Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.11.2024 | 12:02

img534

HAYOT SHAMCHIROG‘I

– Bor ekan-da yo‘q ekan, yo‘q ekan-da bor ekan, – buvim har safar shunday deb ko‘zlariga yosh olar va ancha muddat unsiz yig‘lardi. Biz esa jimgina boshqa xona yoki hovliga chiqardik. Onam buving yig‘laganda sababini so‘rama, degan. Baribir bir kuni buvimni savolga tutdim:

– Siz ertak boshlayapsiz, deb o‘ylardim, lekin qarasam, yig‘layotgan bo‘lasiz. Nimaga har safar ertakni boshlamasdan yig‘laysiz?

– Yo‘qdan bor bo‘lib, bordan yo‘q bo‘lamiz. Kunning chiqishi bilan botishining o‘zi ertak, bolam… Bir tutam kunning o‘zida ne-ne sinoatlar bo‘ladi – ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar…

Yillarki, shu suhbat quloqlarim ostida takrorlanaveradi. Qariyalarning ovozi esa buvimni eslataveradi. Hazin kuz shabadasi – so‘nggi yo‘lning kuzatuv marsiyasini chalayotganga o‘xshaydi. Quloqlarimga olov tafti oqib kirib, vujudimni alanga oldiradi.

Bunda – Keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida guvoh bo‘lganim – ular o‘zlarini baxtli ko‘rsatib, diydiragan yuraklariga taft bermoq uchun sham ushlagan bedorlarga o‘xshaydi.

Rahbar ayol suhbatini shunday boshladi:

– Sakkiz yil avval shu yerda ish boshladim. Hali ellikka chiqqanim yo‘g‘-u, yuzdan oshib ketganga o‘xshayman. Qarishdan qo‘rqaman, deyman gohida. Xayolimda hamma bilan kurashaman. Dunyoda yechib bo‘lmaydigan jumboqlar borligini bilamiz-u, vaqtni benaf sarflab nimalargadir urinaveramiz. Hayotning tugamaydigan, oxiriga yetib bo‘lmaydigan jumboqlari o‘ylantirib qo‘yadi: kimgadir qaytar dunyo, kimgadir sinov, kimgadir anglab bo‘lmas o‘ylov! Qat-qat savollar girdobi inson o‘zini isloh qilishiga undaydi.

Turli taqdir, turli tabiat egalari. Munosabatlarning chigallashgan nuqtasini topmoqchi bo‘lgan adashadi. Avvalu oxir yechib bo‘lmas tugun! Donishmandlarning biri “begona uy – qorong‘i o‘rmon”, deydi. Xalqimizda yana bir gap bor: “Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi”. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, xulosaga shoshish – yana bir nojoiz qadam. Bu dargohga yaqinlarini olib kelgan kishilar, ayniqsa, taniqlilar sal o‘ng‘aysizlanib, kimdir tanib qolishidan cho‘chib turishadi. Shuning uchunmi juda kam, oyda bir marta pul to‘lashgagina kelishadi. Yoki biror tanishini yuborishadi. Alsgeymer – xotira yo‘qotishga chalinganlar bor. Lekin ana o‘shalar ham oilasini ko‘p eslashadi, ularni ko‘rgisi keladi. Yaqinlari esa ishlaridan, ro‘zg‘or tashvishlaridan “ortisholmaydi”.

Yoshligimda olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin, desa tushunmasdim. Endi anglab yetdimki, sohasida eng katta yutuqqa erishgan bo‘lsa-da, odamiylik chegarasi qayerda boshlanib, qayerda tugashini ajratolmaydiganlar afsuski, juda ko‘p uchrab turadi.

Birinchi taqdir. Bir san’atkorning umr yo‘ldoshi xotirasini yo‘qotgan. Uyida yong‘in chiqishiga sababchi bo‘lgan, keyin shu yerga olib kelishgan. Ayoli har hafta keladi, yig‘laydi. Farzandlari esa oylab kelmaydi. Tuzalib qolsa, albatta, olib ketaman, deydi. Bizlar – bu dargohda ishlaydiganlar har bir oilani tushunishga harakat qilamiz. Ammo imkoniyati juda katta bo‘lib ota-onalaridan xabar olmaydiganlarning ko‘pligi og‘riqli…

Ikkinchi taqdir. Eng yomoni, el oldida – minbarlarda mehr-oqibat, tarbiya haqida gapirib, o‘zining qilgan ishi elni g‘azablantiradiganlar. Televizorda ko‘rsang, gapini havas bilan eshitadigan ayol qaynonasini olib kelgan. Albatta, eri bilan birga. Birovga ozori tegmaydigan onaxon nima uchun uyiga sig‘may qoldiykin? Goh-goh o‘g‘il xabar olishga kelsa, kelin odamlar tanib qolishidan xijolat tortadi chog‘i ko‘zoynak taqib, eshik ortida turadi.

