Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.12.2024 | 14:20

img1788

Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romanidan iqtiboslar

Roman voqealarini qisqacha so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Barchasi shu qadar tig‘izki, shoshirib qo‘yadi. Majoz, obraz, ifoda, o‘t, hech kimnikiga o‘xshamagan lirizmni his qilasiz. Milliyat, sof muhabbat, ko‘rinmas va oshkor fojialar, tarix, bugun va ertaning bir-biriga kavsharlangan halqasi, rostlik davosidagi yolg‘onlar, ruh va qondagi paradokslar sizni o‘tmish va kelajak kuyiga asir qiladi, o‘ylatadi, yig‘latadi va achchiq-achchiq kuldiradi. O‘tgan asr boshida Germaniyada o‘qigan talabalar, ular maslagi va fojiali qismati bugungi yoshlar maqsadi bilan bir taroziga tortiladi.

Ona o‘limni ermak qilardi bir baxtiyor bola tug‘moqlik uchun. Ammo men dunyoga baxtli bo‘lish uchun kelmaganman! Bekor ketdi shuncha loyqa suv va dod-voying!

Yig‘ini butkul ko‘mdim millatim mozorlariga.
Men yashamayapman.
Men mudragancha kulyapman! O‘lsam jismim qolib, qabrga g‘arib kulgim ko‘milar o‘ralmay surpga, sarpoga!

Yerga yetti marta yiqilgan bolaning ko‘zidan o‘t emas, so‘z otiladi. “He, sening onangni…” – Tuproqni tepib-tepib, so‘kib-so‘kib katta bo‘ldik.
Balo kelsa-kelmasa, yerga tupurib-tupurib o‘tdik.
G‘azabimiz unga, qon to‘ksak, ter to‘ksak, noxos qistalsak, sevsak, istalsak va oqibat o‘ligimiz ham unga.
Nimaga?
Qachongacha bor xorlik yerga? Qachongacha badalini shu tuproq to‘laydi?

Samarqandni millionlar sevadi, unga uzoqlardan intiladi, ammo hech kim menchalik jinni asir bo‘lib emas!
Samarqand o‘lim oldi xirqirayotgan go‘zal qizga o‘xshaydi. Azroil qo‘llaridan ham uyalib, o‘la olmayotgan qizga!
Gohida uning xirqirashi hech to‘xtamaydi, u dunyoni buzmoqchi bo‘ladi. Oh, ojiza qo‘llari kabi bugun kuchsizdir Samarqand!

Maktab istalgan savolni berishing uchun emas, aksincha, istalgan javobni olishing uchun ekan!

Naqadar dahshat, umringda hech bo‘lmasa bir marta Vataning uchun to‘ka olmasang yosh!
Bundan ortiq baxtsizlik bo‘lishi mumkinmi?

Tilim “ota”, “ona”, “bobo” yoki “momo” emas, “o‘lim” so‘zi bilan chiqqan. Aniq eslayman, bu paytni menga o‘xshagan telbalargina eslay oladi!

Bizda tirikni emas, o‘likni hurmat etarlar.

Dunyoda muhabbatdan bo‘lak navo yo‘q.
Dunyoda muhabbatdan bo‘lak dard yo‘q.
Befarzandning ham, bevatanning ham kuyi shu.

– O‘zligini bilgan odamning tarixi bo‘ladi, kimligini biladi. Bilmasa, hayvon bo‘ladi, qo‘y bo‘ladi, hayvoniy tarix bo‘ladi.

– Bu ham tarix. “Kiprigimcha bosh ko‘tarsang, ko‘tarsang, qiraman!” Er yigitlarimizni shunday yo‘q qilishgan. Hozirgilar shuning uchun bosh ko‘tarish o‘rniga bo‘yinni egib, oxirga talashadi, qorin to‘ysa – marra. Sigirlarday buqani bir yil kutib yashash bu!

