12.08.2024 | 17:20
1162
TARIXIMIZNI TERAN BILAYLIK
“Yangi O‘zbekiston” so‘zlari sodda, ammo o‘zida olam-olam ma’no mujassam etganini ko‘raman, ko‘nglimda iftixor hissini tuyaman, faxrlanaman, go‘yoki yangidan kashf etganday bo‘laman. “Mustaqillik”, “o‘zbek”, “xalq”, “tarix”, “zafarlar”… Nechog‘li ko‘ngilga ruh berguvchi, qanotlantirguvchi purma’no so‘zlar! Ularning har biri haqida bir kitob yozish mumkin, desak mubolag‘a emas. Bunday kitoblar yozilayotir ham.

Jafokash yurtimiz ko‘p bosqinchilarni ko‘rdi, har biri kelib, yurt egasi bo‘lgan xalqdan so‘ramay-netmay, o‘zicha unga yangi nomlar qo‘ydi, chunonchi, Transoksaniya, Movarounnahr, Chig‘atoy ulusi, degandek… Milliy qadriyatlar, madaniyat-u ma’naviyat poymol etildi, tarix toptaldi, tarixiy haqiqatlar xaspo‘shlandi…
Allohga hamd-u sanolar bo‘lsin, mana o‘ttiz uch yildirki, qadim Turon, O‘zbekiston yurtida mustaqillik shabadasi esmoqda, Yangi O‘zbekiston muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qaddini baland ko‘tarib, jahonga chiqib bormoqda, dunyo hamjamiyatidagi o‘z o‘rnini mustahkam egallamoqda. Boshqacha aytganda, bugun o‘zbek o‘zbek bo‘lib jahonga bo‘y ko‘rsatmoqda, olamga keng nazar tashlamoqda.
Mustaqilligimiz bizga o‘zligimizni qaytarib berdi, tarixiy haqiqat qaror topdi, milliy qadriyatlar tiklandi. Bu qutlug‘ jarayon davom etmoqda.
“O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q” – bu haqiqat. Inchunin, tariximizni chuqur o‘qib-o‘rganmog‘imiz, kechagi kunni esdan chiqarmasligimiz, hur hayotning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylashimiz lozim.
Tarixni o‘rganganda, o‘tmishda millat, Vatan, Vatan farzandlari sha’niga bo‘lgan har xil noxolis munosabatlarni, pisandsizliklarni ko‘rib, tabiiyki, ko‘ngil ozor tortadi. Tarixda ko‘p xatolar o‘tgan, agar tuzatish mumkin bo‘lsa, uni xato emas, adashish, deb qaramoq kerak. Bir misol. Amir Temur To‘xtamishxon bilan jangga borayotib, Ulutovda katta xarsangtoshga safar mazmunini o‘yib yozdiradi. Shunda bobomiz o‘zini “Turon sultoni” deb ataydi. To‘g‘ri, yurtimiz Turon, Amir Temur bu davlatning buyuk hukmdori. Ammo rasmiy tarixda “Turon davlati” emas, “Temur davlati” o‘rganib kelinmoqda. Natijada, buyuk davlatimiz haqida boshi yo‘q-davomi yo‘q, yolg‘iz bir kishining davlati deganday taassurot paydo bo‘ladi. Buning sababi, tariximizni ovrupoliklar yozganida, ular g‘araz bilan yurtimizni parokanda ko‘rsatish niyatida Turon mamlakatida hukm surgan davlatlarni alohida-alohida, go‘yo ularning bir-biriga aloqasi yo‘qdek, bo‘ltak-bo‘ltak holda talqin etishadi. Holbuki, o‘zbek davlatchilik tarixi uch ming yillarga boradi. Nega Turon yurtida Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar va hokazo davlatlarimiz tarix fanida bir-biriga bog‘lab o‘rganilmaydi? Maqsad, Turon yurtini olaquroq qilib ko‘rsatish, oqibatda tarixni, millatni kamsitishdan iborat. Turon, Turkiston ekanini bilib turishsa-da, ayrim ovrupolik tarixchilar yuqoridan qarashib, boshqa nomlar qo‘yishadi, bizlarni yagona millat deb hisoblashmaydi ham, o‘nlab qavmlar nomlarini keltirib, manzarani xiralashtirish payida bo‘lishadi. Shunday munosabatni tilimizga nisbatan ham qo‘llaganlar.

Men bu mavzuda ilgari ham baholi qudrat fikr bildirgan edim, lekin shu kunlarda yuz berayotgan ayrim voqea-hodisalar yana shu masalaga qaytishga majbur qildi.
