16.10.2024 | 13:50
958
ONA YURTIN SEVMAGAN CHIN IJODKOR BO‘LOLMAS
O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov bilan suhbat

– Hurmatli Javlon aka, avvalo, qimmatli vaqtingizni ayamay, intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat. Mana, siz bilan ijodiy ustaxonangizda suhbatlashyapmiz. Adashmasam, tasviriy san’at muxlislariga olam-olam zavq bag‘ishlayotgan eng go‘zal asarlaringiz aynan mana shu maskanda yaratilgan. Shu topda ko‘nglimda oldindan rejalashtirilmagan bir savol paydo bo‘ldi: xo‘sh, siz uchun ustaxona nima?
– Ustaxonam – hayotdagi turli tashvish va muammolarni unutib, qalbim xotirjam bo‘ladigan maskan. Aslida ijodxona kim uchundir shunchaki kelib-ketadigan, tartibsiz bir joy bo‘lsa, kimlargadir haqiqiy ilhom bag‘ishlaydigan, yana kimlargadir dam oladigan, ba’zilarga faqat ishlash uchungina xizmat qiladigan makon bo‘lishi mumkin. Bu yer go‘yo oshxonaga o‘xshaydi. Ijodkor oshpazday kuyib-pishib harakat qilib, “taom tayyorlaydi”. U ba’zan tagiga oladi yo lanj bo‘lib qoladi yoki tuz-totig‘i mazali bo‘lib, hammaga manzur bo‘ladi. Bu joy – mening ikkinchi uyim. Men uchun bu ustaxona sokinlik bilan ilhom beradigan, ko‘ngilni xotirjam tutadigan go‘shadir. Ko‘pincha mendan: “Sizga ilhom qanday keladi?” deb so‘rashadi. Aslida menga ilhom kelmaydi. U hamisha menda yashaydi, har doim yuragimda bor. Faqat ijod qilish uchun vaqt, muhit, xohish topishim kerak. Bugungi zamonda kundalik tashvishlardan qochib, xotirjam bo‘lib, fikrni jamlash qiyin. Bu yerda esa shunday tansiq imkon bor. Men tashqaridagi har qanday ma’lumotdan uzilib, musiqa tinglab ijod qilaman. Mana, jim quloq tutib ko‘ring. Nimani eshityapsiz? Jimjitlik. Mana shu ijodkor uchun haqiqiy huzur. Tabiatning ovozi – daraxt barglarining shitirlashi, shamolning ohista esishi, yomg‘irning shitir-shitiridan bo‘lak shovqin yo‘q. Mana shu mening ijodxonam, mendagi yaratuvchilikni uyg‘otuvchi sehrli oshiyon…

– Odatda, yozuvchi va shoirlarning kamolga yetishida adabiyotning, xalq og‘zaki ijodining o‘rni katta bo‘ladi. Yoshligidan she’riy va nasriy asarlarni o‘qib, doston va termalar, ertaklarni tinglab ulg‘aygan bolaning qalbida shu sohaga havas paydo bo‘ladi, asta-sekin unda iste’dod kurtaklari yuz ochadi. Xo‘sh, kishida rassomlikka ishtiyoq qay tariqa paydo bo‘ladi? Uni qo‘liga mo‘yqalam olishga undaydigan kuch nima? Shaxsan sizda bu hol qanday kechgan?
– Aslida rassomlarning shakllanishi ham shoir va yozuvchilarnikiga o‘xshaydi. Xoh hofiz, xoh cholg‘uchi yoki rassom bo‘lsin, hamma ijodkorning mushtarak, o‘xshash jihatlari bor. Har bir san’at ahlining ko‘ngli go‘zallikka oshno bo‘ladi. Masalan, o‘zim bolalik shuurimga muhrlanib qolgan xotiralarimni qog‘ozga tushirgim kelaveradi. Hozir qariyb sakson yoshdaman. Besh yoshimdan buyon rasm chizaman. Asarlarimdagi syujetlar ham asosan bolalikdagi xotiralarimning aksi: bozordagi holatlar, ko‘chalarda to‘lib oqadigan sharqiroq ariqlar, tabiat manzaralari, choyxonada o‘tirgan chollar… Hamma ko‘rgan-bilganlarim, o‘qib-izlanganlarim menda iqtidorni shakllantirgan, surat chizishga ishtiyoq uyg‘otgan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, juda ko‘p kitob o‘qiganman. Kitobdan oladigan huzurni hech narsa berolmaydi, u boshqacha… Ayniqsa, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov asarlari suratlarimda o‘zbekona ruhni kuchaytirishga, asarlarimda sharqona jozibani tasvirlashga turtki bo‘lgan.