Bir paytlar kenja amakim Til va adabiyot institutida o‘qigan.
Qishki ta’tilda qishloqqa sochini o‘stirib kelib bodilik qiladi, yuradigan qizlari, ichadigan aroqlari haqida og‘iz ko‘pirtiradi.
Bobom tishini tishiga bosadi, chidagan, hech bo‘lmasa shu kenjam haydalmasin, deb. Lekin bo‘lmagan, bobom bilan momoyga nuqul “papoy”, “momoy” qilishni to‘xtatmagan, buyam yetmaganday o‘rischa qo‘shiq kuylab yurgan.
Bobom borib pastki tishini urib sindirgan: “Til va adabiyotda o‘qib, o‘rischa yashayotgan bo‘lsang, senga diplom harom bo‘lsin, yana bir ruscha gapirsang, tepadagi tishlaringni ham qoqib olaman!”

Hech kim esdan chiqarish uchun yod olmaydi.
Hech kim qachondir yo‘qotish uchun topmaydi, yigit qizni kimgadir qo‘shqo‘llab tutish uchun sevmaydi.

Er-xotinlar rishtalarni pisand qilmadilar. Oila muqaddasligini cho‘pchak deb bilardilar. Men o‘lik yetim edim, tirik yetimlar bijg‘idi. Ona tirik, ota tirik, ammo bola yetim qo‘yday o‘sdi. Bolalikdan mardikor bo‘lib o‘sdi. “Katta bo‘lsam, Rossiyaga ketaman”, – deb o‘sdi. U mustaqillikning farzandi edi, mardikorlikni orzu qilib o‘sdi.

Muhabbat, bu hayhotday dunyoda telbalargagina kuning qolgan qashshoq tuyg‘usan! Bu turishda barcha nochor xalqlar kabi asrning so‘ngiga bormay ko‘milasan. Eshaqqurtlarga salom berasan. Ayni qoq peshinda, momaqaldiroq gumburlagan on seni ko‘madi insoniyat yomg‘irdan yuz chaygan tog‘u toshlarga!

Musiqa hech qachon ko‘rinmaydi, uni ushlab bo‘lmaydi, tutib bo‘lmaydi, biror jinoyati uchun aybdor bilib qamab tashlamaydi mirshablar, sud qilmaydi sudyalar, hamma tinglaydi, sog‘ ham, telba ham.

Meni Berlinda o‘qitishga bobomning qo‘ylari yetmasligi aniq.
Ammo bir asr oldin, nonga zor turgan bir paytda shuncha pulni qayerdan topishdi? Men uchun o‘n qo‘y qurbon bo‘ldi, ular uchun nechta ketgan?
Berlinda o‘qish uchun qo‘ylarning puli yetmasdi, albatta! Shuning uchun “Ko‘mak” ochildi. 1922-yilda.

Men shahar ko‘chalarida odamlarni sinadim. Ular millat bolasi ilm olishi uchun sariq chaqa ehson qilmaydilar. Hatto buni eshitishni ham istamaydilar. “Bu yerda odam o‘laman deyapti, bu o‘qish uchun deydi, ahmoq!”

“Ko‘mak”chilar o‘zlaritanimagan, ko‘rmagan millatdoshlarining o‘qiyman degan istagi uchun gadoylik qildilar. Zero, “o‘qiyman” degan shu so‘z ular uchun ozodlik kabi ulug‘, mo‘tabar, aziz edi. Qudrat, g‘urur, shon, umid edi. Shuning uchun birovlarning bolalari o‘qimog‘i uchun gadoylik qildilar!
Naqadar buyuk ish birovning bolasi o‘qishi uchun sen gadoylikni bo‘yinga olishing! O‘qiyman demoqlik, aslida, qahramonlik edi. “O‘qimoq” ozodlik, hurlik, to‘qlik kabi ko‘p totli so‘z edi.

Otasi, bolasi, xotini uchun emas, sevgi, boylik, mansab yo prezidentlik uchun emas, shu millat uchun o‘qishni istash – naqadar go‘zal, naqadar go‘zal, naqadar go‘zal!

Orzularsiz shaharlar quriydi.
Dunyoni orzu qiladigan odamlar bezab turadi, ular mazmun bag‘ishlaydi.

O‘lim Vatan kabi bitta bo‘ladi, o‘lim bilan o‘ynashib bo‘lmaydi.

