Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.09.2024 | 10:41

img430

KITOB – BITMAS XAZINA

Kuzning salqin nafasi ufurib turgan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Green Hills Resort” dam olish maskaniga kirib borar ekanmiz, uzun yo‘lning ikki chetiga qator joylashtirilgan “Bitmas xazina” kitob ko‘rgazma-yarmarkasi va bu rastalarga terilgan turli hajmdagi, turfa yoshdagi kitobxonlarga mo‘ljallangan rang-barang katta-kichik, moʻjaz kitoblarning betakror ranglar jilosi ko‘zni qamashtirdi. Maktab o‘quvchilari, talabalar, festival ishtirokchilari kitoblarni qiziqib tomosha qilishar, o‘zaro qizg‘in fikr almashishardi.

Tadbirning ochilish marosimidan so‘ng “Mualliflik huquqi va tarjima masalalari”ga bag‘ishlangan konferensiya boshlandi. Unda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti bosh mutaxassisi Akmal Akramov, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, O‘zbekiston xalq yozuvchi Erkin A’zam, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev, noshir Firuz Allayev va boshqa ishtirokchilar fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirib o‘tishdi.

Ibrohim GʻAFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni:

– Yaqin besh-olti yil ichida odamlarning kitob­ga munosabati, fikri, qiziqishlari avvalgiga qara­ganda beqiyos darajada o‘zgaryapti. Albatta, yaxshilik tomonga. “Bitmas xazina” deb nomlangan festival fikrimning tasdig‘idir. Bunday festival mahallalarda, ish joylarida, oliy o‘quv yurtlarida, maktablarda o‘sha davralarga xos shaklini topgan holda tez-tez o‘tkazib turilishi kerak, degan fikr uyg‘ondi menda. Bugun kitob chiqaradigan nashriyotlar, korxonalar oldingiga qaraganda ancha ko‘paygan. Kitob sotadigan do‘konlar ham oz emas. Masalan, Toshkentning o‘zida 300 dan ortiq obod, shinam do‘konlar mavjud. Ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda, mahallalarda “odamlar, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, qo‘lidan telefon tushmaydi”, degan gap-so‘zlar eshitilib qoladi. Lekin bu gap u qadar to‘g‘ri emas, vaziyatni haqqoniy ifodalamaydi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Ming kitob” loyihasi kitobxonlar doirasini kengaytirishda katta ahamiyat kasb etyapti.

Shuni aytish joizki, kitoblarsiz yangi Renessans haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Renessans – bu o‘zi tanlagan soha bo‘yicha ko‘p kitob o‘qish, ayni paytda badiiy adabiyotni ham chetda qoldirmaslik degani.

Hozirgi kunda bizda ham “adabiyot agentlari” degan tushuncha paydo bo‘ldi. Shunday agentliklarning ko‘payishi mualliflarimizning asarlari dunyo bo‘ylab tarqalishiga yordam beradi. Ayni paytda “Elektron kitoblar platformasi” degan soha shakllanib boryapti. Bu ham kitob targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Umrim bo‘yi kitob bilan birga, kitoblar orasida yashaganman, hozirgacha kitob o‘qimagan kunim menga juda qorong‘i bo‘lib ko‘rinadi. Faqat adabiyot emas, balki turli sohadagi, masalan, kiberneti­ka, kiberxavfsizlik, jamiyat uchun niho­yatda muhim bo‘lgan ekotexnologiya, informatika haqidagi eng zarur kitoblarni ham topib o‘qishga harakat qila­man. Bularning bari ijodimga katta foyda beradi.

Bugun festival doirasida namoyishga qo‘yilgan kitoblarning soni va zalvorini chamalab, meni biroz vahm bosdi. Qachon bu kitob­larning tanqidchilari, tahlilchilari paydo bo‘ladi?! Chunki tanqid va tahlil paydo bo‘lsa, o‘quvchida qaysidir kitobni o‘qishga qiziqish uyg‘onadi. Albatta, bu tanqid va tahlil malakali bo‘lsa.

Erkin A’ZAM,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi:

– Noshirlik ishi va yozuvchilar bilan hamkorlik mavzusidagi davra suhbatida bitta fakt eshitdim: bir muallif o‘z hisobidan 37 ta kitob chiqaribdi. Xo‘sh, o‘zining hisobidan kitob chiqarish nimaga zarur ekan? Yoshim anchaga borib qoldi, lekin hisoblab ko‘rsam, shuning yarmicha ham kitob chiqarmagan ekanman. Meni hamma biladi, deb aytolmayman, lekin festivalda qatnashganlarning to‘qson foizi u odamni tanimasligi ko‘rinib turibdi. Biz bozorni bahona qilib shunday kitoblarni chiqaryap­miz-u lekin saviya yo‘q. Muqovaning saviyasi­ni aytmasangiz, mazmun, badiiy saviya degan gaplar yo‘qolib ketdi. Endi, umidli dunyo. Hamma shoir ham bir ma’lum badiiy saviyada yozolmasa kerak, hamma yozuvchi ham, masalan, ma’lum bir talablarga javob berolmasa kerak. Lekin ich-­etini yeb, bir kitobim chiqsa, deb orzu qiladi.