Bir necha yillar ilgari poytaxtimizdagi taniqli shaxslar dafn etiladigan qabriston rasman “Chig‘atoy qabristoni” deb atalar edi. Keyingi vaqtlarda uning nomi Forobiy qabristoni deb o‘zgartirildi. Biroq odamlar orasida bu maskan haligacha avvalgi nomi bilan tilga olinadi. Qabristondan tashqari hozir ham “Chig‘atoy” nomi bilan bog‘liq “Chig‘atoy Art”, “Chig‘atoy korzinka”, “Chig‘atoy somsa” singari supermarket, kafe va somsaxonalarni uchratish mumkin.
Kamina o‘z-o‘zimga savol berdim: xo‘sh, nimaga bu joyning nomi Chig‘atoy deb ataladi?
Odatda, joy nomlari, tarixiy nomlar, atamalar chuqur mazmunga ega bo‘ladi, ular behuda qo‘yilmaydi. Bu joy nomi qandoq qilib mo‘g‘ul xoni Chig‘atoyga bog‘lanib qolgan ekan? Yoki bu yer o‘z vaqtida uning farmoni bilan qabristonga aylantirilganmi?..
Kimdir, bu nom bu yerda mavjud bo‘lgan Chig‘atoy darvoza bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deya fikr bildirdi. Bunda jon borday edi. Ko‘p bilgich odamlar bilan uchrashdim, so‘rab-surishtirdim. “Chig‘atoy” degan toponimning qayerdan paydo bo‘lganini bilib olarman, degan niyatda turli kitoblarni ko‘rib chiqdim, “Toshkent” ensiklopediyasini varaqladim.
Tarixchi Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida yozishicha, XIV asr oxirida shaharning 12 darvozasi bo‘lgan (Qiyot, Turk, O‘zbek, Taxtapul, Qorasaroy, Chig‘atoy, Su’boniyon (Sag‘bon), Ko‘kcha, Kamondaron, Qang‘li, Beshog‘och, Qatag‘on).
Rus tarixchisi va diplomati K.Miller 1740-yilda Toshkentda 8 ta darvoza bor edi, deydi. Darvozalar nomlari o‘zgargan, ular ichida Chig‘atoy nomi eslatilmaydi. Darvozalardan biri Tarsoxon deb atalib, keyinchalik “Chig‘atoy”ga o‘zgartirilgan. Chor Rossiyasi bosib olgan 1865-yilda esa 12 darvoza bo‘lgan (Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag‘bon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Kamolon, Beshog‘och, Qo‘ymas, Qo‘qon, Qashqar).
Olmazor tumanidagi “Yangi turmush” mahallasi (Forobiy ko‘chasi, 230)ga 1991-yilda “Chig‘atoy darvoza” nomi berilgan. 1992-yilda A.Ibragimov bilan X.Toshmuhamedov mahallalari qo‘shilishi natijasida “Chig‘atoy-Oqtepa” mahallasi (Forobiy ko‘chasi, 416) tashkil topgan. Nomi – Chig‘atoy Oqtepasi arxeologik yodgorligidan olingan. Chig‘atoy Oqtepasi arxeologik yodgorligini esa olimlar – V-VI asrlar, X-XII asrlarda barpo etilgan deb hisoblashadi, ammo qachon Chig‘atoy nomi bilan atalgani ma’lum emas. Bu nom arxeologlar tomonidan qo‘yilgan ko‘rinadi (Fayoztepa, Mingo‘rik va h.k. kabi). Ushbu manzilgoh Toshkent shahrining shimoli-g‘arbida, Kaykovus kanali bo‘yida joylashgan. Bu yerda 1927-yilda tarixchi va etnograf olim N.G.Malliskiy va 1940-yilda M.E.Voroneslar izlanishlar qilishgan, 1968-yilda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tekshirishlar olib borgan. Hozir Chig‘atoy Oqtepasi tekislanib ketgan, o‘rniga zamonaviy uylar qurilgan. “Chig‘atoy Oqtepa” mahallasi shu yerda…
“Chig‘atoy darvozasi” nomidan olingan Chig‘atoy ko‘chasi (“Chig‘atoy qabristoni” ham xuddi shundoq atalgan, shekilli) 1970-yilda o‘zgartirilib, Forobiy nomiga qo‘yilgan (“Toshkent” ensiklopediyasi. T., 2009.597-bet). Keyin “Chig‘atoy qabristoni” – Forobiy ko‘chasidagi qabriston “Forobiy qabristoni” deb yuritila boshlangan. Uning asl nomi esa “Qo‘shchi ota” qabristoni bo‘lgan. Ma’lumki, Toshkentda shundoq ota nisbasi bilan atalgan bir necha qabriston borligi buning an’ana shaklini olganini ko‘rsatadi. Chunonchi, Zangi ota, Oqil ota, Chimir ota, Gʻoyib ota, Qo‘yliq ota, Yalang‘och ota…
Endi uzoq tarixga yuz burib, Chig‘atoy kim edi, degan savolga javob topishga urinib ko‘raylik.
