04.12.2024 | 10:15
747
CHO‘LPON BILAN UCHRASHUV
“…Bir kuni o‘sha yerga borganimda peshtaxta oldida salobatli, o‘qimishli ekani bilinib turgan ko‘zoynakli kishiga e’tibor qildim. Odob bilan salom berdim. U alik oldi va: “Yigitcha, siz qayerdansiz?” deb so‘radi. Men ismimni aytib, toshkentlik, texnikum o‘quvchisi ekanimni bildirdim. U: “Juda yaxshi. Bu zamonda o‘qish kerak”, dedi…”

Mening ona tomondan bobom Gʻulomqodir ota Norxo‘ja eshon o‘g‘li 1907-yilda Toshkent shahrining Kamolon mavzesida tavallud topgan. 2006-yilda vafot etgan. Hayoti geodeziya fanini rivojlantirish va talabalarga dars berish bilan o‘tgan. Ulug‘ ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning geodeziya bo‘yicha ishlarini jahon ahliga tanishtirgan.
U kishi ikki yoshida onasidan, to‘qqiz yoshida otasidan ayrilgan. Katta opasining qo‘lida ulg‘aygan. Bobom gohida menga 30-yillarda qanday yashagani, kimlar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lganini aytib berardi. Xususan, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Xislat, Munavvar qori kabi o‘zbek madaniyati namoyandalari bilan suhbatlari to‘g‘risida so‘zlab bergani esimda…
O‘tgan yili bobomning bir kundaligi qo‘limga tushdi. Unda ko‘p esdaliklar yozilgan ekan. Quyida ana shu tarixiy yodnoma asosida bobomning Cho‘lpon bilan muloqoti aks etgan bitiklarni e’tiboringizga havola qilmoqchiman.
* * *
…Cho‘lpon bilan tanishuvim tasodifiy bo‘lgan. O‘shanda ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qirdim. Bu manzil ilgari Saidkarimboyning katta hovlisi bo‘lgan ekan. Texnikum mudiri Turkiyada tahsil olgan Eson afandi edi. Unda Munavvar qori, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazon kabi ziyolilar dars berardi. Biz o‘quvchilar zarur kitoblarni Eski Jo‘vadagi Turon kutubxonasidan olar edik.
Bir kuni o‘sha yerga borganimda peshtaxta oldida salobatli, o‘qimishli ekani bilinib turgan ko‘zoynakli kishiga e’tibor qildim. Odob bilan salom berdim. U alik oldi va: “Yigitcha, siz qayerdansiz?” deb so‘radi. Men ismimni aytib, toshkentlik, texnikum o‘quvchisi ekanimni bildirdim. U: “Juda yaxshi. Bu zamonda o‘qish kerak”, dedi. Shu damda kutubxonachi Abdulla aka Nosirov ichkaridan olib chiqqan yupqaroq to‘plamning muqovasiga ko‘zim tushdi: “Sarvati funun”. Kitobxon kishi kutubxonachiga minnatdorlik bildirib, biz bilan xayrlashdi va chiqib ketdi.
Men Abdulla akadan bu zotning kim ekanini so‘radim.
– Shoir Cho‘lpon. Turkcha “Sarvati funun” jurnalini oldi, bu ko‘p yaxshi nashr.
Shu sabab, izlab kelgan kitobim bilan birga ushbu jurnalning bir sonini so‘rab oldim. Keyin yana kelib, to‘rt-beshta nashrini olib, sinchiklab o‘qib chiqqan edim, turkchani ancha tushunadigan bo‘lib qoldim.
Oradan ikki haftacha o‘tdi, shekilli, Eski Jo‘vada Cho‘lpon domlani uchratib qoldim. Salom berdim. Shoir meni tanidi va alik olib, “Kutubxonaga borib turibsizmi?”, deb so‘radi. Men tasdiqladim. Uning yonida bir go‘zal rus ayoli bor edi. Keyinroq bildimki, u shoirning xotini ekan. Shundan so‘ng, yana ko‘p bor domla bilan tasodifan uchrashib qoladigan bo‘ldim. U kishi Hamza teatri yonidan ko‘p o‘tardi. Men undan turk she’riyati namoyandalari haqida so‘rar edim va aniq, mushohadali javoblar olardim. Har gal, u menga “yigitcha” deb murojaat qilar edi. Uning siymosi hamon ko‘z oldimda.
Aytishim kerakki, Cho‘lpon tufayli ham turkchani o‘rgandim, ham turk adabiyotiga, ayniqsa, she’riyatiga oshiq bo‘lib qoldim. Abdulhaq Homid, Tofviq Fikrat, Rizo Tovfiq, O‘rxon Sayfi, Yahyo Kamol ijodini sevar edim. Ularning ayrim asarlarini yod olganman. Shu ijodkorlar ta’sirimi, goho o‘zim ham she’r qoralardim.
