23.09.2024 | 15:47
301
TINCH QULOG‘IM…
Nega ko‘rinmay qolding, deysanmi, oshna?
Shu desang, birrov AQShga o‘tib keldim. Kalla bormi senda?! AYOQShmas, AQSh deyappan! AYOQShga borgani benzin quyishga tirillog‘im bo‘lmasa…
Amerikani aytyapman. Qanaqqip deysanmi? Shunaqqip!

Oqilboyni bilasan, turib-turib bitta savol tashlaydi-da, “Kim topsa yuz dollar” deb qo‘yadi. Qo‘yliq bozoriga qulpinayning “Viktoriya” so‘rti endi chiqqan, xotin xumorbostiga shu o‘lgurdan to‘rt donagina obering, deb mazgini kampot qibturgan payt edi. Nima deysan? “Boshqorong‘i?” Jinni-pinnimasmisan? Bu yog‘da kenjatoyim Akbarali ko‘chadan o‘tgan qiz-juvonni ko‘zi bilan chorrahagacha kuzatib qo‘yadigan chamaga yetdi-yu, uyatmasmi?
Xullas, baxtimga Oqilboy mahalla boshidagi guzarda ulfatlari bilan gurunglashib o‘tirganakan. Xuddi meni yoniga chorlaganday, bir qalqinib “hozir” deb qo‘ydim-da, xotinni yonidan sirg‘alib qochdim. Xotin sho‘rlik labini “Viktoriya” po‘rma juplaganicha qolaverdi…
Boy men bilan qosh sakratib salomlashgan bo‘ldi-yu, hamtovoqlariga qarata: “Maykl Jekson nima sababdan o‘lgan?” deb savol tashlab qoldi. To‘g‘ri javob berganni Jeksonning yurtiga oborib o‘ynatib kelishini qistirib, “Agar aldasam, narxim Yangiobod baraxo‘lkasida uch tiyin bo‘lsin!” deb qasam ichvordi.
To‘dadagi turqi bir-biridan sovuq nusxalarni biri “Zahm – so‘zakdan o‘lgan!” desa, boshqa “husni Yusuf” esa: “Kreditini yopolmay, o‘zini gitarani simiga osgan!” deb xiringladi. Qolganlarni javobiyam poyma-poy, chalakam-chatti bo‘ldi. Gal menga kelganida Oqilboy iyak qoqar-qoqmas, o‘ylab ham o‘tirmay “Ajali yetgani uchun o‘lgan” devoribman.
“E, malades! Mujik ekansan, sho‘tta bilindi”, deb boy yelkamga yelka urib, tan berganini anglatdi. Xullas, sho‘piri uyga borib pasportimni oldi-yu men bu voqeani unutdim. Rosti, ishonqiramay, umid qilmay dalshe yashayverdim…
Omalekin, Oqilboy “Oqilboy” deganicha bor ekan. Juma bozoridan yarim kilogina shudring bodring olib qaytyotsam, o‘sha guzarda o‘sha sho‘pir tandirga kirib chiqqan qo‘chqorkalladay majbur tirjayib turibdi. “Moro bo‘sin, mullaka”, deydi. “Amriqoga ketyapsiz! Mana, viza”, deydi. Birdan g‘am-tashvish bo‘ynimga arqondek o‘raldi-yu…
“O‘sha-a-aqqa borib-kelish oson gapmi? Chiqimiyam o‘shancha bordir? O‘zim nosqovoqqa non bormi, deb Chorsuga bazo‘r peshkom borib-kelayotgan tiriktovon bo‘lsam…”
Maktabda qanaqa o‘qiganimni o‘zing bilasan, oshna. Chet tilidan Ahmet tatar degan garmonchi darsga kirardi. Seni esingda bormi-yo‘qmi, lekin men qaysi tildan dars berganini o‘lay agar eslolmayman. Urush kinolarda miyaga o‘rnashgan “Hende xo‘x! Gitler kaput!” deganlari nemischa emish… Bu yog‘i safarga to‘rt kun qolgan. Baxtimga katta nevaram Sarvaraxon ingliz tili o‘qituvchisidan o‘rgangan uch-to‘rtta zaril so‘zni menga ham yodlatdi: “Vat iz yo neym? Yu spik inglish? May neym iz Mulla. Bay-bay…”
Yo‘q, boy gapida turdi. Menga bir sent rasxo‘t qildirmay, hammasini o‘zi to‘lab olib ketdi. Qiladigan ishim: uni ikkita sepsandiqday jomadonini sudrash xolos. Amriqo deganing yerni quyrug‘ida ekan. Naqd o‘n ikki soat “Bo‘ying”da uchippiz. Oyoqlar akashak bo‘b qoldi. Omalekin, bo‘yingdan akang, samalyotni girgitton qizlari juda mehmonnavoz ekan. To‘xtovsiz goh qizilidan, goh oqidan quyadi… Bir osh obkesa, bir norin tutadi. Shashlikni osmonda qanaqqip pishirdiykan, deb ancha boshim qotdi.