Bir paytlar Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda ishlaganman. Endigina bozor iqtisodiyoti kirib kelayotgan o‘sha paytlarda “Hamkor” degan redaksiya bo‘lardi. Biz shunaqalar­ning kitobini chiqarib, birinchi sahifasiga yozib qo‘yardik: “Kitob muallifning o‘z hisobidan chop etil­yapti”. Bu narsalar hozir yo‘q bo‘lib ketdi. Davra suhbatida turli fikrlar qatorida o‘z hisobidan chiqarayotganlar kitobining soni 200-300 tadan ortmasligi haqida gaplar bo‘ldi. Xo‘p, o‘n dona chiqarganda ham uning saviya­si past bo‘lishi kerakmi? Bu kitob borasidagi umumiy siyo­satimizga, ma’naviyatga, adabiy didga zarba emasmi? Kitobi nechta chiqishidan qat’i nazar, bu odamning san’atga da’vosi bor. San’at esa mukammal, bekamu ko‘st, faqat ma’naviy manfaatli bo‘lishi kerak.

Hozir men aytgan “O‘z hisobidan chop etil­yapti”, degan gap yo‘qolib qoldi. Nihoyatda saviyasi past kitoblarning muqovasi chiroyli, ichini qarasangiz, muallif nashriyotga qanday keltirib bergan bo‘lsa, shunday ketgan. Kitob chiqarishning texnik ishlov berish, texnik be­zak, degan qonun-qoidalari bor. Lekin birortasiga rioya qilinmagan. Shu ahvolda tom-tom kitoblar chiqyapti. Pulga chiqaradigan odam adabiyot olamida e’tirof etilgan bo‘lishi kerak. U chiqargan kitoblar haqida kitobxonlarning, adabiyotshunoslarning e’tiroflari chop etilgan bo‘lishi lozim… Xullas, kitob yozishda ham, uni chiqarishda ham professionallikdan uzoqlashdik. Vaholanki, kitob chop etish professional­larning ishi. Umuman, kitob chiqaradigan odam adabiy jamoatchilikning fikriga, Yozuv­chilar uyushmasining munosabatiga asosla­nishi kerak. Afsuski, hammamiz shoshyapmiz, qayoq­qa­dir shoshib ketyapmiz.

Xurshid DO‘STMUHAMMAD,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

– Jannatiy tabiat qo‘ynida jannatiy mavzuga bag‘ishlangan anjuman bo‘ldi. Mutolaa madaniyati, kitobga muhabbat uyg‘otishga bag‘ishlangan juda ko‘p fikrlar aytildi. Yozuvchi, shoir, o‘qituv­chi, kutub­xonachi, talaba, kimligidan qat’i nazar, fikri bir joydan chiqyapti. Kitob o‘qish, o‘qishga undash, qiziqtirish har bir ongli insonning zimmasidagi katta vazifa.

Bitta savol bor. Eng muhim, eng og‘ir savol: yoshlarni qanday qilib kitobga muhabbatli qilib tarbiyalash mumkin? Bir qaraganda, oddiygina, jo‘ngina savol, lekin javobi murakkab. Prezidentimiz tashabbus ko‘rsatib, kitobxonlikni rivojlantirish, kitobxonlarni rag‘batlantirish yo‘lida hech narsani ayamayapti. Hammamiz yaxshi bilamiz, avval kitob chiqarish muammo edi. Hozir kitob do‘konlarida har jihatdan xilma-xil kitob bor. Kitob ko‘paydi. Endi targ‘ib qilishimiz kerak.

Kitob – mulk, bitmas-tuganmas xazina. Bitta kitobni o‘n marta o‘qib, o‘n xil gapirib berish mumkin. Kitobning sehri, moʻjizasi shunda. Bugungi mavzuning muhimligi shundaki, bu yerda aytilgan har bir gap jadid otaxonlarimizning, munavvar insonlarimizning maslagiga nihoyatda mos tushadi. Ularning hammasi “O‘qi, o‘qish kerak”, deb o‘tib ketdi. Shunga qo‘shib aytaylik: o‘qish va o‘qish kerak, degan gap bugun, jadidlardan 100-120 yil keyin yana kun tartibiga chiqib turibdi “Jadid” gazetasi va sayti, umuman, jadid tushunchasi shuning uchun ham juda muhim.