– Surat mazmunini to‘la ifodalaydigan nom topish qanchalik mushkul? Tasviriy san’at asarining nomi uning g‘oyasi bilan birga tug‘iladimi yoki keyin tanlanadimi?
– Bu jarayon har xil bo‘ladi. Men ba’zida chizadigan asarimga oldindan umumiy bir nom topaman. Misol uchun, “Eski shahar hirgoyilari”. Shu nomning ichida hamma narsa bo‘lishi mumkin: ariqdagi suv, cho‘milayotgan bolalar, sharqona bozor shavqi, aravasini yuvayotgan yigit va hokazo. Ba’zida bir asarimga uchtagacha nom beraman. Ko‘pincha kartinalar birinchi paydo bo‘ladi, keyinroq nomi ham tug‘iladi. Mening ijodimda monumental ponnolar ham bor. Ularga nom tanlash jiddiy jarayon, bu rassomdan chuqur o‘ylashni talab qiladi. Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan ikki-uchta asar shular jumlasidan. Masalan, bir asarimning nomi “Tafakkurli inson”. Yo‘q, “Mutafakkir” emas, aynan “Tafakkurli inson”! Bu umumiy nom, lekin undagi ma’noni tomoshabinning o‘zi anglab oladi. Suratda Ibn Sino, Beruniy, Navoiy, Kamoliddin Behzod, Arastu, Leonardo da Vinchi ham bor. Bu umuman, hazrati insonga bag‘ishlangan asar. Har xil asrning ulug‘ insonlarini jamlab, o‘rtada “Haqiqat” (Botichellining “Venera”si) obrazini tasvirlaganman. Aslida hammaning o‘z haqiqati bor. Shuncha buyuk odamlar o‘tib ketdi, ularning haqiqati (asarlari) bizga meros qoldi, xolos.
Rassom chizgan asarni muxlis xuddi u atagan nom bilan qabul qilishi muhim emas. Asosiysi, asar har bir san’atsevarda ayri bir his uyg‘otsin, taassurot qoldirsin. Uni aniq tushunish ham shart emas. Masalan, Pablo Pikassoning asarlari zamiridagi ma’nolarni oddiy odam tushunmasligi mumkin, lekin uning ko‘nglida qandaydir hissiyotlarni uyg‘otib yuboradi. Har bir surat har insonda turlicha taassurot qoldiradi, uning his-tuyg‘usini qo‘zg‘ab, fikr uyg‘otadi. Asosiy maqsad ham shu – fikr va his-tuyg‘ularni uyg‘otish.

– San’at asarining umrboqiyligi nima bilan bog‘liq? Unda aks etgan fikr qatlamining teranligi birlamchimi yoki mahorat bilan chizilgan shakl murakkabligimi?
– Yuqori darajadagi san’atni tushunish uchun odam tarbiyalangan bo‘lishi kerak. Ya’ni, san’at haqida ma’lumoti bor insongina haqiqiy san’at asarining qadrini anglaydi. Masalan, mashhur rassom Van Gogning hayoti va ijodini bilmagan kishilar “Ha, uyam oddiy rassom-da” deyishi mumkin. Lekin asl san’at shinavandasigina mashaqqatli kechgan hayoti davomida birorta ham asarini sotolmagan bu san’atkorning asarlari qadri-qiymati qanchalik baland ekanligini his qila oladi. Rassomning asarini bir qarashda baholab bo‘lmaydi. Uning faqatgina asarini emas, o‘sha buyuk ijodiy asarning paydo bo‘lishi jarayonidagi qiyinchiliklarni his qila bilish, muallif hayoti haqida ham birmuncha ma’lumotga ega bo‘lish muhimdir.
