28.07.2024 | 14:56
764
“CHAYON” VA “CHO‘L CHAYONI”NING NISHTARI
Ilk hajviy nashrlar xususida
Jadid matbuoti nashrlari orasida 1917-1918-yillarda “Chayan” shirkati tomonidan Toshkentda nashr etilgan “Chayon” hajviy jurnali alohida o‘rin tutadi. Turkistondagi ilk bu hajviy nashr 1917-yil iyul oyidan chiqa boshlagan.

“O‘n besh kunda bir marta chiqaturg‘on adabiy, siyosiy, hajviy, kulgi va rasmli jurnal”ning mas’ul rahbarlari tataristonlik taraqqiyparvar jurnalistlar Ibrohim Tohiriy va Xalaf To‘lakov edi. Ibrohim Tohiriy hajv va uning ijtimoiy ahamiyatini, dunyo hajviy adabiyoti tarixini yaxshi bilardi. “Adabiyotda, qadimlarga foyiq millatlarning adabiyot tarixlarinda hajv va kulgi eng birinchi o‘rin tuta, − deb yozadi u “Chayon”ning bir yilligiga bag‘ishlangan maqolasida. − O‘z xalqining yetishmagan yoqlarindan kulib, hajv etib ko‘rsatadigan matbuotning borushina, aning taraqqiysina e’tibor etib yoqti (yorug‘ – M.X.) va porloq kunlari bo‘luvina ishonganlar”.
U hajv turk xalqlari tarixida ham, adabiyotida ham muhim o‘rin tutganini ta’kidlaydi: “Bizning turk adabiyotida kerak eskisi va kerak yangisi bo‘lsun kulgi, hajvsiz qolmagan. Xo‘ja Nasriddin, Devona Mashrab asarlari o‘z bobinda har birisi biror kulku hajv jurnali edi”. Ushbu maqolada Ismoil Gʻasprali tomonidan nashr etilgan “Xo-xo-xo”, Qozon va boshqa shaharlarda chiqqan “Ov qilar qarchig‘ay”, “Mulla Nasriddin”, “Cho‘kich”, “Yalt-yult”, “Qarmoq” kabi jurnallarga ham to‘xtalib, ularning “Chirib vayron bo‘luvg‘a yaqinlashgan” ijtimoiy hayot illatlarini fosh etishdagi xizmatlari e’tirof etiladi. Jumladan, o‘sha maqolada “Chayon” jurnalining ijtimoiy dasturamali va maslagi ham belgilab berilgan. Xususan, unda “Chayon”ning asl maqsadi “Turkiston krayinda fikriy inqilob yasov, madrasalar olamida zo‘r o‘zgarish maydonga keltiruv, o‘quvchilarni matbuot bilan do‘stlashtiruv”, “riyosiz, tarelkasiz (ya’ni, xushomadsiz – M.X.) haqiqatlarni ochiq ko‘rsatuv” maqsad qilingani aniq aytiladi. Jurnalning 1918-yil 2-sonida o‘quvchilarga murojaat qilinib: “To‘g‘rilik va haqiqat oshiqlari! Hech kimga tarelka tutmovchi, qo‘rqmay haqiqatni yozaturg‘on “Chayan”ga mushtariy bo‘lish”ga chaqiriladi.
Jurnalning mavjud sonlari bilan tanishganda, qo‘yilgan maqsadga to‘la amal qilinganiga guvoh bo‘lamiz. “Chayon” o‘sha davr ijtimoiy illatlari – johillik va mutaassiblik, adolatsizlik va taraqqiyotga g‘ov bo‘luvchi ijtimoiy kamchiliklarni ayamasdan, o‘z so‘zi bilan aytganda, “riyosiz” fosh qildi. Jurnalning 1918-yil 13-sonida bosilgan “Milliy teatr va oila islohoti” sarlavhali maqolada teatr va uning oila tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z borsa, “Xalq dorilfununidagi komediyalar” sarlavhali kichik felyetonda (1918-yil 12-son) Turkiston xalq dorilfununidagi kamchiliklar, bu ilk oliy o‘quv yurtiga boshliq bo‘lgan amaldorlarning mahalliy millat vakillarini mensimasliklari fosh qilinadi.
