08.01.2025 | 09:39
307
NISHONPAZLIK VASVASASI yoxud el tanimagan “jahongashta adiblar”
Tanishim qishloq xo‘jalik xodimlari bayramida “Ilg‘or tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganidan xabar topib, uni qutladim. Bu inson ko‘p yillardan buyon moʻjazgina tomorqasidagi issiqxonada turli ko‘kat-u sabzavotlar yetishtirib, oilasini boqadi. Ta’rifi qishlog‘idan chiqmagan odam… Gap ohangida ozroq iymanish ham seziladi: “Men… o‘z oilam uchun ishlasam… bu yoqda hokim buva ko‘pchilik orasida minbarga chaqirib, ko‘ksimga nishon taqib qo‘ysalar. Davlatga don-u paxta yetkazib berayotgan fermerlardan sal uyaldim-da…”
Aytaman: “Siz qo‘shimcha daromad topish uchun yil bo‘yi ter to‘kasiz. Bu bilan bozorlar to‘kin va arzon bo‘lishiga ulush qo‘shasiz. Mehnatingizga munosib baho bu! Tomorqasini partavga aylantirib, davlatdan bir nima undirish g‘amida yurganlar ozmi!?”

Ishqilib, uning xijolatpazligi eriganday bo‘ldi. Telefonimga ko‘krak nishoni suratini yubordi. Chiroyli nishon. Ko‘ksiga taqib tushgan suratini so‘rasam, rozi bo‘lmadi. “Endi… biz bir oddiy dehqon bo‘lsak…”
Shu bahona uch yil oldin tengqurim bo‘lgan yozuvchi qo‘ng‘iroq qilib aytgan g‘alati taklif esimga tushdi: “Akademik bo‘lgingiz bormi?” Umrida ilmiy ish bilan shug‘ullanmagan, aqalli, nomzodlik rutbasi yo‘q kamina taklifdan ajablandim: “Men olim bo‘lmasam…” Tanishim gapni bo‘ldi: “Olim bo‘lish shartmas. Belgilangan pulini to‘lasangiz… akademik diplomi qo‘lingizda!”
“Savdo”miz pishmadi – taklifni rad qildim.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha tanishim qalin muqovali akademiklik diplomi va ko‘krak nishonini ko‘rsatib, maqtandi: “Tumanimizdan menga qadar biror akademik chiqmagan ekan!”
…Qo‘shni tumanda taniqli bir olim xotirasiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi. Boshlovchi galma-gal xotira aytmoq bo‘lganlarga so‘z beryapti. Navbatdagi notiqni davraga chorlashdan oldin uning besh-oltita nishonini sanadi. U ham sahnaga ko‘ksining yarmi to‘la yaltiroq nishonlar bilan chiqib keldi. Yonimda o‘tirgan tuman hokimi o‘rinbosari sekin so‘radi: “Shu nishonlar haqiqiymi?” Bexos tilimga kelgan gapni aytib yubordim: “Agar pulini to‘lasangiz, bunaqa nishonlardan besh-oltitasini bir kunda taqasiz…”
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining qay darajada moʻtabar dargoh sanalishi, unga a’zo bo‘lish uchun olimlarimiz ko‘p yillar ter to‘kib, ilm-fan sohasida maktab yaratishi zarurligi, bunday zahmatkash olimlarning hurmati va maqomi ham baland ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.
