Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.10.2024 | 09:29

img228

KUNCHIQARGA YETAKLAGAN ILM

“Kunchiqar yurt”, “Samuraylar yurti”, “So‘g‘unlar mamlakati” kabi qadim ta’riflarga o‘tgan asr adog‘ida yana bir qator sifatlashlar qo‘shildi: “Nokia”,  “Xonda”, “Nissan” … Ayni shu yurt olimlari dunyo taraqqiyotini qisqa davrda bir necha asr ilgarilatib yuborgan eng yuqori texnologiyalarni kashf etishdi.

Gap Yaponiya haqida keta­yot­ganini angladingiz. Bir qarash­da quruqlikda birorta davlat bilan qo‘shni bo‘lmagan, logistikasi faqat osmon-u suvdan iborat, Yevropa-yu AQSh va dunyo­ning bosh­qa ilg‘or davlatlaridan necha ming chaqirim yiroqda joylashgan orol davlatning bu qadar tezkor taraqqiy topishi ertakka o‘xshaydi.

Yaponlar ilm-fanni taraqqiyot mezoni sifatida belgilashdiki, bu jahon tarixida yagona fojia – hududida bir emas ikkita vahshatli atom bombasi portlagan millatni sindira olmagani bir yog‘-u, ularni yana qudratliroq ­qilishda birlash­tirgani bir yoq bo‘ldi.

Bugun ilg‘or texnologiyalar, maktab ta’limi, mutolaa mada­niyati borasida “yapon tajribasi” dunyoning ko‘pgina davlatlarida o‘rganilyapti. Faqat o‘rganilib qolmasdan, ulardan ibrat ham olinmoqda.

Mehmondo‘st, bag‘rikeng, g‘o­­yat­­­da mehnatkash yapon xalqi­ning yana bir tajribasi – ilmi, iqtidori, salohiyati bor insonlarni har tomonlama qo‘llash, rag‘batlantirish, ularga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berish­da ko‘rinadi. Misol deysizmi, mana!

Xorazmning chekka Hazorasp tumanida tug‘ilgan to‘rt aka-uka Zokirovlar kunchiqar yurtda o‘qib, ishlab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kelajagini o‘z­lari yaratayotgan yurtdoshla­ri­­miz­dan.

Oilaning to‘ng‘ich farzandi Sherzod Nagoya universitetini tugatgach, iqtidori bois nufuzli “UHIQLO” kompaniyasiga ishga qabul qilingan.

Sherzod millatsevar yigit. Yurtimizni o‘zi yashab, ishlab yurgan manzilda tanitish harakatiga kirishgan. Bunda unga turmush o‘rtog‘i Zarina Ahmedova yaqin yordamchi. Zarina to‘rt nafar farzandini tarbiyalash bilan bir vaqtda, Nagoyada “Nihol” ­nomli maktabga asos solib, o‘quvchilarga o‘zbek tili va madaniyati tarixidan saboq berib keladi. Shu o‘rinda yaponlar jahon tamadduni o‘choqlaridan biri hisoblanmish yurtimiz ­tarixiga, madaniyatiga g‘oyatda qiziqishlarini eslatish joiz. Biror xalqning tarixi, madaniyatini o‘rganish uchun avvalo shu xalqning tilini o‘rganish kerakligini yaponlar yaxshi biladi.

Bekzod Zokirov Yaponiyada nufuzi jihatdan birinchi, dunyoda kuchli yuztalikka kiradigan Tokio universitetida ilmiy ish yoqlagan. Bekzodning yangicha texnologiyalar bo‘yicha yoqlagan ilmiy ishi soha mutasaddilari va ­olimlar tomonidan e’tirof etilgan.

Bekzodning orzusi O‘zbekistonda ­xusu­­siy universitet ochish va ilmga chanqoq yoshlarga hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida yordam berish. U ochmoqchi bo‘lgan universitetda Yaponiya texnologiyalari o‘r­ga­tilishini e’tiborga olsak, yosh olim­ning niyat­larini qo‘shqo‘llab quvvatlaymiz. Ho­zirda Bekzod shu ezgu orzusini amalga oshirish harakatida.

Oilaning yana bir farzandi ­Bunyod ham Yaponiyada tahsil olgan va o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan. Bunda biznes olimpi cho‘qqisiga allaqachon erishgan yaponlardan o‘rganganlari asqatmoqda. To‘g‘risini aytsak, yaponlar bilan bu borada raqobatga kirishish osonmas. Ammo, Bunyod o‘z salohiyati, tajribasi bilan kunchiqar yurt tadbirkorlari orasida munosib o‘rin egallashiga ishonamiz.

