04.09.2024 | 14:18
410
YAXSHI DO‘STGA BERGIL NON-U SHAKARING
AJINIYOZ
URUGʻIM – QO‘NGʻIROT
Urug‘im – qo‘ng‘irot, millatim – qalpoq,
Kenagas, mang‘it-u xitoy-u qipchoq,
Tug‘ishgan deydilar qalpog‘-u qozoq,
O‘n to‘rtga bo‘lingan urug‘im bordir.
Bir eli – Xorazm, bir eli – Turon,
Urganch-u, Qo‘ng‘irot, shahri Samarqand,
Karvonlari borur Buxor, Ashtarxon,
Qancha suluv-suluv shaharim bordir.
Ko‘pdan ko‘ra ko‘rkam yurtim dalasi,
Qavat-qavat, baland shahr-u qal’asi,
Ko‘pkari-uloqqa kengdir orasi,
Ko‘pkar-uloq o‘ynar yigiti bordir.
Bizning elni o‘n to‘rt urug‘ deyarlar,
Qiz-juvoni qizil-yashil kiyarlar,
Hayit-to‘yda ot-arvaga minarlar,
Ne bir suluv-suluv qizlari bordir.
Qiz-yigiti javob aytar basma-bas,
Kiygan kiyimlari atlas-u libos,
Poyiga to‘shaydur mashhadiy palos,
Shohsanam, Shirindek qizlari bordir.
Kotiblari olar kitob-qalamin,
Bir-biriga berar Tangri salomin,
Xoja Hofiz, Navoiydan sabog‘in
Olgan necha mulla-tolibi bordir.
Uch oy chavog‘i bor, uch sog‘ini,
Uch oy qavog‘i bor, uch oy qovuni,
To‘rt faslga yetar aning taomi,
Ne bir shirin-shirin yemishi bordir.
Biri sutilmakdur, biri otcho‘qay,
Sobig‘in yesangiz, shirin asalday,
Jambulcha qovuni shirin pachakday,
Yilida uch pishar mevasi bordir.
Poytaxt yurtin derlar qadimgi Turon,
Izzat-hurmat bilan qiladi mehmon,
“Kelgindi” degan nom bizlarga yomon,
Xitoy, qo‘ng‘irot otli ellarim bordir.
Jayxun, Sayxun – ikki daryo orasi,
Tub naslimiz bir kishining bolasi,
Anas, Malik – ikki elning bobosi,
Nomi qoraqalpoq ellarim bordir.
Bizning yurtga erta kelur bahor-yoz,
Quv-quvlashib quvnab uchar oqqush-g‘oz,
Bul bayozni yozgan mulla Hojiniyoz,
Zevarning aylona ellari bordir.

BO‘LMAS
Kel-ey, ko‘nglim, bu dunyoga berilma,
Yolg‘onchining bir dam fursati bo‘lmas.
Oqil bo‘lsang, oxiratingni o‘yla,
Imondin g‘ayrining lazzati bo‘lmas.
Do‘stga to‘g‘ri kerak, dushmanga – hiyla,
Odamga mehr ber, nafsga qasd ayla,
To‘g‘ri yurgil, egri yurmagin bo‘yla,
Yolg‘onchi Rasulning ummati bo‘lmas.
Yaxshining bir so‘zi tiriklik toji,
Yomonning bir so‘zi zahardin achchi,
Zo‘r yigit dunyoning bo‘lsa qallochi1,
Savashda g‘animga haybati bo‘lmas.
Yomonga so‘z aytsang, boqar iziga,
Quloq solmas yaxshilarning so‘ziga,
Besh-o‘n kishi ko‘p ko‘rinar ko‘ziga,
Yomonning yaxshiga suhbati bo‘lmas.
Yaxshiga yarashar izzat-u hurmat,
Do‘stlarga muruvvat, dushmanga haybat,
Hech ishga yaramas, tug‘sa beg‘ayrat,
Yaxshi zot puliga qiymati bo‘lmas.
Yaxshi ot yigitning ko‘nglini ochar,
Xotin yomon bo‘lsa, obro‘ying qochar,
Necha pand aylasang, yo‘liga ko‘char,
Yomonning yaxshiga hurmati bo‘lmas.
