14.08.2024 | 12:06
318
“VATAN OBODLIGI UCHUN OVOZ BERAMIZ!”
Markaziy saylov komissiyasi kotibi, yuridik fanlari doktori, professor Xudoyor MAMATOV bilan suhbat
– Xudoyor aka, mana 2019-yilda xalq tomonidan saylangan vakillik organlari deputatlarining vakolat muddati oxirlab, navbatdagi saylov jarayonlariga start berildi va Markaziy saylov komissiyasi faoliyati ham o‘z-o‘zidan qizg‘in tus oldi. Jarayonlarning ilk davri qanday kechmoqda?

– Avvalo, mamlakatda siyosiy jarayonlarning qizg‘inlashuvi Markaziy saylov komisissiyasi oldiga o‘ta mas’uliyatli vazifani qo‘yadi. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining talablariga ko‘ra, amaldagi deputatlarning deputatlik muddati tugashi arafasida yangi saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qilish Markaziy saylov komissiyasining zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, u saylovdan kamida 90 kun oldin komissiya tomonidan e’lon qilinishi kerak. Konstitutsiyamizning 128-moddasiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlarining saylovi ularning vakolat muddati tugaydigan yilning oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Shundan kelib chiqib, MSKda yig‘ilish o‘tkazildi va vakolatimiz doirasida shu yilning 27-oktyabr kunini mamlakatimiz parlamenti hamda mahalliy kengashlar saylovlari kuni deb belgilab, saylov kampaniyasi 26-iyuldan boshlanganini rasman e’lon qildik.
– An’anaviy va o‘z navbatida eng muhim savolimiz: bu yilgi saylovning avvalgilaridan farqi nimada? Saylov qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilishiga sabab bo‘luvchi omillar haqida aytib o‘tsangiz.
– Saylov qonunchiligida, albatta, o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Bunda, birinchidan, rivojlangan davlatlarning tajribalari inobatga olinadi. Bundan tashqari o‘tgan saylovlarda erishilgan yutuq va kamchiliklar o‘rganilib, parlamentdagi eng faol sub’yekt sifatida siyosiy partiyalarning saylovchi oldidagi mas’uliyatini orttirish, uning jamiyatdagi o‘rnini oshirish ko‘zda tutiladi. Dunyoning rivojlangan demokratik davlatlarida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, saylovchilarning xohish-irodasi, talablarini to‘liq qanoatlantirishi mumkin bo‘lgan, qolaversa, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishning eng yaxshi usullaridan andoza olinadi. Bu yilgi saylov o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Jumladan, joriy yil mamlakatimizda bo‘ladigan saylovlar O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Bu esa o‘z navbatida saylovning mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tishidan darak beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlarining 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim – siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi.
Ma’lumki, har bir siyosiy partiya muayyan okrugdan deputatlikka nomzodlarini jamiyatda o‘z mavqeyiga ega, obro‘-e’tibor qozongan, salohiyatli kadrlar orasidan izlaydi. Chunki deputatlik o‘rni uchun kurashda nomzodning kuchli bo‘lishi katta ahamiyat kasb etadi. Oldingi saylovlarda qonunan 50+1 yoki undan yuqori ovoz olgan nomzod deputatlikka saylanardi va kuchli raqobatchilar orasida nomzodlarimizning bu natijaga erishishi qiyin kechar edi. Buning oqibatida o‘z-o‘zidan ikkinchi tur saylovlarni o‘tkazishga majbur bo‘lardik. Bitta saylov okrugidan eng yuqori ovoz olgan ikki nomzod uchun ikkinchi tur saylov tashkil etilar, bu ortiqcha vaqt, sarf-xarajatga va saylovchilarning ovoragarchiligiga olib kelar edi. Shunday holatlarga barham berish uchun dunyo siyosatining ilg‘or tajribalaridan “nisbiy ko‘pchilik ovozi” prinsipi qo‘llanilib, bitta o‘rin uchun kurashayotgan besh nomzoddan boshqalariga nisbatan ko‘p ovoz olgani deputatlikka saylanadi. Ya’ni uning necha foiz ovozga ega bo‘lganiga ahamiyat berilmaydi.