Ma’lumki, “Chayon” Rossiyada katta ijtimoiy voqealar ro‘y berayotgan, jumladan, 1917-yil oktyabr to‘ntarishi bo‘lib o‘tgan bir davrda paydo bo‘lgan. Bu vaqtda Turkistonda yuz berayotgan jarayonlar ijtimoiy hayotni tor sinfiy oqimga burib, jamiyatni bir-biriga qarama-qarshi kuchlarga bo‘lib yuborgan va halokat yoqasiga olib kelgandi. “Yashasin, Turkiston muxtoriyati!” shiori ostida milliy ozodlik va mustaqillik g‘oyalariga xizmat qilgan “Chayon” jurnali 1917-yil voqealariga ham salbiy munosabat bildirdi. Jurnalda bosilgan “Bir komissar tilidan” deb nomlangan she’r bu fikrimizning isboti:
Komissar bo‘ldim, buyuk od oldim,
Millatni sotdim, necha maqtaldim.
Quyruq bo‘ldim men bolsheviklarga,
Turklikni-da tamom toptadim.
Jurnalning ijtimoiy hayot illatlarini bu tarzda keskin fosh etgani, ayniqsa yangi tuzum tartibini kuch ishlatish va zo‘ravonlik bilan amalga oshirayotgan bolsheviklarni tanqid qilgani sovet hukumatiga yoqmadi. Ular tatar sotsialist ishchilar qo‘mitasi nomidan jurnal muharririyatiga: “Bundan so‘ng sovetskiy vlastga qarshi yozmasqa va yozgan chog‘da yopilajagini bayon etib” xat yo‘lladi. Bunga javoban “chayon”chilar “Nikolayning jahannamiy istibdodi zamonida” ham hajviy jurnallar chiqib turganini bayon etib, endi “hurriyat keldi” degan zamonda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilayotganligini qattiq tanqid qildi. Afsuski, bu xildagi norozilik va insofga chaqirish nidosi bolsheviklarga kor qilmadi. “Chayon” jurnali yopilib, muharriri qamoqqa olindi.
Jurnal muharriri Ibrohim Tohiriy keyinchalik bu voqealarni sharhlab, bolsheviklarning zo‘ravonliklari bilan bir qatorda Turkiston ijtimoiy hayotiga xos bo‘lgan noittifoqlik, ayrim ziyolilarning xudbinligi, manfaatparastligi ham “Chayon”ning yopilishiga sabab bo‘lganini aytgan edi. “Marhum “Chayon” jurnali haqida” maqolasida ham u o‘sha davrdagi ayrim ziyolilarning hajvga, tanqidga noxolis, xudbinlarcha munosabatda bo‘lganini keskin tanqid qilib: “Bu kun turkistonlilar uchun… maddohlik kerak, riyo kerak, nifoq sotuv kerak… Shuning uchun-da uning muharriri hibsga hukm etildi”, deb yozgan edi.
Bir tomondan bolsheviklar zo‘rovonligi-yu, ikkinchi tomondan mahalliy ziyolilarning loqaydligi bois o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan “chayon”chilar ruhan taslim bo‘lmadi. “Chayon” yopilishi bilan “Cho‘l chayoni”ni chiqara boshlashdi. Bu nashr ham o‘z maslagi va yo‘nalishi jihatidan “Chayon”ning davomchisi bo‘lmog‘i lozim edi.