Yomon zandin ko‘ngling do‘nar har yona,
Yaxshi zan ko‘z suzmas kelgan mehmona,
Tug‘magan o‘g‘uldan tug‘gan begona,
Pul berib olsang ham foydasi bo‘lmas.
Yaxshi do‘stga bergil non-u shakaring,
Qaytarmas so‘zingni, bo‘lsa keraging,
Ul nomardga kunda bergan xo‘raging
Kuningda bir pulcha minnati bo‘lmas.
Bevafodir dunyo, so‘ngi puch bo‘lur,
Ajal yetsa, bir kun ko‘cha-ko‘ch bo‘lur,
Zevar aytur, aqlsizga hech bo‘lur,
Yomonning yaxshiga suhbati bo‘lmas.
MENGZAR
Xayol qilsam, mening ko‘nglim
Egarlangan otga mengzar,
Bir do‘stingning ko‘ngli qolsa,
Gʻalat yozgan xatga mengzar.
Ey xaloyiq, o‘ylab qara,
Totuvlashar kam-kam ora,
Do‘st bo‘lsangiz yaxshi yora,
Umring gulistonga mengzar.
Iching to‘lar nomus-orga,
Ko‘ngil bermas ro‘zig‘orga,
Ishing tushsa fe’li torga,
Qafasga tushganga mengzar.
Ipak fe’lli qaddi nihol,
So‘zi shakar, labida bol,
Qo‘lingga tushsa bir go‘zal,
Hayoting xushhola mengzar.
Iching to‘lsa armon-sher2ga,
Ko‘ngling mengzar qora yerga,
Yomon xotin yaxshi erga
Tuganmas tuhmatga mengzar.
Zo‘r yigit bo‘lsa hamroying,
Ne qayg‘ung bor, ne parvoying,
Guliston ko‘ngil saroying
Qish kunlari yozga mengzar.
Pulli bo‘lsa kasb-u koring,
Dushmanlardan o‘nar oring,
Hamma sening do‘sting-yoring,
To‘rt yoning qiblaga mengzar.
Anglasam aql-o‘yimni,
Dunyoning yo‘qdir to‘yimi,
Ozoda qizlar qo‘yini
Jannatning bog‘iga mengzar.
Obodondur o‘nging-so‘ling,
Yetadi har yerga qo‘ling,
Bo‘lsa shiddatli mard uling
Ko‘ngling baland tovga mengzar.
Olis-yaqinni bilmasa,
Iyninda3 ko‘zga ilmasa,
Tegishli haqing bermasa,
Og‘ayining yovga mengzar.
Sir sochmas odam donosi,
O‘rinlanar so‘z sarasi,
Yomon qo‘shnining orasi
Kunda janjal-dovga mengzar.
Ko‘kka yetar chekkan nolang,
Vayron bo‘lar jigar-xonang,
Ahmoq bo‘lsa tug‘gan bolang,
Umring zimistonga mengzar.
Ey xaloyiq, quloq soling,
Buyurgani mulki-moling,
Ko‘nglingdan chiqsa ayoling,
Behisht g‘ilmoniga mengzar.
Tug‘ishganing bo‘lsa fosiq,
To‘g‘ri bilmas, juda jasiq4,
Olish-berish yo‘q, siylashiq,
Tug‘ishganing yotga mengzar.
Xaloyiqqa ko‘z solmasa,
Og‘a-inni tanimasa,
Bolang tilingni olmasa,
Iching yongan o‘tga mengzar.
Yaxshida alam-kek bo‘lmas,
Bir yomonlik yoddan qolmas,
Hech kim ayab, nazar solmas,
Iching yongan o‘tga mengzar.
Xalqqa mashg‘ul toshqin davlat,
Hech kimga bo‘lmagan ulfat,
Qilmagan xayr-saxovat
Mevasiz bir tolga mengzar.
Arosat chil-chil xunoba,
Qilmasa haqqingga duo,
Masala aytmagan ulamo,
Suvi yo‘q arnaga mengzar.
Egaman deb zo‘r atoqqa,
Oti taniqli elatga,
Yoyilmasa so‘zi xalqqa,
Shoir ko‘hna tomga mengzar.
Odam o‘g‘li – bori odam,
Hallos urg‘il, ko‘nglim, shodlan,
Fazilat bilmagan nodon,
To‘rt oyoqli molga mengzar.
MAYDON ICHINDA
Yaxshi yigit kurash kuni
Sinalur maydon ichinda.