Tarixchi kutubxonalarda o‘tiribgina o‘tmish bilimdoni bo‘lmaydi, kafedralarda bilimsiz, lekin oyoqlari chiroyli qizlarning choyini ho‘plab turixchi bo‘lmaydi, tarixchi o‘z o‘rganayotgan davrida yashasagina, bir nimalar qilishi mumkin. O‘z tarixini hammadan chuqurroq anglasagina, tarixchi bo‘ladi.

Inson hech narsa topmaydi, balki umr bo‘yi berilgan narsalarni yo‘qotish uchun yashaydi, chin inson yo‘qotish sharafi uchun dunyoga keladi.

“Tentak millat tanlamaydi”, – derdi bobom, rost ekan!

Har yili minglab talabalar o‘qishni tugatadi. Ammo ularning ko‘ksini yorib ko‘rsangiz, faqat ichak borday, uzun ichak… “Yeyman, yeyman, yeyman”, – deb qo‘lni tirnab tishlaydigan kattakon ichak va tishlar!

Turkiston tarixiga Temursiz qarash koptoksiz futbol o‘ynashdek gap.

Urushga borganlar qahramon bo‘ldi, o‘qishga borganlar esa “xalq dushmani”.

– Xafa bo‘lmang, har qanday devor bir kun nuraydi. Hatto Xitoy devori ham, chunki u insonlarni to‘sish uchun yaralgan.

Elning bitta shoiri gohida butun boshli lashkar qilolmagan ishni amalga oshirishi mumkin.

Birbovur bo‘ylalik! Bizning oldimizda ulkan vazifa bor!
O‘qish, o‘qish va yana o‘qish!

Yonma-yon uchta qiz o‘tiribdi. Sevinganimdan o‘rnimdan turib ketay dedim. Saida, Xayriniso va Maryam… Ular menga juda yaqin, suyukli, go‘zalligini qarang.
Men ularga havodan o‘pich yo‘lladim, ular qarashmadi ham…
Keyin qilgan qilig‘imdan uyalib ketdim. Qizlar mendan naq bir asrga katta-ku!

Biz o‘zimizni, ulug‘ligimizni-da unutishga tayyor xalqmiz. Hatto qachonlardir ota-bobolarimiz ozod va hur davlatda yashaganliklarini ham bir ertak singari eslaymiz, bolalar bugun-erta buni ham unutishga miyasini hozir etar. Biz ertak to‘qishga va eshitishga ishqiboz xalq bo‘lib qoldik! Ammo cho‘pchaklarda ham qahramonlar bor, ular qullikka chiday olmaydilar va alaloqibat halaba qozonadilar. Biz esa borgan sari mutelikka o‘rganmoqdamiz. Angrayib yig‘laymiz, bilib-bilmaslikka olamiz va asta-sekin qullik shiorini yurakka joylab olamiz. Ularni zo‘r, o‘zni nodon sanaymiz!

Buzulgan urug‘. Men qo‘rqoqman! Men jonimni o‘ylab xoinlik qilaman Vatanga! Nafsimni deb muhabbatimga. Men ishlayman tishlayman, o‘qimay institutga kiraman, sevgiga munosib bo‘lmay sevaman, bolani qanday tarbiya qilishni bilmay xotin olaman, o‘lishga arzimay o‘laman. Bir men shunday bo‘lsam baxt edi millatga, ammo afsus, bu illatlar singib ketgan aymog‘imizga. U tanamizdan oldin, millatimizni ko‘madi qora qabrga.

– Hamma poraxo‘r bo‘lsa, sening haqiqating necha pul turardi? Bunday jamiyatda haqiqatchi bo‘lsang, demak, kulgili jinoyatchisan yoki jinnixonaning navbatdagi mijozi! Shuning uchun men ham bolamni Iqtisodiyot

Bu dunyoda hech qachon amalga oshmaydigan armonlarning borligi hayotni birozgina qiziq qiladi.

“Til va tarixni bilmay turib millatning dardini tushunmoq mumkinligiga ishonmayman.

Inson orzular bilan tirik yashaydi-yu, nega endi xotira bilan ham baxtli yashash mumkin emas?

Aytishadi-ku, onalarning millati bir – mehr.

Baxt va vaqt bir-biriga doim dushman bo‘lib kelgan. Endi baxtiyor yashayman deganingda fursat yetmaydi, vaqt ko‘pida esa baxtsizsan, yolg‘izsan!

