25.10.2024 | 14:23
336
SAYLOVNING ARALASH TIZIMI
Mamlakat taraqqiyotiga ta’sir etuvchi muhim siyosiy jarayon – joriy yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Yangicha tartibda o‘tishi kutilayotgan saylov kunida asosli sabablarga ko‘ra o‘z yashash hududida bo‘lmaydigan yurtdoshlarimiz uchun tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatlar yaratildi. Hududlardagi saylov uchastkalarida jarayon qizg‘in davom etayotganining o‘zi ham o‘zbekistonliklar o‘zining va Vatanimizning ertangi taqdiriga befarq emasligidan, qolaversa, ularning har biri fuqarolik haq-huquqlari hamda burchiga mas’uliyat bilan yondashayotganidan dalolatdir. Ta’kidlash kerakki, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, dadil va izchil islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri ham inson huquqlarini har tomonlama ta’minlashdan iborat.

Islohotlar jarayonida mamlakatimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan eng ilg‘or demokratik tamoyillarni hayotga tatbiq etish, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini, saylov huquqini yanada kengroq ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda saylov qonunchiligining muttasil takomillashtirib borilishi, erkin demokratik davlatga xos juda muhim, mantiqiy, adolatli va zaruriy jarayon hisoblanadi. Mamlakatimizda erkin va adolatli saylovlar va referendumlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, takomillashtirish va rivojlantirish borasida boy tajriba to‘plangan.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 2023-yil 18-dekabr kuni kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ham jamoatchilikning fikri keng e’tiborga olinib qabul qilingan hujjatlardan biridir.
Unda Qonunchilik palatasiga saylovda aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimni joriy qilishga doir yangi tartiblar belgilandi.
Aralash saylovning afzalligi – o‘zida amaldagi majoritar va proporsional saylov tizimlarining eng ilg‘or tamoyillarini uyg‘unlashtirib, bir-birini o‘zaro to‘ldirganidadir.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizim o‘zi nima? Bu saylovchilar, saylanuvchilar va saylov tashkilotchilari uchun qanchalik muhim?
Bilamizki, parlamentimiz quyi palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. Bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta deputatlarning yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi. Qolgan, yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.
Endi saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikkita byulleten orqali ovoz beradi: birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, boshqasida o‘zi ishongan siyosiy partiyani tanlaydi.
Ilgari deputatlikka nomzodlar miqdorining kamida 30 foizini ayollar tashkil etishi kerak degan gender kvotasi ko‘rsatkichi endilikda 40 foiz etib belgilandi. Siyosiy partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda ham har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.
Majoritar tizimda nomzodlar saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasligi kabi holatlar ham ro‘y berishi mumkin edi. Bu esa takroriy ovoz berishni o‘tkazish, qo‘shimcha ovoragarchilik va xarajatni talab etardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida yigirma beshta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, bo‘shab qolgan deputatlar o‘rnini to‘ldirish uchun saylov komissiyalari faoliyatini qaytadan tiklash zarur. Bu esa minglab odamlarni yana saylov komissiyalari ishiga jalb etish, saylovchilarni yana ovoz berishga da’vat qilish bilan bog‘liqdir. Proporsional saylov tizimining afzalligi – bunday holatlarda partiya tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha navbatdagi nomzod deputatlik o‘rnini egallaydi. Partiyalar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatlar jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi.
Bu mamlakatimizning milliy saylov tizimi tarixidagi g‘oyat muhim yangilik. Aralash tizimning afzalligini amaldagi saylov tartibining eng ilg‘or tamoyillarini uyg‘unlashtirganida ko‘rish mumkin. Amaliyotga joriy etilayotgan proporsional saylov tizimida yuqorida ta’kidlaganimizdek, saylovchi deputatlikka nomzodga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Qonunchilik palatasidagi ellik foiz deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari o‘rtasida taqsimlanadi.
Joriy yildagi saylovlar yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tadi.
Yana bir muhim jihat. Hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo‘lgan o‘ttiz uchta vakolat mahalliy kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa siyosiy partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, saylovning aralash tizimi avvalo, saylovchilar uchun, qolaversa saylanuvchilar va saylov tashkilotchilari uchun ham yangi, yanada keng qulaylik va imkoniyatlar yaratadi.
Gulnoza JO‘RAYEVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori
“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
605
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