Hozir biz huquqiy-demokratik jamiyatda yashayapmiz. Turli jamoat tashkilotlari, shu jumladan, ijodiy uyushmalar va hatto, akademiyalar ochilishi erkin, demokratik jamiyatning huquqiy tamoyillaridan biri. Istagan fuqaro shunday jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar tashkil etishi va unga a’zolar jalb qilib, shu orqali o‘zi va a’zolarining ijod namunalari targ‘ibot-tashviqotini yuritishi, tadbirlar tashkillashtirishi mumkin. Yoki jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan akademiyaga ilmga chanqoq, ilmiy izlanishlarga havasmand yoshlarni tortib, ularning ilmiy maqolalari (kashfiyotlari)ni keng ommaga taqdim qilish orqali ko‘pchilikni ilm-fanga qiziqtirishi tabiiy hol. Ammo…
Atamasiga “ijtimoiy”, “falsafiy”, “badiiy” so‘zlari tirkalgan qandaydir akademiya akademiklik unvoni, uning qandaydir nishonlarini (orasida “xizmat ko‘rsatgan adib” va boshqa faxriy unvonlari ham bor) pul evaziga tarqatishi qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi? Umrida bir-ikkita piyoz po‘chog‘idek yupqa kitobcha chiqargan (nusxasi ko‘pi bilan 200–300 atrofida) ayrim havaskor shoir va yozuvchilar bir dumalab “akademik” bo‘lib qolyapti. Hatto, birorta risolasi nashr yuzini ko‘rmagan “ishtiyoqmand”lar ham o‘sha akademiyaning nishondoriga aylanmoqda.
Mayli, buni havaskor ijod ahlini ma’nan qo‘llash, deylik. Ammo bugun bir yumalab akademik bo‘lganlar to‘rt qator she’ri ostiga o‘zini “akademik shoir” deb qayd qilayotganiga nima deymiz?
Shunga o‘xshagan turli akademiyalarga a’zo bo‘lganlar orasida taniqli insonlar – yozuvchi, olimlar borligi, ular katta davralarda adabiyotimiz, ilm-fanimizni targ‘ib qilishayotgani holatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘sha insonlar bu unvon va nishonlarni maqtanish uchun emas, shunchaki mehnatlari tan olinishi, faxriy bir nimarsa sifatida qabul qilishgandir.
Yaxshi gumonda bo‘lamiz, menimcha, shunday!
Davlat mukofotlari maqomiga kirmaydigan turli ko‘krak nishonlari vazirliklar, idora-tashkilotlar tomonidan ta’sis qilinib, sohada uzoq yillar ishlagan kishilarga berilishi qonunlarimizda belgilangan. Bunday nishonlarni ta’sis qilish va odamlarni mukofotlashga oid nizomlar ham bor. Turli darajadagi “mehnat faxriysi” yoki tarmoqlar bo‘yicha ta’sis qilgan “… a’lochisi”, “… faxriysi”, “… fidokori” kabi nishonlarni ham shu qatorga qo‘shamiz. Bunday nishonlarga munosib ko‘rilgan insonlarni qutlaymiz ham. (Oddiy tomorqachi quvonchiga sherik bo‘lganim ham shundan).
Jamoatchilik asosida tashkil qilingan turli ijodiy uyushmalar (va hatto, akademiyalar) qo‘shni respublikalarda ham anchagina. Ba’zi hamyurtlarimiz ana shunday ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘lgani haqidagi xabarlarni eshitamiz. Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, bu nishonlar sotilarkan – kim pulini to‘lasa, o‘shaniki.
Ochig‘i, hozir “nishonpazlik vasvasasi” tashxisi noma’lum xastalikka aylandiki, “Kimda ko‘p nishon bor?” degan poygaga mukkasidan ketganlar safi ko‘paymoqda. (Ularning tadbirlarga ko‘ksini to‘ldirib yaltiroq nishonlarni osgancha mag‘rur kirib kelishlarini aytmay qo‘ya qolay).
Vohalik bir ijodkorni yaxshi taniyman. Tajribali jurnalist va publitsist o‘laroq umrining yarmini arxivlarda o‘tkazib, bir asr ilgari yashab o‘tgan jadid bobolarimiz haqida qimmatli materiallarni to‘plab, o‘nga yaqin kitob chop ettirdi. Garchi ilmiy darajasi bo‘lmasa-da, bir o‘zi bir ilmiy tadqiqot institutining jamoasi bajaradigan ishlarni amalga oshirdi. Uning mashaqqatli mehnatlari ijodiy tashkilotlar nazaridan chetda qoldi – birorta mukofot olmadi. Aslida, o‘zi ham bunga intilmadi. Yaqinda shu jurnalistning akademik bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi xabarga ko‘zim tushgach… qo‘ng‘iroq qildim.
