Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.12.2024 | 15:58

img768

BO‘RONLARGA BO‘YIN EGMAGAN AYOL

Qatag‘on – bu vahshat va qo‘rquvning jirkanch basharasi. U nafaqat shaxs, balki tarix, adolat va millatning ma’naviy ildizlarini qirqib tashlaydi. Mamlakatimizda 1920-yil oxirida boshlangan qatag‘onning sovuq shamollari 1938-yilda qattol bo‘ronga aylandi. Bu davrda inson qadr-qimmati toptalib, mehr-shafqat tuyg‘usi izsiz yo‘qoldi. Minglab begunoh insonlar “xalq dushmani” tamg‘asi bilan ayovsiz jazolandi. Arxiv hujjatlariga qaraganda, 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha jami 10 700 nafar yurtdoshimiz qamoqqa olingan. Ular asosan aql va iste’dod egalari: yozuvchi, olim, jadid, davlat arbobi, harbiy, diniy ulamo, mustaqil xo‘jalik egalari, savodi bor, hurriyatni istagan kishilar edi.

Shuningdek, Germaniyada ta’lim olgan 70 nafar o‘zbek yigit-qizlarining yurtga qaytganlari ham mustabid tuzum qurboni bo‘ldi. Ular millatning ilmli, hur fikrli, insoniy qadr-qimmatga ega bo‘lishi tarafdori edi, xolos. Shum taqdir bu orzuni armonga aylantirib, orzumandlarni ajal tomon yetakladi.

Ularning oila a’zolari esa yaqinlarining na tirigi, na o‘ligidan xabardor, ta’na-dashnomlar, qiyinchiliklar girdobida yashadi. 1930–1950-yillarda “xalq dushmani”dan yaqinlarining yuz o‘girishi va buni matbuotda baralla e’lon qilishi “urfga kirgan” edi. Davr shuni talab qilar, kim “vatan xoini”dan voz kechmasa yo qamalar, yo ishdan chetlatilar edi. Fuqarolik huquqlari bekor qilinib, hayoti yanada qiyinlashardi.

Ayanchli taqdir egasi bo‘lgan qahramonimiz esa, boshiga qanday kunlar kelishidan qat’i nazar, turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan sadoqatiga gard yuqtirmay, ularga munosib farzand tarbiyalash umidida harakat qilgan.

Mahbuba Muhammedova 1908-yili Farg‘onada dunyoga kelgan. Dastlab otasi, mashhur jadid muallimlaridan biri Nurmuhammad Dadamuhammedov ochgan maktabda, keyin Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida ta’lim oladi. Otasi farzandlarining ilmli bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratgan. Shuning uchun ham 17 yoshli Mahbubaxon 1925-yilda Moskvaga borib, maorif institutiga o‘qishga kirgan. 1930-yilda institutni tamomlab, Toshkentga qaytadi.

Shu orada Germaniyada tahsil olgan taniqli kimyogar olim Sattor Jabbor bilan Mahbubaxon bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Ikki qalb, ikki orzu bir yo‘lda birlashadi. Ular 1931-yilda faqatgina baxt uchun emas, balki buyuk maqsadlarni birgalikda ro‘yobga chiqarish maqsadida oila qurishadi. Birin-ketin Dilbar, O‘rxon va O‘zxon ismli farzandlar tug‘iladi. Bu orada turmush o‘rtog‘ining taklifi bilan Mahbubaxon texnika institutiga ishga kirib, ilmiy izlanish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Kunlar bir maromda o‘tardi. Er-xotin ilmiy izlanishlar bilan band edi. Ular olgan bilimlarini hayotga tatbiq etish, dorilfununda talabalarga ilm berish yo‘lida harakat qilayotgan edi. Ammo mamlakat osmonini qoplagan qatag‘onning qora bulutlari ushbu oila boshiga ham soya soldi.

1937-yil 8-yanvar kuni Toshkent meditsina instituti dotsenti Sattor Jabbor qamoqqa olindi. Uning aybdor ekanligini tasdiqlovchi biror dalil-ashyo bo‘lmasa ham hibsda saqlanib, tergov jarayoni muntazam davom etgan. U “Turkiston” aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti rahbarlari bilan aloqada bo‘lganlikda”, xorijdan o‘qishdan qaytgach, “sovetlarga qarshi bo‘lgan chet el fuqarolari bilan muloqotda bo‘lganlik” va Toshkentdagi pedagogik faoliyati davomida “o‘qituvchi hamda talabalar o‘rtasida aksilinqilobiy millatchilik ruhidagi gaplarni aytgan”likda ayblandi.