Chig‘atoyxon – (tug‘ilgan yili noma’lum – 1242), 1224-yildan o‘n sakkiz yil davomida Chig‘atoy ulusi xoni hisoblangan. Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li. Saltanat qonun-qoidalari, udumlar, xususan, Chingizxon yasosini mutlaq ado etish nazorati unga topshirilgan edi. Mo‘g‘ullarning bosqinchilik yurishlarida u bir necha jangda Chingizxonga hamsafar bo‘lgan. Xitoyga yurishda, Movarounnahrni istilo etishda juda qattiqqo‘llik ko‘rsatgan. Aka-ukalari Jo‘ji va O‘qtoylar bilan birgalikda O‘trorni olishda, Urganchni qamal qilishda qatnashgan. 1221-yilning 25-noyabrida Jaloliddin Manguberdi bilan Sind daryosi bo‘yida yuz bergan ayovsiz jangni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, otasining yonida turgan. Sind daryosidan ot solib o‘tib ketgan xorazmshoh Jaloliddinni ta’qib etish, tutib kelishga yuborilgan Chig‘atoy 1221/22-yil qishini Hindistonda o‘tkazgan.
1224-yilda Chingizxon o‘g‘illariga mulk ulashadi. Chig‘atoyga ham katta hudud in’om etiladi. Bu haqda muarrix Abulg‘oziy shunday ma’lumot beradi: “…Movarounnahrni va Xorazmning ba’zisini, bilodi uyg‘ur va Koshg‘ar, Badaxshon, Balx, Gʻaznin to Sind suvigacha anga berib erdi. Bu aytilgan viloyatning hech qaysisiga o‘zi borgani yo‘q. (Ta’kid bizniki – M.A.) Ammo dorug‘alar qo‘yib erdi. O‘zi O‘gadoyning qatinda erdi.” (Abulg‘oziy. “Shajarayi turk”. T., 1992. 93-bet). Shundan so‘ng Movarounnahrni Chig‘atoy ulusi deb atay boshladilar.
Chig‘atoyning ikki qishki va yozgi o‘rdasi bo‘lib, har ikkisi ham Ili vodiysida (hozirgi Xitoyning Gʻulja shahriga yaqin, Ili viloyati)da edi. Mirzo Ulug‘bek shunday yozadi: “Aytadilarki, Chig‘atoyxon aysh-u ishrat va ovni juda sevgan. Ko‘pincha vaqtini o‘sha ishlarga sarf etgan…” (Mirzo Ulug‘bek. “To‘rt ulus tarixi”. T., 1994. 298-bet.)
Chingizxon vafotidan (1227) so‘ng Chig‘atoy biron marta ham janglarda qatnashmagan, Movarounnahrga ham qadam bosmagan, ulusni idora qilishni avval Mahmud Yalovochga, keyin esa uning o‘g‘li Mas’udbekka (1238-1289) topshirish bilan kifoyalangan.
Odatda, har bir shaxs o‘zining millat, Vatan, tarix oldidagi buyuk xizmatlari uchun yuksak maqomlarda e’tiborga sazovor bo‘ladi, nomi tarix sahifasiga zarhal harflar bilan bitiladi, sharaflanadi. Chunonchi, Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur…
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun Chig‘atoyxon vafotidan buyon salkam sakkiz yuz yil vaqt o‘tsa ham uning nomi hali-hanuz O‘zbekiston toponimikasida mavjud? Joylar uning nomi bilan atalgan, uning nomidagi mahallalarda yashaymiz?..
O‘ylab ko‘raylik: Chig‘atoy, Chingizxonning o‘g‘liga, tariximizdagi qaysi xizmatlari uchun shundoq e’zoz-u hurmat ko‘rsatilishi kerak? Chingizxonning o‘g‘li ekani uchunmi? Hurmatga sazovor bo‘lish uchun insonda ma’naviy huquq bo‘lishi lozim.
Bu ayanchli va kulgili bir holdir. Biz bir narsani anglashimiz kerakki, mustamlaka davrida Chig‘atoy nomi Amir Temurni, Temuriylar davridagi madaniy yuksalishni xaspo‘shlash uchun ataylab shunday baland mavqega ko‘tarilgan edi.
Bundan, afsuski, millatimiz, adabiyotimiz, tilimizga tajovuz qiladigan, dog‘ tushiradigan noxush salbiy jihatlar ham kelib chiqdi. Bu juda ham achinarli hol.
Gap shundaki, jahonda nafaqat yurtimizdagi joylar, balki yurtning o‘zi, tili, adabiyotini ham Chig‘atoy nomi bilan atashadigan bo‘lib qoldilar! Turon aholisini ham, turk, o‘zbek emas, bemalol chig‘atoy, chig‘atoylar deyish urf tusini oldi.