Odamzod o‘zini o‘zi muntazam tarbiyalab borishi kerak. Faqat kitob o‘qish bilangina emas, teatr, kino, opera, muzey, ko‘rgazmalarga borish orqali san’atga muhabbatini parvarishlashi lozim. Farzandlar yoshligidan san’atga oshno qilib tarbiyalansa, muzey, kutubxona, teatrlarga ota-ona o‘zi birga olib borsagina, ularda ijodiy immunitet paydo bo‘ladi. Keyinchalik ular orasidan buyuk san’atkorlar, mashhur shaxslar yetishib chiqishi mumkin. Uyda televizor qarshisida yonboshlab yotish, uzzukun telefon titkilash ongning rivojlanishini sekinlashtirib qo‘yishi tayin.
Men serfarzand va kambag‘al xonadonda dunyoga kelganman. Oilamizda san’atga bog‘liq hech kim yo‘q edi. Kosiblar, bog‘bonlar, karvonboshilar o‘tgan. Ota-bobolarim musiqa, adabiyot yoki rassomchilik bilan shug‘ullanmagan.

– Ba’zilar g‘arb tasviriy san’ati haqida yetarli bilim va tasavvurlarga ega. Biroq ko‘pchilikda o‘zbek milliy tasviriy san’ati, Sharq rassomligi haqida yetarlicha ma’lumot yo‘q. Yaqinda bir tanishim, bizda tasviriy san’at sohasi rivojiga islom ta’limoti to‘sqinlik qilgan, shuning uchun o‘tmishda bu soha yaxshi rivojlanmagan, degan gapni aytib qoldi. Lekin o‘tmishda bizda miniatyura san’ati rivojlangan-ku. Hatto, Kamoliddin Behzod singari ulug‘ musavvirlarimizning asarlari Yevropadagi novator rassomlarga ham ilhom bag‘ishlab, ularning tasviriy san’atda yangi yo‘nalish va uslublarni kashf qilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan, deyishadi. Sizning bu haqdagi fikringiz qanday?
– San’atdan bexabar odamlargina Sharqda rassomlik yaxshi rivojlanmagan, degan fikr bilan yashaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk ipak yo‘li faqat savdo-sotiq tizimi bo‘lmay, balki buyuk san’at va ilm yo‘li vazifasini ham o‘tagan. Gʻarb olimlari Sharq mutafakkirlarining kitoblaridan juda ko‘p narsalarni o‘rganishgan, o‘z navbatida sharqliklar ham g‘arbliklarning asarlariga murojaat qilgan. Rassomlikda ham xuddi shunday jarayonlar kechgan. Varaxsha, Afrosiyobdagi devoriy rasmlar miloddan avvalgi davrlarda ham yurtimizda tasviriy san’at yuqori darajada rivojlanganidan dalolat beradi. Haykallar-chi? Ular Sharqda buyuk san’at bo‘lganining isboti emasmi? Masalan, ispan elchisi Klavixo dunyoning bir chekkasidan karvon orqali Amir Temur davlatigacha yetib kelgan. U o‘zining realistik asarida sohibqiron saroyida ko‘rgan-kechirganlarini haqqoniy tasvirlagan. Bu Sharqqa bo‘lgan yaqqol qiziqishdan darak aslida. Bugun esa fikr almashishga imkoniyatlar keng. Istagan paytingizda Prado, Luvr yoki Ermitajdagi ko‘rgazmalarga borishingiz mumkin. Bizning yurtimizga kelayotgan sayyohlar ham tariximiz bilan yaqindan tanishgani bois Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lgani shubhasiz.
Kamoliddin Behzod butun dunyoga Sharq Rafaeli nomi bilan tanilgan. Rassomlik yo‘nalishlari rivojiga islom dini monelik qilgani haqidagi fikrlarga mutlaqo qo‘shilmayman. Bu aslida muqaddas dinimizni qoralash uchun o‘ylab topilgan sho‘roviy bo‘htondan o‘zga narsa emas.

