Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.10.2024 | 14:08

img569

“MILLIY ITTIHOD”CHI MAHMUDXON AHMADXONOV

Xalqimiz ozodligi, haqiqat va adolat yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan millat fidoyilarini nomma-nom aniqlash, ular­ning ­hayoti, faoliyati, fojiali taqdiri haqida yurtdoshlarimizga ma’lumot berish faoliyatimiz mazmuniga aylanib ulgurgan. Qismat hikoyasi arxiv hujjatlari qatida o‘z tadqiqotchilarini kutib yotgan qatliom qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri Mahmudxon Ahmadxonovdir. 

Mahmudxon Ahmadxonov 1896-yilda Qo‘qon shahrida sav­dogar oilasida tavallud topgan. Ma’lumoti o‘rta, avval 4 yillik, so‘gra rus-tuzem maktabida tahsil olgan. 1917-yildan Qo‘qon shahar musulmon mehnatkashlar soveti kotibi, 1918-yilda Qo‘qon shahar kutubxonasi mudiri, 1919-yilda Qo‘qon uyezd-shahar soveti shoʻbasida ish yurituv­chi, 1919-1920-yillarda Qo‘qon shahar revolyutsion komiteti raisi, 1921-1922-yillarda Farg‘ona oblasti xalq xo‘jaligi kengashi raisi o‘rinbosari, 1922-1923-yillarda Qo‘qon uyezd-shahar revolyutsion komitet raisi, 1923-yilning 6 oyi davomida oblast militsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 1924–1927-yillarda Farg‘ona oblasti xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, 1927-yildan 1929-yilga qadar O‘zbek davlat nashriyotining Farg‘ona oblasti bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Mahmudxon Ahmadxonov 1929-yili aksil­inqilobchi sifatida hibsga olingach, 9 oy qamoqda saqlanadi. Keyinchalik ter­gov natijalariga ko‘ra aybsiz deb topilib, ozod­likka chiqarilgan. Ammo 1931-yili “Badrid­dinovchilar guruhi” a’zosi sifatida O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasi bilan aksilinqilobchi sifatida qayta hibsga olingan.

1932-yil 5-may – 15-iyun Toshkent shahri­da bo‘lib o‘tgan SSSR Oliy sudi sayyor sessiyasida sud tarkibi Antonov-Saratovskiy, A.Azol, R.Yunusbekov, Smoliskiydan iborat bo‘lgan. Oliy sud prokurori yordamchisi R.P.Katanyan qoralovchi, Mo‘min Usmonov jamoat qoralovchisi, advokatlar jamiyati a’zolari Salnikov, Ahmedov, Polonskaya, Niyo­zov ishtirokida 109-sonli ish ko‘rib chi­qil­gan.

Mahmudxon Ahmadxonovning sovet hukumatiga qarshi aksilinqilobiy kayfiyatda bo‘lganini, turli yashirin tashkilotlarda faoliyat olib borganini asoslash uchun sudga bir qancha guvohlar chaqirilgan. Sudning 8-may kunidagi kechki majlisida guvoh Rahmon Yusupov o‘z bayonotida aybdor Mahmudxon Ahmadxonov haqida shunday ko‘rsatma bergan: “Ahmadxonov “Sho‘royi islom”ning mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan. Muxtoriyat hukumati yiqitilgandan so‘ng qo‘qonlik Mahmudxon qori bilan Andijonga qochib kelib jon saqlagan. Ahmadxo­nov Farg‘ona viloyat maorif mudiri bo‘lib turgani­da maxsus maktablar tashkil etib, Rahmon qo‘rboshi, Abdusalom boyvachcha kabilarning o‘g‘illarini tarbiyalagan”.

1917–1920-yillarda Anvar Poshsho tomo­nidan “Sho‘ro ittifoqini yo‘q qilish uchun birlik va taraqqiyot” rejasi tuzilib, u maktablarda targ‘ib qilinadi. Unga ko‘ra aksilinqilobchilarning partiya va komsomol safiga a’zo bo‘lib kirishini tashkillashti­rish, bosmachilar saflarida mustahkam birlik va yagona boshqaruvni ta’minlash, hech narsadan tap tortmay paxtachilik rivoji­ga qarshi kurash olib borish, kerak bo‘lgan taqdirda qizillar tomoniga o‘tgan dehqonlarning qo‘llarini va quloqlarini kesish, mutaxassislar bilan aloqada bo‘­lish­ni majburiy shart qilib qo‘yish vazifa qilib belgilab berilgan. Bu shartlarni baja­rishda Mahmudxon Ahmadxonov ham faol qatnashganligi qayd qilingan.