“Movarounnahr aholisi so‘zlashadigan til esa chig‘atoy tili deb nom olgan” – deb yoziladi “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi”da. (T., 2005. 9-tom. 635-bet). Qanday qilib, Turkistonning rasmiy tili turkiy degan nomi bo‘la turib, “chig‘atoy”ga aylanib qoladi? Bu mantiq doirasidan tashqaridadir.
Albatta, jug‘rofiy hududni bildiradigan “Chig‘atoy ulusi” atamasi borligi haqiqat. Ammo Chig‘atoy tili, Chig‘atoy eli, Chig‘atoy adabiyoti deyish mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida, deyish zarurati bo‘lsa, Chig‘atoy ulusi tili, Chig‘atoy ulusi eli, Chig‘atoy ulusi adabiyoti, bo‘lishi kerak. Axir, Chingizxonning birinchi o‘g‘li Jo‘ji ulusidagi til nega “Jo‘ji tili”, Oltin O‘rda adabiyoti esa “Jo‘ji adabiyoti” deyilmaydi?.. Biz o‘zimiz istamagan holda, mo‘g‘ul bosqinchisi o‘g‘lini, Vatanimizni g‘orat qilgan hukmdorning nomini abadiylashtirish bilan shug‘ullanayotirmiz. Bu narsa kishida chuqur taassuf hissini uyg‘otadi.
Shuni aytish kerakki, ona tilimizning tarixi va qonuniyatlari, nomlanishi, adabiyotimizni davrlashtirilishi bilan asosan V.V.Radlov, V.V.Bartold, N.Poppe, A.N.Samoylovich, F.Ko‘prulizoda, A.Krimskiy singari va boshqa g‘arblik olimlar shug‘ullanishgan. “Chig‘atoy tili”, “Chig‘atoy eli”, “Chig‘atoy adabiyoti” degan terminlarning paydo bo‘lishi va tomir yoyishida, bunday qarashlarning jahon fanida tarqalishida zikr etilgan, “chetdan kelib bizning tilimizga turli nomlar berishni yaxshi ko‘radigan turkologlar” (P.Qodirov so‘zi)ning “xizmatlari” katta… Masalan, V.V.Bartold shunday yozadi: “Под влиянием блестящего расцвета тюркской литературы в чагатайском государстве (?) при Тимуридах этот восточнотюркский литературный язык (?) как на Востоке, так и в европейской науке получил название “чагатайского” (?!) (В.В.Бартольд. Сочинения. V том. М., 1968. стр.606.) Ya’ni: “Temuriylar davridagi chig‘atoy davlatida (?) barq urib yashnagan turk adabiyoti ta’sirida bu sharqiy-turk adabiy tili (?) Sharqda ham, Yevropa fanida ham “chig‘atoy” nomini oldi…” (O‘quvchi yaxshiroq tasavvur etsin uchun olimning so‘zlarini asliyatda keltirdik. – M.A)
Yana: bu yerda qaysi davlat haqida so‘z ketmoqda – bunisi ma’lum emas. Agar Chig‘atoy ulusi ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, u XIII asr oxiriga kelib mutlaqo mavqeyini qo‘ldan boy bergan edi. Nega chig‘atoy davlati deb atalishi kerak ekan, degan savol ham tug‘iladi. U qaysi davlat edi? Bu davrda yurtimizda hech qanaqa chig‘atoy davlati emas, balki Amir Temur asos solgan Turon saltanati hukm surar edi-ku. Tilimizning o‘z nomi bor, uni sharqiy-turk adabiy tili deb atashga aslo hojat yo‘q.
V.V.Radlov taxminiga ko‘ra ham (“Temur Qutlug‘ va To‘xtamish yorliqlari” maqolasiga qarang) chig‘atoy adabiy tili aslan Sharqdan kelib chiqqan emish. Lekin “Sharq” tushunchasi ma’nosi o‘zidan ham bepoyonroq bo‘lganidan, olimning taxmini noaniq bo‘lib qoladi. Millatparvar alloma buyuk jadid Abdurauf Fitrat turk tilining ko‘p shoʻbalarini o‘rganayotgan Yevropa olimlari izlanishlariga qarab, ranjigannamo deydi: “Turkiyot bilan mashg‘ul bo‘lg‘an Ovrupa olimlari turk tilining bu qadar ko‘b shoʻbalarg‘a ayrilg‘anin ko‘rgach, bularni bir-birlariga yaqinliklari e’tibori bilan ko‘malarg‘a ajratg‘ali (tasnif qilg‘ali) tirishadurlar…” (Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. T., 2006. 117-bet).