– Hamma ishda bo‘ladi. Uyda yolg‘iz qolganimdan ko‘ra shu yer ham afzal, – deydi ona farzandlarini oqlab. Ammo ovozidagi titroq ko‘p narsani gapirib qo‘yadi.

Uchinchi taqdir. Umrini butunlay ishiga baxsh etgan, adolat, haqiqat haqidagi filmlarning rejissyori oila qurmagan va bugun u ham shu yerdan qo‘nim topgan.

– Dunyoning men bormagan davlatlari kam, – faxr bilan so‘z boshlagan otaxon birdan jimib qoladi. – Yoshlik, umr juda-juda tez o‘tarkan. Hamisha oila qurishni paysalga soldim. Hayyo-huyt, deb o‘tdi davron. Oilaning o‘rnini hech qanday boylik, amal, martaba bosolmas ekan. Qarilik tuzalmas dardligini juda kech angladim. So‘nggi manzilga yaqinlaring kuzatishi, farzandlaring qo‘lidan bir siqim tuproq tushishi ham katta baxt ekan. Buni mening yoshimdagilar, mening holatimdagilar yaxshi bilishadi.

To‘rtinchi taqdir. Qaytar dunyo degan hikmat qatlarida ming yillik haqiqatni jamlagandek bo‘laveradi. Bir raqqosa – onasining yolg‘izgina farzandi edi. Xizmat safarlaridan ortolmagan qiz onaizorini shu yerga olib kelishga qaror qilgan. U ham birgina qizini enaga yollab katta qilgan, oyoqqa qo‘ygan. Kutilmaganda yigirmaga ham to‘lmagan qizgina onkologik kasallik bilan og‘riydi. Ona uyini sotib, davolatish uchun xorijga olib ketadi. Afsuski, jarrohlik amaliyoti kutilgan natijani bermaydi. Uyidan, farzandidan ayrilgan o‘sha ayol ham shu yerda – tasodifni qarangki, aynan onasi yillab yashagan xonaga joylashadi. Bu yerda volidasi bilan kechgan so‘nggi suhbatlarni tez-tez xotirlab, yum-yum yosh to‘kadi. Bu hikoyalarni eshitgan odamning yurak-bag‘ri tilka-pora bo‘ladi.

Beshinchi taqdir. Sakson yoshni qoralagan otaxon uyidan xabar kutardi. Farzandlari ham qo‘ng‘irog‘iga javob berishmasdi. Bir kuni tongda juda xursand ko‘rindi. O‘g‘li bilan gaplashganini, ikki-uch kunda olib ketaman, deganini aytdi. Bir hafta o‘tdi, otaxon ovqatlanishga ham chiqmay qo‘ydi. Narsalarini yig‘ishtirib olib, ko‘chaga termilib o‘tirardi. Avval o‘g‘liga telefon qildim.

– Ishim ko‘p, vaqtim yo‘q, bola chaqani boqish kerak, – dedi. – Keyin har oy otamning to‘rt millionini ham to‘lash mening yelkamda. To‘lov kuni uchib keladi. Olib ketolmayman.

Quloqlarimga qo‘rg‘oshin quyulgandek bo‘ldi. Xorijdagi qiziga telefon qildim.

– Uzoqda bo‘lsam, qanday boraman? Ana, o‘g‘illari qarasin, ularga o‘tkizib qo‘ygan-ku! Meni nomerimni qayerdan oldilaring?