Sudning 1932-yil 9-maydagi yig‘ilishida muxbir Mirza Hotam Olimov quyidagilarni aytadi: “1928-yilning yoz mavsumida ayb­dor Musaxanov uyida yig‘ilish bo‘lib, unda Qo‘qon aksilinqilobchilaridan Ashurali Zohi­riy, Mahmudxon Ahmadxonov, Lutfillo ­Olimiy, Abdulla Rahmat, Muxtor Muham­madiy, Mamat Haydarov, Sa’dulla Qosimov, hozirda aybdor bo‘lgan Shamsi Badrid­dinov va boshqalar qatnashdilar. Ichki­likdan so‘ng “Vatan, millat qayg‘usi” bosh­langan. Mahmudxon Ahmadxonov “mam­lakatni chipta kovushlar, maymunlar bosib ketgani­ni” so‘zlab ko‘zyosh qilgan. Sa’dulla Qosi­mov esa stolni urib “Biz ularga ko‘rsa­tib qo‘ya­miz” degan. Masala jiddiylashib ketgan­dan so‘ng “yot unsur”lar chiqarib yubo­ri­lib, o‘zlari majlisni davom ettirganlar”.

Ora­dan uch kun o‘tib “Qizil O‘zbekis­ton” gazetasining 1932-yil 12-may sonida “Tort qo‘llaringni muxbirdan” nomli maqola chop etilgan. Muxbir Komil Aliyev sayyor sudning 10 may kungi yig‘ilishida guvoh sifatida taklif qilingan Mirza Hotam Olimov ko‘rsatmalarini bayon qilib o‘tgan: “Men Mahmudxon Ahmadxonovning sovet huku­matining muhim organlarida boshliq, o‘rin­bosar va a’zo bo‘lganini tasdiqlayman. Lekin Ahmad­xonov bu lavozimlarda turib 16 mingdan ziyod qurollangan “bosmachi”larni qaysi birini burnini qonatdi, aksincha u otasidan qolgan 2 ta beshotar, 4 ta o‘nliotar, 3 ta to‘pponchani bosmachilarga uzatib, bosmachilarni qurol bilan ta’minlovchilarning oldingi qatori­dan joy oldi. Inqilob Qo‘mitasida rais bo‘lib turganida turk zobitlaridan bo‘lgan Mustafo Subhiy, Ahmed Fik­riy bilan doimiy aloqa saqlab, ular vositasi bilan qo‘qonlik Mirza Vosiy Qodiriy, Soli bosmachilarni Turkiyaga o‘qishga yuborgan.”

Sudda davlat qoralovchisi Katanyan Ahmadxonovga shunday ayb qo‘ygan: “Ahmadxonov 1917-yildan aksilsho‘roviy kurashning faol a’zosi. Qo‘qon muxtoriya­ti va Lenin milliy siyosati o‘rtasidagi, “Milliy ittihod” bilan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti o‘rtasidagi, Dutov bilan Lenin o‘rtasidagi farqlarni o‘zicha tah­lil qilgan. Yana u 1929-yilda xotin-qizlarni 30 yildan keyin ozodlikka chiqarish kerak, hali “Hujum”ga tayyor emasmiz” degan. Sho‘ro maorif ishlarida rahbarlik vazifa­si­ni ishg‘ol qilib, maktablarni boy, savdo­gar, bosmachilar bolalari bilan to‘ldirgan. Shu yo‘l bilan aksilinqilobchilar uchun yosh kadr va o‘rinbosarlar tayyorlab bergan. 1929-yilda Ahmadxonov xonadonida yashi­rin yig‘i­lish o‘tkazilgan. Unda S.Qosimov, Sh.Bad­riddinov ham qatnashgan. Yig‘ilishda sovet hukumatiga qarshi kurash vaqti yet­gani aytilib, uni amalga oshirish yo‘llari muho­kama qilingan. Men Ahmadxonovni yuqoridagi harakatlari hatto 1931-yilda ham davom etganini hisobga olib, unga otuv jazosi beri­lishini talab qilaman”.