Sharqshunos olim A.N.Samoylovichning “Chig‘atoy tili” tarixini olti asrga qanday joylaganini ko‘zdan kechiraylik:
1. Chig‘atoy adabiy tilining oltin davri (XV-XVI asrlar).
2. Chig‘atoy adabiy tilining inqirozi (XVII-XVIII asrlar).
3. Chig‘atoy adabiy tilining qayta jonlanishi (XIX asr va XX asrning boshi). Bu o‘zbek filologiya fakultetlari uchun 1984-yilda chiqarilgan darslikka kiritilgan. Olimning fikriga ko‘ra, agar XVII-XVIII asrlar chig‘atoy tilining inqirozi davri bo‘lsa, u holda, XVII asrda yashagan buyuk shoir Boborahim Mashrabning go‘zal she’riyati qanday yaratildi ekan?. U inqiroz emas, yuksak parvozni ko‘rsatib turibdi.
Turkolog olimlar tilimizning ko‘p asrlik rivojlanish pallalari haqida so‘z ochib, uni turli ta’sirlardan o‘zgarishlarga uchragani haqida fikr yuritadilar. Turli asrlarda yaratilgan asarlardan olingan qiyos uchun keltirilgan quyidagi misollarga e’tibor bering. Ular tilimizning ikki yuz yillik (1200-1400-y.y.) davrini aks ettiradi:
Biliklik keraklik so‘zin so‘zlayur,
Keraksiz so‘zini ko‘mib kizlayur.
Biliksiz ne aysa ayur uqmatin,
Aning o‘z tili o‘z boshini yeyur…
Ahmad Yugnakiyning XIII asr boshida yaratilgan “Hibat ul-haqoyiq” dostonidan.
***
“Bu kitobni yozgan, toat yo‘linda tizgan, ma’siyat yobonin kezgan, oz ozuqluq, ko‘p yozuqluq, Raboti O‘g‘izning qozisi Burhon o‘g‘li Nosiruddin”…
***
“Ulug‘ otlig‘, qutlug‘ zotlig‘, ezgu xulqlig‘, islom yorug‘lig‘, mo‘g‘ul sanilig‘, musulmon dinlig‘, odamiylar inonchi, mo‘minlar quvonchi, himmati adiz, aqli tegiz begimiz Nosiruddin To‘qbug‘adin… iltimos yanglig‘ ishorat bo‘ldi”.
Nosiriddin Rabg‘uziyning 1310-yilda yozilgan “Qisas ul-anbiyo” asaridan.
***
Aningkim, ol enginda meng yaratdi,
Bo‘yi birlan sochini teng yaratdi.
Bo‘yung sarv-u sanubartek, beling qil,
Vafo qilg‘on kishilarg‘a vafo qil.
Muhabbat nori jondin ketmadi hech,
Qo‘lum siym olmangizg‘a yetmadi hech.
Soching ming torina ming hur yetmas,
Yuzungnung nurina ming nur yetmas…
Xorazmiyning 1353-yilda yozilgan “Muhabbatnoma” dostonidan.
***
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.
Hijron kechasi charxi falakka yetar, ey moh,
Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma…
Lutfiyning XIV asr oxirlarida yozgan g‘azalidan.
***
Gul tilasa xotiring to‘la tabaq,
Bu “Guliston”dan o‘qi bir varaq.
Gul jamoli bir necha kunda kechar,
Bu “Guliston” doimo ko‘ngil ochar.
Ul ajoyibki g‘aroyib munda bor,
Xusrav-u Shirin ichinda qanda bor?
Bu latofat bog‘-u bo‘stoni durur.
Bulbul mug‘anniyi “Guliston”i durur.
Sayfi Saroyining 1391-yilda yetmish yoshida yozib tugatgan “Turkiy Guliston” dostonidan.
Bu parchalar bugungi o‘quvchiga ham tiniq tushunarlidir.
“Во второй половине IX/XV в. чагатайская литература в лице Мир Али-Шира (род. В 844/1440-41 г., ум. в воскресенье 11 джумада II 906/3 января 1504 (xato, aslida 1501-yil) достигла своего апогея.” (В.В.Бартольд. Сочинения. V том. М., 1968. стр.608.) Ya’ni, “IX/XV asrda Mir Ali-Shir (844/1440-41-yillarda tug‘ilgan; 1504 (xato, aslida 1501-yil) yakshanba 11 jumada II 906/3-yanvarda vafot etgan) siymosida chig‘atoy adabiyoti o‘zining avj nuqtasiga chiqdi.” Ana xolos!
V.V.Bartolddan keltirilgan yuqoridagi ikki iqtibos uning “Islom ensiklopediyasi” degan mashhur nashr uchun yozilgan “Chig‘atoy adabiyoti” maqolasidan olindi.
