24.09.2024 | 15:04
618
MANGULIK SHU’LASI
Aslida o‘zining ilm-u amallari, vatanparvar hamda fidoyiligi bilan mangulikka kirish, toabad ziyo taratish hammaga ham nasib qiladigan ulug‘lik emas. Ammo turkiy xalqning xususan, o‘zbeklarning yaqin o‘tmishiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, o‘zining ma’rifatparvarligi, zukkoligi va dunyoqarashi bilan dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘sha olgan ziyolilarimizning sanog‘iga yetish qiyin. Ana shunday ulug‘ siymolardan biri, jadidlarning yetuk namoyandasi, samarqandlik Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy-Ajziydir.

U 1864-yilda Jomboy tumani hududidagi Halvoyi qishlog‘ida yashovchi hunarmand va bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Otasidan juda erta yetim qolib, tog‘asining qo‘lida voyaga yetgan. Savod chiqarishida yangasining xizmatlari katta bo‘lgan. Samarqand va Buxorodagi madrasalarda tahsil olish barobarida arab, fors, rus va ozar tillarini puxta o‘rgangan. 15-16 yoshidan boshlab o‘zi ham an’anaviy usulda she’rlar yoza boshlagan.
Siddiqiy-Ajziyning ma’rifatparvar inson sifatida qilgan eng qimmatli ishlaridan biri otasidan qolgan katta bog‘ni sotib, turli millat bolalari va kattalar uchun alohida-alohida zamonaviy maktablar qurishi bilan bog‘liqdir. Shuningdek, u maktablardagi shart-sharoitni, o‘qitish usullarini ham zamonaviylashtirish tarafdori bo‘lgan.
Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati bo‘limi hamda Jomboy tumani hokimligi hamkorligida ushbu alloma tavalludiga 160 yil to‘lishi munosabati bilan “Saidahmad Siddiqiy-Ajziy va uning adabiy merosi” mavzusida katta ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Mazkur tadbir dastlab Jomboy tumanida joylashgan “Abdulazizi ibn Ahmad – Halvoyi ota” majmuasini ziyorat qilishdan boshlandi. So‘ngra barcha ishtirokchilar Siddiqiy-Ajziy tomonidan 1903-yilda qurilgan va ayni pallada uning nomi bilan ataladigan 19-umumta’lim maktabiga tashrif buyurishdi. Maktab jamoasi hamda faol o‘quvchilar bilan uchrashishdi. Maktabda tashkil qilingan muzey va unga qo‘yilgan turli eksponatlar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Ilmiy-amaliy anjumanning “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazida bo‘lib o‘tgan asosiy qismini Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov kirish so‘zi bilan ochar ekan, yig‘ilganlar e’tiborini uzoq va yaqin o‘tmishda Jomboydan chiqqan ma’rifatparvar kishilarning hayoti va faoliyatiga qaratdi. Shuningdek, jadidlar harakati faoli Saidahmad Siddiqiy-Ajziyning qoldirgan katta ma’naviy-ma’rifiy merosi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar jadid ma’rifatparvarining ilmiy-ijodiy faoliyati, asarlarining bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

– Siddiqiy-Ajziyning ma’rifatparvarligi natijasida butun Markaziy Osiyoda fan va maorif, adabiyot, jug‘rofiya, til masalasi gullab yashnaganligini alohida ta’kidlash zarur, – dedi Samarqand davlat chet tillar instituti professori Dilorom Salohiy. – U o‘z davrida zamonaviy bilim olish barobarida soatsozlik bilan shug‘ullangan. 1901-yilda muqaddas haj safarini amalga oshirgandan keyin sharq mamlakatlariga safar qilib islom dunyosidagi yangiliklar, dunyoviy bilimlar sari katta qadam tashlayotgan zamondoshlari bilan tanishish barobarida bilim va tajribasini oshirgan. Alloma ma’lum vaqt Jiddadagi rusiya elchixonasida tarjimonlik ham qiladi. Qozon, Orenburg, Kavkaz o‘lkalarida nashr qilinadigan gazeta va jurnallarda o‘nlab maqolalarini chop ettirdi. Keyinchalik u Samarqandga qaytib o‘zi tug‘ilgan Halvoyi qishlog‘ida o‘qituvchilik qila boshladi. 1908–1910-yillarda maktablar uchun darsliklar tuzib ularga o‘zining tarjima asarlarini ham kiritdi. Adabiyot va maorif sohasida samarali mehnat qilib “Ayn ul-adab”, “Ganjinayi hikmat” she’riy to‘plamlarini, “Mir’oti ibrat”, “Anjumani arvoh” kabi dostonlarini nashr qildirdi. Ajziyning amalga oshirgan ishlari, qoldirib ketgan ulkan ma’naviy merosi xalqimiz uchun bitmas-tuganmas boylik sanaladi.
Ma’rifatparvar alloma 1917-yilgi majburiy inqilob va chegaralarni qo‘shib olishdan keyingi vaqtlarda ham millat va xalqni ulug‘lash, zulm va qabohatga, savodsizlikka qarshi kurashish fikridan qaytmadi. Ayniqsa, 1918–1921-yillarda Samarqand viloyati adliya komissari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan paytlarida inson huquqlari poymol etilishiga juda qattiq qarshilik ko‘rsatdi. U “Ilm-fan, til, davlat va qonun millat kelajagini belgilaydi. Mana shu to‘rtta narsaga erishmagan millat halokatga mahkumdir” degan fikrni doimo ilgari surib yashadi. Ta’lim-tarbiya ishlarini rivojlantirishni hamisha o‘ziga bosh maqsad qilib qo‘ydi. Maorif sohasidagi faolligi uchun 1926-yilda unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” unvoni berilgan.
Darhaqiqat, Jomboy tumanida ma’rifatparvar inson Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy-Ajziyning 160 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman barcha qatnashchilarning shuurida, hech shubhasiz, ajdodlarimizga nisbatan yuksak ehtirom uyg‘otdi.
Aslida nurli kelajagimiz, farzandlarimizning baxt-u kamoli uchun qayg‘urib yashagan har bir jadidning hayoti va faoliyati biz uchun tengsiz qadriyat, hijjalab o‘qilishi lozim bo‘lgan bebaho kitobdir. Biz ularning ilmiy merosiga qanchalik ko‘p murojaat qilsak, qaddimiz shunchalar yuksalib boraveradi.
Normurod MUSOMOV,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