1925-yilda o‘quv dargohimiz qulayroq bo‘lgan, yangi shahardagi shinam binoga ko‘chdi. Shu sababmi, Cho‘lpon bilan tasodifiy, lekin ko‘ngilli uchrashuvlarimiz to‘xtab qoldi. Yangi binoda biz bilan Oybek, Mirkarim Osim, Homil Yoqubov ham o‘qiy boshladi. Texnikumimizda “Bizning fikr” nomli devoriy gazeta chiqar edi. Bu nashrda, aytilgan ijodkorlar qatori, mening ham she’r va maqolalarim chop etib turilardi.
1927-yilda o‘qishni bitirdim. Shu munosabat bilan o‘quvchilarda Buxorodagi osori atiqalarni ziyorat qilish taklifi chiqdi. Men ota-onasizman, pulim deyarli yo‘q, bora olmadim. Texnikumdoshlarim safar chog‘idagi bir tadbirda Cho‘lpon bilan uchrashibdi. Shoir ularga “Tolo yo‘llarida” nomli to‘plam qo‘lyozmasini ko‘rsatibdi. Do‘stlarim undagi she’rlarni daftarlariga ko‘chirib olibdi. Keyinchalik menga maqtanishdi. Men Cho‘lponning o‘sha barcha nazmiy asarlarini ulardan ko‘chirib oldim. “Tolo” nima ekan deb o‘ylab yurgandim, biladiganlar aytishdiki, andijonliklar o‘z shevalarida “dala”ni shunday talaffuz qilisharkan. Vaqti-vaqti bilan shu daftarimdagi ajib satrlarni o‘qib turar edim, ba’zilari yod bo‘lib ketgandi:
Ko‘nglimga ishonmayman,
U meni adashtirdi.
Ko‘p dovonlar oshdirdi,
Qarshi ham borolmayman.
Menga egadir ko‘nglim,
Boshlagan yo‘li – yo‘lim.
Hammasi o‘shaniki,
Bir siniq shishaniki.
Sevgim susayarmikan,
O‘ti pasayarmikan,
Yoki ilinchak ko‘nglim
Yonib keksayarmikan?
Bu sevgim chinga ketsa,
Erkimni asir etsa,
Oh, shuni tushunganda,
Es fonari so‘nganda:
“Сердце разрывается!”
* * *
Lola gulning dog‘idir hasrati
dildan ketmagan,
Oshyon etib o‘ziga bir nafas
tark etmagan.
Sengina ey, lolagul,
ko‘p asir etding meni!
Bir uzib so‘ldirmasammi,
hap qarab turgin seni!
* * *
Har bir ko‘ngil havosiga berilgan,
Har bir bo‘ron boronida bosh yalang,
Har bir balo hadafiga ko‘ndalang,
Har sarsari sevgisiga sir bergan –
Telba ko‘nglim, tentak ko‘nglim,
sho‘x ko‘nglim.
Yo‘llaringda hazar o‘ldi yosh umrim.
* * *
Men ko‘nglimni irg‘itdim
Oyog‘ingiz ostiga!
Qani, xanjar chiqaring
Men adabsiz qasdiga!
* * *
Bu esdaliklardan turli xulosalar chiqarish mumkin. Masalan, Cho‘lpon Toshkentda yashagan yillari Xadra – Eski Jo‘va atroflaridan, ijaraga bo‘lsa kerak, uy olgan. Bu paytda u yigirma olti-yigirma yetti yashar yigit bo‘lgan. Manbalarda yozilganki, u rus, turk va fors tillarini mukammal bilgan. Turk adabiyotiga, ul zamindagi siyosiy jarayonlarga juda qiziqqan. “Sarvati funun” (“Bilimlar boyligi”) jurnali ayni adabiy jarayonlarni ifodalovchi nashr bo‘lgan. Bu jurnal orqali barcha yangiliklardan xabardor bo‘lib turgan. Chunonchi, mashhur turk shoiri Tofviq Fikrat qator yillarda unga bosh muharrir bo‘lgan.
Tarixdan ma’lum, Cho‘lpon nasl-nasabli bir rus qizini sevib, unga uylangan. Bu ishq ko‘yida she’rlar bitgan. Oxirgi satri “Сердце разрывается” (“Yuragim parchalanadi”) deb tugallangan she’r ham bunga dalil.
Bu esdalikda keltirilgan she’rlar “Dala yo‘llarida” nomli to‘plam ichida deb yozilgan. Lekin rasman Cho‘lponning bunday kitobi chiqmagan. Menimcha, bu shoirning o‘zi uchun yig‘gan qo‘lyozma to‘plami bo‘lsa kerak. She’rlarning ko‘chirilib qo‘lma-qo‘l bo‘lishi o‘sha davr o‘zbek yoshlarida shoirning ijodiga qiziqish nechog‘lik kuchli bo‘lganini yaqqol ifodalaydi.
Ozod MO‘MIN XO‘JA
“Jadid” gazetasining 2024-yil 29-noyabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
74
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
590
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
588



