15.10.2024 | 08:35
697
SHE’RIYATNING O‘KTAM OVOZI
Odam odamning ko‘ngliga yaqin bo‘lsa, bir-birining diydorini, suhbatini sog‘inadi, bunday ichkin tuyg‘u samimiy va chin-haqqoniy bo‘ladi. Eng muhimi, ko‘ngildoshlik biror mahalla, makon yoki zamonni ham, geografik hududni ham tanlamaydi. A’zam O‘ktamning chin do‘stlaridan biri chiroqchilik, ikkinchisi ishtixonlik edi. Garchand “Bitta do‘stim yo‘q mening, oh, Shu bo‘ldimi taqdirim?” deb yozgan bo‘lsa-da, shoir ikkita jonajon do‘st topgan edi. Odamning havasi kelardi ularning inoq yurishlariga. Uch og‘ayni haqiqiy do‘stlar edi. Ishtixonlik shoir do‘sti ba’zan tirikchilik ko‘yida, halol rizq ilinjida g‘ishtdan devor ko‘tarar, loy tepib paxsa urardi.

A’zam O‘ktamga hamyurt bir tanishi shu do‘stini qattiq ishlatadi. Biroq og‘ir jismoniy mehnatining haqini tugal bermay izza qiladi. A’zam O‘ktam adolatparvar, haqgo‘y emasmi, haqiqat va to‘g‘rilik himoyasi uchun maydonga otlangan musulmon askaridek shitob bilan shartta o‘sha hamyurtining oldiga bostirib boradi. Muammoni chikka-pukkasiga jiddiy muhokama qiladi, mardona hal etadi. Do‘sti hali shu kungacha quvonadi. A’zam O‘ktam o‘zidan biror narsa ketsa ham, do‘stlari uchun jonini tikadigan jondo‘st inson edi. A’zam aka rahmatlik bo‘lib ketgandan keyin bir qurdoshimiz uning shu ajib fazilatini qayta-qayta so‘zlar va bir voqeani esga olardi. A’zam aka do‘stga sodiq edi, diliga o‘tirgan kimsani qattiq hurmat qilardi. Yo‘lovchi ulovga puli yetmayroq turgan haligi birodariga cho‘ntagidagi oxirgi sariq chaqasigacha berib, uni yengil avtomashinaga o‘tqizib, o‘zi bir necha chaqirim uyiga poy-u piyoda ketadi. Holbuki, uning uyi ham haligi do‘stining uyidan yaqin emasdi. Yo‘lida pastkashlarga duch kelganda mardlarni, haqgo‘ylarni, iymoni baland odamlarni sog‘inadi kishi. Ayniqsa, ular ziyoli bo‘lsa, olim yo A’zam akadek shoir bo‘lsa, diydor sog‘inchi karrasiga osharkan.
A’zam O‘ktam o‘zidan bir dasta go‘zal she’rlar qoldirib ketdi. Uning she’rlari o‘qilganda shoirning tirik mahalidagi fayzli suhbatlari rostdan qayta tiriladi. Yurakdagi sog‘inch chanqog‘i ana shu she’r buloqlaridan bahra oladi. Men bugun A’zam O‘ktam bilan do‘st edim, xuddi aka-ukadek yaqin edim, har vaqt birga tushlik qilardik yoki biz doimiy hamsafar edik, tarzidagi gaplarni yozsam, ommaviy xotirachilarning insholaridan farqi bo‘lmay qoladi. Barcha qatori “men”-“men”lik xastaligiga chalingan va birov bilib o‘tiribdimi, degan bema’ni o‘yda hech qisinmay-netmay allanimalarnidir to‘qib tashlagan bo‘laman. Ko‘p gaplashganmiz, to‘g‘ri. Ba’zan toshhovuzlik Farhod degan kursdoshidan so‘z ochardi. Bizdan 5-6 yosh ulug‘ bo‘lgani bois, har qanday suhbatlarda A’zam akani eshitar edik. Gaplarida o‘zi aytganidek ichi yig‘lab, tashqarisidan kulardi. Bu kulgining hech ham shodlik-quvonch kulgisidek aks sado berganiga deyarlik guvoh bo‘lmaganmiz. Hamisha kulardi, bu alamli, o‘kinchli, pichingli kulgi edi. Odam bir zamonlar yonida yurgan shunday a’zamlarni sog‘inar ekan, shunday o‘ktamlarni sog‘inar ekan.
