Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.01.2025 | 12:02

img631

XUN EVAZIGA KELTIRILGAN QO‘LYOZMA yoxud “g‘alati mashhur”lardan biri xususida

Haq da’vosidagi yolg‘on

Xuddi rost so‘zdek xalqning inonchiga aylanib qolgan yolg‘onlarga nisbatan qo‘llanadigan “g‘alati mashhur” degan ibora bor. Bu ibora ko‘pincha taniqli shaxslar va tarixiy voqea-hodisalarga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar, mish-mishlarning omma orasida keng yoyilib, haqiqat to‘nini kiyishiga nisbatan qo‘llaniladi.

Qalamga olmoqchi bo‘lganimiz ilmiy muammo ham ana shunday “g‘alati mashhur”lardan. Masalaga teranroq nazar solish uchun ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim dalillarni keltirmoqni joiz deb bildik: atoqli navoiyshunos olim, professor Hamid Sulaymon 1968-yili Alisher Navoiyning 1466-yili ko‘chirilgan devoni qo‘lyozmasining faksimil nashrini “Ilk devon” nomi bilan nashr ettiradi. Ushbu qo‘lyozma Sankt-Peterburgdagi davlat xalq kutubxonasida 564-raqam bilan saqlanadi. Qo‘lyozma rus yozuvchisi va diplomati Aleksandr Griboyedovning xuni bahosiga Eron shohi tomonidan 1829-yili sovg‘a qilingan ekan.

Hamid Sulaymonning fikricha, “Hirot badiiy qo‘lyozmalarining shoh kitoblaridan biri bo‘lgan bu devon Navoiy zamonasining buyuk san’atkor xattoti, “xattotlar sultoni” deb shuhrat qozongan Sultonali ibn Muhammad Mashhadiy (836–926/1432–1520) tomonidan 870/1465-1466-yili ko‘chirilgan. Binobarin, mazkur devon shoirning 25 yoshgacha ijod qilgan she’rlaridangina tashkil topgandir”.

Ushbu devonning badiiyati, Navoiy lirikasining xronologiyasidagi o‘rni va ahamiyati haqida Hamid Sulaymon, Porso Shamsiyev, Yoqubjon Is‘hoqov, Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov, Dilorom Salohiy, Nodir Ramazon, Aftondil Erkinov, Rustam Jabborov singari olimlarning tadqiqotlarida qimmatli ma’lumotlar mavjud. Ayni chog‘da, asosiy savol ochiq qolmoqda – fan tarixida “Ilk devon” nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘lyozma haqiqatan ham Navoiyning muxlislari tomonidan tartib berilgan, ammo shoirning o‘zi ko‘rmagan ilk devonimi? Ushbu devonda Navoiy yigirma besh yoshgacha yaratgan lirik asarlar jamlangani rostmi?

Bunday zalvorli savollarga bir maqolada batafsil javob berish amrimahol. Katta tadqiqotlarga mavzu bo‘ladigan mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun bu galcha qisqa chizgilar bilan kifoyalanamiz.

Tildan dilga ko‘chgan satrlar

Alisher Navoiy aynan qaysi g‘azallarini o‘spirinlik va yigitlik chog‘ida yaratgani haqida aniq xulosaga kelish mushkul. “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga qat’iy tartib asosida kiritilgan 2600 ta g‘azaldan ayrimlari haqida muallifning o‘zi boshqa asarlarida ma’lumot bergan.

Jumladan, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”da shoir umri davomida “ota masobasida” (o‘rnida) – yuksak maqomda bo‘lgan Hasan Ardasher bilan ilk uchrashuvi Hirotda kechganini xotirlaydi. Mazkur diydorlashuv Sulton Ibrohim Mirzo Hirotda hukm yuritgan yilga to‘g‘ri kelganini qayd etib o‘tadi. Abdurazzoq Samarqandiy “Matla’i sa’dayn va majma’i bahrayn” asarida shahodat berishicha, Ibrohim Mirzo 1456-yili qisqa muddat Hirotni egallagan. Bu vaqtda Navoiy endi o‘n besh-o‘n olti yoshga to‘lgan bo‘lsa hamki, uning g‘azallari tillardan tillarga, dillardan dillarga ko‘cha boshlagan ekan: “Chun ul avqotda faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutub erdi, alar dag‘i iltifot qilib, ba’zi abyotni ko‘p o‘qurlar erdi va majolisda xushvaqt bo‘lurlar erdi.