Mard bilan nomardning farqi
Bilinur maydon ichinda.
Bo‘lib o‘z ishingga puxta,
Bedovdan ayirma no‘xta,
Nomard qulog‘i kar, luqma
Eshitmas maydon ichinda.
Qayg‘u, mehnat bo‘ldi yorim,
Chiqmas ko‘ngildan g‘uborim.
Kecha-kunduz oh-u zorim,
Qolibman hayron ichinda.
Kezdim g‘ariblik yo‘linda,
Gʻarq bo‘lib hijron ko‘linda,
Yusufdek Misr elinda
Qolibman zindon ichinda.
Alloh soldi har xil yo‘la,
Har kimsadan qilmang gina,
Majnun kabi chiqib cho‘la,
Qolibman giryon ichinda.
Ko‘p savdo kechdi boshimdan,
Sel bo‘ldi ko‘zlar yoshimdan,
Ayrilib tengi-to‘shimdan,
Qolibman hijron ichinda.
Shabang5 minib, changda qolma,
Ikki berib, birin olma,
Bevafoga ko‘ngil solma,
Qolursan armon ichinda.
Gʻarib Zevar, qilma giryon,
Haq o‘zi bo‘lgay mehribon,
Qucharsan hur ila g‘ilmon
Jannat-u rizvon ichinda.
QADR
Havoda uchgan bo‘z qushlar
Ne bilsin ko‘lning qadrini,
Tog‘ boshida yurgan maral
Ne bilsin cho‘lning qadrini.
Yaxshi-yomonni ko‘rmagan,
Bek bo‘lib davron surmagan,
Gulning tozasin termagan,
Ne bilsin gulning qadrini.
Sevgi sharobin ichmayin,
Shirin jonidan kechmayin,
Yurtidan ayro tushmayin,
Ne bilsin elning qadrini.
Bulbul fig‘on etgan bog‘lar,
Oshiq bo‘lgan tinmay “oh”lar,
Ko‘kni kezgan qarg‘a-zog‘lar
Ne bilsin gulning qadrini.
Ustimizdan o‘tgan oylar,
Tushdi bugun oh-u voylar,
Alanglab yurgan haloy6lar
Ne bilsin so‘zning qadrini.
Oh chekib bag‘rin so‘kmagan,
Ko‘zidan yoshin to‘kmagan,
Achchiq-chuchukni totmagan
Ne bilsin bolning qadrini.
Yor bila birga yotmagan,
Shirin labidan totmagan,
Nozik belidan tutmagan,
Ne bilsin qo‘lning qadrini.
Zevar, ajabdur zamonlar,
Qani bundog‘ qadrdonlar,
O‘zin bilmas qiz-juvonlar
Ne bilsin yorning qadrini.
BO‘LURMI?
Vale ko‘nglum, har joylarda do‘lanma,
Har joy demak bilan imkon bo‘lurmi?
So‘zlaganda so‘zning farqin bilmagan,
Odam demak bilan inson bo‘lurmi?
Yigit kerak so‘z o‘rnida so‘zlasa,
Har kimga sir bermay, orin ko‘zlasa,
Qadrin bilur bir qadrdon izlasa,
Qadrin bilmas joyga mehmon bo‘lurmi?
Alloh bersin bandasining murodin,
Karam-ul kotibi yozarlar xatin,
Barchani yaratgan qodir Xudodin
Inoyat bo‘lmasa, sulton bo‘lurmi?
Zo‘r yigitga obro‘ kerak, mol kerak,
Murshidlarga botin kerak, hol kerak,
Oxirat istasang, to‘g‘ri yo‘l kerak,
Ko‘ngil xush etmasa, giryon bo‘lurmi?
Zo‘r yigitning oti-to‘ni shay bo‘lsa,
Olgan yori aqli o‘ziga tay bo‘lsa,
O‘g‘li-qizi bo‘lib, yana boy bo‘lsa,
Yolg‘onchi dunyoda armon bo‘lurmi?
Yaxshi fahm ayla so‘zlagan so‘zdin,
Yomonning farqi yo‘q, ko‘z bila yuzdin,
Odobsiz, hayosiz befahm qizdin
Xushro‘y bo‘lmoq bilan jonon bo‘lurmi?