– Asarlaringiz dunyodagi nufuzli muzey va ko‘rgazmalardan, shaxsiy kolleksiyalardan joy olgan. Qator xorijiy mamlakatlarda ijodiy ko‘rgazmalaringiz muvaffaqiyatli namoyish qilinganidan ham xabarimiz bor. O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, chet elliklarning ijodingizga bu darajada katta qiziqish bilan qarashining siri nimada? Umuman, xorijda o‘zbek milliy tasviriy san’atiga munosabat qanday?
– Men 1987-88-yillarda Amerikaga ellikdan ortiq ijodiy ishlarimni olib bordim. U yerda mening asarlarimga katta qiziqish bilan munosabatda bo‘lishdi. Ko‘rgazmaga kelganlar orasida san’atni tushunadiganlar ham, tushunmaydiganlar ham bor edi. Ammo odamlarning barchasida birdek ijobiy kayfiyat ko‘rdim. Ular menga qarab faqat bir so‘zni takrorlashardi: “beautiful” – ya’ni “go‘zal”. Bilsangiz, amerikaliklarning g‘alati fe’li bor, ya’ni doim o‘qib, izlanib, yangi narsalarni o‘rganishga harakat qilishadi. Ular biron ko‘rgazma bo‘ladimi yoki biron rassom bilan uchrashuv bo‘ladimi, yangi suratga olingan film yoki nashr qilingan kitob taqdimoti uyushtiriladimi, birinchilardan bo‘lib undan bahramand bo‘lishga intiladi. Umuman, ko‘plab rivojlangan davlatlar fuqarolari yoshidan qat’i nazar, dunyo kezishni kanda qilmaydi, jahon ajoyibotlaridan bahramand bo‘lishga ishtiyoqmand bo‘lishadi.
Afsuski, bizning xalqimiz borgan sari kutubxona, muzey va ko‘rgazmalardan uzoqlashayotganga o‘xshaydi. Televideniye va axborot texnologiyalarining rivojlanishi yoki ong-u shuurimizni boshi-keti yo‘q ma’lumotlar bilan to‘ldirib tashlayotgan ijtimoiy tarmoqlar bunga sabab bo‘lyotgandir balki. Shuning uchun odamlarni muzey, kutubxona va ko‘rgazmalarga jalb etish yo‘llarini izlashimiz kerak. Axir, o‘z rassomlarini tanimagan, adibi, musiqashunos, hofizlarini bilmagan xalqning ertasi nima kechadi?
Holbuki, bugun aynan rassomlik sohasida o‘sishlar kuzatilmoqda. Musavvirlarimiz, ayniqsa, yosh ijodkorlarning chet davlatlarga ko‘rgazmali safarlari ko‘paymoqda. Ular Parij, London, Lissabon, Praga kabi shaharlarda o‘zbek san’atining sehr-u jozibasini dunyoga namoyon qilishyapti.
Savolingizga kelsak, ijodiy ishlarim xorijliklarni nega bunchalik qiziqtirishining sababini o‘zim ham aniq bilmayman. Men mo‘yqalamni shunchaki qo‘limga olmayman. Chizayotgan har bir asarimni ich-ichimdan his qilib, mayda nuqtasigacha aniq tasvirlashga, har bir chizilgan chizmada o‘zimning bir bo‘lagim yashab qolishiga erishish uchun harakat qilaman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, asarlarim haqiqiy san’atsevarlarning e’tiboridan chetda qolmaydi. Yana bir sababi, san’atga qiziqishi bor har qanday odam, ayniqsa, tarixiy asarlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rishadi. Chunki tarix hamma uchun birday qiziq va jozibalidir.

– Siz bir muddat Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida bosh rassom sifatida ham ishlagansiz. “Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning yoshligi” asaringizda bu ulug‘ insonlarning sharqona obrazini yaratgansiz. Ayting-chi, Alisher Navoiy ijodi bugungi davr musavviriga nima berishi mumkin? Umuman, zamonaviy rassomlarimizning Alisher Navoiy asarlari va mumtoz adabiyotimiz namunalariga munosabati haqida nimalar deya olasiz?