Biroz tarix: “Islom ensiklopediyasi”ning (The Encyclopedia of Islam) ilk nashrini tayyorlash ishlari 1900-yilda Gollandiyaning Leyden universitetida boshlangan. Unda nemis, golland, fransuz, ingliz olimlari ishtirok etishgan. Natijada 1939-yilda 5 jilddan iborat ensiklopediya uch tilda – nemis, ingliz, fransuz tillarida bir vaqtning o‘zida bosib chiqarilib, butun Yevropaga tarqatilgan. (Zikr etilgan maqola ham shu taxlit mashhur bo‘lib ketgan).
1954-yilda ensiklopediyaning 2-nashriga kirishilgan va 2002-yilda oxirgi 11-jild chop etilgan.
1940–1987-yillarda “The Encyclopedia of Islam” Turkiya xalq maorif vazirligi tashabbusi bilan 15 jild hajmda turk tiliga tarjima etilib nashr qilingan. Biroq ularda Sharqqa (xususan, turk tarixiga) g‘arbcha nuqtayi nazardan qarash yaqqol ko‘rinib turgani, turk madaniyati haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar kirib qolgani jamoatchilikda qattiq e’tiroz tug‘dirdi. Shundan so‘ng 1983-yilda Turkiya diniy ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan 40 jilddan ortiq hajmda mutlaqo yangi ensiklopediya tayyorlashga kirishildi va bosib chiqarildi.
Endi Alisher Navoiyning o‘ziga murojaat etaylik, qani, ulug‘ shoir chig‘atoy tili, chig‘atoy adabiyoti iboralariga qanday munosabatda bo‘lgan ekan?
Shoir “Lison ut-tayr” dostonining “Bu kitobda taxallus tag‘yirining uzri” bobida:
“She’r san’atin ki qildum ibtido,
Turk alfozi bila qildum ado”, deydi va chig‘atoy tili bilan yozdim, demaydi.
“Farhod va Shirin” dostonidan:
Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur!
E’tibor bering: shoir “Chig‘atoy ulusi” emas, Turk ulusi demoqda!
“Sab’ai sayyor” dostonidan:
O‘ngda turkinavoz urub doston,
Qo‘zg‘olib har navosida Turkiston…
“Saddi Iskandariy” dostonidan:
Mug‘anniy, kel-u chert turkona soz,
Maqomi “Navo”, yo‘qsa “Turkiy Hijoz”.
Navoiyning ash’oridin necha bayt,
Mening hasbi holim topib turkiy ayt!
Hazratga qulluqlar bo‘lsin!
Shunisi e’tiborga sazovorki, ulug‘ vatanparvar shoir Alisher Navoiy o‘z asarlarida “Chig‘atoy eli”, “Chig‘atoy tili”, “Chig‘atoy adabiyoti” degan iboralarni mutlaqo qo‘llamaydi. Ona tilimiz muammolariga bag‘ishlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ona tilimizga nisbatan “Turk eli tili” atamasini ishlatadi, “Chig‘atoy tili” iborasini eslamaydi. Faqat bir joyda – “Mezon ul-avzon” risolasi muqaddimasida: “Turk tili bilan qalam surdum” so‘zlaridan keyin… “chig‘atoy lafzi bila raqam urdum” deydi xolos. “Navodir un-nihoya” devonida “Chig‘atoy” so‘zi shaxs nomi, “Favoyid ul-kibar” devonida esa qavm nomi sifatida tilga olinadi. Boshqa hech qaysi asarda bu so‘z uchramaydi, uchrasa ham etnik atama vazifasini bajaradi xolos.
Ayni paytda ona tilini ifodalaydigan “turk” so‘ziga shoirning mehri butunlay bo‘lakcha. Yana misollarga nazar tashlaylik.
Chunonchi, “Navodir un-nihoya” devonida o‘qiymiz:
Ey, Navoiy, bir parivash turkning majnunimen…
“Favoyid ul-kibar” devonida:
Turklarning qulidurmenki, nigorimning erur
Qoshi turkona, qabog‘i keng-u ko‘zi qiymoch.
“Farhod va Shirin” dostonida:
Ko‘ngil bermish so‘zumg‘a turk jon ham,
Ne yolg‘uz turk, balkim turkmon ham.
“Sab’ai sayyor” dostonida:
Dahr aro shoh chu turk voqe’dur,
El aro turk lafzi shoye’dur.
“Lison ut-tayr” dostonida:
Chun toptim ul kalom ichra kamol,
Turk alfozi bila surdum maqol.