Zevar aytur, Alloh, o‘zing shod ayla,
Otim-to‘nim, ko‘ngil xushim bor ayla,
Qo‘l-oyog‘im, boshim, ko‘zim sog‘ ayla,
Mendin g‘ayri darda yongan bo‘lurmi?
YANGLIGʻDIR
Og‘alar, yorimning ta’rifin aytsam,
To‘bi og‘och aning qaddi yanglig‘dir,
Xulqi, fe’li, hol-u ahvolin aytsam,
Misli Majnun suygan Layli yanglig‘dir.
Beklar, ta’riflasam kezgan elatni,
Ul elda ko‘rmisham bir parizotni,
Boqsam oy yuziga – atir, oy betli,
Jannatning ravoqida to‘ti yanglig‘dir.
Bersam kam bo‘lgay bu dunyo barisin,
Hurlar tenglasholmas, aytsam ta’rifin,
Bayon etsam aning ismi-sharifin,
O‘tgan bir yaxshining oti yanglig‘dir.
Ani o‘z suni’ydin yaratgan Subhon
Yuzi o‘n to‘rt kunlik oydek namoyon,
Ko‘rgan bexush bo‘lar ani shul zamon,
Sayl qilib behishtdan chiqqan yanglig‘dir.
Qand-u novvot, shahd-u shakar oshlari,
Qunduzdan qoradur aning qoshlari,
Zehn etsang, aning qalam qoshlari
Kotib qalam bilan yozgan yanglig‘dir.
O‘tirishi – turna, yurishi – g‘ozdur,
Boshdan oyoq tamomi a’zosi nozdur,
Xushsurat, xushodob, bir olg‘ir bozdur,
Boqishi misoli lochin yanglig‘dir.
Zoye bo‘lar bevafoning yurgani,
Aysh-u ishrat, zavq-u safo surgani,
Bir kun olib ketsa molin bergani7,
Misli qush qochirgan shahboz yanglig‘dir.
Zevar aytar, endi holing ne kechar,
Yo shu kun, yo tongda karvoning ko‘char,
Sog‘ bo‘lsang, boshingga ne savdo tushar,
Bevafo yor foniy dunyo yanglig‘dir.
YIGITGA NE KERAKDUR
Avval kunda zo‘r yigitga
Bir ajoyib ot kerakdur.
Mehmonga xizmat etmoqqa
So‘ngra qo‘l-qanot kerakdur.
Ot yo‘llar chopib oshganda,
Qilichdan qonlar sochganda,
Mard boshiga ish tushganda
Yigitga g‘ayrat kerakdur.
Gʻanimga qarshi borganda,
Dushmandan o‘chin olganda,
Omon-eson sog‘ kelganda
Yigitga murod kerakdur.
Gʻulpog‘i8 beliga tushgan,
So‘zlaganda zehning ochgan,
Daryo kabi to‘lib-toshgan
Ajab o‘g‘il zot kerakdur.
BARCHA BIRDAY BO‘LGAN EMAS
Barcha odam tengday emas,
Sen qo‘ymagil yurtga havas,
Biri oqil, biri g‘ofil,
Barcha birday bo‘lgan emas.
Xudoga xosdir ilmi g‘ayb,
So‘z aytding bizga ajoyib,
Banda yo‘qdur hech beayb,
Bir Xudoda yo‘qdur ayb.
So‘zing nayza sifat o‘tar,
O‘z boshingga so‘zing yetar,
Qancha o‘zing bilgich bo‘lsang,
Bir bilmaslik nega o‘tar.
Ul ajalni ko‘rib bo‘lmas,
Oldin payqab, bilib bo‘lmas,
Barcha maxluq birday emas,
Bilmasga ozor berib bo‘lmas.
Birovda bor bitgan aql,
Yuqmay ketar surtgan aql,
O‘yidagin bilib bo‘lmas,
Burungidan qolgan naql.
Qoraqalpoq tilidan Rustam MUSURMON ag‘dargan.
1 Qallochi — bechora, kambag‘al.
2 Sher – qayg‘u-hasrat.
3 Iyninda – payti kelganda.
4 Jasiq – zaif, qat’iyatsiz, irodasiz.
5 Shabang – chopolmaydigan ot.
6 Haloy – ayol.
7 Molin bergani – kuyov bo‘lmish yigit.
8 Gʻulpoq – o‘g‘il bolalar kokili.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