– Alisher Navoiy shu qadar buyuk siymoki, uning ijodiga murojaat qilmagan ijodkorni topish qiyin. Asarlarini mutolaa qilmagan, u haqidagi tarixiy ma’lumotlarni bilmaydigan ziyoli, menimcha, O‘zbekistonda yo‘q. Men lirika, nazm deganda, avvalo, Alisher Navoiyni xayolimga keltiraman. Aslida mumtoz adabiyotimizda buyuk shoirlar juda ko‘p o‘tgan. Masalan, Navoiyning do‘sti Husayn Boyqaro “Husayniy” taxallusi bilan she’r yozgan, shoh va shoir Mirzo Bobur, Ibn Sino, hatto Kamoliddin Behzod ham shular jumlasidan.
Siz tilga olgan “Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning yoshligi” – ilk tarixiy asarlarimdan biri bo‘lgan. Ustozim Chingiz Ahmarovning maslahati bilan shu kichik asarni yaratganman. Negadir shu suratimni miniatyura uslubida chizgim kelgan. Shu jihat ustozimni lol qoldirgan va u kishi: “Sendan yaxshi rassom chiqadi, buning uchun ko‘p o‘qi, ko‘p tomosha qil, harakatdan to‘xtama”, deb nasihat qilgandi o‘shanda.

– Asarlaringizda qahramonlarning yuz ifodasiga alohida e’tibor berasiz. Ularning qiyofasida ruhiy holati, munosabati, kinoyalari ham ko‘rinib turganday go‘yo…
– Har bir rassom chizayotgan asarida o‘zini tasvirlaydi. Misol uchun, qarshingizda turgan “To‘maris” kartinasini boshqa rassom o‘zgacharoq, o‘z xarakteri va bilimidan kelib chiqib chizgan bo‘lardi. Odatda hamma portretchi musavvirlar qahramonini o‘ziga o‘xshatib qo‘yishdan cho‘chib, shundan ehtiyot bo‘lishadi.
Suratlarda qahramonning hissiyotlari uning harakatlari orqali ifoda etiladi. Boshqacha aytganda, tasviriy san’at asari ana o‘sha harakat tasvirlari orqali “so‘zlaydi”. Mana, “To‘maris” asariga nazar soling. Uning dushmanga cheksiz nafratini nafaqat uning nigohidagi ifodalardan, qo‘l harakatlaridan ham sezish mumkin. Uni og‘zini yopgan holda tasvirlangan, ya’ni bu jasur ayol jim turib hayqiryapti. Rassom faqatgina ko‘rganlarini chizmaydi, ko‘rib turib his qilganlarini mo‘yqalamga oladi. Masalan, mashhur rassom O‘rol Tansiqboyevni olaylik. Uning asosan tabiat manzaralaridan iborat asarlari shunchaki borliqdan ko‘chirma olib chizilmagan. Ulug‘ musavvir o‘zi ko‘rib, dildan his qilgan kechinmalarini tasvirlagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning asarlariga odamlarning mehri o‘zgacha. Pikasso ta’biri bilan aytganda, “Men tabiatdan olib chizmayman, u bilan birga chizaman”.

– Saboq bergan ustozlaringiz haqida ham gapirsangiz.
– Birinchi ustozim bu – Zoyir amakim bo‘ladilar. U kishi mendagi tasviriy san’atga ishtiyoqni o‘z vaqtida payqab, maktabga yetaklab olib borganlar. Shundan keyin taqdir taqozosi bilan rassomlar orasiga tushdim, ko‘plab ko‘rgazmalarda qatnashdim, do‘stlar orttirdim. Keyinchalik Chingiz Ahmarov bilan tanishdim. U kishi odamoxun, yumshoq tabiatli inson edi. Kattaroq devoriy rasmlar chizganida o‘zi ishongan shogirdlari bilan birga ishlardi. Tortgan chiziqlarim o‘zinikiga o‘xshagani uchun u kishi ko‘pincha menga suratning “jon tomiri”ni chizishni ishonib topshirardi. Ha, baxtim shuki, birinchi ustozim Chingiz aka bo‘lgan. Keyinchalik yosh rassom Boris Ivanovichdan ham saboq oldim. U kishi menda bo‘lajak kino rassomini ko‘rdi va Moskvadagi kino institutida o‘qishni tavsiya qildi. U yerda ham mashhur rus rassomlariga shogird bo‘ldim.
