13.04.2024 | 08:17
335
TAQVIM VARAQLAYOTGAN ODAM

Taqvim varaqlayotgan odam
Xomush tortishi kerak:
Umr o‘tyapti, umr!
Taqvim varaqlayotgan odam
O’yga tolishi kerak:
Rozi qila oldimmi ota-onamni?
Farzandlarim tarbiyasi nechuk?
Tiq etsa eshikka termilib,
Ko‘zlari yo‘limga to‘rt bo‘lmadimi
O’sal yotgan birodarimning?
Uchmadimmi shayton vasvasasiga,
Iymonim salomatmi?
So‘ngti manzilimga qo‘yib qaytsalar,
Yo‘lda birov astoydil kuyib,
Xo‘rsinib-xo‘rsinib ayta olarmi:
«Ketgan – qaytar,
Ketmonlagan qaytmaydi!»
…Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
O’zgacharoq o‘ylashi ham mumkin
Taqvim varaqlayotgan odam:
Tushlikni qaerdan qilsam ekan,
Erta kimning yiloshi edi?
O’tirib qolmadimmi bir joyda uzoq,
Kimning tagiga suv quysam ekan?..
Poyabzal qalashib yotar ostonasida nuqul,
Xudoning bergan kuni uyida mehmon –
Yombi topib olganmi yalangoyoq qo‘shnim?!
Chapqanot qo‘shnimiz – yolg‘iz ayolning
Eshik dastbandiga kecha allakim
Ilib ketdi bir savat oq gul! –
Sababi 8 martmikan faqat?..
…Vatan uchun osilib ketish,
Vatanga «osilib» ham yashash mumkin…
…Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
Sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Deylik, garchi Ulug‘bek emas,
Al-Beruniy yoki Galiley,
Valekin munajjim ishtiyoqi-la
Kuzatib borishi mumkin u
Burjlarda quyoshning harakatini.
Taqvim varaqlaridan
Kunma-kun, soatma-soat
Kuzatib borish mumkin!
Masalan, javzoning yigirmanchisi:
Quyosh chiqishi – roppa-rosa besh.
Bir yarim – avji kamoli,
Vaqti zavoli – yetti yarim…
Yetkazgan kuniga shukur qilish kerak,
Tasannolar aytishi kerak
Hisobdon insonning zakovatiga
Taqvim varaqlayotgan odam.
Lekin…
Xulosasi boshqacharoq bo‘lishi ham mumkin.
Aytdim-ku, sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Xususan, qalbini o‘ragan bo‘lsa
Kulcha ilon kabi hasad va g‘araz,
Kibru havo o‘ragan bo‘lsa.
Hamma va hamma narsaga,
Boringki, Quyoshga ham
Mefistofel nazari ila boqsa:
«Bilamiz, hoziru nozirsiz qaerda, qachon –
Bosgan qadamingiz o‘lchoqli!»
…Bir kiftimda rahmon,
Bir kiftimda shayton –
O’zing insof bergil bandalaringga.
KO’HI PADARKUSH
Tutab yotar ko‘hi Padarkush*,
Shamol uvlar mag‘oralarida.
Ko‘rgan kabi xatarli bir tush
Jilg‘alar to‘lganar jarlarda.
Cho‘zilgan hu, ufqqa qadar
Qizg‘aldoqlar – uzun qonli iz.
Bunda mungli qissalar aytar
Har bir so‘qmoq, har maysa, yalpiz.
Ko‘rinmaydi yulduz-da, oy-da,
Tahlikali kishnagan otlar…
Ulug‘bekni xuddi shu joyda
Quvib yetgan emish jallodlar!
O’g‘il – nonko‘r, qismat – beomon,
Yoziqda yozgani o‘qilgan:
Bu joylarda bir vaqt, bir zamon
Ulug‘bekning qoni to‘qilgan!
…Tikilaman zirvalarga jim,
Yurak-bag‘rim g‘ussalarga g‘arq…
Sharq, rostdan ham noziksan, tilsim,
Bilib bo‘lmas seni birdan, Sharq!