“Taassurotlar?” xuddi “Millar”ni muxbiriga o‘xshab savol tiqishtirasan-a, tavba! Oshna, birinchidan, menga yoqqani yo‘llarning kengligi bo‘ldi. Ikkinchidan, birorta olatayoq yo kamera ko‘rmaysan. Tezlikni cheklash o‘rniga “gazni bos, to‘qson mildan kam yurma”, degan ogohlantirishlar hammayog‘da. Eshitganga yolg‘on, ko‘rganga chin: binolari “Toshkent siti”danam bir-ikki quloch baland, do‘llar zavodlari shaqara-shuqur ishlab yotipti. Ko‘cha to‘la sirg‘a, baldoq taqqan “sherimard”lar. Soqolini uy telefonini simiga o‘xshatib shokila qilgan qoramag‘iz yigitlar ko‘zi qizarib, rangi bo‘zarib yuripti.
Oqilboy nima ish bilan borgan ekan, deysanmi? Qaydan bilay? So‘pi gimnastika qilmasidan mehmonxonadan chiqib ketadi. Yarim kechasi totos boladay talpanglab keladi. Savol berib mazza qimiysan.
Amerikaliklarni bir udumiga hayron qoldim. Faqat nonushta qilisharkan xolos. Tushlik, kechki ovqat yo‘q. Ertalab mehmonxona yemakxonasiga tushaman. Boy tayinlaganday yettidan to‘qqizgacha, naqd ikki soat tinmay yeyman. Birov “g‘iring” demaydi. Har zamonda hazmi taom qilib stollarni aylanib yugurib ham qo‘yaman. Chiqishda ikkita bananmi, bodringmi, ishqilib, qo‘lga ilashgan narsani cho‘ntakka uraman. Eshik og‘asi o‘rnida turgan eshik opasi – nihoyatda to‘lin ayol o‘tsam ham, ketsam ham yasama tirjayib, “Hay, mister” deb qo‘yadi. Meni birorta kino yulduzigami yo senator-penatorga o‘xshatdimi, bilmayman. Menam bo‘sh kelmay “Vat iz yo neym? Yu spik inglish?” degancha shoshib o‘tib ketaman. Yana savolga tutib qolsa, sharmanda bo‘b qolmay, degan xayol ham yo‘qmas.
Maqtanishmas-u, umrimda bunaqa dam olgan emasman. Ishim televizoda futbol ko‘rish-u uxlash. Omalekin bizni kanallarni birortasiyam ko‘rsatmaskan u yoqda. “Qizim” serialini nafas olmay ko‘ryotuvdim. Nima bo‘ldiykin, qiz raddomga kirib ketuvdi. Eson-omon qutulib oldimikin? Telefon qilib xotindan so‘ray desam, “Chetga chiqib darrov sog‘inib, gaplashgani serialni bahona qilyapti”, deb o‘ylamasin deb o‘zimni tiydim. Bo‘sh paytdan va tekin issiq suv, suyuq sovundan foydalanib qolay, deb kuniga to‘rt martagacha cho‘milaman. Uyga kelganimda xotinim ham g‘alatiroq qilib, “O‘zgaribsiz-a, dadasi” deb qo‘ydi. Chetga chiqqan odam, dunyo ko‘rgan banda o‘zgarmasinmi? O‘zgaradi-da.