Bugun ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonning buyuk tarixi, jahon kezib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan muzeylar – mening eng katta ustozlarim hisoblanadi. Yurtimizning shonli o‘tmishi sahifalari menga cheksiz zavq bag‘ishladi, muzeylardagi muhtasham san’at asarlari meni musavvir sifatida tarbiyaladi.
– Ustoz ijodkor sifatida yosh musavvirlarimiz ijodiga qanday baho berasiz?
– Yilda bir marotaba ikkinchi kurs talabalarini ustaxonamga taklif qilaman. Bu yerni ko‘rish ulardagi ijodga ishtiyoq, shijoatni kuchaytiradi. Ba’zilari tushkunlikka tushib qolishi ham mumkin. Chunki shu asnoda ular musavvirlikning qiyinchilik va mashaqqatlari bilan ham yaqindan tanishadi. Rassomlikning asosida tinimsiz harakat, qattiq mehnat yotadi. Bu uzluksiz jarayondir. Bir-ikkita asar chizib qo‘yib: “Men endi yetuk rassom bo‘ldim”, degan xayolga borish juda xato fikrdir. Talabalar ustaxonada ijod qilish jarayonini tushunib-anglab yetishi uchun ham ularni “pirxonam”ga taklif qilaman. Bo‘ladigani zo‘r rassom bo‘lsin, bo‘lmaydigani vaqtida boshqa ishning etagini tutsin, deyman. O‘rtacha rassom bo‘lish bu – fojia…
O‘zing bilgan, anglagan narsalarni yoshlarga o‘rgatishning zavqi o‘zgacha. Shuning uchun men qariyb qirq yildan buyon Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga dars o‘taman. Shogirdlarimning ba’zilari allaqachon “O‘zbekiston xalq rassomi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lishgan, boshqa birlari esa taniqli dizayner, mohir pedagog sifatida tanilgan. Chet davlatlarda ijod qilayotganlari ham talaygina. Ularning yutug‘i menga ruh bag‘ishlaydi. Ertaga mening ortimda chizgan asarlarim va yetishtirgan shogirdlarim qoladi, degan o‘ydan ko‘nglim yorishadi.

– Bugun o‘zbek tasviriy san’atida kechayotgan ijodiy jarayonlarga qanday baho berasiz? Bu borada nimalar sizni xursand qiladi-yu, qaysi jihatlardan ko‘nglingiz to‘lmaydi?
– Albatta, meni quvontiradigan yaxshi jihatlar ko‘paygan. Men o‘qitgan, men bilgan yosh rassomlar ijodida yangiliklar, guruhli va shaxsiy ko‘rgazmalar soni sezilarli darajada oshgan. Bular aytishgagina oson. Hozir hamma ham birdek mehnat qilib, halol peshona teri evaziga topgani bilan yashamayapti. Rassomlik – biznes emas! Bu sohada halol mehnat va ijod birlamchi bo‘lishi kerak. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, musavvirlar orasida ham mehnat qilmasdan davlat hisobidan kun ko‘rayotganlar yoki o‘z kasbidan oson pul topish yo‘lida foydalanayotganlar bor. Mana shunday holatlar menga ma’qul emas.
– Keyingi vaqtlarda yurtimizda jadid ma’rifatparvarlarining xotirasini e’zozlash, ularning sharafli faoliyati va merosini o‘rganish hamda ommalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ularga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilib, ilmiy-ma’rifiy, badiiy asarlar yaratilmoqda. Xo‘sh, tasviriy san’at sohasida bu jarayon qanday kechyapti?