U bilan gaplashish endi befoyda edi. Uyingizga boramiz, deb otaxonni ulovimga o‘tqizdim. Shahar aylantirdim, oshxonaga oborib, ko‘ngli tusagan ovqatlardan olib berdim. Xuddi kinolardagidek. Kayfiyati tamomila o‘zgardi. Xonaga qaytganda ko‘zlaridagi quvonchdan yuragim yorishib ketdi. Menga qarab:

– Kech bo‘lib qoldi, tezroq bolalaringizning oldiga boring, – deya qayta-qayta takrorladi. Gʻalati bo‘lib ketdim, chunki bu yerdagi aksariyat ota-onalar xonam eshigini taqillatib, bolalaringizni oldiga shoshing, tezroq boring, deyishardi. Xayrlashib yo‘lga chiqdim. Xursand edim-u, yuragim yorishmasdi… Ertalab kelsam, otaxon hozirgina jon berganini aytishdi. O‘zimni kechirolmay qoldim. “Nimaga uyimga olib ketmadim? Nimaga? Qaynotam ham, bolalarimning otasi ham tushunardi-ku…” Ko‘z yoshim sel bo‘lib oqardi.

O‘g‘liga telefon qilsam, “vaqtim bo‘lganda o‘tarman”, dedi meni eshitmay. “Endi kech”,  dedim. “Uyga olib kelolmayman axir, sharoitim yo‘q”, dedi pinagini ham buzmay. “Hech narsa kerakmas. Faqat kuzatishga kelsangiz bo‘ldi”,  dedim. Qariyalar ota-onasi yoki farzandi yoniga – mozoriga qo‘yishni vasiyat qilishadi. Otaxonga bergan va’damizni ham bajardik. O‘g‘il hatto qiziqib so‘ramadi ham.

Marosim tugadi. O‘g‘il ertasiga sahar yetib kelib o‘lim guvohnomasi va yarim yil oldin olib kelgan “Tefal” choynagini so‘radi. Gʻalati bo‘lib ketdim. Aksiga olib xonada o‘sha choynak yo‘q edi. Qo‘shni xonalardan so‘rab topdik, avaylab sumkasiga soldi. O‘g‘il degan nomga dog‘ emas, ildizni kuydiradigan o‘t tushirdi… Shundan ham battar edi qilayotganlari…

Oltinchi taqdir. Risolat aya ellik yoshgacha oila qurmagan. Keyin uch o‘g‘illi beva qolgan erkak bilan hayotini bog‘lagan. O‘n to‘qqiz yil shu xonadonning xizmatini qilgan, yotib qolgan erini yosh boladek avaylab qaragan. O‘g‘illari esa “ishdan ortolmagan”. Cholining vafotidan so‘ng o‘g‘illar hovlidagi eski uylarni buzib, qasrdek imorat tiklaydi va onaga shunday hashamatli qasrdan joy topilmaydi. Sarson bo‘lgan onaxon shu yerdan qo‘nim topadi. Bilasiz, bu yerda farzandi yo‘qlar ijtimoiy himoyalangan, ularga to‘lovlar yo‘q. O‘g‘il-qizlari bor ota-onalarning farzandlari esa to‘lov qilishlari kerak. Eng achinarlisi, bu onaxonga mahalla farzandi yo‘q degan ma’lumotnoma bermadi. Shuncha yil shu oilaning xizmatini qildi, otasiga qaradi. O‘g‘illarning imkoniyati yaxshi, to‘lovini qilsin, deyishdi qat’iy. Kunlar o‘tib onaxonning to‘lovi 40 milliondan oshib ketdi. Duogo‘y, tilidan bol tomadi, qanday qilib aytamiz? Yaxshiyam, himmatli, saxovatli insonlar bor. Shulardan biri – Sardor. Bu yerga tez-tez kelib turadi, qo‘lidan kelgancha ehtiyojmandlarga yordam beradi. Ikki-uch marotaba suhbatimiz shu ayol haqida bo‘ldi. Hojatbaror yigit hamma to‘lovlarini yopdi va:

– Opa, juda duogo‘y dedingiz, bir duolarini olib chiqaylik bo‘lmasa, – dedi.

Uni ayaning xonasiga boshladim. Kirdi-yu, ayaga qayta-qayta yer ostidan qarab qo‘ydi. Ko‘zi yoshlandimi, deraza tarafga qarab jimib qoldi. Keyin aya bilan biroz suhbatlashdi va ko‘zlari yorishib xonadan chiqdi. Yo‘lakda ketayotib bildimki, Sardor yig‘layotgan edi. Menga qarab, o‘ng‘aysizlandi.

