular maqomni bilmaydi. Qo‘shig‘ining asosida maqom nolasi, maqom pardasi yo‘q. Botir Zokirov ijodiy yutuqlarining eng katta siri shuki, u kishining otasi Karim Zokirov maqom ustasi bo‘lgan. Qolaversa, Botir Zokirovning ko‘plab mashhur qo‘shiqlariga kuy bastalagan Ikrom Akbarov chinakam maqomdon edi. Mutal Burhonov davlatimiz madhiyasining musiqasini qoyillatib bastalaganining sababini bilasizmi? Chunki u kishi “Shashmaqom”ni yoddan bilgan. Atoqli kompozitor Manas Leviyev tomonidan “Mahallada duv-duv gap” badiiy filmiga yozilgan o‘lmas musiqa zamirida ham maqom yotibdi.

Ko‘ryapsizmi, maqomdan xabardor san’atkor yaratgan musiqalar zamonlar osha yashayveradi. Afsuski, hozir ko‘pchilik yoshlar maqomni yaxshi bilmaydi, uni deyarli eshitmaydi. Xo‘p, maqom aytma, lekin uni o‘rgan, tushun, shu­ning o‘zi yetarli. Boshqa narsa kerak emas…

MAQOM VA ZAMONAVIY CHOLG‘ULAR

Xo‘sh, Xalqaro maqom anjumani o‘zimizning Maqom ansamblimizga nima berdi? Avvalo, anjuman tanlovida ansamblimiz 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Bu biz uchun bir pog‘ona yuksa­lish bo‘ldi. “Endi bu yog‘iga Gran-priga harakat qi­lish kerak”, dedilar davlatimiz rahbari. Ha, endi o‘zbek maqomini tom ma’noda dunyoga olib chiqamiz. Hatto, Maqom ansamb­liga zamo­naviy sozlarni qo‘shishga ruxsat berildi. Bu qanday bo‘ladi? Sintezator – yevropaniki, lekin cholg‘u egasi maqomchi. Qaysi cholg‘u bo‘lsa ham maqom ijrosi jarayonida uni o‘zimizga bo‘ysundirib olamiz. Nola, qochirimlar berib, maqom yo‘liga olib kirish cholg‘uchining o‘z qo‘lida.

Agar xudo ko‘ngliga solmasa, soz ustasi sinte­zator, gitara kabi cholg‘ularni yarata olmay­di-ku. Ibn Sinoning ham ko‘ngliga solmasa, insonning ko‘zdan pinhon bo‘lgan ichki a’zolari­dagi kasalliklarni qanday topardi? Turg‘un Alimatov tanburchi edi, lekin u kishi zamonaviy sato cholg‘usini dunyoga keltirdi-ku. Bizda yaqin vaqtlargacha hammani yig‘latishga qodir bo‘lgan bunday turdagi cholg‘u yo‘q edi. Turkiyalik sozanda rus sozida mug‘om chalyapti. Shinavandalar unga e’tiroz bildirmayapti…

Muhimi, festival ansamblimizga juda katta ijodiy turtki berdi. Ansamblimiz bor bo‘yi bilan dunyoga chiqishini xohlayman. Chunki to‘rtta cholg‘u, ikki nafar hofiz bilan o‘zbek maqomi­ning butun salobati, ulug‘vorligini ko‘rsatib bo‘lmaydi. Maqom – lirik qo‘shiq emas. Bax, Betxoven asarlari butun dunyoda bebaho musiqiy durdonalar sifatida e’tirof etiladi. Nega biz maqomni ulug‘lamasligimiz kerak? Bir narsa doim ko‘nglimni xira qiladi. Shopen, Chaykovs­kiy asarlarini “qirqish” mumkin emas, lekin ayrim kishilar bayram konsertlarida maqomni bemalol “qaychilashadi”. Bunday holatlar ma­qom san’atining ommalashuviga salbiy ta’sir qiladi. Shukrki, bugun maqomimizga munosabat tubdan o‘zgardi. Zomin anjumanida ko‘pgina rahbarlar va oddiy tomoshabinlar maqom qo‘shiqlarimizni xonandalar bilan jo‘r bo‘lib kuylaganidan nihoyatda xursand bo‘ldim. Ana shuning o‘zi ham ibrat, ham tarbiya! Mumtoz ashulalarni, maqomlarni tinglashga odamlarni bolaligidan o‘rgatishimiz kerak.

O‘zim ham imkonim bo‘ldi deguncha ashu­la eshitaman. Maqom anjumanida barcha qat­nash­chilarning chiqishlarini tingladim. Har biri­ning o‘ziga yarasha uslubi, jozibasi bor. Ayni paytda ularning ashulasini tinglash bilan birga, o‘zim uchun xulosalar ham chiqardim. Bosh­qa millatlar kuy-qo‘shiqlarini eshitgan paytimda ko‘ng­limdan kechgan hayajonli tuyg‘ularni hozir ham his qilyapman. Albatta, bular haqida ba­furja o‘ylab olish uchun vaqt kerak.

Agar o‘zimning ta’bimga mos qo‘shiqchilar haqida gapirsam, amerikalik mashhur xonanda Uitni Xyus­tonning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘raman. Lekin nazarimda, ijrochilik mahorati borasida hech kim Halima Nosirova, Habiba Oxunova, Kommuna Ismoilova, Saodat Qobulova, Olmaxon Hayitova bilan tenglasholmaydi.  

E’TIBOR VA MAS’ULIYAT

2017-yildan keyin Prezident Shavkat ­Mirziyoyev rahbarligida milliy maqom san’ati­miz chinakam ma’noda dunyoga yuz tutdi. Yurtimiz bo‘ylab maxsus maqom maktablari ochildi, Maqom san’ati instituti faoliyat ko‘rsatyapti. Mana, nufuzli xalqaro festivallar tashkil etilyapti. Bu esa biz kabi san’atkorlarni quvontirish bilan birga, zimmamizdagi mas’uliyatni o‘n chandon oshiradi. Fursatdan foydalanib, milliy san’atimizga, jumladan, Milliy maqom ansambli faoliyatiga katta e’ti­bor berib, bizni yangi ijodiy yutuqlar sari rag‘batlantirayotgan Prezidentimizga chin dildan minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz bebaho va betakror maqom san’atimizni rivojlantirish yo‘lida bundan buyon ham bor kuch va salohiyatimizni ishga solib, tinimsiz ijod qilamiz.

 Gulchehra UMAROVA yozib oldi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img97

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607