Sud jarayonida “bosh aybdor” O‘zbe­kis­ton SSR Oliy sudi sobiq prokurori Shamsiddin Badriddinovdan maslakdoshi Mahmudxon Ahmadxonov haqida so‘ralganda, uni Qo‘qonda inqilobiy qo‘mitaga raislik qilgan paytdan beri tanishini, partiya tomonidan berilgan vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaganini, unga qo‘yilayotgan ayb­­lar biror asosga ega emasligini ta’kid­la­gan. Biroq sud kollegiyasi “aybdor”ni va uni oqlovchilarning fikrlarini umuman e’ti­borga olmagan. Mahmudxon Ahmadxonov O‘zbekis­ton Jinoyat qonunlari to‘plami 63-mod­da­sida ko‘rsatilgan jinoyatlarda aybdor deb topilgan va 10 yil muddatga ozod­lik­dan mahrum qilingan.

Sud hukmi bilan Ahmadxonov 8 yil davo­mida turli konslagerlarda jazoni o‘tagan. 1939-yilda muddatidan oldin ozodlikka chi­qib, Qo‘qon shahrida savdo ishlari bilan shu­g‘ul­langan.

Ammo 1942-yil 19-aprelda Farg‘ona ob­lasti prokurori adliya katta maslahat­chisi G.V.Korginning 7-sonli orderi bilan NKVD xodimlari Qo‘qon shahri Bog‘ibo‘ston ko‘chasi 32-uyda yashayotgan Mahmud­xon Ahmadxonovni aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda faol ishtirok etgan, deb ayblab yana hibsga oladi.

Mahbus M.Ahmadxonov 1942-yil 9 oy davomida Qo‘qon, keyin Toshkent shahri­dagi turmalarda tergov qilinib, ter­gov davo­mida bir qancha guvohlardan ko‘r­sat­malar olingan. Guvoh Umid Husainov ter­govda M.Ahmadxonovni 1917-yildan beri ta­nishi­­ni, inqilobdan avval Qo‘qonning katta savdogarlaridan biri bo‘lganini, Turkis­ton muxtoriyati faoliyatida faol ishtirok etganini, “Sho‘royi islom” tashkilotining kotibi bo‘lganini, keyinchalik “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bo‘lganligini qayd etgan.

NKVD bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Gay­net­dinov, tezkor vakil tergovchi Vasilenko Ah­mad­xonovni yana tergov qilgan. Undan ayrim savol-javoblarni o‘z holicha kelti­ra­miz:

– Siz qachon “Sho‘royi islom” millatchi tashkilotida kotib bo‘lgansiz?

– Men hech qachon “Sho‘royi islom” tashkilotiga kirmaganman, bunday tashki­lotdan xabarim yo‘q.

– Siz keyinchalik “Milliy ittihod” tashkiloti kotibi bo‘lgansiz va yashab turgan uyingizda noqonuniy majlislar tashkil qilgansiz.

– Men hech qachon bunday majlislarni tashkil qilmaganman.

– 1931-yilda nima sababdan sud­langan­siz va qanday jazoga hukm etilgansiz?

– 1932-yil Respublika prokurori yor­dam­chisi Badriddinov ishi doirasida sud­lan­gan­man. 10 yil ozodlikdan mahrum qilin­gan­­­man, Sibirdagi va yana boshqa hu­dud­­lar­dagi qamoqxonalarda muddatni o‘ta­gan­­man, 1939-yilda muddatidan avval ozod qilin­ganman.

– Qamoqdan qaytgach, qaysi ma­hal­liy millatchilar bilan aloqada bo‘l­gansiz?

– Qamoqdan qaytgach hech qanday millatchilar bilan aloqada bo‘lmaganman.

– Tergovga ma’lumki, qamoqdan keliboq, aksilinqilobchilar Abdurauf hoji Abdurahmonov, Abbos hoji Kalonxo‘jayev, Rasuljon Ma’murboyev, Haydar Ali Sarimsoqov, Bobobek Toshboyev, Azimjon Bol­taboyev bilan aloqalaringizni tiklagansiz. To‘g‘ri guvohlik bergan holatda qachon va qan­chalik tez-tez uchrashganligingiz haqida ma’lumot bering.