Himmat degan bo‘lar-da shuncha,
Neklik bormi bundan ham ortiq –
Zeru zabar podsholaringga
Haj safarin aylabsan tortiq!
Yig‘labsiqtab kom, anjom bilan
Olis yo‘lga kuzatganing dam, –
Unutmabsan ular ortidan
Hatto… qotil jo‘natishni ham!..
____
*Hisor tizmalaridan birining nomi, Urgut va Kitob tumanlari chegarasida.
* * *
Sen ham eslaysanmi goh qolib xoli,
Qo‘msaysanmi ko‘ngil ko‘chalarini…
Munavvar ayladi oydin xayoling
Savdoli bu umrim kechalarini!
Sen ham eslaysanmi yoshligingni – sha’n,
Rangi, iforini – nechuk edi ul?
Meni mast qiladi qirq yil naridan
Kitobing qatiga qistirilgan gul…
Obu otashidan dunyoni o‘tding,
Bekaram, bir kam deb qarg‘arsan yomon…
Sevgi-chi, ilk sevgi… nahot, unutding,
Men esa sog‘inib yashayman hamon.
Nomalar bitardim senga bir talay,
Qog‘ozga ishonib sirlarning sirin.
Xatjildni yopardim shirachin yalab –
Xatjildlar o‘zingdek, so‘zingdek shirin!
Tonmayman bo‘g‘zimga botsa ham tishi,
Eslab xo‘rsingulik yozim, kishim bor.
Yo‘kdir dunyosining men bilan ishi,
Mening bu dunyoda yo‘qlar kishim bor!
Sen ham eslaysanmi…
HAZRATI BISHIR HIKMATLARI
Ko‘p ko‘rganman jazavangni, shovushingni,
Ko‘tarmasang bo‘larmidi tovushingni.
Nasihating uchun qulluq…
O’ngu tersdir,
To‘fi kiyib olgin, bolam, kovushingni.
* * *
Ko‘klam – kechalari yop-yorug‘ tushdir,
Kunduzi ruhimda sayragan qushdir.
Yelda chayqalaman qizg‘aldoq kabi,
Yorab, nafaslaring bunchalar xushdir!
* * *
Ayo zamon, senmi bu nav tarz bergan,
Ajib bir hol mantig‘ini yo‘qlaydi:
Shiftg‘a qarab uf tortadi karz bergan,
Qarz ko‘targan xurrak otib uxlaydi!
* * *
Onam Iqbol Sherboboeva xotirasiga
Eriyotir muzdek bu bag’ir,
To’kayapman asta yoshimni.
Daydib ketgan bolangman, axir,
Onajonim, ko’tar boshingni.
Palandara shamoli yana
Yugurmoqda o’ngu so’limdan.
Keldim bugun qoshingga, mana,
Yetakladi sog’inch qo’limdan-
Tanimassan o’g’lingni rosti,
Tanimassan balki, onajon.
Odam bo’ldi, u qancha o’sdi,
Sen olamdan o’tgandan buyon.
Iqbol edi noming va lekin –
Iqbol senga boqmadi kulib.
Qirq yoshingda hayoting sekin,
Sariq guldek qoldi-ku so’lib.
Ich-ichiga cho’kkan ko’zingni
Vassa shiftga tikkancha u kun
Shivirlading so’zingni:
– Bolaginam, yetimlik qursin!..
Endi sizni kim yuvib-tarar,
Boshingizni silar qaysi qo’l?
Bolalarim, boringiz shahar,
Shahar boring, shudir to’g’ri yo’l.
Sag’irxona eshigi faqat,
Sizlar uchun ochiqdir doim.
Yeganingiz bo’lar beminnat,
Umr ko’ring uzoq, iloyim…
Ey, sen mening mehribon onam,
Ey ko’nglimning umid matlabi,
Sodda eding, dono eding ham,
Sharqning hamma ayoli kabi!
