Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.12.2024 | 14:36

img1325

Abdulla Oripov izdoshlari

Yurtimizda ijodkor yoshlarni qo’llab-quvvatlash va o’tgan buyuk ajdodlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomlarida ijod maktablari tashkil qilingan. Bu safar shunday dargohlardan biri – Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o’quvchilari ijodidan namunalarni hukmingizga havola etmoqdamiz. Bu ijodkorlar ham yosh jihatdan hali kichik bo’lsa-da, she’rlariga o’zgacha, yangi, takrorlanmas tashbehlar topishga erishgan, hatto nasr yo‘nalishida ham izlanishda. Katta adabiyot ostonasiga mardona qadam qo’yib kelmoqdalar. Biz bu ijodkorlarga ijodiy zafarlar tilaymiz.

Gulsevar UMRZOQOVA
11-sinf o‘quvchisi

YOMG‘IR

Bugun xafa bo‘ldim, yigʻladim ozroq,
Oyni ko‘rmoq ila biroz ovundim.
Qaniydi go‘zal tong otsaydi tezroq,
Yomg‘irim, tezroq kel, seni sog‘indim.

Hech kim bo‘lolmadi dardimga malham,
Aqalli sezmaydi mahzunligimni.
Senda nima qilsin, deya dard, alam?
Yana ham ezishar murgʻak qalbimni.

Yomgʻirda sayr qilib o‘ynasam deyman,
Hammasin unutib, boʻlib yosh bola.
Yuvsang g‘amlarimni, quvnasam deyman,
Sevinayin men ham terib gul-lola.

Kel, shularni yuvib ketmoq uchun ham,
Mening sodda qalbim qilgin baxtiyor.
Munchoq ko‘zlarimni yuvmasidan nam,
Garchi yoz bo‘lsa-da kel yana bir bor.

Hikmatbek BOYQOBILOV
10-sinf o‘quvchisi

ERKIN VOHIDOVGA NAZIRA

“Ulfatimdir sham yanglig‘
Kechalar tanho qalam”,
Qismatimni tortiq etdim –
Aylading insho, qalam.

Sayr etib devonalardek
Karbalo dashtini men
Yetmadim Majnun bo‘lib,
Vaslingga, ey Laylo, qalam.

Mulki borliqni mujassam
Aylading har misrada,
Har kaloming birla etding
Bir chiroy barpo, qalam.

Senga kimlardur yetishdi,
Senga ayro tushdi kim,
Senga kimlardur hasadda,
Senga kim shaydo, qalam?

Kecha-kunduz band etib,
O‘ylar, xayollar dengizin,
Doimo hamroh yasha,
Tark etmagil aslo, qalam!

Farangiz HAYITOVA
11-sinf o‘quvchisi

O‘TINCH

“Bas! Tarqaling og‘ir xayollar,
Yer yuzida yashnadi ko‘klam”.
Qalbdan chiqqan faryodlarim ko‘p,
Boshqa qaytib kelmasin alam.

Endi menga yo‘llar ham ravon,
Faqat undan yurishim kerak.
Atrofimda umid gullasin,
Shodlik birla ushalsin tilak.

Yorug‘likka dildan intilib,
Qayg‘ularni yengib o‘taman.
Tun cho‘kadi, kelar bir kun tong,
Hattoki bir umr kutaman.

Baxt ovozi eshitilganda,
G‘am-anduhlar, asta tark eting.
Ko‘z yoshlarim quvonchdan oqsin,
Qo‘llarimga guldasta tuting.

“Bas! Tarqaling og‘ir xayollar”…

Guljahon SADINOVA
10-sinf o‘quvchisi

SOG‘INCH

Dalalarni quchganda shamol,
O‘ylantirar ba’zida shu chog‘.
Suray deysiz ajib bir xayol,
Tutgandayin yurakka quloq.

Jimjitlikka cho‘kib shu zamon,
Sog‘inarsiz ba’zi damlarni.
Chang ko‘chalar, o‘sha kulcha non,
Onangiz-la o‘tgan kunlarni.

Qaytay deysiz entikib, to‘lib,
Yana o‘sha shirin kunlarga.
Hech narsani o‘ylamay, zinhor,
Yana o‘sha sokin tunlarga.

Bolalikni bir zum axtarib,
Sukut qilib qolasiz shunda.
Afsus, uni yana qaytarib,
Olib kelib bo‘lmas ekan-da.

Charchadingiz ko‘p tashvishlardan,
O‘tar-ketar kunlar ham sekin.
Shamol esa qirlarni kezar,
Sog‘inchingiz qo‘zg‘itib, lekin.