2019-yildagi saylov jarayonlarida, birgina Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida mamlakatimiz bo‘yicha 25 ta saylov okrugida qayta saylov tashkil qilingan. Bu, albatta, davlat byudjetiga ham qo‘shimcha xarajat keltirgan. Yana bir tomoni, takroriy saylovlar asosiy ovoz berish o‘tganidan kamida ikki haftadan so‘ng tashkil etilishi kerak va uning javobi e’lon qilinishi uchun yana o‘n kun o‘tadi. Anglaganingizdek, ikkinchi tur saylovga o‘tish vakillik organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yangi saylangan deputatlarning o‘z vazifalariga kirishishlari uchun ham bir to‘siq bo‘lar edi. Bu yilgi saylovda birinchi turdayoq deputatlar egallagan ovoz to‘liq e’lon qilinadi va yangi deputatlik korpuslari saylov natijalari rasman e’lon qilingan kunning ertasi kuniyoq ish boshlaydi.
Saylov tizimiga ham raqamli texnologiyalar joriy etish masalasi yanada kengaytirildi. “E-saylov” axborot tizimi ishga tushirildi. Natijada murojaatlarni ko‘rib chiqish va javob qaytarish ham elektron shaklda operativ amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu tizimda 130 mingdan ortiq saylov komissiyalari a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, 30 mingdan ortiq deputatlikka nomzodlarga tegishli qisqacha ma’lumotlar va ularning dasturlari, shuningdek, 70 mingga yaqin mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga oid ma’lumotlar, 1200-1300 atrofida bo‘lishi kutilayotgan, to‘liq akkreditatsiyadan o‘tgan mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlarining ma’lumotlari joylashtirib boriladi.
– Dunyo miqyosida gender tenglik masalasi bugungi kunning tendensiyasiga chiqdi va bu bizning siyosatimizga ham kirib keldi. Bu yilgi saylanadigan deputatlarning necha foizini xotin-qizlar tashkil etishi kutilmoqda?
– O‘tgan saylovda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil qilgan edi. Bu yilgi saylovda esa ham bir mandatli saylov okruglari, ham siyosiy partiyalar taqdim etadigan nomzodlar ro‘yxatining kamida 40 foizini xotin-qizlar tashkil etishi lozim.
– Xudoyor aka, aralash saylov tizimi haqida aniqroq ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Aralash saylov tizimi degani bu saylovning ikkita, ya’ni majoritar-proporsional tizimlarni uyg‘unlashtirgan demokratik saylov usulidir. Mojaritar saylov tizimida har bir saylovchi bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan siyosiy partiyalarning nomzodlariga ovoz beradi. Proporsional saylov tizimida mamlakat hududi yagona saylov okrugi hisoblanib, saylovchilar saylov uchastkalariga borganda siyosiy partiyalarga ovoz berishi nazarda tutiladi. Yanayam soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rni va mandati misolida olsak, har bir saylov okrugidan bittadan deputat saylangan. Bundan oldingi saylovlarda 150 ta bir mandatli saylov okruglari tuzilgan. Endilikda esa ikki: mojaritar va proporsional tizimga ajralayotgani uchun mamlakat bo‘yicha 150 ta emas, 75 ta saylov okrugi tashkil etiladi va siyosiy partiyalardan har bir saylov okrugidan bittadan nomzod ko‘rsatish talab etiladi. Mamlakatimizning qolgan hududi yagona saylov okrugi hisoblanib, proporsional saylov tizimida qolgan 75 ta deputatlik o‘rni uchun 75 nafardan 100 nafargacha deputatlikka nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi va saylovchilar tomonidan siyosiy partiyalarga ovoz berish orqali ushbu deputatlik o‘rinlari taqsimlanadi. Buning uchun, 75 ta deputatlik o‘rni yuz foizga teng deb olinadi, siyosiy partiya saylov kuni ovoz berish uchun ishtirok etgan saylovchilarning qancha miqdorda ovozini olgan bo‘lsa, shunga mutanosib ravishda deputatlik o‘rniga ega bo‘ladi. Aytaylik, saylovda ishtirok etayotgan A partiya ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning qirq foiz ovozini olgan bo‘lsa, ushbu partiya 75 ta deputatlik o‘rnining qirq foizi, ya’ni 30 nafar deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan hisoblanadi.
