06.01.2025 | 09:24
671
YASHIL BOG‘LAR – KO‘NGILNI CHOG‘LAR
Inson yashashi uchun zarur bo‘lgan ne’matlardan biri – havo. Odamzod kislorodsiz atigi 2–5 daqiqa yashashi mumkin, xolos. Shunday ekan, dov-daraxtlar, hayotbaxsh gulzorlar, qisqa aytganda, musaffo havo – tirikligimiz manbayi. Yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilayotgani ortida inson qadri masalasi turibdi.

Hayotiy ehtiyoj
Bugungi globallashuv, aholi, sanoat korxonalari ko‘paygan, tabiiy resurslarga putur yetkazilayotgan bir sharoitda ko‘kalamlashtirish hayotiy ehtiyojga aylandi. Atrof-muhitni ko‘z qorachig‘iday asrab, xonadonimiz, hovli-joyimiz, ko‘chamiz, qishlog‘imiz, mahallamiz, shahar-tumanimizni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish, avlodlarga tabiat ne’matlarini boricha yetkazish – burchimiz. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bu – bir yillik tadbir emas.
Mazkur loyiha doirasida respublikada qariyb 50 mln tup nihol o‘tqaziladi. Buxoroda esa 7 millionga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazish rejalashtirilgan. Ayni paytda jarayon qizg‘in pallaga kirgan. Mutaxassislarning fikricha, Buxoro iqlimi juda murakkab.
Jazirama yozda harorat tandir taftidan-da baland. Qishi quruq sovuq, izg‘irin. Bunday sharoitda mevali va manzarali nihol turini tanlab olish birinchi masalaga aylanadi.
Buxoro viloyatining iqlim sharoitiga moslashgan chidamli, unuvchan, nisbatan ko‘p kislorod chiqaruvchi, changni saqlovchi, shamolni to‘suvchi va soya beruvchi manzarali daraxtlar har tomonlama foydalidir. Masalan, sadaqayrag‘och sharsimon-oval, zich shox-shabbasi tufayli eng manzarali daraxt turlaridan biri hisoblanadi. Uzoq o‘tmishda bu daraxt nihollari ko‘kalamzorlashtirish maqsadida shahar va qishloqlarga ko‘p o‘tqazilgan.
Bo‘lar elning bolalari…
Hamjihatlikda hikmat ko‘p. Jondor tumanida ham uzoq vaqtdan buyon foydalanilmay kelinayotgan bo‘z yerlarni obod manzillarga aylantirish ishlariga jiddiy kirishilgan. Mazkur hududda suvsizlikka chidamli 614 ming tup mevali va manzarali dov-daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ko‘zlangan. Hozirda 400 mingdan ortiq nihol parvarishi boshlab yuborildi.
Manqufi qishlog‘ida joylashgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli maydonda “Jondor bog‘i” tashkil etilmoqda. Hozirgacha 3,5 gektarlik bog‘ga 5 ming tup har turdagi manzarali nihol qadaldi. Shu bog‘ hududida aholining dam olishi va ma’naviy hordiq chiqarishi uchun istirohat bog‘i tashkil etish ham rejalashtirilgan. Ayni paytda bog‘ hududidan oqib o‘tuvchi ariq atrofini obodonlashtirib, musiqiy favvora qurish ishlari boshlandi.

Peshkuda “Onalar bog‘i”
Ko‘kalamzorlashtirish ishlari Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Peshku tumani ixtisoslashtirilgan maktabida ham keng tashkil etilgan. Bu yerda navqiron avlod qo‘li bilan 300 tupga yaqin katalpa, 100 tup shumtol va yana shuncha qayrag‘och nihollari ekilib, parvarishlanmoqda.
Tumandagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida “Onalar bog‘i” barpo qilinayotgani ham tahsinga loyiq. Umuman, “Yashil makon” loyihasi doirasida mahalliy iqlimga mos qariyb 2 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Bundan tashqari, tuman qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida 1 million 288 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish chora-tadbiri ham ko‘rilmoqda. Fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar dala chetlarida ihota barpo qilish maqsadida 1 million 16 ming tupdan ziyod, tokzor-bog‘larni kengaytirish uchun 22,7 ming tup, o‘rmon fondidagi xo‘jaliklar hududida qo‘shimcha 48,6 ming tup, shuningdek, ariq-zovurlar, suv inshootlari bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish uchun 11 ming tup mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlarini ekishga kirishgan. Qolaversa, pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ipak qurti parvarishlaydigan xo‘jaliklarda ozuqa bazasi zaxirasini tayyorlash uchun qo‘shimcha 189,4 ming tup tut niholi o‘tqazish ishlari olib borilmoqda.
“Qoraqalpoq” mahalla fuqarolar yig‘inida va undagi 33-maktabda tuman hokimligi, tashkilot, korxona hamda ta’lim muassasalari xodimlari 2 mingdan ortiq tut niholi o‘tqazishdi. Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimlari “Navbahor” va “Qal’a” mahallalarida 600 tupdan oshiq manzarali daraxt va tut ko‘chatlari o‘tqazib, hududni ko‘kalamzorlashtirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Xayrli ishga qo‘shilgan “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari ham ayni kunda “Kamolot” mahallasida 500 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt niholini o‘tqazishdi..
Xalqni birlashtirgan loyiha
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Romitan tumanida ham kech kuzgi mavsumda daraxt nihollarini o‘tqazish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirib, agrotexnik talab asosida parvarishlashga alohida e’tibor qaratildi. Mahalla va qishloqlarda o‘tgan yilgi mavsumda 1 mln 300 ming tup atrofida ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich jami 1 million 600 ming tupga yetkaziladi.
Dono xalqimiz “Bog‘ yaratgan elda aziz” deb bejiz aytmagan. “Yashil makon” kabi xayrli loyihalar esa xalqimizni ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtirayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Obid QO‘LDOSH
Buxoro viloyati
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



