08.10.2024 | 12:58
17854
Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asaridan iqtiboslar
Abdulla Avloniy merosining shoh asari sanalgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asari bo‘lib, unda inson uchun muhim bo‘lgan jamiki axloq-odob me’yorlari, ta’lim–tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu asar ikki guruhga ajratilib, “yaxshi xulqlar” deb nomlagan qismiga 33 maqolat, “yomon xulqlar” qismiga esa 21 ta maqolat jamlangan. Hayotiy rivoyatlar asosida Avloniy tarbiya va ta’lim bir-biri bilan uzviy bog‘liqligini, tarbiya avvalo o‘qitish bilan amalga oshirilishini asar mazmuniga singdirib yuborgan.

Insonlarni yaxshilikg‘a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur.
Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur.
Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo‘lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg‘a tavsif bo‘lub, «yaxshi xulq» agar tarbiyatsiz o‘sub, yomon ishlaydurgan bo‘lub ketsa, yomonliqg‘a tavsif bo‘lub «yomon xulq» deb atalur.
Tarbiya – «Pedagogiya», ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur.
Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur.
Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur.
Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko‘p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g‘ayratli bo‘lishiga sabab bo‘ladur.
Axloq tarbiyasi: insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi axloq tarbiyasidur.
Yaxshi xulq: bir qismi o‘z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo‘lgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, g‘ayrat, riyozat, qanoat,shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor,xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur.
Fatonat aql egasi bo‘luv demakdir.
Nazofat deb a’zolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va o‘tkur qilur.
Sa’y va g‘ayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur.
Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solub, egri yo‘ldan qaytarguvchi riyozatdur.
Shijoat deb botir va yurakli bo‘lmakni aytilur. Shaji’ kishi hech narsadan qo‘rqmaydurgan botir va yurakli bo‘lur.
Qanoat deb janobi Haq tarafidan ihson bo‘lgan ahvolga yetishdig‘imiz ne’mat va molga shukr, boshimizga kelgan faqr, musibat, falokatlarga chidab, sabr qilmoqni aytilur. Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g‘inosidur.
Ilm deb o‘qimak, yozmakni yaxshi bilmak, har bir kerakli narsalarni o‘rganmakni aytilur. Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdur.
Sabr deb boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo‘lmakni aytilur. Har bir ishda sabr va sovuqqonlik ila harakat qilmak lozimdur.
Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur.
Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o‘z vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo‘lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar.
Miqyosi nafs deb qiladurgan amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq o‘lub, o‘lmaydig‘ini vijdonimiz ila o‘lchab ko‘rmakni aytilur.
Vijdon deb ruhimizga, fikrimizga ta’sir qiladurgan hissiyot, ya’ni sezuv – tuymaqdan iborat ma’naviy quvvatni aytilur.
Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘ shasida o‘z vatanining muhabbati turar.
Haqqoniyat deb ishda to‘g‘rilik, so‘zda rostlikni aytilur. Inson bo‘stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo‘li ila chiqar.
Nazari ibrat deb har bir narsaga sinchiklab boqub, shundan o‘ziga bir hissa ibrat olmoqni aytilur.
Iffat deb nafsimizni gunoh va buzuq ishlardan saqlamoqni aytilur. Bizlarni gunoh va ma’siyatdan saqlaguvchi, harom-harishdan nafsimizni asraguvchi faqat iffatimizdur
Hayo deb ishda, so‘zda adabni rioya qilmakni aytilur. Hayo dilni ravshan qiladurgan bir nurdurki, inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdur.
Idrok va zako deb ochuq fikrli, xushtabiat, ziyrak bo‘lmakni aytilur. Idrok va zako yaxshi xulqlarning ravzayi rizvoni, ibrat ko‘zlarining nuri rahmoniysidur.
Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur.
Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur.
Viqor deb kibr va g‘ururdan, manmanlikdan o‘z nafsini saqlamakni aytilur. Viqor shar’ va hikmat yuzasidan inson uchun eng kerakli yaxshi xulqlarning biridur. Viqorsiz odam e’tiborsiz boyga, kibrli kishi illatli faqirga o‘xshaydur.
Xavf va rajo deb qo‘rqmoq va umidvor bo‘lmoqni aytilur. Banda har ishda janobi Haqdan qo‘rqmoq ila barobar umidini ham uzmaslik lozimdur.
Itoat deb bo‘yinsunmakni aytilur. Alloh taoloning amriga boyinsunuv, ibodat va itoat qilmak farzi ayndur.
Haqshunoslik deb bir kishining qilgan yaxshiligini unutmaslikni aytilur. Butun olamdagi insonlar haqshunoslik va do‘stlik orqasida yasharlar.
Xayrixohlik deb nima ila bo‘lsa bo‘lsun bir-birimizga foyda yetkurmakni aytilur. Xayrixohlik birbirimizga qarshu ishla-tiladurgan bir vazifayi insoniyadurki, kishi o‘z nafsiga loyiq ko‘rmagan bir ishni boshqa bir musulmon qarindoshiga munosib ko‘rmasdan egri yo‘llardan, yomon ishlardan kuch yetganicha qaytarmak va yordam qilmak lozimdur.
Munislik deb har kim o‘z tengi, maslakdoshini topub, ulfat bo‘lmakni aytilur. Dunyoning lazzati sodiq do‘stlar ila suhbat qilmakdan iboratdur.