– Risolat aya bolalikdagi qo‘shnimiz ekan. Taqdirini qarang. Oilasi oddiygina edi, ro‘zg‘ori ham. Lekin juda yaxshi insonlar bo‘lgan. Onam xastalanib qolgandi. Issiq ovqat tansiq edi. Aya har kuni onamni yo‘qlardi, bilardik o‘zining nasibasini onamga ilinardi. Imkoni haminqadar odam har kuni bir kosa ovqatni sovib qolmasin deb sochiqqa o‘rab olib chiqardi. Yana, go‘shti kamroq edi, orttirganim shu bo‘ldi, deb xijolat bo‘lishi bizni ajablantirardi. O‘shanda ham muloyim, duogo‘y edi. Katta bo‘lsam eng yaxshi ko‘rgan narsalarini olib beraman, derdim onamga. Achchiq sinovlar ortda qolib, oyoqqa turganimda Risolat ayani juda ko‘p esladim. Boshqa-boshqa joylarga ko‘chib ketgandik. Izlab-izlab esimdan chiqarganimda qarshimdan chiqqanining o‘zi ham bir hikmat. Endi qo‘limdan kelgancha to‘lovlarini qilib, xabar olib turaman, faqat ayaga bu haqda aytmanglar.

Suhbatimiz tugab, xayrlashdik. O‘ylanib qoldim, dunyo tarozusining posangisi hamisha ta’mirtalabmi? Mehr berib azobga, mehnat qilib tuhmatga tortilganlar qismatimi, deyman. Atrofga qarayman, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar hayoti bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tadi.

Birinchi taqdir. Ravshan kichkina tadbirkor edi. Otasi yetmishga yetganida xotirasini yo‘qotdi. Onasi, xotini qariyaga yaxshi qarov qildi. Lekin erkakning nazorati zarur bo‘ldi. Ravshan yagona boquvchi, ishlashi kerak. Otasi uchun o‘rta yosh bir kishini yolladi. Sahardan shomgacha, o‘g‘il ishdan kelguncha qaraydi. O‘g‘il ertalabgacha otasining yonida bo‘ladi. Shu taxlit o‘n yillar o‘tdi. Yigitning biznesi rivojlanib, oyoqqa turdi. Ota hushiga kelganda uzoqdan-uzoq duo qilardi: “Kamlik ko‘rmagin, bolam!”

– Unib-o‘sganlarning yo‘lini bersin, ishlaring barokatli, xayrli bo‘lsin! – onasining qo‘llari hamisha duoda edi.

Duoning ijobati oldida yashin tezligi ham hech narsa ekan. O‘ylaganidan ham barakali bo‘ldi topgani. Saxovatli insonlar qatorida elga ehson qiladiganlar qatorida bo‘ldi. Farzandlari ham unib-o‘sdi. Kami bo‘lmadi birortasining.

Ikkinchi taqdir. Er-xotin o‘sha kuni bir yengil tortishdi. Uch o‘g‘il, bir qizini joy-joyiga qo‘ydi.

– Endi o‘zimiz uchun yashaydigan kunlar keldi, onasi, – dedi er. – Mana, hammalari uy-joyli, bola-chaqali.

Bu suhbatga ikki kun ham o‘tmay, ayol yo‘lda ketayotib falokatga uchradi, voqea joyida hayot bilan vidolashdi. Endi ellikni to‘ldirgan er xastalanib qoldi. Farzandlari navbatma-navbat otaning yonida bo‘lishdi. Uch yil o‘tib, otani oila ko‘rmagan ayolga uylantirishdi. Farzandlar o‘z o‘rnini bildi. O‘n besh yil o‘tdi. Ota og‘irlashib qoldi. O‘g‘illarini yoniga chaqirib:

– Mendan keyin Masturaga shu hovlidan bir xona topilsa, qolsin, bo‘lmasa, ko‘zim ochiqligida javobini beray, – deya ko‘zlarini burchakka qadab jim qoldi. Jimlikni katta o‘g‘il buzdi:

– Qaysi birimiznikida turishni xohlasa, joy bor!

Ota dunyodan xotirjam ko‘z yumdi. O‘g‘illar Mastura opaning hurmatini joyiga qo‘ydi, umraga olib bordi, duolarini oldi. Boshlagan ishlari xayrli, barakatli bo‘ldi, ertaklardagidek murod-maqsadlariga yetdi.