* * *
A’zam O‘ktamning “Taraddud” she’riy kitobini o‘qigan davrimizning ulkan ulamosi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘z qarashlarini, aynan shoirning ko‘nglini quvontirgan fikrlarini A’zam aka tirik mahalida bayon qilgan edi. Rahmatli shayx hazratlari bu yo‘lda ham barchaga o‘rnak bo‘lib ketdi. Hazratning maqolasini qayta o‘qidim. “Hammaga ma’lumki, bizning yurtimiz Movarounnahr – Turkiston butun dunyo she’riyatida o‘ziga xos o‘rin tutgan buyuk shoirlari bilan faxrlansa arziydigan, jahon xalqlari she’riyat xazinasiga o‘zining oltin sahifalarini, oltin baytlarini boshini baland ko‘targan holda taqdim etgan bir yurtdir. Albatta, ana shu maqtovga sazovor she’riyat, she’riy asarlar, shoirlar, ularning faoliyati, saviyasi, hamma-hammasi shu diyorning qadimdan muqaddas dini bo‘lib kelayotgan islom bilan chambarchas bog‘liq ekani ham hech kimga sir emas… Yana bir haqiqatkim, shunday insonparvar, ma’rifatparvar va oliy insoniy qadriyatlarni madh etgan va o‘z o‘rinlarini ajoyib bir shaklda tutgan shoirlarimiz bilan birga, manfaat shoirlari, ba’zi shaxslarning maddohlari ham bo‘lgan. Lekin o‘sha shoirlar ham, ularning she’rlari ham tezda unutilgan. Chunki ular xalq uchun emas, haq uchun emas, haqiqat uchun emas, boshqa narsa uchun she’r aytgan edilar…”
Shayx hazratlarining adabiyotimiz uzoq tarixi va yaqin o‘tmishiga doir bunday haqiqatlari, teran nazarlari, so‘z kuchi va manfaati, gunoh va savoblari haqidagi tiniq fikrlari hamon meni o‘ylantiradi. Asil adabiyot tahlili uchun dasturiy qiymat kasb etadigan fikrlar bular. Ko‘pchilik adabiyotshunoslar sukut saqlagan bir pallada A’zam O‘ktam she’rlari qadrini juda o‘rinli, munosib baholagan va uning she’riyatidagi iymon taftini birinchi bo‘lib, his qilib bayon etgan zot ham shayx hazratlari edi: “Bu she’rlar kimnidir o‘ziga qaratish uchun aytilgan emas. Yoki keskin gaplarni gapirib o‘zini ko‘rsatish uchun emas. Balki butun vujudga singgan, yurakning to‘ridan samimiyat bilan chiqqan bir hazin ohangdir…”
A’zam O‘ktamning she’rlari orasida “Bir kun” va “Bir tun” sarlavhali ikkita uzun, biri boshqasini to‘ldiradigan egizak she’r bor. Shoirning ichi, o‘yi, iztiroblari, atrof-muhitga, yor-u birodarlariga, “sen” orqali “men”iga, munosabati bayonidir ular. Ishlaridan ko‘ngli to‘lmagan, norizo kayfiyatli, ammo mezonlari e’tiqodiga mos odam dilining sharhi.
O‘, bular odammi?
Ayanch naqadar –
Bu nojins to‘daning qolmagan sharmi.
“Kofirga o‘lim!” – deb
Tig‘ tortsang agar
Qirilib ketardi elingning yarmi.
Savod chala, ibodat chala, ishonch – omonat, suhbatlar g‘iybat, har ishda aldov, xiyonat, dushman kim, oshno kim – bilib bo‘lmaydi. She’rda shularni o‘ylagan bezovta odamning bir kuni “sen”ga – ikkinchi shaxsga yo‘naltirib beriladi. Nurli yo‘l, umrning saodatli tuganchiga oson yetib bo‘lmaydi. Buning uchun “O‘zingdan kerakdir o‘zingga hujum, O‘zingga kerakdir o‘zdan himoya”. O‘zni anglash saboqlarini eslatadi. Demak, odam ehtiyot bo‘lishi, beparvo bo‘lmasligi lozim.
“Bir tun” yuqoridagi she’rga mohiyatan o‘xshaydi. Bunda hodisa va tuyg‘ular shoirning o‘ziga juda yaqinlashadi va “men”idan o‘tkizib bayon qilinadi. A’zam O‘ktamning bu she’ri o‘zlikka nazar, o‘zini taftish etish, nafsiga tanbehlar, shafqatsiz oshkora iqroriga ko‘ra dunyo adabiyotidagi eng nodir “iqrornoma”lardan aslo kam emas. Bunda bolalikning beg‘uborligi, yoshlik g‘ayratlari, ota-onaga, farzandlar va uzoq-yaqin tanishlarga munosabatlar tafakkur elagidan o‘tkaziladi.
Yomon tushdim. Qattiq adashdim yana –
Ulug‘ yo‘lda topdim pastkash hamrohlar.
“Ulug‘ zot qulimiz”, derlar-u biroq
Nafs yo boshlig‘iga dastyordir bular.