– Yuqorida nomlari keltirilgan shaxslar bilan qamoqqacha va qamoqdan so‘ng ko‘chada oddiy tanish sifatida uchrashib turganman. Ular bilan boshqa hech qanday aloqam bo‘lmagan (O‘zR DXX arxivi P 25090-ish, 58–60-varaqlar).

Tergov jarayonida ayg‘oqchilarning cha­quv ma’lumotlari ham keltirib o‘tilgan. “Yozuvchi” laqabli agentning ma’lumotida 1939-yil 23-dekabr kuni Jakbar Yoqubov xonadonida taniqli muxtoriyatchi Yoqubjon Eshon o‘g‘li, taniqli metsenat, jadid mak­tabi o‘qituvchilariga yordamchi bo‘lgan Hadyabek Quvvatbekov, Olim Aminov, Ahad Rizayev, Javlon Rahmatov, Aminjon Hamidov ishtirokidagi yig‘in bo‘ladi. Unda Mahmudxon Ahmadxonov: “Men 8 yil turli jazoni o‘tash lagerlarida ko‘p ayanchli voqealarga guvoh bo‘ldim. U yerdagi mah­buslarga bo‘lgan munosabatlarga hatto hayvonlar ham chiday olmaydi, yotish va ovqatla­nish joylari o‘ta xarob, mehnatga yarasha ovqat beril­maydi, buni ustiga temir intizom joriy qilingan. Bu zulmlardan zamo­namizning eng sara va bilimli, hurmatli kishilari o‘lib ketdi. Lagerda aybdorlarmi, aybdor bo‘lmaganlarmi barchani qisqa muddatda mavjud tuzumga nafrati ortadi va aksilinqilobchiga aylanadi. Men turli millat vakillarini hamjihatligi va sabr bilan ishlash qobiliyatini kuzatdim. Bu sharoitlarga boshqa millat vakillari chiday olmadi, o‘zbek va tojiklargina chidadi va irodali bo‘ldi. Lagerlarda deyarli barcha yetakchi staxanovchilar bizning xalq vakillari edi”. Suhbatga Quvvatbekov qo‘shilib, quyi­dagilarni aytdi: “Bizda buyuk Sharq va rus madaniyati rivojlangan va rivojlanmoq­da. Ruslar o‘z madaniyatini qayerdan olgan? Butun dunyo Sharqning madaniy boyliklari asosida rivojlanmoqda, shu jumladan rus xalqi ham (O‘zR DXX arxivi

P 25090-ish, 82 – 83-varaqlar)”.

Yana bir agentning 1942-yil 29-iyun kungi ma’lumotida: “Yaponiya dunyo­ning barcha musulmonlariga bitta davlat tuzishiga yordam qilishga va’da bermoqda. Hozirgi kunda Hindistonning Kalkuta, Bombey, Dehli, Peshavor kabi shaharlari aholisining 170 millionga yaqini musulmondir. Ular asrlar davomida o‘z mustaqilligini orzu qilib yashagan. Tez orada mustaqillikni qo‘lga kiritishadi. Biroz qiyinchiliklardan so‘ng musulmonlar olami bu la’nati ing­liz va ruslar istibdodidan ozod bo‘ladi (O‘zR DXX arxivi P 25090-ish, 85-varaq)”, degan.

Ayblov xulosasida “Ruslar mahalliy millat vakillarini o‘ta madaniyatsiz deb kam­sit­moqda, aslida esa ruslar madaniyatni o‘zbek­lardan o‘rgangan”, “Sovet davlati bizning davlat emas”, “Soliqlar­ning ortib borishi aholi­ni qashshoqlashtirmoqda, bu holat yashash­ni qiyinlashtirmoqda, bunga qarshi kura­shish kerak”, degan tashviqotlarni olib borganlikda, shuningdek, Germa­niya hujumi sovet hokimiyatini sarosimaga solib qo‘ydi. Biz bu vaziyatdan unum­li foyda­lanishi­miz, birlashishimiz kerak”, deb omma­ni chalg‘it­gani ko‘rsatib o‘tiladi. Oqi­bat­­­da uning ayblov ishi O‘zbekiston SSR NKVDsining “uchligi”ga yuborilgan, o‘zini esa Toshkent turmasiga o‘tkazishgan.

