28.11.2024 | 16:22
1192
“YOSH XIVALIKLAR”: ALDANGANLAR QISMATI
…1904-05-yillardagi Rossiya imperiyasi va Yaponiya urushida samuraylar avlodlarining omadi kelishi chor ma’murlari paytavasiga qurt tushiradi – imperiyada ichki g‘alayonlar to‘lqini boshlanadi. To‘g‘ri, istibdod asosida qurilgan imperiya bu inqirozni “qonli yakshanba” otliq qirg‘in o‘laroq saqlab qoladi. Ammo Birinchi jahon urushi boshlanishi saltanat poydevoriga o‘nglab bo‘lmas darz tushiradi.

Xorazm taxtida yigirma yildan ortiq o‘tirgan, Yangi Urganch shahriga asos solgan hukmdor, ayni paytda tarixchi va olim Abulg‘oziy Bahodurxon “Shajarayi turk” asarida yurt tarixini qalamga olarkan ko‘p o‘rinlarda “yurt buzulg‘on edi” iborasini ishlatadi. Muarrix bu ibora orqali saltanatda taxt almashishlar yoki qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar natijasida kelib chiqqan ichki tug‘yonlar, isyonlar, behuda qon to‘kishlarni afsus-la qayd qilgan.
Abulg‘oziy Bahodurxon aytmish “yurt buzulg‘on” davrlardan biri aynan biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqealarga ham ulgudir.
1904-yilda tashkil qilingan “Jamiyati xayriya” tashkiloti Xorazmda jadidlik harakatining keng ommalashishiga sabab bo‘ldi. Bu tashkilot sarmoyador insonlar mablag‘lari hisobidan o‘lkaning chekka hududlarida maktablar ochishga kirishdi.
Umuman olganda vohada jadidlik ikki oqimga ega bo‘lgan. Uning o‘ng oqimiga ma’rifatparvar ma’mur, xonning bosh vaziri Islomxo‘ja rahbarlik qilib, ularning maqsadi xonlikni saqlab qolish orqali siyosiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazish edi.
O‘z safiga o‘lkada rivoj topayotgan savdo-sanoat kapitali egalari va sarmoyador zamindorlarni birlashtirgan bu oqim maktablar, kasalxonalar qurish, vohaga temir yo‘l keltirish orqali tashqi dunyo bilan o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishni ko‘zlagandi. Ammo 1913-yilda Islomxo‘janing xon buyrug‘i bilan vahshiylarcha o‘ldirilishi natijasida jadidlikning bu oqimi jiddiy zarbaga uchradi va aksar sarmoyador insonlar qasosdan qo‘rqib, o‘z qarashlarini o‘zgartirishdi yoki harakatni tark etishdi.
Jadidlikning so‘l oqimi tepasida xonlikning bosh qozisi Bobooxun Salimov turardi. Ularning maqsadi xonlikni tugatish, o‘rnida respublika o‘rnatish – Ovrupadagi davlatlarga o‘xshagan xalq tomonidan saylab qo‘yiladigan rahbarlik tizimini yaratish edi. So‘l oqim namoyandalari ham birinchi navbatda ikki tomonlama zulm ostida qoloqlikka yuz tutgan o‘lkani ma’rifat orqali taraqqiyot yo‘liga olib chiqishni orzu qilishardi.
1914-yil avgust oyida xonlikda “Yosh xivaliklar” firqasi tashkil qilinadi. Yangi firqa tashkilotchisi va ilk yo‘lboshchisi Polvonniyoz hoji Yusupov bo‘lgan. Bir qator xorijiy davlatlarda bo‘lgan, to‘rtta tilda bemalol gaplasha oladigan ziyoli, jasur inson o‘z xalqini ozod ko‘rish orzusida bo‘lgan hamfikrlarni birlashtirishga butun hayotini bag‘ishlaydi.
“Yosh xivaliklar” firqasi tasodifan paydo bo‘lmagan – Usmonli saltanatini yuzaga kelgan inqirozdan saqlab qolish maqsadida Turkiyada tuzilgan “Yosh turklar” firqasidan ulgu olingandi. (Buxoro amirligida tuzilgan “Yosh buxoroliklar” firqasini eslang!) Shu bilan birga yangi firqa boshida turganlarning barchasi jadidlik oqimi nomayandalari ekanligi, ular endilikda faqat ma’rifat deb bong urish bilan vaziyatni o‘nglash qiyinligi, buning uchun siyosiy islohotlar zarurligini anglab yetishganini alohida ta’kidlash kerak.