Kenja o‘g‘il Dilshodbek ham Yaponiyada universitetni tamomlagach, akasi Bunyod kabi biznes sohasini tanladi. U yengil avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanadi. Jon boshiga avtomobillar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilar qatorida turadigan Yaponiyada yengil mashinalarga xaridor topish oson ishmas. Buning uchun yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan korxonalar bilan hamkorlik qilish, marketing xizmatini jahoniy andozalar darajasiga ko‘tarish kerak. Bu jarayonda xaridorlar bilan muomala madaniyati birin­chi o‘rinda turadi. Muomala uchun esa tilni mukammal bilish kerak. Ayni paytda Dilshodbek “Global silkroad Inc” kompaniyasida ham ishlaydi. Bu kompaniya quruq mevalar importi bilan shug‘ullanadi. Ma’lumki, qulay iqlimi tufayli yurtimizda bog‘dorchilik juda rivojlangan. Yurtimizda yetishtirilgan quruq mevalar eksporti yildan yilga oshmoqda. Dilshodbek shu borada yaponiyalik hamkorlar bilan yurtimiz bog‘bonlari o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘p­rik” vazifasini o‘tayotir.

Chekka Xorazmda tug‘ilib, voyaga yetgan to‘rt nafar aka-ukaning Yaponiyaga borishi, u yerdagi eng nufuzli oliygohlarda tahsil olib, so‘ng o‘zlari sevgan soha bilan shug‘ulla­nishlari, biznesni yo‘lga qo‘yishlari o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Ular, avvalo, o‘rta maktabda ­yaxshi o‘qiganlari, keyinchalik ota-onalari­ning qo‘llashlari orqali til o‘rganish uchun o‘quv markaziga qatnaganlari, oxir, oqibatda ilmda, biznesda o‘zlari orzu qilgan marralarni zabt etishlariga mustahkam poydevor bo‘lgan. Yana deng, ular yapon tilini Xorazmda emas, olti yuz chaqirim uzoqda joylashgan Qashqadaryoda o‘rganishgan.

Shu o‘rinda Zokirovlar oilasiga qoyil qolmasdan ilojimiz yo‘q. Ular o‘z mehnatlari evaziga topgan mablag‘larini mashinalar olish, imoratlarini hashamli qilishga emas, farzand­lari ilm olishlari, til o‘rganishlariga sarf­lashgan. (Keyinchalik farzandlari tufayli shu ne’matlarga erishganlar ham.) Zero, “Eng yaxshi investitsiya bu ta’limga, farzandlar ilm olishiga yo‘naltirilgan sarmoya”, degan qimmatli ibo­ra bor. Shu iboraning naqadar haq ekanini Zokirovlar oilasi misolida ko‘ramiz. Yana bilamizki, ayrim tadbirkorlar, ayniqsa, do‘kondorlik bilan mashg‘ul oilalar farzandlari ta’lim olishiga e’tiborsizlik bilan qarashadi. “Ming o‘qiganing bilan shahar olib berarmiding! O‘qigan odam bilan do‘konchining daromadini solishtir!” deya falsafa so‘qishadi ham…

Bekzod bilan telefon orqali bog‘landik. U poytaxtda ekanligi uchun uzr so‘radi va telefonda ota-onasi, inilari haqida qisqacha to‘xtaldi:

“Otam Hikmat Zokirov va onam Shodmonjon Egamberdiyeva yurtimizda yaratilgan sharoitlar tufayli birinchilardan bo‘lib tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ahd qi­lishgan. Ular maktabda o‘qiganimizda biz­larni qattiqqo‘llik bilan puxta bilim olishga undashdi. Yettinchi-sakkizinchi sinflarda o‘qiyotgan davri­miz­da xorijiy tillarni o‘rga­nishimiz zarurligini uqtirishdi. Katta akam yapon tilini tanladilar. Keyinchalik biz­lar ham akamga ergashdik. Sherzod akam 2007-yili Yaponiyadagi Nagoya universitetiga o‘qishga kirdi. Bizlar ham ulg‘aygach, u kishining yo‘lini tutdik va o‘ylaymanki, kam bo‘lmadik. Hammamiz hayotda o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz amalga oshishi, yurtdoshlarimizga yordamimiz tegishi uchun hara­kat qilyapmiz. Hayotda bizlar nimaga erishgan bo‘lsak – hammasi mustaqil­likdan so‘ng yaratilgan imkoniyatlar – chet ellarga o‘qish uchun yo‘llar ochilgani, ota-onamiz­ning ta’lim olishimizga ko‘rsatgan e’tibori va, albatta, til o‘rganganimiz ortidan deb bilaman”.

…Kunchiqar yurtni o‘z salohiyatlari bilan zabt etayotgan to‘rt og‘a-ini haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan qisqa lavhadan xabar topdik va ularning oilasi haqida mufassalroq ma’lumot olish maqsadida viloyat Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari bilan bog‘landik. Tezroq ma’lumot olish niyatimizni bilgan mas’ul uzrlandi: “Hozirda xorijiy davlatlarda tahsil olgan va olayotgan viloyatlik yoshlar juda ko‘p. Bizlar ro‘yxatni ko‘rib chiqamiz. Biror soat kuti­shingizga to‘g‘ri keladi”.

Kutish toqatimizni sinadi, deb o‘ylamang, aksincha quvontirdi. Axir, yoshlarimiz bugun taraqqiy topgan davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida boshqa millat vakillari qatorida tahsil olayotgan, ilm sohasida ular bilan raqobatga kirishayotgan ekan quvonmay bo‘ladimi?!

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596