Shoirning lirik qahramoni o‘zi uchragan to‘dani tark etolmay qiynaladi. “Shartta ketay desam dushmanmas bular, Ketmay desam biroq – do‘stim ham emas”. Kunlaridan hafsalasi pir bo‘lar ekan, o‘yga tolaveradi. taskin izlaydi. Boshqalardan bezib qolgan – taskinga asos yo‘q. So‘ngra asta o‘ziga boqadi. “Men o‘zim yomonman, yo‘q mendan yomon” – o‘zini yomonlaydi. Buyuk g‘amxo‘r Yaratguvchiga yukinadi.
A’zam O‘ktam shaxsiyati hamisha Buvayda adabiy muhiti markazida turadi. Buvaydada ustozlari, yaqinlari qatori bir qancha shogirdlari ham bor edi. A’zam O‘ktamning “Qirqinchi bahor” nomli ixcham to‘plami mana shunday ixcham, bolig‘ va fasih she’rlardan tarkib topgan edi:
Valloh, yetdi mening ham galim,
Shart guvranib o‘rnimdan turdim:
Ketmay turib qarg‘alar hali,
Qaldirg‘ochlar kelganin ko‘rdim!
Buvaydalik shoir Odil Og‘a bir she’riga shu kitobcha nomiga uyqash qilib “Qirqinchi qish” deya sarlavha qo‘yibdi va uni ustozi A’zam O‘ktamga bag‘ishlabdi. Qirq yoshga kirgan odamning o‘ylari, sarhisoblari, iziga qarashi, o‘zini taftish qilishlari. Ammo oxirgi band boshqacha – odilona xulosa:
Ko‘nglimni hech kimga ko‘rsatmagayman,
U – muzlik ostida mavjlangan anhor.
Yana yuzta qishni yengishga shayman,
Menga kuch beradi qirqinchi bahor!
Odil Og‘a bu shiddatli she’riy dil izhorini aynan qirq yoshida yozdi. Qirqinchi bahori va undan keyingi kunlari barakali bo‘ldi. Qirqinchi bahoridan kuch olgan Odil shoir elliginchi bahorida “Olisdan ovoz” degan she’r kitobini nashr ettirdi… Ba’zan she’rlarida kuzatiladigan bir sifat – haqiqatni shartta yo pichingli aytish A’zam akadan olingan saboqdir balki. Odil Og‘aning “Tavsif”i, ya’ni ustozini ta’riflagan she’ri “She’riyatning hayqiriq ovozi – A’zam O‘ktam, Jasoratdan yo‘nilgan ham sozi – A’zam O‘ktam”, degan bayti bilan boshlanadi.
“Qo‘qonshamol kuyiga qo‘shiq aytar yulg‘unlar,
Buvaydaning yuz yillik bayozi –
A’zam O‘ktam…”
Hali buvaydaliklar o‘ktam yurakli bu insonni, toza iymonli ko‘nglini she’rga solgan a’zam shoirni ko‘p eslashadi. Chunki Buvayda adabiy muhitining sardori u. A’zam O‘ktamning adabiy shaxsiyati, insoniyligi, to‘g‘riligi, halolligi zamonaviy o‘zbek she’riyatida, xususan, o‘ziga tengqur adabiy avlod ichida yorqin yulduz kabi chaqnab ko‘zga tashlanadi.
Haqiqatni aytmasa, A’zam O‘ktamning “ichi yonib” ketadi, kerak bo‘lsa dushmaniga sherday tashlanadi va yanchadi ham xumordan chiqib. Chunki shoir e’tirof etadiki:
Turaverar kerib ko‘kragin,
A’zam O‘ktam o‘lar – egilsa…
Chip-e, bo‘lsang kimning ko‘ppagi,
Pisht-e, kimning mushugi bo‘lsang!
Yana bir she’rida o‘ziga o‘zi dalda beradi; iymon nuridan, elning yoniq chirog‘idan gap ochadi va: “Ko‘nmagil hali o‘chmoqqa, o‘r bo‘l, ey, A’zam O‘ktam”, deydi. Shoirning bunday umruzoq she’rlari to‘g‘rilik va jasoratdan, o‘rlik va hurlikdan, mardlik va oriyatdan – insoniylik qadri va yuksak rutbasidan saboq beradi.
A’zam O‘ktamni sog‘inganda ustozlari, do‘stlari va shogirdlarining dil so‘zlari, xotiralari, e’tiroflari, bag‘ishlov she’rlari yodga keladi. Iste’dodli shoir Iqbol Mirzoning A’zam O‘ktamga bag‘ishlangan “Qo‘qon shamoli” she’rida:
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yo‘qni yo‘q qilib berguvchi.
Boshingga zo‘r savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!
– degan misralar bor.
Zotan, so‘zning shamoldek vazifasi ham bor ekan, shoir A’zam O‘ktam ham bamisoli Qo‘qon shamolidek bu olamda mudroq odamlar ruhini uyg‘otuvchi so‘z aytib ketdi.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