“O‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Ko‘p tadqiqotlar yaratgan ekansiz, sizga akademik diplomi beramiz, deyishdi. Ko‘ngilbo‘shlik qildimmi, surishtirib o‘tirmay rozilik berdim va endi pushaymonim ichimda. Bu diplom uchun kattagina pul to‘lashim kerak ekan. Nima uchun pul to‘lashim sababini shunday tushuntirishdi: “Vohaga kelib-ketish, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlari uchun berasiz. Axir, siz uchun azza-bazza olis yo‘l bosib, shuncha xarajat qilib keldik”. Nafaqada bo‘lganim uchun bu mablag‘ menga og‘irlik qilishini aytdim: “Oldindan shuni aytganingizda poytaxtga o‘zim borardim-ku”, dedim. Bunga ham bahona topishdi. “Bizlar keldik. Endi yana ikki-uch nomzod toping, shunda ozroq pul to‘laysiz!” Nima qilay, yana ikki kishini topib berdim”, deydi u afsuslangancha.
Suhbatdoshim diplomini hech kimga ko‘rsatmagani, bundan uyalishi, xabarni esa o‘sha tashkilot mutasaddilarining o‘zlari ijtimoiy tarmoqlarga yoyganini ham eslatdi. Mana bir “akademik”ning holati!
…Ijodiy guruhlarda tez-tez shunday e’lonlarga ko‘zimiz tushadi: “Falon davlatda asarlaringiz chop qilinishini istaysizmi? Unday bo‘lsa, ikki varaq hajmda she’rlar yoki hikoyalaringizni falon manzilga jo‘nating!” E’londa, albatta, ijodiy ishlaringiz o‘zga tilga o‘girilishi va chop qilinishi uchun qancha miqdor pul to‘lashingiz ham ko‘rsatilgan bo‘ladi. 20–30 nafar havasmandlar asari tarjimasidan iborat to‘plamning keyin shu mamlakatda taqdimoti ham tashkil qilinadi. Taqdimotga borish har bir ijodkorning o‘z ishi, ya’ni yo‘lkira-yu boshqa xarajatlar o‘z hisobidan. Unga taqdimotda o‘sha kitobdan ikki nusxa beriladi. (Chet mamlakatlardan birida shu taxlit chop qilingan “kitob taqdimoti”ga borib qaytgan ijodkor qarzlarini uzish uchun o‘zi ham xorijga ishlashga ketganini bilaman).
Umuman, o‘sha kitob necha nusxada chop etilgani, o‘sha mamlakatdagi adabiyot ixlosmandlariga qay darajada taqdim qilingani mavhumligicha qoladi. Xo‘p, o‘ttiz nafar pul to‘lagan ijodkor oltmishta kitob oldi, deylik. O‘ttiz nafar muallif to‘lagan pul miqdori o‘rtacha 7-8 million so‘mga boradi. Bundan tarjimon haqi chegirib tashlansa, kitob o‘sha davlatdagi biror xususiy nashriyotda ko‘pi bilan yuz nusxada chop qilingani oydinlashadi.
Demak, uddaburon tarjimon “sopini o‘zidan chiqaradi”, shu bahonada to‘plamga asarlari kiritilgan ijodkorlar hisobidan chet elga sayohat ham qilib keladi.
Ana shunday “jahongashta adiblar” orasida maktab o‘quvchilari – havaskorlar ham borligi adabiyotimiz targ‘ibotidan maqsad nima ekanligini bir qadar oydinlashtiradi. Ya’ni, tashkilotchi tarjimon manfaati bu yerda hamma narsadan ustun turadi.
Mana, “o‘zbek adabiyoti targ‘iboti” bo‘yicha innovatsion usul! Qoyilmisiz?