Abduqayum YO‘LDOSHEV,
yozuvchi:

– Ancha yillar oldin Xitoyda yiliga mingdan ortiq adabiy mukofotlar joriy etilishi-yu ularning aksariyatining ta’sischilari xususiy sektor ekanligi haqida o‘qib qolganimda “Shunday katta davlat uchun ham bu ko‘p emasmi?” degan o‘yga borgandim. Tez orada Mo Yan “Musallas mamlakati” romani uchun Nobel mukofotini olganida savolimga javob topganday bo‘ldim. Ortiqcha kamtarlik qilib o‘tirmasak, bugungi kunda millatimiz adabiyoti darg‘alaridan ­Erkin A’zam, Usmon Azim, Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Davron, Isajon Sulton, Nazar Eshonqul singari yozuvchi-shoirlarimizning asarlari dunyo adabiyotidan munosib o‘rin olishga loyiq emasmi? Deylik, Erkin akaning asarlari ingliz va fransuz tillariga o‘girilib, kitoblar taqdimoti Yevropada o‘tkazilgani bejiz emasdir.

Shu sababli bo‘lsa kerak, abadiyat xazinasiga bag‘ishlangan navbatdagi “Bitmas xazina” nomli festivalda adabiyotimizning eng yaxshi asarlarini xorijda chop etish, bu jarayonda “xashaki”, ya’ni pulini to‘lasangiz, bas, istagan “ijod namunangiz”ni chop etib beradigan “ko‘cha nashriyotlari” (qarang, ayni o‘zimizdagi vaziyat!) emas, xalqaro nufuzga ega, reytingi baland haqiqiy nashriyotlar bilan hamkorlik o‘rnatish lozimligi haqidagi mulohazalar juda o‘rinli bo‘ldi.

Anjumanda Javlon Jovliyev, Sa’dulla Quronov, Munira Norova singari yoshlarning aynan shu yo‘nalishdagi ma’ruzalari, olib borayotgan ishlari haqidagi hisobotlari e’tiborimizni tortdi. Fikrimizcha, festivalda yoshlar nafasi sezilib turdi.

Firuz ALLAYEV,
“Asaxiy books” nashriyoti asoschisi:

– 2017-yil Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda noshirlik faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turidan olib tashlangan. Ya’ni bu degani nashriyot ochadigan odam litsenziya olishi shart emas. Natijada bu sohaga erkin kirib, ijod qilish imkoniyati yuzaga keldi. Bugun marketingda muammolar bor. Katta nashriyotda marketing jamoasi tuzish imkoni mavjud, kichik nashriyotlar esa asta-sekinlik bilan rek­lama berish orqali e’tiborni torta boshlashdi. Bu bozor qonuni – mahsulot sotish uchun uni targ‘ib qilish kerak. Xullas, kitob marke­tingi juda muhim masala. Chunki har qanday kitob reklamasi, uni o‘qish uchun ham reklama bo‘ladi.

Noshirlik va nashr sohasida muhim muammolar bor. Bugun muhokama qilingan mualliflik huquqining himoyasi masalasini olaylik. Ko‘p hollarda mualliflar bilan to‘g‘ri shartnoma qilinmaydi. Ularning ishlari yaxshi moliyalashtirilmagan bo‘ladi yoki kitoblarni muallifning ruxsatisiz chiqarib yuborishadi. Mana shu kabi muhim masalalar haqida gap ketganda turli xil yechimlar taklif qilindi. Juda ko‘p qonuniy masalalar muhokama qilindi. Ular orasida mualliflar bilan shartnoma tuzishda britancha tizimga o‘tish borasida ham fikr bo‘ldi. Bizda hozir muallif kelib nashriyot bilan shartnoma tuzadi. Nashriyot muallifga bir marta haq to‘laydi. Lekin britancha tizimda muallif har bir sotilgan kitobidan ulush oladi. Bu ulush shartnomada kelishilganiga qarab 10 foiz, 15 foiz bo‘lishi mumkin. Muhimi, kitob qancha ko‘p sotilsa, muallif shuncha ko‘p ulush oladi. Bu esa muallifga motivatsiya beradi, ya’ni u yana ko‘proq, muhimi yaxshiroq, sifatli ijod qiladi.

Zamira ISMOILOVA:

– Kitob yarmarkasi bo‘lishi haqidagi xabarni eshitdimu bolalarimni olib shu tomonga shosh­dim. Farzandlarim uchun qiziqarli, sahifalari rang-barang kitoblar xarid qildim. Ba’zi nashriyotlar bolalarimning kitobga bo‘lgan mehrini ko‘rib, ertak kitoblardan sovg‘a qilishdi. Biz ota-ona­lar bu kabi kitob festivallari har faslda, hamma hudud­larda bo‘lishini istaymiz. Iloji bo‘lsa, bunday ma’rifiy tadbirlarni ko‘chma shaklda, mahallama-mahalla o‘tkazib borish kerak. Ana shunda kitob yarmarkalariga borolmagan yurtdoshlarimiz ham kitob ziyosidan bahramand bo‘ladi.

Gulchehra UMAROVA yozib oldi.

 “Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img591