Bu ularning dasturiy maqsadlarida aks etgan: xonlikni tugatish, xon tomonidan tortib olingan yerlar va mulklarni fuqarolarga bo‘lib berish, vaqf yerlaridan kelgan daromadlarni barcha tumanlarda ochiladigan bepul maktablarga yo‘naltirish, yo‘llar va ko‘priklar, kasalxonalar qurish, eng asosiysi Xorazmni Turkiston bilan birlashtirish. Dasturdagi so‘nggi band eng muhimi. Negaki jadidlar tarqoq xonliklarni mustamlakachilar osongina ishg‘ol qilishganini yaxshi bilishar, Turkiston o‘lkasi yaxlit musht – yagona davlatga birlashsagina kelajagi xavfsiz bo‘lishi, jahoniy taraqqiyot yo‘liga dadil chiqib olishi mumkinligini teran his qilishardi.
Yangi firqa yetakchilari xonlikda taniqli insonlar bo‘lishgan. Yetti nasli xonlik boshqaruv tizimida devonbegilik qilgan Husayin Matmurod devonbegi o‘g‘li, xonlik bosh qozisi lavozimini otasidan meros olgan Bobooxun Salimov, bir qator sanoat korxonalari egasi Nazir Sholikorov, Turkiyada tahsil olgan mulla Bekchon Rahmonov va boshqalarni shu qatorga qo‘shish mumkin.
Yangi firqa aynan o‘lka bolalari uchun bepul maktablar tashkil qilish va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashlari natijasida 1915-yilga kelib xonlikda g‘oyatda mashhur bo‘lib ketgan. Bu, albatta, avvalo xonga, eskilik tarafdorlari bo‘lgan kimsalarga, ayniqsa dindor qatlam vakillariga yoqmasdi. Shu sabab “Yosh xivaliklar”ni obro‘sizlantirishga urinish, hatto ularga ochiqdan-ochiq qasd qilish holatlari ko‘paya boradi.
Uzog‘-u yaqin tarixda har qanday saltanatda o‘nglab bo‘lmas silkinishni yuzaga chiqaradigan biror tasodif hodisa ro‘y berishi ko‘p kuzatilgan. Xiva xonligida bu holat ishratparast xonning yurtga “qiz solig‘i” solish haqidagi qaroridan so‘ng ro‘y beradi. Gurlandan zo‘rlab xon haramiga olib kelingan Asiljon ismli o‘n olti yashar qiz Asfandiyorga xotin bo‘lishdan bosh tortib, o‘z joniga qasd qiladi. Bu fojia butun o‘lkaga yashin tezligida tarqaydi va isyon hidi anqib qoladi.
Gurlan va Mang‘it bekligidan xon siyosatiga qarshi bo‘lganlar Xivaga yurish boshlaydi. Uch mingdan ziyod qurollangan olomonga turkmanlar sardori Qurbon Mamed sardor – Junaidxonning qo‘shilishi vaziyatni keskin o‘zgartirib yuboradi va xonni tahlikaga soladi.
“Yosh xivaliklar” yetakchilari ayni shu vaziyatdan foydalanib qoladi. Ular isyonchilarni Xiva ostonasida to‘xtatib, masalani hal qilishni zimmalariga olishadi va xon bilan muzokora o‘tkazish uchun sakkiz nafar kishini tanlashadi. Ammo, isyondan dovdirab qolgan Asfandiyorxon muzokarachilar bilan sulhga osonlikcha ko‘nmaslik uchun vaqtdan yutishga harakat qilayotgani (Bu paytda xon yugurdaklari Turkiston general-gubernatoridan madad so‘rab, shoshilinchnoma yuborishgandi) jadidlarning sabr kosasini to‘ldirib yuboradi. Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov Ko‘hna Arkka kirib, Asfandiyorni yoqasidan ushlab, odamlar huzuriga olib chiqadi va shu yerda uni so‘roqqa tutadi.