Uchinchi taqdir. Bu ayol taniqli jurnalist edi. Tinib-tinchimas, etik kiyib dala kezadigan, qurilishga, shaxtaga kirib boradigan – xullaski, “Sinchalak” qahramonining o‘zginasi edi. O‘ttizidan o‘tib oila qurgan bo‘lsa-da, ko‘zlagan ishlarini qilishga ulgurdi, o‘g‘il-qizlari ham yurtning yuzi bo‘ldi. Oltmish besh yoshi arafasida yurolmay qoldi. Tibbiyot rivojlangan xorijiy davlatlarda ham davolatishdi. Ozgina foyda berdi xolos. Kelin vazifasini bilgan, oqila, yaxshi tarbiya ko‘rgan. Ishidan, kasbi-koridan baraka topgan. Lekin qaynonaning xizmati hamma ishdan avval, degan temir qoidaga amal qilish kerak. Kelin bu ishni ham chiroyli joyiga qo‘ydi, qarindoshlaridan birini qarovga yolladi, maosh tayinladi. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi. Hamma xursand, ishidan ortishi bilan xabar olib turishadi. Duoning hikmati – oilaga baraka kirdi, topganlari o‘ylaganidan ham ziyoda bo‘ldi. Yillarki, tongda duoga qo‘l ochib, farzandlarini olamning eng huzurbaxsh so‘zlari bilan ishga kuzatadi.

To‘rtinchi taqdir. Bu ayol yetmishning ostonasida. Olti farzandning onasi. O‘zining ta’biri bilan aytganda, qarilikning erta yoqqan qirovlari mung‘aytirib qo‘ydi. Farzandlar o‘z kuni – o‘z ro‘zg‘orining egasi, o‘zidan ortib, hafta – o‘n kunda xabar oladi.

– Boladek bo‘lib qolarkan odam yosh qaytgan sayin, – deydi onaxon. – Ko‘ngil ham salga erib oqadi. Bolalarning qiy-chuvi og‘irlik qiladi, kattalar ishda. Hammaning yelkasida yuki bor, yelkalamasa yarim yo‘lda qoladi. Tushunishga harakat qilaman. Lekin faqat tengquri bilan gapi gapiga to‘g‘ri kelarkan-da odamning. Gohida bizday qariyalarga “Qariyalar uyi” tinchmi, degan o‘ylarga ham boramanu qo‘rqib ketaman. Noshukur bo‘lmay, bolalarimni isnodga qo‘ymay… Qancha umrim qoldi o‘zi…

Beshinchi taqdir.

– Oilamizda o‘n farzandning beshtasi o‘g‘il edi. Gohida onamga, hamma o‘g‘illaringizning uyida turing, sharoitlari yaxshi, derdim sinamoqqa.

– O‘tirgan uyim yaxshi, “rejimim” buziladi, – kulib qo‘yadi. – Dori-darmonim, tahoratim deganday…

Aslida hayotim shamchirog‘ini jigarlarimning uylaridan ham qizg‘anaman. Shukur, xo‘jayinim bag‘rikeng inson. Onamni o‘z onasidek ko‘radi. Akalarim ham oqibatli. Asalaridek to‘xtovsiz hovlimizga g‘iz-g‘iz qatnashadi. Katta oilamizda baraka, fayz timsoli bo‘lib onajonim qo‘r to‘kib o‘tiradilar.

Taqdirlar, taqdirlar… Birni ko‘rib fikr, birni ko‘rib shukur qiladigan hayot sinovlari… Taqdiri azalning bitiklarimi bu? Dunyoni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan zamonda, odamni o‘zgartirish, ko‘ngilga yo‘l topish olamning tarozisi buzilgan posangiga tosh topish bilan barobarmi? Bu muhokama emas, aslo! Xulosaga zarradek tomizg‘idir, balki…

Yer sharining etagidan chiqadigan quyoshdan hamma barobar yorug‘lik, harorat kutadi. Ammo xasta qalbga tola nur tatimaydi. Nursiz go‘sha bo‘sh belanchakdek tebranadi… O‘tmish, biz bilgan va bilmagan xatolarimizning javobi yo jazosi, deyishga o‘ylantiradigan manzaralar…

Baxt nima o‘zi? Menimcha, keksaygan chog‘ingda farzandlaring xizmatingda qoyim tursa, seni qo‘ygani joy topolmasa, yeru ko‘kka ishonmasa… Ana shu tugal baxt emasmi?!

Dilfuza SHOMALIKOVA,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599