***
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Menki, turk alfoziga aylab shuru’,
Nazm topti ta’b-u kilkimdan vuqu…

Navoiy o‘z ona tili bilan ana shunday faxrlanadi, asarlarida bu mavzuga qayta-qayta murojaat etadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Andijon shahrini ta’riflar ekan: “Eli turkdur. Shahri va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur. Mir Alisher Navoiyning musannafoti, bovujudkim Hirida nash’u namo topibtur, bu til biladur”, deb guvohlik beradi (Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”, T., 2002. 34-bet) va bu bilan Turon yurtida turk tili adabiy til ekanini (ta’kid bizniki – M.A.) isbotlaydi, “chig‘atoy tili” iborasi haqida esa, tabiiyki, lom-mim demaydi. Yana Alisher Navoiy haqida “Boburnoma”da aytilgan so‘zlarga ham diqqatni qarataylik: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas…” (o‘sha kitob. 132-bet.)
Bunda ham chig‘atoy tili haqida imo-ishora ham yo‘q… Shundoq ekan, Alisher Navoiy qandoq qilib “chig‘atoy” shoiri (чагатайский поет) bo‘lsin?
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Adabiy tilimizning oltin ko‘prigi” maqolasida xuddi shu mavzu – chig‘atoy tili, chig‘atoy adabiyoti haqida juda o‘rinli fikrlarni o‘rtaga tashlaydi. Jumladan adib yozadi: “Amir Temur 1370-yili Markaziy Osiyoda davlat tepasiga kelgandan keyin Chig‘atoy avlodlari bu hududdan quvilgan, Movarounnahr yana qadimiy nomi bilan Turon va Turkiston deb atala boshlagan edi. Chig‘atoy ismi endi faqat turkiylashgan bir mo‘g‘ul urug‘ining oti yoki “Chig‘atoytepa”, “Chig‘atoy qabristoni” kabi joy nomlari sifatida saqlanib qolgan edi. Shunga qaramay, sun’iy yasalgan “chig‘atoy tili” tushunchasini Alisher Navoiy va Bobur Mirzo tiliga nisbatan ham tatbiq etish, yana bu soxta atama tarixini XX asrgacha cho‘zib kelish ilm-fanga emas, faqat qaram qilingan xalqlarning yuksak madaniyatini kamsitishga xizmat qiladigan g‘ayriilmiy bir siyosat edi. Afsuski, ayrim o‘zbek olimlari til tarixiga oid kitoblarida “chig‘atoy tili” iborasining mohiyatiga e’tibor bermay keladilar.
Universitetlarning filologiya fakultetlari uchun o‘quv qo‘llanma sifatida 1994-yilda nashr etilgan kitobda shunday satrlar bor: “Turkshunoslikda ba’zan chig‘atoy adabiyoti va chig‘atoy tili, chig‘atoy turkiysi atamalari uchraydi. Bu o‘rindagi chig‘atoy adabiyoti atamasini o‘zbek mumtoz adabiyoti deb tushunmoq kerak. Chig‘atoy tili atamasi esa eski o‘zbek adabiy tilini anglatadi”.
Bu ma’lumotni talabalar ongiga o‘quv qo‘llanma orqali yetkazib berayotgan tilshunos olimlarimiz bir lahza o‘ylab ko‘rmaydilarki, Chig‘atoy o‘zi kim bo‘lganki, butun bir adabiy tilni, hatto Alisher Navoiy davridagi mumtoz adabiyotni “Chig‘atoy tili”, “Chig‘atoy adabiyoti” deb atash kerak?”
Shu yerda bir jihatni aytib o‘tish kerak. Adabiyotshunos, tilshunos olimlarimiz orasida, go‘yoki “Chig‘atoy tili”, “Chig‘atoy adabiyoti” singari atamalar XIII asrdan boshlab mavjud bo‘lgan, degan qarashlarni olg‘a surguvchilar ham uchrab turadi. Bu asossiz da’volardan o‘zga narsa emas. Tarixga nazar solinsa, mo‘g‘ullar bosqini tufayli yurtimiz “Chig‘atoy ulusi” deb atala boshlangandan keyin mustamlaka o‘lkada adabiyot so‘nib ketganini ko‘ramiz, zero, XIII asrda adabiyotimizda biron bir ko‘zga ko‘rinarli asar yaratilgani yo‘q. Rabg‘uziyning “Qisas ul-anbiyo” asari 1310-yilda, Xorazmiyning “Muhabbatnoma” dostoni 1353-yilda – bular endi XIV asr bo‘ladi – yaratildi. Amir Temur yurt boshiga kelganidan so‘nggina adabiyotning, ilm-fanning rivojlanishi uchun imkoniyatlar paydo bo‘ldi, bu jumlai jahonga ma’lum.
