Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.04.2024 | 14:01

img1188

MAQOMNING YUKSAK MAQOMI

Buyuk alloma, davlat va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat serqirra ijodiy faoliyati davomida adabiyot, tarix, falsafa, tilshunoslik, teatr dramaturgiyasi bilan bir qatorda, musiqa san’ati sohasida ham zakiy olim, nozikta’b shinavanda sifatida faoliyat yuritdi.

Buxoro xalq maorifi noziri lavozimida ishlagan Abdurauf Fitrat 1921-yili “Sharq musiqa maktabi”ni tashkil qilib, maqomdon ustozlar Ota Jalol Nosi­rov, Ota G‘iyos Abdug‘aniyev, Domla Halim Ibodovni mumtoz musiqa ijrochiligidan, V.Uspenskiy kabi olimlarni musiqa tarixi va naza­riyasi fanlaridan yosh avlodga saboq berish uchun ishga taklif etadi. Eng asosiysi, Fitrat ma’rifatparvar jamiyatga Shashmaqomdek muhtasham turkum fenomenini ochib bergan birinchi milliy olimdir. 1925-yilda nashr etilgan Shashmaqom haqidagi ilk maqola ham aynan uning qalamiga mansub.

1923-yili Fitrat tashabbusi bilan Buxoro Shashmaqomi taniqli folklorshunos olim va kompozitor Viktor Uspenskiy tomonidan ilk bor nota yozuviga olingan. U maqom bilimdonlari bo‘lgan Buxoro amiri saroy musiqachilari Ota Jalol Nosirovdan Shashmaqom ashula yo‘llarini, Ota G‘iyos Abdug‘aniyevdan esa cholg‘u yo‘llarini jonli ijro jarayonida nota qog‘oziga muhrlaydi. Shu tariqa, 250 dan ziyod cholg‘u kuylari va ashula yo‘llarini o‘zida jamlagan Shashmaqom turkumi birinchi marta besh chiziqli nota yozuvida “Шест музыкалных поем (макомы)” nomi ostida 1924-yili chop etiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, maqomlar, xususan, Shashmaqom turkumi avvallari ishqiy-lirik mavzular bilan bir qatorda, pand-nasihat va diniy-falsafiy mazmundagi she’rlar bilan kuylangan. Oxirgisi esa, shubhasiz, sho‘rolar zamoni siyosiy mafkurasiga zid kelgan. O‘sha paytda hukm surgan siyosiy-ijtimoiy vaziyatni hisobga olmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar edi. Shashmaqomning aynan she’riy matnlarsiz nashr etilishi sabablaridan biri ham shu. Shu bois, bu muhtasham turkumning ashula bo‘limi sho‘balari va ularning tarkibiy qismlari o‘tgan asr bosh­larida qaysi she’rlar bilan aytilgani biz uchun qorong‘i bo‘lib qolmoqda.

XX asrning boshlarida keskin o‘zgargan siyosiy, mafkuraviy-ijtimoiy sharoitlarda maqomlarni saqlab qolish, notaga yozib olish va ilmiy o‘rganishga ulkan hissa qo‘shgan alloma Abdurauf Fitratning o‘zbek musiqa san’atini rivojlantirish yo‘lidagi tashkilotchilik, rahbarlik ishlaridan tashqari, 1927-yilda chop etilgan “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” nomli ilmiy risolasi o‘zbek musiqasi tarixi, xususan, mahobatli Shashmaqom turkumi, uning cholg‘u va ashula bo‘limlari, milliy cholg‘ular haqida qimmatli ma’lumotlar beruvchi noyob manba bo‘lib qoldi. U orqali alloma yashagan davr musiqasi va cholg‘ulari, ularning turlaridan voqif bo‘lib, hozirgi kunda amaliyotda qo‘llanayotgan cholg‘ulardan farqi va umumiyliklarini kuzatish imkoniga ega bo‘lamiz.

Risola muqaddimasida muallif o‘zbek musiqasi asoslarini belgilash, uni tashkil etgan unsurlarni aniqlash va natijada xolisona ilmiy xulosalar chiqarishni maqsad qilganini yozadi. Asarning “Sharq musiqasi” nomli qismida mumtoz musiqamiz, xususan, maqomlarimizning ajdodi bo‘lgan O‘n ikki maqom tizimiga to‘xtab o‘tadi. Risolaning “O‘zbek musiqasi” nomli qismi aynan Shashmaqomning tuzilishi, uning alloma yashagan davrdagi holati, bo‘limlari xusu­sida atroflicha ma’lumot beradi.