Xon elning otasi bo‘laturib yosh qizlarga ko‘z olaytirishi islom arkonlariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi bo‘yicha xonning bosh qozisi Bobooxun Salimovga savol berishadi. Shu o‘rinda asli jadid Bobooxun Salimov ham siyosat osmonida porlash lahzalari yetganini anglab, ko‘p ming kishilik olomon oldida xonning qilmishi shariatga to‘g‘ri kelmasligini ochiq-oydin aytib, Qur’on oyatlari va sahih hadislar bilan isbotlab beradi. Asfandiyor o‘z jonini asrash uchun aybni boshqalarga yuklaydi va besh nafar yuqori martabali mulozimini isyonchilar qo‘liga topshiradi. Ularni Qoraqumga chiqarib, qatl qiladilar. Qatl qilinganlar orasida Islomxo‘janing o‘g‘li, otasi o‘rniga bosh vazirlikka tayinlangan Ismoilxo‘ja ham bor edi…
Isyon to‘xtaydi. Bu orada xon iltimosiga binoan Turkiston general-gubernatori Sirdaryo okrugi boshlig‘i general Galkin boshliq besh ming nafar puxta qurollangan jazo qo‘shinini yuboradi. Xonlik tarixiga “Galkin qirg‘ini” nomi bilan kirgan qatliomda minglab kishilar o‘qqa uchadilar, isyon rahbarlaridan besh kishi dorga tortiladi, ustiga ustak isyonchilardan xon foydasiga 554 ming so‘m tovon puli zo‘rlik bilan undiriladi.
“Yosh xivaliklar” rahbari Polvonniyoz hoji Yusupov va Nazir Sholikorov “dinsizlikda” ayblanib, qozi sudiga tortiladi. Nazir Sholikorov Rusiya fuqarosi ekanligi haqidagi hujjatni ko‘rsatib, jazodan qutulib qoladi. Polvonniyoz Yusupovga esa hamfikr tanishlari yordam berib, muqarrar o‘limdan saqlab qolishadi.
Asfandiyor general Galkin ko‘magida “Yosh xivaliklar”ning ko‘pchiligini zindonga tashlattirgandi. Firqaning omadi chopgan a’zolari Chorjo‘y, Mari, To‘rtko‘l (o‘sha vaqtda Petro-Aleksandrovsk) va Toshkent shaharlariga qochishga muvaffaq bo‘lishgandi.
Aslida zulm zulmni tug‘diradi. Eng yomoni, ojiz qolgan tomon “Dushmanimning dushmani – do‘stim” deyilmish qoidaga bo‘ysunadi. Biz buni “Yosh xivaliklar” taqdirida ham ko‘ramiz. To‘rtko‘ldan qo‘nim topgan “Yosh xivaliklar” shu yerda sovet hukumati o‘rnatgan bosqinchilardan (ular orasida yerlik millat vakillari ham bo‘lgan) madad kutishadi. Toshkentga qochib kelganlardan Polvonniyoz hoji Yusupov va Nazir Sholikorov Turkiston o‘lkasi xalq komissari kengashiga murojaat qilib, xon zindonidagi firqadoshlarini ozod qilishda yordam so‘rashadi.
Shu o‘rinda jadidlar o‘z g‘oyalari amalga oshishi uchun vaqt va manzil bilan hisoblashmaganliklarini 1918-yil boshlarida Toshkentda “Yosh xivaliklar” firqasi qaytadan birlashib, katta kuchga aylanganidan ko‘rish mumkin.
Bu orada “buzulg‘on yurt”da talato‘plar avjiga chiqqandi. Bundan foydalangan Junaidxon 1918-yil yanvar oyida Xivani ishg‘ol qiladi. Asfandiyor qo‘g‘irchoq xonga aylanadi. 1918-yil 30-sentyabrda Junaidxon Asfandiyorni taxtdan tushirib, o‘rniga akasi Sayyid Abdullani o‘tqazib, amalda o‘zi yurt egasi bo‘lib oladi. (Asfandiyor 1-oktyabrda qatl qilingan).