Ul jumladin bu matla’durkim, fard:

Furqatingdin za’faron uzra to‘karmen lolalar,

Lolalar ermaski bag‘rimdin erur pargolalar.

Yana bir bukim:

Ul  parivashkim bo‘lubmen zor-u sargardon anga,

Ishqdin olam manga hayron-u men hayron anga.

Bu baytni dag‘i ko‘p o‘qurlar edikim:

Labing ko‘rgach iligim tishlaram har dam tahayyurdin,

Ajab holatki, tutmay bolni barmoq yalaydurmen.

Masnaviydin bu bayt yodlarida erdi:

Har nechaki puxta bo‘lsa tadbir,

Berur anga go‘shmol taqdir.

Navoiy “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida aziz zamondoshi bilan bog‘liq xotiralarini eslash asnosida Abu Said Mirzo davrida Mashhadda bo‘lgan qiziqarli voqeani keltiradi. Tabib Mavlono Abdussalom Sheroziy mafosil (bod, revmatizm) bilan og‘rigan yosh Alisherga muolaja uchun uqalash usulini tavsiya qiladi. Tabobatdan yaxshi xabardor va o‘sha kezlar Mashhadda bo‘lgan Pahlavon Muhammad Navoiyga mehribonlik ko‘rsatib, bu ishni o‘zi bajarishini aytadi. Suhbatlardan birida u yosh shoirdan turkiy qalam ahlidan qay birini ma’qul ko‘rishini so‘raydi. Navoiy avvaliga barcha shoirlarni hurmat qilishini aytadi. Lekin Pahlavon Muhammad ular orasida tafovut bor, takallufni qo‘yib, o‘zingizga eng ma’qulini ayting, deb qistagach, Navoiy “Lutfiy – bu qavmning ustodi”, deya javob beradi. Pahlavon Muhammad nega Sayid Nasimiyni esga olmaganini so‘raydi. Navoiy Lutfiyning majoz yo‘sinida she’r aytishi, Nasimiyning she’rlari esa haqiqat tariqida bitilganini bayon etadi. Shunda Pahlavon Muhammad Nasimiyning she’riyati zohiran majoz, ma’no jihatidan esa haqiqat yo‘sinidadir deydi va o‘sha kuni Navoiy tomonidan tongda yozilib, hali hech kimga ko‘rsatilmagan g‘azalni yoddan o‘qiydi, maqta’dagi “Navoiy” taxallusi o‘rniga “Nasimiy”ni qo‘yadi:

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,

Yo‘q ajab, nevchunki, xom etgan tama’ ranjur erur.

Navoiy bu holdan hayratga tushadi. Gʻazal yozilgan qog‘ozini tekshirib ko‘radi – varaq o‘z joyida turgan edi. Ertasi tongda Pahlavon Muhammad uch-to‘rt kishini o‘sha g‘azalni o‘n ikki yil burun Abulqosim Bobur majlisida “tinglab, yod olgani”ni isbotlash uchun guvoh o‘laroq keltiradi. Boz ustiga, ular ham g‘azalni yoddan aytib beradilar. Navoiyning taajjubi chandon ortadi.

Keyin ma’lum bo‘ladiki, Pahlavon Muhammad o‘sha kuni yosh shoirning liboslari orasidan yangi g‘azal qo‘lyozmasini topib, yod oladi va yana joyiga qo‘yadi. So‘ng esa boyagi hazil sahnasini uyushtiradi.

Navoiyning yoshlik davri ijodiga oid yana bir manba – Xondamirning “Makorim ul-axloq” asaridir. Unda  keltirilishicha, o‘z davri malikulkalomi bo‘lgan Mavlono Lutfiy o‘smir Navoiyning “Orazin yopqoch…” deya boshlanuvchi g‘azalini eshitib, “Agar imkon bo‘lganida o‘n ming baytdan ortiq bo‘lgan turkiy va forsiy she’rlarim devonini ushbu baytga alishtirardim”, degan ekan.

Navoiyning o‘zi bergan guvohlikka asoslanib, biz beshta g‘azalni qat’iy ravishda shoirning o‘smirlik davriga mansub deb bilamiz. Ushbu g‘azallar ilk rasmiy devon – “Badoye’ ul-bidoya”da quyidagi tartibda keltirilgan:

Ul parivashkim, bo‘lubmen zor-u sargardon anga,

Ishqidin olam manga hayron-u, men hayron anga.