– Siyosiy partiyalar ovozlarni taqsimlashda ishtirok etadimi?
– Albatta, ishtirok etadi. Qachonki, saylov kuni ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning eng kamida 7 foiz ovozini olsagina, ovozlarni taqsimlashda qatnashadi. Agarda 7 foiz ovoz ololmasa, bu siyosiy partiya baryerdan pastda qolib ketadi, ya’ni mandatga ega bo‘lmaydi.
– Bu yilgi saylovlarda MSK tomonidan saylovoldi tashviqot ishlariga qancha mablag‘ ajratiladi?
– Saylovoldi tashviqotlarga ajratiladigan mablag‘ miqdori siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonidan kelib chiqib aniqlanadi. Bu saylov kunidan kamida 35 kun oldin, deputatlikka nomzodlar MSK tomonidan ro‘yxatga olinganidan so‘ng aniq bo‘ladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov smetasida siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqot tadbirlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni hamda har bir deputatlikka nomzodning saylovoldi tashviqoti uchun ketadigan xarajatlarni inobatga olgan holda mablag‘larni taqsimlaydi. Moliyalashtirish ishlariga hali biroz vaqt bor.
– Xudoyor Teshayevich, saylovoldi tashviqot jarayonlarida deputatlikka nomzodlar ba’zi jiddiy huquqiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi ham mumkin. Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, MSK nomzodga yoki nomzodni ko‘rsatgan siyosiy partiyaga nisbatan chora ko‘radimi? Umuman, shunday holat yuz berganmi?
– Agarda nomzod saylovoldi tashviqotlarda qonun talabini buzadigan bo‘lsa va raqib tomondan sudga shikoyat arizasi bilan chiqilsa, sud tomonidan o‘rganib chiqiladi. Faktlar isbotlansa, nomzodga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi. Agar siyosiy partiya ham bundan norozi bo‘ladigan bo‘lsa, MSK ishni vakolat darajasida o‘rganib, kerak bo‘lsa nomzodni nomzodlik huquqidan mahrum qiladi. O‘tgan saylovda bu holat kuzatilgan emas.
– Saylov kampaniyasining eng muhim komponenti – ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash. Sizningcha, 2024-yilgi saylovning shaffoflik darajasi qanday bo‘ladi?
– Saylov kampaniyasini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq yoritilishiga erishish uchun MSK huzurida Matbuot markazi tashkil etildi. Ushbu markaz orqali butun dunyoga, xalqimizga markaziy, hududiy va quyi saylov komissiyalari tomonidan barcha jarayonlar ochiq, oshkora yoritib boriladi. Brifinglar, press-turlar o‘tkazilib, saylovchilar har kungi yangiliklardan boxabar qilib turiladi.
– Bu yilgi saylovlarning “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilishi e’lon qilindi.
– Saylov kampaniyasining shu shior ostida ish olib borishidan maqsad, saylovchilarni saylov jarayonlariga yanada faolroq jalb etish, saylovning xalqimiz hayotida, mamlakatimiz rivojida naqadar muhim ekanligini anglatish. Har bir saylovchi saylov uchastkasiga kelganida u o‘zining tanlovini amalga oshiradi. O‘zi eng munosib deb topgan nomzodni, eng faol deb bilgan partiyani tanlaydi. U mana shu tanlovda adashmaydigan bo‘lsa, shu Vatanning obodligi uchun ovoz beradi. “Mening tanlovim – obod Vatanim” mamlakat siyosatida markazda turgan g‘oya – “Hamma narsa inson qadri uchun” shiorining mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qiladi.