“Gʻofil kishilarni g‘aflatdan uyatur uchun har turli tishlagich, chaquvchi hayvonlarni yaratuvchi Alloh azim hazratlarina cheksiz shukrlar bo‘lsinki, Turkiston musulmonlari uchun havo va suv darajasinda zarur bo‘lg‘on hajviy, kulgi, rasmli “Cho‘l chayoni” jurnali chiqa boshladi”, deb yoziladi jurnalning 1918-yil 1-sentyabrdagi ilk sonida e’lon qilingan bosh maqolada. Unda yangi nashrning asosiy vazifasi “haqiqatni maydonga chiqarish”, o‘quvchilarga “kimlar yovuz, kimlar ezgu, kimlar xiylakor, kimlar vijdonli” ekanligini ko‘rsatishdan iboratligi ham aytiladi. Shu sonda bosilgan “Cho‘l chayoni” ne uchun chiqa?” deb nomlangan maqolada jurnal “turk o‘g‘li, turk avlodligindan aning eng buyuk vazifasi – “turklik foydasi” bo‘lajagini, bir tomirdan ketgan turk butoqlarini ayirurga tirishuvchi, alar orasina qora machi (mushuk – M.X) yuboruvchi shaytonlarning naq vijdonlarini”, “olim ismini olib-da, ilm ismindin turklik inqirozina xizmat etuvchi, yosh ziyolilarga qarshi turish da’vosi-la ostroumovchilarga foyda keltiruvchi ulamolarning burni uchidan”, “to‘ra bo‘ldim”, deb o‘z chabotasi (chorig‘i – M.X.)ni to‘rga ilgan to‘ralarning mo‘yin tomiridan” chaqajagini bayon qiladi. Yana hajviy jurnalning “usul tarbiya-ta’limdan xabari yo‘q, bolalarning aziz umrlarini zoye etuvchi og‘och muallimlarning qulog‘idan chaqajagi”dan ogohlantirilar ekan, milliy tilning buzilish hollariga keskin munosabat bildiriladi: “Cho‘l chayoni” o‘z ona tilini tashlab, Vanka va Vaska tili birla o‘ramlarda gapirib yuruvchi musulmon qizlarning tilidan chaqajak”.
“Ozodlik kuni hurmatina” sarlavhali maqolani esa o‘sha davr hajviy publitsistikasining yorqin namunasi deyish mumkin. Muallifi ko‘rsatilmagan, ammo uslubidan Ibrohim Tohiriyga mansubligi taxmin qilingan bu hajviy-tanqidiy maqolada ozodlik, erkinlik haqida falsafiy mushohada yuritiladi. “Odamning hayoti jon bilan bo‘lg‘oni kabi jonning hayoti-da erk bilandir, − deb yozadi muallif. – Erki yo‘q jon – joni yo‘q tan kabidir. Ozodlig‘ ne’matidan mahrum millatlardan haqiqiy kishilar yetishmaydi”.
Muallif 1917-yil voqealari barchaga na huquq va na erk berganini urg‘ulab: “Afandilar, siz unutmangiz: huquq berilurg‘a yaramiy, olinurg‘a kerak”, deydi. Haqiqiy huquq va erk uchun kurashish lozimligini ta’kidlab, o‘z maqolasini: “Oh, Turon avlodi! Qayda g‘oyib etding sen askarlik ruhingni!” degan alamli murojaat bilan tugallaydi.
Xullas, “Chayon” va “Cho‘l chayoni” jurnallari birinchi tatar-o‘zbek hajviy nashrlari sifatida o‘sha davr ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynadi. To‘g‘ri, bu jurnallar faoliyatida bir qator kamchiliklar ham mavjud edi. Ular ko‘proq tatar matbuoti yo‘lidan bordi. O‘zbek matbuoti, demokratik adabiyot an’analariga yetarli e’tibor berilmadi. Natijada taniqli shoir va yozuvchilarni o‘ziga jalb etolmadi. Ammo bu jurnallar o‘zbek hajviy matbuotining ilk nashrlari bo‘lib qoldi va keyingi davr hajviy publitsistikasi taraqqiyoti uchun bir pog‘ona bo‘lib xizmat qildi.
Muxtor XUDOYQULOV,
filologiya fanlari doktori, professor
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