Bu jumboqli olamning senga
Ko’p tomoni bo’lgan qorong’i.
Doim turgan lekin esingda
Shu Vatanning oqil yo’rig’i!
Kunimizga u qoldi yarab,
Ishonchlaring oqlandi, ona.
Aytganingdek, ‘oq yuvib, tarab’,
Katta qildi o’zi zamona!
Eriyotir muzdek bu bag’ir,
To’kayapman asta yoshimni.
Ko’p sog’ingan bolangman, axir,
Ko’tara qol, ona, boshingni.
O’ksima, qo’y, faqat o’ksima,
Qilmadim, deb sizlarga shafqat.
Yer shamoli urar ko’ksima,
Shuning o’zi zotan katta baxt.
Uyatdaman, udda qilmadim,
Hech narsani, ona, u mahal.
Endi o’sha o’g’illik qarzim,
Vatanimdan uzsam loaqal.
Zimmamdakim doimo shu yuk,
Ona,xayr,endi ketaman.
Meni kutar o’zingdek buyuk,
O’zing kabi suyuk shu Vatan!
* * *
Uxlamadim tun bo’yi,
Quloq tutdim o’ltirib:
Turnalar o’tdi bu kech.
Osmonlarni to’ldirib.
Chaqmoq chaqib qoldi goh,
Goh guldirak o’kirib.
Turnalar o’taverdi
Osmonlarni to’ldirib.
…Yana qancha bahorni
Qarshilayman o’y surib,
Necha bor o’tar turna
Osmonlarni to’ldirib.
Uchar yulduzim bir kun,
Uchar umrim so’ldirib-
Turnalar o’taverar
Osmonlarni to’ldirib…
BINAFSHA
Havolarga sochilmoqda
Oromijon bir atr.
Binafshalar ochilmoqda
Tuproq yorib qaydadir.
Ochilmoqda titrab-titrab,
Rangpargina, nafarmon.
Biz bolalar uni izlab
Bog’ kezamiz andarmon.
– Binafshajon, qaydasan, ayt,
Ko’rsataqol yuzingni.
Ko’mgandirsan balki bu payt
Xoru xasga o’zingni.
Hatlab-hatlab yurgandirsan
Ariqlarni yoqalab.
Xilvatlarda turgandirsan
Ko’zginangnn uqalab.
Kirgandirsan balki sekin,
Xalal bermay tinchgina,
Bahorgacha yerga ko’ksin
Bosgan toklar pinjiga.
Yo biz bilan bekinmachoq
O’ynayapsan tutdirmay.
Jo’nar kimdir toqati toq,
Seni kutib o’tirmay.
– Qish zahri bor hali yerda,
Yerda, – der u xo’rsinib,
– Aldanibmiz, hali erta,
Erta, – der u xo’rsinib.
Do’stim, so’nib havaslaring
Chalinibsan tumovga.
Binafshaning nafaslari
Urilmoqda dimoqqa.
Jonsarakdir qalbda qislar,
Yana olg’a chopamiz.
Ketaversin umidsizlar,
Biz, baribir, topamiz,
Binafshajon, o’tdi bahor,
Utdi yozlar, o’tdi kuz.
Keldim bir kun dunyo bilan
Shunday yaqin, yuzma-yuz.
Ishonch menga sabot berdi,
Saboq berdi to’zimdan.
Yuragimga kurash kirdi,
Qochdi uyqu ko’zimdan.
Binafshajon, bugun yana,
Tuyg’ular tirik, ziyrak.
Chorlayapsan bizni, ana,
Bo’lib yorug’ kelajak.
Etigimda loyi qat-qat
Qishning shaltoq yo’llarin,
Ketmoqdaman senga faqat
Uzatgancha qo’llarim.
Kundan-kunga yaqinroqsan,
Nafaslaring jonimda –
Hali erta… – Kimdir ba’zan
Ming’irlaydi yonimda.