– Jadidlik harakati meni ilgaridan qiziqtirib kelgan. Jadidlar qanday insonlar bo‘lishgani, nima uchun o‘z jonlarini qurbon qilishgani haqida ko‘p o‘qib, o‘rganganman. Yosh yigit paytimda San’at muzeyidan menga o‘tgan asr boshlarida yurtimizdan yetishib chiqqan mashhur harbiy qo‘mondon Mirkomil Mirsharopov suratini chizish haqida buyurtma tushdi. Kutuxonalarga borib, bu inson haqida ma’lumotlar to‘pladim. O‘zbekiston kino-foto hujjatlar arxiviga murojaat qilganimda bir taxlam ma’lumotlarni oldimga qo‘yishdi. U kishi haqida yozilgan maqolalar, suratlar, tuhmat va bo‘htonlar bosilgan gazeta parchalari degandek…
Men o‘sha paytgacha faqatgina Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ziyolilar jadid bo‘lishgan deb o‘ylardim. Keyinchalik bilsam, ularning safi juda keng bo‘lgan ekan. Boshqa sohalarda ham ko‘plab fidoyi insonlar Vatanimizning istiqloli va taraqqiyoti uchun kurashgan ekan. Mirkomil Mirsharopov ham yosh bo‘lishiga qaramasdan iste’dodli qo‘mondon bo‘lgan. Uning hayotini o‘rganayotganimda qo‘limga bir surat tushib qoldi. Unda Mirkomil Mirsharopov o‘ziga yarashgan harbiy libos kiyib, qo‘lida qilich ushlagancha kursida o‘tirgan holatda tasvirlangan edi. Ana shu surat chizilajak portretni xayolan tasavvur qilishimga yordam berdi. Men o‘z asarimda Mirkomil Mirsharopovni otliq harbiy sifatida tasvirladim. Asarni muzeyga topshirganimda buyurtmachilar hayron qolishdi. Chunki Mirkomil Mirsharopov haqiqatan ham otliq askar bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan ekan.
U vaqtlarda jadidlar haqida gapirish mumkin emas edi. Bugun Prezidentimiz tomonidan jadidlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan ehtirom meni ham benihoya to‘lqinlantiradi. Bunday fidoyi ajdodlarimizning orzu va armonlari bugun to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqmoqda. Birgina “Jadid” gazetasining tashkil etilishi zamirida ham juda katta ramziy ma’no bor. Biz ma’rifatparvar bobolarimiz haqida har qancha gapirsak, shuncha oz. San’at, adabiyot, ilm-fan orqali ularni xalqimizga yanada yaqinroq tanitishimiz kerak. Men ham bu jarayonda ishtirok etish istagidaman. Ya’ni shu kunlarda jadid namoyandalarining portretlarini chizishni rejalashtirib turibman.

– Mana, hozir tabarruk yoshdasiz. Bu yoshda har qanday inson ortiga nazar solib, bosib o‘tgan hayot yo‘lini sarhisob qilishi tabiiy.
– Odamzod yoshini o‘zi hisoblaydi, ammo ijodkorning yoshini uning yaratgan asarlari, erishgan yutuqlari belgilaydi. Hamma narsaning o‘z vaqti bor. Bugun talabalarimga ham zamon shiddat bilan o‘tib ketyapti, ijodga ulgirish kerak, tinimsiz harakat qilish, o‘qib-o‘rganib vaqtdan unumli foydalanib qolish lozim, deb ko‘p nasihat qilaman. Hayotda ijodkor o‘zidan yaxshi nom va yaxshi asarlar meros qoldirishi shart.
– Ijodiy rejalaringiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Ijodiy ishlarimning har birida jonajon O‘zbekistonimiz, uning tarixi, milliyligini aks ettirishga harakat qilaman. Pikassoga o‘xshatib chizsam ham asarlarimda o‘zbekona ruh ufurib turishini istayman. Ijodkorga yangi g‘oyalar osmondan tushib qolmaydi, uni izlash kerak. Buning uchun rassom iste’dodli va chuqur bilim egasi bo‘lishi lozim. Eng asosiysi, ijodkor o‘z Vatanini sidqidildan, samimiy sevishi zarur. Musavvir asarlarida Vataniga cheksiz muhabbatini ro‘yirost ko‘rsatishi zarur. Vatanni sevmagan odam chin ijodkor bo‘lolmaydi.
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