 (23-g‘azal).

Orazin yopqoch, ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,

O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.

(285-g‘azal).

Furqatingdin za’faron uzra to‘karmen lolalar,

Lolalar ermaski, bag‘rimdin erur pargolalar.

 (140-g‘azal).

Har qayon boqsam ko‘zumg‘a ul quyoshdin nur erur,

Har sari qilsam nazar, ul oy manga manzur erur.

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,

Yo‘q ajab, nevchunki xom etgan tama’ ranjur erur.

 (179-g‘azal).

Meni bedil sanga jon o‘ynamoq birla yaraydurmen,

Bale, sen tiflni bu tuhfa birla arg‘adaydurmen.

Labing ko‘rgach, iligim tishlaram har dam tahayyurdin,

Ajab holatki, bolni tutmayin barmoq yalaydurmen.

(525-g‘azal).

Uch dalil

Sanab o‘tilgan g‘azallardan faqat “Ul parivashkim bo‘lubmen zor-u sargardon anga” misrasi bilan boshlanadigani “Ilk devon”dan o‘rin olgan.

Birinchi dalil: Navoiyning yoshlik davrida yozilgani qat’iy aniq bo‘lgan besh g‘azalidan faqat bittasi “Ilk devon”ga qo‘shilgan, qolgan g‘azallar el aro shuhrat topganiga qaramay, unga kiritilmagan.

Mazkur g‘azal “Badoye’ ul-bidoya” hamda “Gʻaroyib us-sig‘ar”dagi matnlardan biroz farq qiladi. Quyida tafovutli baytlarni keltirib o‘tamiz:

To‘rtinchi bayt:

Novakining parru paykonida rangin tus erur

Yoki ko‘nglumdin chu parron o‘tti yuqmish qon anga.

 (“Badoye’ ul-bidoya”, 23-g‘azal).

Novakining parru paykoni-u (?) rangin to‘r erur,

Yoki ko‘nglumdin chu parron o‘tti, yuqmish qon anga.

 (Ilk devon, 3-b).

Oltinchi bayt:

Xizri xattingning ajab yo‘q sabzu xurram bo‘lmog‘i,

Labbalab chunkim berur su chashmayi hayvon anga.

 (“Badoye’ ul-bidoya”, 23-g‘azal).

Xizr xattingning ajab yo‘q sabzu xurram bo‘lmog‘oy,

Lab-balab chunkim suv berur chashmayi hayvon anga.

 (Ilk devon, 3-b).

Yettinchi bayt:

Ey xusho, mug‘ dayrikim, rif’at bila ziynatda bor,

Mehr anga bir shamsavu ko‘k toqidur ayvon anga.

 (“Badoye’ ul-bidoya”, 23-g‘azal).

Ey xusho, mug‘ dayr ko‘yikim, ziynat bila rif’atda bor,

Mehr anga bir shamsa, ko‘k toqidurur bir ayvon anga.

 (Ilk devon, 3-b).

Navoiy qit’alaridan birida Sultonalining qalami taqdir qalamidek xatosiz yozadi, deya ta’rif bitgan:

Qiblat ul-kuttobkim, derlar ani Sulton Ali,

Kim qazo qilki masallik xomasi yozmas g‘alat.

Qaysi qit’amniki yozdi bordi andin she’rlik,

El solurlar juzvdong‘akim, erur bir qit’a xat.

(“Gʻaroyib us-sig‘ar”, 47-qit’a).

Boshqa bir qit’ada esa, xatolar ila ko‘chiruvchi kotiblarga “Yuzin nomasidek qora aylabon, Qalamdek boshin dag‘i yormoq kerak”  deb tanbeh beradi.

Ikkinchi dalil: Navoiy chalasavodlik va matnni xato ko‘chiruvchilarga nisbatan murosasiz bo‘lgan. “Ilk devon” matnida esa imloviy xatolar juda ko‘p. Bu esa u Sultonali Mashhadiy tomonidan kitobat qilingani haqidagi fikrning haqqoniyligiga shubha soyasini soladi.

“Ilk devon”dagi g‘azallardan 363 tasi “Xazoyin ul-maoniy” (“Gʻaroyib us-sig‘ar” – 99, “Badoye’ ul-vasat” – 117, “Favoyid ul-kibar” – 1470), 114 tasi “Badoye’ ul-bidoya” (73) va “Navodir un-nihoya” (41), shuningdek, ruboiylardan 9 tasi “Gʻaroyib us-sig‘ar” va 29 tasi “Badoye’ ul-bidoya” tarkibiga kirgan.