Bir yarim yil taxtda o‘tirgan Sayyid Abdulla 1920-yil 25-yanvarda “Yosh xivaliklar” firqasi talabi bilan taxtdan voz kechadi. Bobooxun Salimov yetakchilik qilgan “Yosh xivaliklar” shu yili 1-fevralda bo‘lib o‘tgan Umumxorazm qurultoyida Xorazm Xalq Respublikasi (XXR) tuzilganini e’lon qiladilar. Qurultoy Respublika konstitutsiyasi, gerbi va boshqa davlat belgilarini qabul qiladi. Yangidan tuzilgan hukumat o‘n beshta vazirlikka “Yosh xivaliklar” vakillaridan nozirlar tayinlaydi. Shu yili XXR nomidan Bobooxun Salimov boshliq qurama Peterburgga boradi va 1920-yil 13-sentyabrda RSFSR hukumati bilan iqtisodiy-siyosiy shartnoma imzolaydi. RSFSR rasman XXRni tan oladi, ammo…
“Yosh xivaliklar” xon zulmidan bedod aytib, To‘rtko‘l hamda Toshkentdagi sovetlar huzuriga borishgan va shular yordamida xonni taxtdan ag‘darib, o‘z mustaqil davlatini tuzishgandi. Ular “dushmanimning dushmani – do‘stim” deganlar hatto oldingi dushmanlari – xon va uning amaldorlaridan ham yovuz ekanligini qaydan bilibdi, deysiz.
…Bolsheviklarning Xorazmga yuborgan elchisi Bik degan kimsa hukumat yig‘ilishida to‘satdan so‘zga chiqib, o‘lkada paxta yetishtirishni oshirish bo‘yicha ko‘rsatma beradi. (Elchining maqomi – ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan iboratligi, elchi buyruq berish vakolatiga ega emasligini Bik degani bilmasmidi? Bilardi, albatta!)
Toshkentda mustahkam o‘rnashib olgan sovet hukumati “Yosh xivaliklar”dan yangi respublika atamasiga “sotsialistik” so‘zini qo‘shishni hamda bolsheviklar partiyasi tashkilotlarini tuzishni talab qilishadi.
Yangi respublika poytaxtida hamda daryo ortidagi To‘rtko‘l shahrida bolsheviklarning puxta qurollangan ko‘p sonli qo‘shini paydo bo‘ladi. Ular har qanday e’tirozga kuch ishlatish bilan javob qaytarishadi. Yangi respublika hukumati raisi va markaziy ijroiy qo‘mitasi rahbari to‘rt yilda o‘n marta almashtirilgani, qirq nafarga yaqin nozirlar qatl qilingani, ko‘pchiligi quvg‘inga uchragani shunday “o‘yinlar” natijasidir…
Bir vaqtlar xon bilan kelishib, jadidlarga qarshi bo‘lgan Junaidxon xatosini kech bo‘lsa-da anglab, bosqinchilarga qarshi g‘azot e’lon qiladi – o‘lkada beshafqat fuqarolar urushi boshlanib ketadi.
“Yosh xivaliklar” firqasi boshida turgan mustaqillik harakati aynan sovetlar va ularga ergashib aldangan tub aholidan tarkib topgan olomon tufayli mag‘lubiyatga uchraydi.
Ushbu firqani tuzgan, o‘lkaga yangi nafas olib kirish orzusida bo‘lgan insonlarning birortasi o‘z ajali bilan o‘lmagan. Bobooxun Salimov, mulla Jumaniyoz Sultonmurodov va Masharif Qoriyevni qizil militsiya sudsiz-so‘roqsiz jismonan mahv qilgan. Birinchi o‘zbek suratkashi va kinooperatori Xudoybergan Devonov, o‘lkada yangi ruhdagi ilk gazeta tashkil qilgan va uning bosh muharriri bo‘lgan mulla Bekchon Rahmonov, yoshlar harakati yetakchisi va yozuvchi Qurbon Beregin, Olim Qodiriy va boshqa yuzlab millat oydinlarini 1937-38-yillardagi Stalin qatag‘oni o‘z domiga tortgan.
…Bundan 110 yil muqaddam ezgu maqsadlar bilan tuzilgan “Yosh xivaliklar” firqasi o‘lka tarixida, garchi xatolari yetarlicha bo‘lsa-da, yaxshi nom qoldirishdi. Ular jonlarini qurbon berish evaziga necha-necha avlodlar shuurida mustaqillik g‘oyasi qayta kurtak yozishiga va alaloqibat ulug‘ istiqlolga erishishimizga ruhan poydevor vazifasini o‘tadilar.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 22-noyabrdagi 48-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