Ma’lumki, maqomlarimizning tuzilishida muvaqqat poydevor bo‘lgan doyra usullari muhim o‘rin tutadi. Shashmaqom tarkibida uchraydigan aksariyat cholg‘u kuylari va ashula yo‘llarining nomi aynan doyra usullarining nomidan olingani ham fikrimizning dalilidir. Abdurauf Fitrat o‘z risolasida doyra usullariga ikki marta alohida o‘rin ajratadi: birinchisida “ha­zaj”, “ramal”, “vofir” kabi birmuncha qadimiy usullar xususida ma’lumot bersa, ikkinchisida o‘zi yashagan davr Shashmaqom turkumining doyra usullarini batafsil bayon qiladi. Asarning “o‘zbek milliy sozlari”ga bag‘ish­langan qismida muallif dutor, tanbur, rubob, qo‘buz, g‘ijjak, chang, nay, qo‘shnay, surnay, bo‘lamon, karnay, doyra, nog‘ora kabi cholg‘ularning har biriga alohida ta’rif berib, ularni hozirgi davrdagi holati bilan taqqoslash imkonini yaratadi.

Mazkur asarning “O‘zbek musiqa tarixiga bir nazar” nomli qismida esa, qadimgi raqs va baxshichilik san’ati, mumtoz musiqa ijrochiligi va bastakor­lik, musiqashunoslik faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘rta asrlarda yaratilgan musiqiy risolalarga tayangan holda sharhlab beradi. Shuningdek, xalq orasida “Qari Navo” nomi bilan mashhur bo‘lgan kuy ta­rixiga to‘xtalar ekan, “Bu kun O‘zbekistonning ko‘b o‘runlarida “Qari Navoiy” ismli bir kuy bor. Bu kuyning juda eski bir kuy ekani har tomonda so‘ylanib turadi. Buxoroning eski musiqiyshunoslari orasida uning Navoiy asari bo‘lg‘ani so‘ylanadir. Mana shu ma’lumotlardan so‘ng “Qari Navoiy” kuyining Alisher Navoiy asari bo‘lg‘ani ehtimoli kuchlanib qoladir. Har holda biz shu ehtimolni ko‘zda tutub, “Qari Navoiy” kuyining notasini asarimizga ilova qilishni munosib ko‘rdik. Navoiyning musiqiyg‘a xizmati yolg‘uz kuylar bastalamak bilan qolmaydir. Navoiy eng buyuk musiqiy ustodlarni, eng iste’dodli musiqiy talabalarni o‘z tarbiyasiga oldi”, deya zabardast musiqashunos olimga xos mushohada yuritadi.

Fitratning mazkur risolasini o‘rganish jarayonida uning “uchta o‘zaro bog‘liq kesimda: 1) o‘zbek musiqasining tarkibiy va mantiqiy qismi bo‘lmish “turk musiqasi” kesimida; 2) sharq musiqasi (sharq-islom musiqasi) kesimida, uning tarkibidagi turli etnomilliy tarmoqlar (arab, fors, ozarbayjon, usmoniy turk va boshqa)ni nazarda tutgan holda; 3) keng miqyosdagi “Sharq-G‘arb” (sharq musiqasi-g‘arb musiqasi) kesimida mushohada etilgani ma’lum bo‘ladi.

Abdurauf Fitrat nafaqat milliy musiqamiz, balki Yevropa janrlarini o‘z ichiga olgan kompozitorlik ijodiyoti bilan ham birdek qiziqqan. Jumladan, uning 1920-yili “Ishtirokiyun” gazetasida “Vokal san’ati va opera xususida” nomli maxsus maqolasi chop etiladi. Keyinchalik unda opera yaratish g‘oyasi ham paydo bo‘ladi. Mazkur opera Buxoro amiri davrini aks ettiruvchi mavzuda bo‘lishi rejalashtirilgan. Opera musiqasini ijodiy hamkori V.Uspenskiy bastalashi ko‘zda tutilgan edi. Ammo bu ish Fitratning nohaq qamalishi sabab amalga oshmay qoladi.

Ta’kidlash joizki, Abdurauf Fitrat o‘zi­ning samarali izlanishlari bilan XX asr o‘zbek musiqashunosligining asoschilaridan biriga aylandi. U shoir va adib, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, san’atshunos va jamoat arbobi sifatida madaniyatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Shahnoza OYXO‘JAYEVA, san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600