Sadoqat deb kishi o‘z vazifasini to‘g‘rilik ila ishlamakni aytilur. Sodiq kishi din va millatiga, vatan va davlatiga to‘g‘rilik ila xizmat qilub, obro‘ va mukofotlar olur. Sadoqat gulshani salomat, bo‘stoni najotdur. Sadafdan inju, ilondan zahar hosil bo‘ldug‘i kabi rostlikdan foyda, xiyonatdan zarar hosil bo‘lur.
Adolat deb boshqalarning mol va nomusini rioya qilmakni aytilur.
Muhabbat deb bir narsani suymakni aytilur. Dunyodagi insonlar mehr va muhabbat soyasida yasharlar. Har bir ishni muhabbat orqasida ishlarlar. Muhabbatsiz kishi hech bir ishni ishlamakka g‘ayrat va jasorat qilolmas, dunyo ne’matidan lazzat ololmas.
Oliyhimmat deb din va millatga foydali ishlarni mol va jon ila ishlamakni aytilur.
Afv deb kechurmakni aytilur. Bir kishi qilgan kamchiliklarini bo‘yniga olub, o‘kunub, kechurmakni so‘rasa, afv qilmak lozimdur.
Insonlarni saodati abadiyadan mahrum qiladurgan, janobi Haq qoshida va xalq nazarida mazmum, hayoti jovidonimiz uchun masmum bo‘lgan axloqi zamimalar: g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, nifoq, tama, zulmdur. Bu sanagan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanagan yaxshi xulqlarning go‘zalligini insof muvozanasi ila o‘lchab, vijdon muhokamasi ila tahqiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini anglab, hazar qilmak lozimdur.
G‘azab deb bir kishi ikkinchi ila shiddat va hiddat ila muomala qilishmakni aytilur.
Shahvat nafsning taayyishindan, taaddisindan hosil bo‘ladurgan bir quvvatdur.
Jaholat deb o‘qimagan, bilimsiz hech narsaga tushunmay-durgan nodonlig‘ni aytilur. Jaholat insoniyatning eng zo‘r dushmani va yomon xulqlarning boshlig‘idur.
Safohat deb buzuq va g‘ayri mashru’ yerlarga sarfi umru mol qilmakni aytilur.
Hamoqat aql va ma’rifatning kamlig‘indan hosil bo‘ladurgan eng yomon xulqlarning biridur. Hamoqatning ma’niyi lug‘aviysi balohatga yaqin o‘ldig‘indan ba’zi hukamo ahmoqlarni jahli murakkab ashobindandur, demishlar.
Atolat deb dangasa va yalqovlikni aytilur. Atolat insonning saodatligining zo‘r ofatidur
Xasosat deb tama’ va zillatni bo‘yniga yuklab, ortuqcha hirsini dunyoga qo‘ymakni aytilur. Hirs va tama’ga ifrot darajada yuz tuban ketgan baxil, qancha sha’nu sharaf sohibi bo‘lsa ham, nafsining yoqasini faqirona bir mazallatdan va xorliqdan qutqarolmas.
Raxovat deb tanparvarlik, g‘ayratsizlikni aytilur. Umid va sa’yning eng zo‘r dushmani raxovatdurki, hissiyoti g‘ayrat-parvaronamizni mahv va barbod etar va bir necha ma’yusona fikr va xayollarga duchor va giriftor etar.
Anoniyyat deb xudbin, mutakkabir, manmanlikni aytilur. Manmahlik johilona kibru g‘ururdan paydo bo‘ladurgan eng yomon xulqlarning biridurki, kishini har yerda ma’yus va mahjub qilur.
Adovat deb birovga xusumat va dushmanlik qilmakni aytilur. Adovat vijdonni behuzur qiladurgon eng yomon xulqlardan o‘ldig‘ini inson yaxshi bilsa edi, hech vaqt aziz jonini alamlik azobga giriftor qilmas edi.
Namimat deb so‘z yurutmak, chaqimchilikni aytilur. Nammomlik fasodi axloqdan tug‘uladurgan yomon xulqlarning biridur.
G‘iybat deb bir kishining kamchilik va qusurini orqasidan so‘ylamakni aytilur. G‘iybat so‘ylamak harom o‘ldig‘i kabi eshitmak ham haromdur.
Haqorat deb bir kishining hafsiga, iffatiga tegadurgan so‘zlar ila qadr va e’tiborini tushurmak niyatida yomon muomala qilmakni aytilur.
Jibonat deb qo‘rqoq va yuraksizlikni aytilur. Qo‘rqoq kishilar vahm va xayolot asiri bo‘lub, bir ishni ishlamakg‘a jasorat qilolmaslar.
Hasad deb bir odamga janobi Haq tarafindan berilgan he’mat va davlatning zavolini tilamakni aytilur. G‘iybat, bo‘hton, su’izan kabi yomon xulqlar hasaddan tug‘ilur. Hasad axloqi zamimalarning eng zararligidur.
Kizb deb yolg‘on so‘zni aytilur. Yolg‘onchi kishilarni kazzob deyilur.
Nifoq deb kishining oldida bir xil, orqasidan boshqa xil so‘zlanadurgan so‘zni aytilur. Munday so‘zlarni so‘zlovchi ikki yuzlama kishilarni munofiq deyilur.
Tama deb birovdan bir narsa umidvor bo‘lmakni aytilur. A’zo va javorihlari salomat, kuch va quvvatli kishilarga tama qilmak harom, ojiz va notavon, kuchsiz kishilarga mubohdur.
Zulm deb birovning joniga yoki moliga zarar yetkurmakni aytilur.
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
125
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
635
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
630