Eldurbek ISMATILLAYEV
9-sinf o‘quvchisi

TUNGI MANZARA

Tun. Yana boshlanar qiy-chuvlar sokin,
Ilhomning tubiga tushadi shoir.
Ma’yuslik quchadi shiddatning xokin,
Yoqimli yolgʻizlik alvido, xayr.

Tun. Yana boshlanar shabboda mayin,
She’riyat qitiqlar inson qalbini,
Dimoqqa hid urar atirguldayin,
Odamzod unutar hayot tarzini.

Tun. Yana boshlanar qiynoqlar biroz,
Shoirlikning yuki chiqarar nido.
Ijodkorlik ruhi toʻxtamas, shovvoz,
Yoqimli yolgʻizlik xayr, alvido

Tun. Chiqa boshlaydi qalamdan sado,
Men bunday ovozga qilolmam toqat.
Agar burda boʻlib sinsam ham ammo,
Meni qogʻoz bilan uchrashtir faqat.
Yoqimli yolgʻizlik xayr, alvido.

Tun. Yana boshlanar…

Sevinch NURIDDINOVA
9-sinf o‘quvchisi

***

Seni atadilar, serquyosh o‘lka,
Jannatmakon yurt, deb ta’rif etdilar.
Boshingga og‘ir bir musibat tushgach
Qayrilib qaramay tashlab ketdilar.

Qodiriydan bo‘lak, Cho‘lpondan bo‘lak
Kim quloq tutgandi oh-vohlaringga?
Barcha farzandingga mehr berding-u,
Ayt, nega ishonding maddohlaringga?!

Endi chora bitta, najoting bitta,
Endi o‘zgalarning g‘amini yema.
Onajon, yuzingga oyoq bosganni
Endi ortiq suyma, farzandim dema.

Dilfuza BO‘RONOVA
8-sinf o‘quvchisi

VATAN

Ko‘zing ochib ko‘rding dunyoni,
Olam nedir? Bo‘ldi so‘ng ayon.
Vatan degan nurli ziyoni
Qarog‘ingda etding namoyon.

Tilda ilk so‘z,  yurakda titroq,
“Vatan” deya jo‘sh urdi taning.
Angladingki, bir hovuch tuproq
Taftı erur senıng Vatanıng.

Yillar o‘tdı faxr tuyg‘usi
Qaddi-basting ayladi baland.
Ajdodlarning ilm yog‘dusi
Jilvalandi Himolay monand.

Unutmagin, sira do‘stginam,
Shu zamindan ketmagin ayro.
Vataningda ko‘rma aslo g‘am,
Chunki udir olamda tanho.

Soliha UMAROVA
7-sinf o‘quvchisi

FASLLAR

Gullar ochilibdi bog‘larda turfa,
Tabiat ko‘rsatib go‘yo nozini.
Bahor – tabiatdan muattar tuhfa,
Dalalarga yoymish zeb, pardozini.

So‘ng keladi harorat bilan
Bolajonlar sevgan go‘zal yoz.
Ta’til o‘tar sayohat bilan
Mevalar ham pishadi qiyg‘os.

Yig‘im-terim boshlanar sekin,
Polizlarda qovun, tarvuzlar…
Oltindek kuz tovlanar lekin
Ta’rifiga topilmas so‘zlar.

Oppoq billur choyshabin yozib,
Kumush qish ham qo‘yadi qadam.
Yurtim go‘zal fasllarida
Jo bo‘lgandir o‘zgacha olam.

Muhammad ODILOV                                   
7-sinf o‘quvchisi

MEHR

Muruvvatli bo‘lish, mehrli bo‘lish
Har bitta o‘zbekning qonida bordir.
Kimki saxovatli – ochiqqo‘l bo’lsa,
Shu insonga doim saodat yordir.

Mehr xazinadir, tutmangiz darig‘.
Muhtojlarga doim beringiz yordam.
Abad bo‘lsin hayot yo‘lingiz yorug‘ 
Mehrdan yashnasin zamin-u olam! 

Charos KAMOLOVA
8-sinf o‘quvchisi

ILHOM FARISHTASI

Shabboda tong sahar esdi xo‘p mayin,
Uning sochlarini siladi shamol.
Ruhi orom topar edi kun sayin,
Tunning jamolidan topdi so‘ng kamol.

Ilhom farishtasi kezar darbadar,
Qog‘oz ila qalam uchrashgan onda.
Shoir tug‘yonlari bunda aks etar,
She’r – ijod tuhfasi tug‘ilar tongda.