To’xtamaymiz ammo bizlar,
Yana olg’a chopamiz.
Ketaversin umidsizlar,
Biz, baribir, topamiz!
* * *
Hayratimning tili bo’lsaydi agar
Bo’g’zimga tiqilgan hayajonimni
Qutulardim aytib bir yo’la,
Qiynamasdim buncha jonimni.
Hayratimning tili bo’lsaydi agar
Turnalar o’tganda boshimdan suzib
Yugurmasdim, yo’q, telba-devona –
Men ular ortidan qo’limni cho’zib.
Hayratimning tili bo’lsaydi agar
Ko’zimni uzolmay lol qolgan chog’lar
Titratmasdi ko’ksimni hayqiriq bo’lib
Shu purviqor tog’lar, shu baland tog’lar.
Armonday ich-ichdan kelar xo’rsiniq:
Bunchalar yuksaksiz, buncha munavvar.
Yulduzlar, men sizga bir so’z aytardim
Hayratimnnng tili bo’lsaydi agar.
To’lg’anar o’zanda jodu bir ohang,
Oqar mangulikday, bo’lmas hech tamom.
Hofiz daryolarim, m?ni qiynamang,
Kezmay sohillarda beso’z, bekalom,
Oymisan, tun aro bokira, latif,
Kunmisan, qarolmay qamashar ko’zim.
Gulim, na taraf bor senga, na ta’rif,
Topib aytar edim unch men o’zim
Hayratimning tili bo’lsaydi agar.
Malulman, borurman sig’inib takror,
Bilmas bu go’zallik hech intihoni
Va men baxtiyorman: har kunimda bor
O’rtanish, zavqlanish, sevish imkoni!
* * *
Yulduzlar oqib kelyapti,
Oy oqib kelyapti qalqib-qalqib,
Salqin-salqin bog’lar nafasi,
Daralardan uchgan gulduros
Oqib kelyapti…
Suv tiliga ko’chgan tosh qo’shiqlari,
Ismsiz o’tlarning bo’ylari
Oqib kelyapti.
Qayerdadir qiz turar
Sohildagi daraxtga suyanib,
Parishon o’y-xayollar
Oqib kelyapti.
Men shularning hammasini sipqormoqchiman,
Tumshug’idan otimning tomchilaydi suv,
Otim bo’lsa pishqirar betoqat: –
To’ymadingmi hali ham, kech bo’ldi…
XALQ OHANGLARIDA
Sevar yorim, salomat bo’l!
(xalq qo’shiqlaridan)
Dilda kir yo’q, kin ham yo’q,
Sendan mening ginam yo’q.
Qo’l ko’tarsam qo’l sinsin,
Sanchadigan ninam yo’q.
Sevar yorim, salomat bo’l!
Sevar yorim, salomat bo’l!
Ishq rohi o’ydim-o’ydim,
Telbarab suydim, suydim.
U kunlarim qaytmagay,
Bir kuydiring, bir kuydim.
Sevar yorim, salomat bo’l!
Sevar yorim, salomat bo’l!
Oshno bo’ldim sen bilan,
Ro’shno bo’ldim sen bilan,
Ikki olam dastimda-
Podsho bo’ldim sen bilan.
Sevar yorim, salomat bo’l!
Sevar yorim, salomat bo’l!
Karamlar uchun qulluq,
Xush damlar uchun qulluq.
Sitaming hatto rohat,
Alamlar uchun qulluq.
Sevar yorim, salomat bo’l!
Sevar yorim, salomat bo’l!
Ishq degani omonlik,
Goh rang-ro’yi somonlik.
Sog’insin-u har kimsa,
Sog’inmasin yomonlik.
Oshiq o’yga aylansin,
G’azal, kuyga aylansin.
Hech bo’lmasa men kabi
Duogo’yga aylansin:
Sevar yorim, salomat bo’l!
Sevar yorim, salomat bo’l!
MUHAMMAD RAHMON
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