Bilasanmi, seni eng ko‘p kimdan qizg‘anaman, eshakqurtlardan. Shuning uchun qarib, bujmayib, mayib kampir bo‘lib qolganingdagina o‘lishingni istayman.

Muhabbat – kimgadir so‘zsiz, hech bir shartlarsiz, taroziga tortilmagan o‘lchovlarsiz kerak bo‘lishing-ku, to‘g‘rimi?

Loladan hech qachon bobosi haqida so‘ramaganman. Chunki tarixga qo‘ylardan ko‘proq, bobomdan sal kamroq qiziqadi, millionlab o‘zbeklar kabi.

Siz bizning ketmon va o‘roqdan boshqa qurolimiz yo‘qligini bilib bostirib kirdingiz va qirdingiz, o‘tmishni, bugunni va endi kelajakka ham, keyingi yuz yilga ham bolta urmoqchisiz! Buni dunyo tarixi hech qachon kechirmaydi. Sizlar qonxo‘r tuzum kalamushlari sifatida tarixda qolasizlar!

Qizig‘-a, biz Berlinda o‘zbek tilida imtihon topshirishimiz mumkinu, Toshkent buning iloji yo‘q. Rus tilini bilasanmi, marhamat, barcha eshiklar lang ochiq, dohiyimiz Leninning shaxsan o‘zlari ochib qo‘yibdi. O‘zbek tilini bilishingning esa sariq chaqalik qiymati yo‘q.

Dahshatli qo‘rquv millat oyog‘ini shol, ko‘zlarni ko‘r qildi. U shafqatsiz, ko‘rinmas qurol, lashkarsiz muzaffariyatdir.

Eng dahshatlisi, hamma narsani ko‘rib-bilib turgan xalqimiz-da tobora puch g‘oyalarga ishonib bormoqda. Ozodlik va hurlik tuyg‘usidan shu qadar beziganlarki, o‘ylashni ham istashmaydi, ishonishmaydi yoki qirg‘inu surgundan qo‘rqadi.

Xudoyim, o‘zing asra! Bolalar ta’limi millatning jon masalasidir. Buni unutmang, aslo unutmang! Yuksak maorifsiz biz millat sifatida yo‘q bo‘lamiz!

Sovet mustamlakasi davrida xalq asrlar davomida atab kelgan turkiycha nomlar rus bosqinchilarining sharifiga ataldi.
Otamizning nomini o‘zgartirishdi, biz chapak chaldik. Asta-sekin odamlar bobolari aziz bilgan nomlarni unutib yubordi.
Tarixga tupurish san’ati fan qilib o‘qitildi. Yuz yillik kitoblarni o‘zimizga moslashtirishni o‘rgandik. To‘g‘ri so‘zni aytmaslik, bo‘yin egish axloqqa aylandi va hamon bu illatlarni xalqimiz boshidan tozalay olmay halqimiz.

– Siyosatga aralashmaslik uchun ona qornidayoq oyog‘ingni tirab olishing kerak tug‘ilmayman, deb.tug‘ildingmi, siyosatdan ayro turolmaysan. Hamma uning qurshovida yashaydi. Kimdir zulmda, kimdir uning ta’sirida, yana allakimlar esa rohatda. Aslida, xalq izmidagi siyosatgina kun ko‘rishi kerak, boshqasi xatodir. Aralash, bolam, haqqingni tanishni o‘rgan, o‘rgat sinfdoshlaringga ham. Bo‘lmasa, qarg‘ishlardan qachon ozod bo‘lami?

– Otam Germaniyada tahsil olgan navqiron do‘stlari bilan kelajak uchun, ya’ni sizlar uchun jon berdi, sizlar uchun o‘limni bo‘yniga oldi. Ularning orzu Vatanni qudratli va ozod davlatga aylantirish edi!

Men o‘lmaganman! Lekin yashayotganim ham yo‘q!

Yo Xudoyim, to qiyomat Vatan bizga omonatdir, omonatdir, unga xiyonat – qiyomatdir, qiyomatdir, qiyomatdir!

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img117

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img628

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img622