Afsuslanarli joyi shundaki, jahonda o‘zbek adabiyotini Chig‘atoy adabiyoti deb tushunish hali-hanuz davom etmoqda. Masalan, Bokuda ozarbayjonlik adabiyotshunos Almaz Ulvining ozarbayjon-o‘zbek adabiy aloqalariga bag‘ishlangan “Ozarbayjon-o‘zbek (chig‘atoy) adabiy aloqalari” monografiyasi bosilib chiqdi (“Kitob dunyosi” gazetasida 2014-yil 10-sentyabr sonida shu kitobga yozilgan taqriz hamda “Sharq yulduzi” jurnalining 2014-yilgi 4-sonidagi Xolid Saidga bag‘ishlangan maqolaga qaralsin). Monografiyada olima ikki adabiyot o‘rtasidagi ijodiy aloqalarga batafsil to‘xtaladi. Bu borada tasavvur to‘liqroq bo‘lishi uchun kitobdagi boblar, fasllar nomlarini keltirib o‘taylik: “Ozarbayjon-chig‘atoy (o‘zbek) adabiy aloqalarining shakllanish davri”, “XVI-XIX asrlar chig‘atoy (o‘zbek) poeziyasi va adabiy mushtarak mayllar”, “XX asr chig‘atoy (o‘zbek) adabiyoti va “Mulla Nasriddin” jurnali (Sharq satira maktabi va jadid chig‘atoy (o‘zbek) she’riyati”, “O‘zbek (chig‘atoy) she’riyati ozarbayjon tilida”, “Chig‘atoy (o‘zbek) nasrining ilk davri”… “O‘zbek” so‘zi tushuntirish, izoh uchungina qavsda berilmoqda, adabiyotimiz esa “Chig‘atoy adabiyoti” sifatida talqin qilinmoqda. Aftidan, gazetaga ham, jurnal tahririyatiga ham, maqola muallifiga ham bunday talqin maqbul ko‘rinadi shekilli, chunki ular tomonidan hech qanday munosabat bildirilmaydi. Bu kitobni o‘qigan ozarbayjonlik o‘quvchilarda o‘zbek (chig‘atoy emas!) adabiyoti haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.
Shubhasiz, ozarbayjonlik zahmatkash olima Almaz Ulvi xonimning o‘zbek adabiyotini ushbu mamlakatda va dunyoda targ‘ib qilish hamda ikki qardosh mamlakat ilmiy doiralari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi xizmatlarini behad qadrlaymiz. Faqatgina u kishi kelgusida yuqorida tilga olingan masalalarga e’tibor qaratsa, ayni muddao bo‘lardi.
Afsuski, tariximizga, umuman turk tarixiga noxolis, nopisand, goho ochiqdan-ochiq g‘araz bilan yondashish tendensiyasini har qadamda sezib turamiz. Bir misol. Sohibqiron Amir Temur nomining turlicha berilishiga diqqatni qarataylik. Allohning bandasiga bitta ism beriladi. Ammo buyuk bobomizning nomi Temurbek bo‘lgani holda uni jahon rasmiy nashrlarida (ensiklopediyalar, lug‘atlar va h.k.) turlicha, chunonchi, Taymur, Timur-lenk, Timur, Tamburleyn, Tamerlan qabilida yozilishiga nima deyish kerak? Boshqa mashhur siymolarning birontasi taqdirida bunday munosabatni uchratmaymiz.
Mustaqilligimiz tufayli, ahvol mutlaqo o‘zgarib borayotgani kunday ravshan. Buyuk bobomiz haqidagi asl haqiqat yuzaga chiqdi, buni jumla jahon tan olmoqda. Moskvada nashr etiladigan “Наука и жизнь” jurnali, “Аргументы и факты” gazetasi hozir O‘zbekistonda Sohibqiron nomini “Amir Temur” deb yozish qabul qilinganini e’tirof etdi.
Tarix saboqlarini unutmaylik. Adabiy jamoatchiligimiz, adabiyotshunos, tilshunos, tarixshunos olimlarimizning chig‘atoy tili, chig‘atoy adabiyoti degan o‘ylab chiqarilgan, sun’iy atamalarni qayta ko‘rib chiqishlari, isloh qilishlari zamon talabi bo‘lib qolmoqda. Bunda chig‘atoy tili emas, eski o‘zbek tili, chig‘atoy adabiyoti emas, o‘zbek mumtoz adabiyoti (bu termin keyingi paytlarda izchil qo‘llanayotgani quvonchli) terminlarini mustahkam muomalaga kiritish lozim. Barchasi uchun o‘zimiz kuyib-yonishimiz, o‘zimiz ado etishimiz kerak. Bunday qadam xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga tariximiz haqida to‘g‘ri ma’lumot berishda, tariximizni chuqur anglashda qo‘l kelishi shubhasizdir. O‘z tariximizni teran bilaylik, tariximiz bilan faxrlanaylik.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