Demak, “Ilk devon”dagi lirik asarlarning asosiy qismi shoirning o‘rta yosh va keksalik davridagi ijodini ifoda etuvchi rasmiy devonlaridan joy olgan. Shoir ijodining 1480-1481-yillargacha bo‘lgan davri majmuasi hisoblanmish “Badoye’ ul-bidoya” bilan “Navodir un-nihoya”da “Ilk devon”dagi 363 ta g‘azaldan faqat 114 tasi uchrashi esa alohida qiyosiy tahlilni talab etadi.

Misol tariqasida “Ilk devon”ning 103a-sahifasidagi g‘azalga e’tibor qarataylik:

Muvofiq kiydilar, bo‘lmish magar Navro‘z ila bayram,

Chaman sarvi yoshil xil’at, mening sarvi ravonim ham.

Matla’dan Navro‘z bilan hayit bir kunga to‘g‘ri kelgani hamda bog‘dagi sarv kabi yorining ayyom munosabati bilan yashil kiygani shoirga cheksiz ilhom va quvonch bag‘ishlagani anglashiladi. Milodiy 1471 (hijriy 875) yili Navro‘z bilan Ramazon hayiti bir kunga to‘g‘ri kelganini hisobga olsak, bu g‘azal ham shoirning o‘rta yosh davri lirikasiga mansubligi ma’lum bo‘ladi.

Umuman olganda, Navoiyning 51 ta g‘azali yoshlik davri lirikasiga oid bo‘lgan uchta devon – “Ilk devon”, “Badoye’ ul-bidoya” hamda “Gʻaroyib us-sig‘ar”da takror keladi. Shulardan birinchisi quyidagi matla’ bilan boshlanadi:

Har gadokim, bo‘ryoyi faqr erur kisvat anga,

Saltanat zarbaftidin hojat emas xil’at anga.

Mazkur g‘azalni marhum ustozimiz Najmiddin Komilov “Shoh-u darvesh hikmati” maqolasida batafsil tahlil etgan. Jumladan, g‘azalning oxirgi to‘rt bayti izohida bunday yozadi: “Shohlar agar shohlikdan voz kechib, darvesh bo‘lish niyati bo‘lsa, shohlik unga munosib va barqarordir. Bunday niyat shohlarda mavjud emas, faqat shohi Gʻoziy – Husayn Boyqaro bu oliy davlatga musharraf bo‘lgan. U shohlarning darveshi-yu darveshlarning shohidir, chunki tashqi ko‘rinishi shoh bo‘lgani bilan, ichki olamiga ko‘ra darveshdir. Ey Tangrim, toki shoh-u darvesh bor ekan, shohdan darveshga xizmat va darveshdan shohga himmatni ayon aylagin. Agar Navoiy faqr haqida so‘zni cho‘zgan bo‘lsa, bu shohning (Husayn Boyqaroning) hukmidandir, bo‘lmasa unda bunday jur’at qayerda edi”.

Tarixdan ma’lumki, shohi Gʻoziy – Husayn Boyqaro 1469-yili saltanat taxtiga o‘tirgan. Demak, g‘azal 1469-yildan keyin yozilgan. Bundan  “Ilk devon” qo‘lyozmasi ham kolofonida qayd etilgani kabi hijriy 870, milodiy 1465-1466-yili emas, balki keyingi davrda ko‘chirilgani ayonlashadi.

Uchinchi dalil: “Ilk devon”da keltirilgan g‘azallarning ayrimlari shoirning yoshlik davriga mansub emas.

Tafovutlar boisi ne?

Ko‘p tadqiqotchilar, jumladan, Hamid Sulaymon “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi g‘azallar xronologiyasi shartli ekanini isbotlagan. Biroq masalaning boshqa jihati ham bor: dastlabki ikki rasmiy devondagi (“Badoye’ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya”) g‘azallar “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi devonlarga joylashtirilayotganda muallif tomonidan jiddiy tahrir qilingan. Tahrir jarayoniga hatto Husayn Boyqaro ham o‘z maslahatlari bilan hissa qo‘shganini Navoiy debochada minnatdorlik ila eslaydi: “Bu devonlarda dag‘i hamul dastur bila maoniy javohiri shohvoridin va alfoz naqsh-u nigoridin va tarkib salosat-u latofatidin va choshniy holat-u haroratidin hech juzve juz’iyyotdin yo‘qturkim, ul hazratning muborak tab’ining anda kulliy daxli bo‘lmamish bo‘lg‘ay”.

Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning oxirgi, yigirmanchi jildida zahmatkash olim Nodir Ramazon tuzgan “Ilk devon”dagi rasmiy devonlarga kirmagan yoki o‘zgarishlar bilan kiritilgan misra va baytlarning ko‘rsatkichi berilgan. Ushbu ilovaga ko‘ra, aksar hollarda “Ilk devon” bilan “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi o‘zgarishlar bir xil. Buni olimimiz “tahrirni tahrir” qilish hodisasi sifatida baholab, ikkita maqola yozdi. Bizningcha esa, mazkur holat “Ilk devon”, aslida “Xazoyin ul-maoniy” tartib berilganidan so‘ng shu kulliyotning g‘azallari asosida tuzilgan terma devon, degan farazni mustahkamlovchi yana bir dalildir.

Atoqli matnshunos olim Porso Shamsiyevning aniqlashicha, Qozon davlat universitetida hirotlik Mahmud kotib tomonidan 1568-yili ko‘chirilgan “Ilk devon”ning yana bir nusxasi saqlanadi. Sankt-Peterburg nusxasidan o‘rin olgan 41 g‘azal va 4 ruboiy Qozon qo‘lyozmasida yo‘q. Ular o‘rniga Navoiyning rasmiy devonlaridan 50 g‘azal va 5 ruboiy qo‘shilgan. Shu bilan birga, Mahmud kotib nusxasidagi tafovutlar “Chor devon”ga to‘liq mos tushadi.

Bundan quyidagicha xulosaga kelish mumkin: “Ilk devon”ning Sankt-Peterburgdagi nusxasi bilan Qozon shahridagi qo‘lyozma ayni bir to‘plam emas. Balki Qozon nusxasi ham “Xazoyin ul-maoniy”dagi g‘azallardan tarkib topgan mustaqil terma devondir.

Mutafakkir muhiblarida haqli e’tiroz tug‘ilishi mumkin: nega matnshunosligimizning ikki piri – Hamid Sulaymon bilan Porso  Shamsiyev ushbu qo‘lyozmalarni “Ilk devon” deb e’lon qilganlar?

Bu holatni murakkab davr va hukmron mafkura bilan bog‘liq ravishda talqin qilish, anglash to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki Navoiyning nafis qo‘lyozmalari, shohona bezakli kulliyotlari bo‘lsa-da, ularning faksimile nusxasini chop etishga sho‘rolarning na mablag‘i, na rag‘bati bor edi. Shoir qo‘lyozmasini “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” qolipga tushirmoq uchun Griboyedov xuni evaziga keltirilgan qo‘lyozmani “Eron va Rossiya urushining oldini olgan asar” sifatida talqin etish hukmron partiya siyosatiga mos kelardi. Shu sabab Hamid Sulaymon Navoiyning barcha nusxalaridan aynan shunisini tanlagan bo‘lsa ajab emas.

Alqissa…

Hazrat Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida iftixor bilan bunday yozgan edi:

Nazm-u nasrim kotibi taxminshunos,

Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.

Navoiyshunoslik alohida fan sifatida shakllanganiga ham yuz yildan oshdi. Ammo ulug‘ shoirimizning she’riy bisotini belgilashda hali ham “taxminshunos” darajasidamiz. Hozirga qadar Navoiyning uch mingdan ziyod qo‘lyozma nusxasi borligi aniqlangan. Ularning har birini o‘rganish, qiyosiy tahlil etish, rasmiy devonlarga kirmagan bayt va misralarni aniqlash, qolaversa, bu muhtasham merosni xalq mulkiga aylantirish uchun minglab navoiyshunoslar asrlar davomida zahmat chekishiga to‘g‘ri keladi. Tadqiqot jarayonida ana shu cheksizlikni tuyishning o‘zi katta baxt!

Xolis bahs, sog‘lom ilmiy munozara uchun maydon ochiqligini eslatgan holda xulosa yasasak: “Ilk devon” qo‘lyozmasi Alisher Navoiyning yoshlik davri lirikasidan iborat, muxlislari tomonidan tuzilgan devon emas, demak, asl qo‘lyozmani aniqlash uchun izlanishlarni davom ettirmoq kerak.

Olim DAVLATOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img119

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img630

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img624