– Parlament bu mamlakatning yuzi hisoblanadi. Shu ma’noda, Parlamentda birinchi navbatda professional deputatlar korpusini shakllantirish kerak. Buning uchun bo‘lajak deputatlardan nimalar talab etiladi?
– Parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun huquqiy asos ekanini hisobga olsak, uni davlatning kelajakka tanlagan yo‘lini ko‘rsatib turuvchi mayoq deb bilishimiz kerak. Deputatlik uchun kurash olib borayotgan har bir shaxs “Men Parlamentga kelyapman, Vatanimning tinchligini, taraqqiyotini, xalqimning turmushi yanada farovon bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim qonunlarni ishlab chiqishda ishtirok etaman”, degan tuyg‘uni chuqur his etishi zarur bo‘ladi. Shuningdek, har bir siyosiy partiya ham nomzod tanlayotganda bunga e’tibor qaratishi shart. Deputatlik korpusi o‘z sohasining, o‘z kasbining bilimdoni, ham ilmiy, ham amaliy tajribasi bor, so‘zi va ishi bilan elni oldiga tushgan odamlar bo‘lishi lozim.
– Saylovchilari bilan yuzma-yuz keladigan mana shu dolzarb jarayonlarda siyosiy partiyalar nimalarga tayyor turishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, olti mingga yaqin deputatlik o‘rni uchun o‘ttiz mingga yaqin nomzod orasidagi kurash, albatta, keskin bo‘ladi. Oldin bevosita uchrashuvlar orqali boshlangan saylovoldi targ‘ibot jarayonlari keyinchalik gazeta, radio, televideniyega ko‘chadi. Hozirgi kunda esa axborot maydonida ijtimoiy tarmoqlarning salmog‘i katta. Bu siyosiy partiyalarning ham, nomzodlarning ham zimmasiga o‘ta katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki nomzod elning oldiga chiqib gapirishi kerak bo‘ladi va har bir gapining javobi saylovchilari tomonidan so‘raladi. Xalq o‘zi saylagan deputatidan berilgan va’daning natijasini so‘raydi. Bu – har bir so‘zning mas’uliyati bor degani. Mazkur talab o‘z navbatida bo‘lajak deputatning faoliyatini yo‘lga qo‘yishida ijobiy ta’sir o‘tkazadi, agar u haqiqatan tirishqoq, tajribali va tashabbuskor inson bo‘lsa.
Saylovchilarimizning ham siyosiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortib bormoqda. Qolaversa, xalqning har bitta davlat organidan, mansabdor shaxslardan, fuqarolik jamiyati institutlaridan, siyosiy partiyalardan kutayotgan natijalari va qo‘ymoqchi bo‘layotgan talablari ham bor. Siyosiy partiyalarga saylovchi bilan uchrashuvda, muloqotlarda keskin savol-javoblar bo‘lishi aniq. O‘tgan saylovda e’lon qilingan dasturlardagi siyosiy partiya ilgari surgan g‘oyalar nima edi-yu, shuning qanchasi bajarildi, qaysilari qolib ketdi? Ana shu bajarilmay qolgan ishlar, qolib ketgan takliflar yuzasidan qizg‘in muhokamalar bo‘lishi tabiiy. Demakki, siyosiy partiyalarimiz xalq bilan, saylovchilari bilan yuzma-yuz turishga tayyor bo‘lib, real demokratik kurashlarga, sog‘lom raqobatga bel bog‘lashlari kerak.
Muhayyo PIRNAFASOVA suhbatlashdi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