Xullas, oshna, birim – ikki, juft jomadonim to‘rt bo‘lib qaytdik. “Bo‘ying”da u yonimda uchta, bu yonimda uchta deport bo‘gan o‘zimizning qorako‘zlar. Chap biqinimda o‘tirgan qiltiriqdan hol-ahvol so‘rasam, yelkamga peshana tirab hiqillab bersa bo‘ladimi? Bu sho‘rpeshana arzandasini cho‘choqkesdi to‘yiga kattaroq xarj qilib, qulog‘igacha qarzga botib, sudxo‘rlar zug‘umidan bezib, eski “Neksiya”sini sotadi-yu, Meksika orqali Amerikaga o‘tmoqchi bo‘ladi. Chegaragacha yetaklab borgan “gid”, oxirgi chaqasiniyam qoqib olib, Ozodlik haykali tomonga ishora qilib, oq yo‘l tilavoradi.
Chegaradan it o‘rmalash qilib borayotgan to‘ychivoy tikka politsani tizzasiga bosh urib borganini bilmay qoladi. Ko‘pni ko‘rgan politsachi “Xush kepsiz, opoqbola” deb tikalay yerto‘laga uloqtiradi. “Shu bo‘yi yetim qo‘ziday mo‘ltirab, yo‘qlov-oqlovsiz olti oy nam tortib yotdim. Yemishim – qaynatilgan loviya, ichmishim qaynamagan suv bo‘ldi”, deb ko‘zini siydigini oqizvordi.
Narigi badarg‘a yigit esa dang‘illama uchaska solaman, deb xotinini nomiga otni kallasidek kredit olib, to‘loviga kelganida beli chiqadi. Qistovlardan zada bo‘lgan xotin er jonivorni ko‘chaga haydaydi. Najot okean ortida, degan cho‘pchaklarga laqqa tushgan “boyvachcha” amallab viza to‘g‘rilab, Chikagoda qo‘nim topadi. Chikagoni bilasan-u, oshna. Naq Al Kaponeni mahallasi bo‘ladi. Kinoda ko‘rgandirsan? To‘g‘ri, o‘zi o‘lib ketgan. Lekin taomili o‘sha-o‘sha. Xullas, yigit kirakashlik qilmoqchi bo‘ladi. Arendaga moshin olib, o‘sha kuniyoq muyilishda “Lambarjini Sian”ni orqasidan yetvoladi. “Lambarji”ni qancha turishini bilasanmi? Ha, oltita noli bor.
Qisqasi, yurtida kreditni to‘lolmagan yigit, “sehrli diyor”da ham qarzga kirib qoladi-yu eng ma’qul yechim – qochib qutulish ekanligini darrov tushunadi. “Yaxshiyam, kirakashlik boshqa birovning nomiga rasmiylashtirilganiydi. Bo‘masa, do‘zaxga pattamni tutqazishardi”, deydi olazarak ko‘z o‘ynatib.
Agar Oqilboy jomadonga allaqanday shubhali tovarlarni tiqqani-yu, ularni meni nomimga yozdirgani, bojxona ko‘rigida ozgina boshog‘rig‘i bo‘lganini aytmasa, safardan uyimga xushnud qaytdim.
Yaxshiyam birovdan qarzim yo‘q. Yaxshiyam bo‘ynimga kredit osilmagan. Yaxshiyam menda to‘y, hovli, hashamat vasvasasi yo‘q.
“Och qornim – tinch qulog‘im. O‘z uying – o‘lan to‘shaging”, deysanmi, oshna? To‘g‘ri. Omalekin keyingi safar Oqilboy tilla sochsayam, yo‘rig‘iga yurmayman. Oshna, uydagilarni so‘rab qo‘y, hay? Bay-bay!
Mulla XUNOB
Husan SODIQOV chizgan rasm
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