Ilhom farishtasi mengadir yo‘ldosh,
Ijod yo‘llarida bordir tasviri.
So‘zlarimga sehr, dilimga dildosh,
Udir tuyg‘ularim bir musavviri.

Ruxshona XOLIQOVA
8-sinf o‘quvchisi

QUYOSH

Quyosh ufqdan boshin ko‘tarib
Erkalatar butun olamni.
Zarrin nurlarini taratib
Ruhlantirar har bir odamni.

Quyosh nurin hurmat qilib oy
O‘z o‘rnidan unga berar joy.
Tunda yulduz boqqan aksiga
Sog‘inchidan termiladi soy.

Bobodehqon qo‘lida ketmon,
Bog‘i sari tashlaydi qadam.
Turfa tashvish – shoshar har inson,
Asli shunday yaralgan olam.

Quyosh – borliq ulug‘ doyasi,
Issiq tafti ila olar dam.
Axir oftob bo‘lmasa edi,
Bo’lmas edi insoniyat ham.

Zemfira ESONOVA
9-sinf o‘quvchisi

XAYRLI KECH
(Erkin Vohidovning shu nomli she’riga nazira shaklida)

Yuraklarga mehr jo boʻlar,
Vujudlarda ajib hayajon.
Xayrli kech tilayinki men,
Robbim, seni saqlasin omon.

“Oddiy tilak” deb bilma aslo,
Bu taqdiring, bu mening sharhim.
Xayrli kech tilamay qoʻysam,
Bir murdadan qolmaydi farqim.

Shirin soʻzga ezgu koʻngillar
Mushtoq boʻlib turadi har vaqt.
“Xayrli kech” degan bu kalom,
Dillarimiz yayratar albat.

Oqshom tushib yulduz chiqqanda,
Takrorlanar bu goʻzal damlar.
Tongda yana koʻrishmoq uchun,
Xayrli kech tilar odamlar.

Laziza ZIYODULLAYEVA
9-sinf o‘quvchisi

HAYOT BU MUALLIM
(Hind shoiri Rajnarayan Basudan)

Hayot misli muallim,                   
Anglatadi yashashni.
Hattoki oʻrgatadi            
Gʻalaba qozonishni.               
Bilki, hayot oʻtkinchi,         
Koʻzyosh-la boʻlma mazlum.   
Har qanday holatda ham,  
Qilgin goʻzal tabassum.     
Yiroq boʻlgin nafratdan,      
Mamnun yasha hayotdan.   
Doʻstlar eʼzozida boʻl,           
Shod ayla kamolotdan.       
Hayot eng zoʻr muallim,      
Yetuk boʻlish osonmas.     
Nafratdamas, sevgida      
Abadiy qololsak bas.

Gulhayo NARZULLAYEVA
9-sinf o‘quvchisi

KO‘L

Bilsang agar oddiy bir koʻlob
Baliq uchun eng buyuk Vatan.

Bu yaqin orada koʻl, uzun irmoq, katta daryo va oʻt-oʻlandan boshqa hech narsa yoʻq. Har galgidek bu safar ham qurgʻoqchilik uzoq davom etdi. Koʻlobdagi suvning oxiri ham koʻrinib qolgandi.
Uzoq kutilgan yomgʻir ham yogʻdi. Koʻl liq toʻldi. Hattoki suvi qirgʻoqqacha toshdi. Irmoq koʻldan besh metrcha narirogʻda olislardan oqib kelardi va daryoga tutashardi. Xuddi shunday yana ortiga qaytardi. Uning yoʻli mashaqqatli edi.
Har gal koʻlning oldidan oʻtganda daryodan baliqlarga salomlar olib kelardi. Mana bu safar ham irmoq olislardan oqib keldi va koʻl oldiga toʻxtab baliqlarga dedi: “Bu galgi qurgʻoqchilik haqida daryo ham bilar ekan. U sizga yordam berishni taklif qildi. Sizlarni oʻz bagʻriga chorladi. U yerda boʻlsangiz, erkin suzishingizni, suvsizlikdan hech qiynalmasligingizni, aytdi. Men bu safar qaytganimda sizlarni ham olib kelishimni qattiq tayinlab yubordi. Shunday ekan hozir men sizning koʻlingizgacha bir amallab oqib boraman va sizni oʻzim bilan olib ketib joʻshqin daryoga topshiraman”.
Irmoqning bu gapidan baliqlar xavotirga tushdi. Ular hech oʻylab oʻtirmay: “Daryoga katta rahmat. Bir kun kelib bizning koʻlimiz qurib qolar va tang ahvolga tushib qolarmiz. Lekin bizning oʻz koʻlimiz bor, u osoyishta va xatarsiz. Daryoda qancha xatar bor. U ayamay toshlarga urilib oqadi. Qurgʻoqchilikda ham u deyarli qurib qolish arafasida edi. Ammo qurimadi. Doim bizni oʻyladi. Mana, kutganimizdek yomgʻir ham yogʻdi. Biz oʻz koʻlimizni tashlab keta olmaymiz, hatto katta bir okean bizni oʻziga chorlaganda ham”, deyishdi.
Irmoq esa jimgina oʻz yoʻlida davom etdi.