Eng afsuslanarlisi, qo‘shni yoki Sharq mamlakatlarida shunday “ilg‘or usul”da chop qilinayotgan kitoblar, garchi nusxalari sanoqli bo‘lsa-da, xorijdagi asl adabiyot muxlislarining milliy adabiyotimiz haqidagi taassurotini siyqalashtirmoqda. Abdulla Qodiriy kabi ulkan adiblari dunyoga yo‘l ochgan mumtoz-u zamonaviy adabiyotimizni bugun “ishbilarmon tarjimonlar” havaskorlik darajasiga tushirib qo‘yishmayaptimi?
Afsuski, shunday!
Hozirda arab hamda hind tillarida shu taxlit tarjima to‘plamlar chiqarish uchun pul yig‘ish avjiga chiqqan. To‘g‘ri, qanday bo‘lsa-da adabiyotimiz u yoki bu ko‘rinishda boshqa davlatlarga chiqishi e’tiborli holat. Bu jarayonga xorij tillarini bir qadar o‘zlashtirgan adabiyot ixlosmandlari bosh bo‘lishyapti. Ammo ularning tarjimonlik bobidagi saviyasi qay darajada, degan savol ochiq qolmoqda. Hozirda kompyuterda maxsus tarjima dasturlari borligini eslatsak, tarjimonlarning aksariyati shu dasturga “xizmat buyurib”, so‘ng ustidan o‘zi bilgan (fikrati yetgan) darajada tahrir qilib, to‘plamlar chiqarmayaptimikan, degan o‘yga boradi odam.
So‘nggi davrda “antologiya” so‘zi rosa ommalashdi. Chet davlatlarda chop qilinayotgan “hashar kitoblar”ning aksariga antologiya yorlig‘i yopishtiriladi. Antologiya – adabiyotning ma’lum davri, ma’lum janrida yaratilgan eng sara asarlar to‘plami. Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olish uchun o‘quvchilarning mahalliy nashriyotlarda shoshma-shosharlik bilan chop qilingan mashqlariga antologiya atamasi yopishmaydi. “Innovatsion tarjimon”larga esa baribir…
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tilida chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildlik majmuasini antologiyaning asl namunasi deyish mumkin. Qolaversa, TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan turkiy davlatlar ijodkorlarining sara asarlarini tarjima qilish, chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish an’anaga aylandiki, buni ham olqishlash kerak.
Bir asr ilgari millatni uyg‘otish orzusida maydonga chiqqan, maktablar ochgan, yoshlarni chet ellarga o‘qishga yuborgan, iste’dodli yozarmanlarga ilk to‘plamlari dunyo yuzini ko‘rishlarida beminnat yordam qo‘lini cho‘zgan jadid bobolarimiz faoliyatidan ibrat olmog‘imiz kerak. Ularning unvonlar, nishonlar ta’sis qilishgani, o‘z faoliyatini rivojlantirish bahonasida turli diplomlar ulashgani haqida biror manbada o‘qiganim yo‘q. Qolaversa, bu kabi illatlar – nishonpazlik, soxta akademiklik ularning yetti uxlab tushlariga ham kirmagan.
…O‘tgan hafta o‘sha tanish jurnalist qo‘ng‘iroq qilib qoldi: “Xabaringiz bormi, anovilar yana murid oviga chiqishibdi. Nishon sotib oladiganlarni izlashyapti”.
Indamadim. Nimadir degim keldi-yu, nari o‘ylab-beri o‘ylab tilimni tiydim.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Tahririyatdan: ushbu maqolada bugun ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan jiddiy masala tilga olingan. Chindan ham, keyingi vaqtlarda jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadigan har xil mahalliy va xalqaro akademiyalar, uyushmalar paydo bo‘lmoqda. Muallif ta’kidlaganidek, bizning ham bunga qarshiligimiz yo‘q. Biroq ana shu tashkilotlar faoliyatini tartibga solish hamda ularga a’zolik mezonlarini ko‘rib chiqishning vaqti kelmadimikin?
Xo‘sh, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi idoralarning bu borada fikri qanday? Biz ularga ham minbar berishga tayyormiz.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
84
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
599
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
597