1938-yil 9-oktyabr kuni Sattor Jabbor Germaniyada tahsil olgan To‘lagan Mo‘min, Sulton Matqul, Xayriniso Majidova, Gulsum Rahimova va Ruqiya Xo‘jayeva bilan birga oliy jazo – otuvga hukm qilinib, qaror o‘sha kuni ijro etiladi.

Zamon urfi-taomiliga ko‘ra, uning turmush o‘rtog‘i Mahbuba Muhammedova ham, albatta, darrov qamoqqa olingan edi. U aybi nimada ekanligini bilmagan holda 1938-1939-yillarni hibsda o‘tkazadi. “Xalq dushmani” tamg‘asi bosilgan oilaning begunoh farzandlari esa bolalar uyiga topshirib yuboriladi. Mahbubaxon qamoqdan ozod bo‘lgan zahoti dilbandlari tomon yeldek uchadi, endigina 31 yoshga to‘lgan olima ayol ularni yakka o‘zi tarbiyalay boshlaydi.

“Xalq dushmani”ning ayoli deya qoralanganlarning hayoti bir umrlik kurash va cheksiz azobga aylangani bugun hech kimga sir emas.

Mahbuba Muhammedovaning boshiga ham ko‘p og‘ir savdolar tushdi. Toshkent to‘qimachilik institutining so‘ngi kursida o‘qiyotganida yashab turgan uyidan, tugash arafasidagi tahsil oxiriga yetmay, ta’lim dargohidan ham haydaladi. Ota uyidan panoh topgan Mahbuba keyinchalik markazqo‘m a’zosi Ivanovning aralashuvi bilan o‘qishni qayta tiklaydi. Institutni bitirib, Toshkent to‘qimachilik kombinatida ishlaydi. Farzandlari, qaynonasi, oilasi uchun kunni kun, tunni tun demay yeng shimarib mehnat qiladi. Urush yillarida direktor o‘rinbosari lavozimgacha ko‘tariladi. Lekin baribir u “ishonchli odamlar” qatoriga kiritilmaydi.

1953-yili Stalin vafot etdi. Qatag‘on siyosati “shaxsga sig‘inish davri” oqibati deya qoralandi va nohaq qamalib, otuvga hukm qilinganlarning nomi birin-ketin oqlandi. Bu yangilik Mahbuba Muhammedova va uning qaynonasi Kamola aya Mavlonxo‘jayeva oilasiga ham xursandchilik olib keldi. Ular 1956-yili O‘zbekiston markazqo‘mining birinchi kotibi N.A.Muhiddinovga Sattor Jabbor nomini oqlash haqida ariza yozdi. 1922-yili F.Xo‘jayev va T.Risqulovning Sattor Jabborni Germaniyaga o‘qishga yuborgani, uning sovetlarga qarshi unsur bo‘lmasdan, yaxshi o‘qib, ishlagani haqida ma’lumot to‘plandi. Nihoyat, 1959-yil 13-aprelda uning nomi oqlandi.

Oilaning barcha yo‘qotishlari, qiyinchiliklari va xo‘rlanishlariga oqlov xati chek qo‘ydi. Lekin inson yashar ekan, azob-uqubatlarga sabr qilib, umr kechiradi. Sattor Jabborning oqlanganlik xabari Kamola aya xonadoniga baxt, xursandchilik olib keldi. Turmush o‘rtog‘iga so‘nggi nafasigacha sadoqatda bo‘lgan Mahbuba Muhammedova hayot qiyinchiliklari tufayli kasallikka chalinib, 1978-yilning 28-sentyabrida vafot etadi.

Jadidshunos olim Sherali Turdiyevning izlanishlari sabab, bu oilaning keyingi taqdiridan xabardor bo‘lishimiz mumkin. O‘zxon Jabbor Toshkent arxitektura-qurilish institutining professori, O‘rxon Jabbor esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika institutining katta ilmiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Uning rafiqasi Muhbira Jabbor Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining chet tillar kafedrasida nemis tili bo‘yicha katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, nabiralari Sattor O‘rxon o‘g‘li Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida xizmat qilgan. Sohila O‘rxon qizi esa nemis tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishadi. O‘rxon Jabbor rafiqasi bilan Germaniyaga borib, otasi o‘qigan va yashagan yerlarni ziyorat qilib qaytgan.

Mahbuba Muhammedova haqiqiy sadoqat timsoli edi. U og‘ir damlarda ham turmush o‘rtog‘iga vafodor bo‘lib, el-yurtga foydasi tegadigan farzandlarni voyaga yetkazdi. Oila sha’nini saqladi, qiyin vaziyatlarda ham turmush o‘rtog‘idan kechmadi. Oila muqaddasligini ta’kidlaganda nasihat yoki rivoyatlardan ko‘ra Mahbubaxondek ayollarning hayot yo‘lini misol qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Zebo RAHMATULLA qizi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593