Marg‘iyona GULMURODOVA
8-sinf o‘quvchisi

***

Bir shaharning qaysidir maktabida bolalar juda ko‘p telefondan foydalanishar edi. Kerakli vaqtlarini behudaga sarflashardi. Maktab ahvoli kundan kunga yomonlashar edi. Hech kim tozalikka e’tibor bermas, darslar yaxshi o‘tilmaydigan, o‘quvchilar juda madaniyatsiz bo‘lib borardi. Bu holdan direktor ham, ustozlar ham hayron edi. Ular turli chora-tadbirlar o‘tkazib ko‘rishdi, foydasi bo‘lmadi. Hattoki, ularning ota-onasi bilan ham gaplashib ko‘rishdi, afsuski, yana bo‘lmadi.
Oradan bir necha oy o‘tib, maktabga yangi, yosh, aqlli o‘qituvchi keldi. U bolalarning bu holatini ko‘rib hayron qoldi. Chunki u maktabga shijoat bilan o‘quvchilarga dars beraman, deb kelgan edi-da. Shunday bo‘lsa-da, u taslim bo‘lmadi. Maktabda “Telefonsiz 30 kun” nomli marafon o‘tkazilishi va marafondagi shartlarni bajargan o‘quvchilarga so‘nggi modeldagi telefon sovg‘a qilinishi haqida e’lon berdi. Ba’zi o‘qituvchilar hayron bo‘lib ”Sovg‘aga nega telefon? Kitob emas. Axir asosiy maqsadimiz bolalarni telefondan biroz bo‘lsa-da yiroqlashtirish emasmi?”, deyishdi. Yosh o‘qituvchi shunday javob qildi: ”Ha, asosiy maqsadimiz – shu. Lekin o‘quvchilar nimaga qiziqadi? Shu orqali ular hech bo‘lmasa 30 kun telefondan kam foydalanishadi”.
Sovringa barcha o‘quvchilar qiziqib qoldi. Ular shu zahotiyoq, telefonlarini ustozlariga topshirishdi. Faqat uyga ketgunlaricha olib ketishardi. Uyida ham kamroq foydalanishardi. Chunki darslar bilan telefondan behuda foydalanishga vaqt kam edi-da.
Birinchi hafta ular uchun og‘ir o‘tdi. Telefonsiz hayot ular uchun juda qiyin edi.
Ikkinchi hafta biroz osonroq o‘tdi. Ya’ni o֥‘quvchilarning yarmi uchun qiyin yarmi esa moslashib ham olishdi. Uchinchi hafta bolalar telefonsiz hayotga o‘rganib ham qolishdi. Oxirgi haftada bolalar barcha fanlarni a’lo darajada o‘qiydigan, aqlli bolalarga aylanishdi. So‘nggi ikki kun ham o‘tdi.
Bugun sovrin topshiriladigan kun. O‘qituvchilar hayratda. Chunki o‘quvchilarning ko‘p qismi shartlarni bajargan edi. Yosh o‘qituvchi shartlarni bajargan barcha o‘quvchilarga telefon berilishini, faqat biroz kutishlari kerakligini aytdi. O‘quvchilar norozi bo‘lishdi. Ular: “Yo‘q, bizga hech qanday telefon kerak emas. Uning o‘rniga kitob sovg‘a qiling”, – deyishdi. Yosh o‘qituvchi bunday gapni kutmagan edi. Nafaqat, u balki boshqa ustozlar ham. O‘qituvchi rozi bo‘ldi va barcha bolalarga o‘z xohishidagi kitoblar sovg‘a qilindi.
Bolalarda ham o‘qishga muhabbat paydo bo‘ldi. Yosh o‘qituvchi ham o‘z niyatiga erishdi.

Diyorbek Mahmudov tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600