1942-yil 1-oktyabrda O‘zSSR prokurori o‘rin­bosari A.Polyanskiy jinoyat ishi xulo­sa­siga ko‘ra Mahmudxon Ahmad­xonovni otuvga hukm qilishlarini so‘ragan.

Biroq O‘zbekiston SSR NKVDsi “uchligi” “aybdor” ishini qayta o‘rganib chiqadi va 1943-yil 20-fevraldagi qaroriga ko‘ra Mah­mud­xon Ahmadxonov 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi (O‘zR DXX arxivi P 25090-ish, 207-varaq).

Unda jazo muddati 1943-yil 20-fev­ral­dan boshlab hisoblanishi, mahbus Uxta shahriga yaqin bo‘lgan Uxta ishchilar pos­yolkasida joylashgan issiqlik energiya­si sanoatiga moslashgan axloq tuzatish mehnat lageriga yuborilishi belgilab qo‘yilgan. Lagerdagi sharoit shu qadar og‘ir ediki, Mahmudxon Ahmadxonov yil oxiriga yetmasdan 1943-yil 10-dekabr kuni ayanchli tarzda vafot etadi.

Uzoq yillar mobaynida oila a’zolariga Mahmudxon Ahmadxonovning taqdiri haqi­da hech qanday ma’lumot berilmagan. 1960-yil 15-iyun kuni Mahmudxon Ahmad­xo­novning xotini Qo‘qon shahri Nizomiy ko‘chasi 47-uyda yashovchi To‘shaxon Ahmadxonova O‘zbekiston SSR Minis­trlar Soveti huzuridagi davlat xavfsizlik xizmati raisiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda quyidagilarni bayon etgan: “Turmush o‘rtog‘im Mahmudxon Ahmadxonov 1942-yili NKVD xodimlari tomonidan hibsga olingan vaqtida butun mol-mulklar bilan birga bizga tegishli bo‘lgan shaxsiy hujjatlarimizni ham olib ketishgan. O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan turmush o‘rtog‘im M.Ahmad­xonov “ayb”siz deb topildi va uning nomi oqlandi. Shu bois, Sizlardan turmush o‘rtog‘im M.Ahmadxonovni partiya safiga tik­lashni va bizga tegishli bo‘lgan hujjatlarni qaytarishingizni so‘rayman”.

Jabrlanuvchining arizasi ko‘rib chiqilmagan, unga javob ham qilinmagan.

Fojia shundaki, Mahmudxon Ahmad­xo­nov 1942-yil 28-aprel kuni qamoqxonada o‘z dastxati bilan to‘ldirgan “mahbus anketasi”da “oilaviy ahvoli” degan bandiga ota-onasini vafot etganligi, xotini bilan 1935-yilda ajrashgani, singlisi – 1902 yilda tug‘ilgan Robiya Ahmadxonova borligini yozgan, xolos. Bizningcha, Mahmudxon Ahmadxonov oila a’zolari haqidagi ma’lumotlarni yashirgan, ularning keyinchalik so‘roq­qa tortilishi, “yot unsur”, “xalq dush­ma­ni” oilasi, farzandi” degan nom bilan qata­g‘on domiga tortilishini oldindan anglagan bo‘lsa kerak.

Mudhish milliy va ijtimoiy zulm, sovet rejimining qatag‘on siyosatiga qarshi mardonavor kurashgan, o‘sha rejim­ning nohaq­liklarini fosh eta olgan, milliy g‘urur va tarixiy qadriyatlarning topta­lishiga qarshi turgan, butun borlig‘ini adolat ishiga safarbar etib, erk, hurriyat uchun kurash olib borgan Mahmudxon Ahmad­xonov adolatsiz tuzum, totalitar rejim tufayli qatag‘on qurboni bo‘ldi. ­Uning bosib o‘tgan ayanchli, mashaqqat­li, lekin sharafli ­hayot yo‘li hozirgi va kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi, vazifasi­ni o‘taydi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

O‘ktambek UBAYDULLAYEV,
tarix fanlari nomzodi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600