14.01.2025 | 14:09
332
TENGI YO‘QDIR SHARAF BOBIDA YOXUD JASORATLI DILOROM HAQIDA QISSA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti har bir videoselektorni jonli, mazmunli, samarali o‘tkazadi. Ularda davlatimiz taraqqiyotining turli sohalari qamrab olinadi. Barchasida el-yurt farovonligi, mamlakat tinchligi bilan bog‘liq hayotiy masalalar muhokama qilinadi. Uni ko‘rgan odam xuddi Yangi O‘zbekiston hayotining qaynoq og‘ushiga tushib qolganday sezadi o‘zini. Davlat siyosatida masalaning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi birday muhim. Shu bois men ana shu majlislarni doim tinglab, kuzatib boraman.

O‘tgan yili 13-dekabr kuni bo‘lgan navbatdagi videoselektor majlisida nogiron shaxslar, imkoniyati cheklangan odamlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Bunday toifaga mansub insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga shart-sharoit yaratish, kasb-hunar o‘rgatish, ko‘mak berish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Shu kungi yig‘ilishda yuz bergan ajoyib voqea shubhasiz, barcha yurtdoshlarimizning ko‘nglini ko‘tarib yubordi.
Gap shundaki, muhtaram Prezidentimiz mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani uchun surxondaryolik tadbirkor Dilorom Yo‘ldoshevani “Mardlik” ordeni bilan taqdirladilar. Xalqaro Bi-Bi-Si nashri tomonidan tuzilgan dunyoning eng irodali va e’tiborli 100 nafar ayoli ro‘yxatidan o‘rin egallagan bu ayolning bir necha yildan buyon namoyon etib kelayotgan matonat va jasorati tahsinga sazovordir.
Nogiron bo‘lishiga qaramay, o‘z xonadonida tikuvchilik ustaxonasi ochib, qirqdan ortiq qishloq ayollarini ish bilan ta’minlagan Dilorom Yo‘ldoshevaning ibratli faoliyati haqida Prezidentimiz gapirib, “Biz bunday irodali va matonatli insonlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ularni hammaga ibrat qilib ko‘rsatishimiz kerak”, deb alohida ta’kidladilar.
Dilorom yuksak mukofot bilan taqdirlanganini eshitgan chog‘ida quvonchdan to‘liqib ketdi, diydasi yumshab, ko‘zlari namlangan bo‘lsa-da, biroq ko‘pchilikning o‘rtasida o‘zini qo‘lga ola bildi. Ha, inson qadri shunchalar yuksak bu mustaqil Vatanda!
Shu kungi majlisda yozuvchilar, kinochilar oldiga bunday fidoyi insonlarning sharafli hayoti va faoliyati haqida badiiy asarlar, filmlar yaratish vazifasi qo‘yildi.
* * *
Xo‘sh, Dilorom Yo‘ldosheva kim aslida? U Denovga qo‘shni Oltinsoydan. 1984-yilda Guliston mahallasida, ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Shodi aka bir umr montyor bo‘lib ishlagan, onasi Yorqinoy opa uyda bolalar – uch qiz va bir o‘g‘ilning tarbiyasi bilan mashg‘ul edi.
Dilorom oilada katta qiz. Bolaligi zavqli, shodon va quvnoq kechdi. U kichikligidanoq bosiq, ta’sirchan, xayolga ko‘p beriladigan qiz bo‘lib o‘sdi. Qahramonimiz maktabda yaxshi o‘qidi, ikkita sinfdoshi – Sayyora, Sevaralar bilan jonday dugonalar edilarki, hech naryog‘i yo‘q. Ularni bir jon-u bir tan desa bo‘lardi. Oralaridan qil o‘tmas, hamisha birga dars tayyorlashar, birga o‘ynashar, tepa mahalladagi suvi limmo-lim bo‘lib oqadigan ariqlar bo‘yiga borishar, Vaxshivor tog‘iga chiqishar, tabiatning go‘zalligidan zavqlanishardi.
Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani uchunmi, otasi ko‘proq Diloromga suyanar, hatto ayrim masalalarda u bilan maslahatlashardi. Dilorom bundan quvonar, mehribon otasiga qo‘ldan kelgancha yordam berishga harakat qilardi.
Bir kuni otasi gap orasida: “Kim bo‘lmoqchisan, qizim?” deb so‘rab qoldi.
Diloromning ko‘zlari charaqlab ketdi. Kichiklikdan orzusi bor edi: u tikuvchi-dizayner bo‘lmoqchi!
– Maktabni bitirsam, Toshkentdagi “Mashhura” o‘quv markaziga borib o‘qiyman, otajon! – dedi qiz dadil. – Maktabda bichish-tikish to‘garagiga ham qatnashyapman.
– Iloyim, niyatingga yet, qizim! Senga ishonaman, – deb onasi uni maqtab qo‘ydi. – Yangi uy qurilishini bitkazib olaylik, keyin albatta o‘qiysan… Hozircha, xolangning qiziga shogird bo‘lib, ish o‘rganib turgin, u yaxshigina tikuvchi-ku.
– Xo‘p bo‘ladi, otajon!
Biroq kutilmaganda Dilorom taqdirning ayovsiz zarbasiga duch keldi. U maktabni bitirib, shirin orzular og‘ushida katta shaharga ketishga chog‘lanib turganida mehribon otasi o‘ttiz olti yoshida olamdan o‘tdi. Kechki g‘ira-shirada qishloqda chiroq o‘chib qoladi. Uning otasi odamlarning uyini yoritish maqsadida simyog‘ochga ko‘tarilib, uzilgan simlarni ulayotganida nogahon kuchli tok chaqnashi yuz beradi va oqibatda Shodi montyorning kuygan-qoraygan jonsiz tanasi yuqoridan yerga qulaydi…
O‘lmoqning ortidan o‘lmoq yo‘q, deyishgan. Dilorom otasidan ayrilganiga qattiq kuyingan bo‘lsa-da, lekin irodasini qo‘lga oldi. Onasining yoniga kirib, ro‘zg‘or tebratishda unga ko‘maklasha boshladi. Qarindosh-urug‘lar ham qarab turishmadi, holi-qudrat yordam berishdi. Aqlli qiz fahmladiki, Toshkentga borib o‘qishdan voz kechish kerak, qolaversa, bu narsa ko‘ngilga ham sig‘maydi, mablag‘ ham yo‘q…
Bu orada sovchilar eshik qoqib kela boshladi. Yaxshi qiz uzoq o‘tirmaydi, darhol elning nazariga tushadi. Nihoyat, 2006-yili Diloromni Denov tomonlarga uzatishdi. Turmush o‘rtog‘i Dilmurod besh aka-ukaning biri edi. Uning otasi ham ancha yillar burun dunyodan o‘tgan ekan. Oqibatda mushtipar ona jonini jabborga berib bir etak bolani katta qilgan. Afsuski, u ham keyingi vaqtlarda og‘ir kasalga chalinib, yotib qolibdi…
Dilmurod bir akasi bilan fermada cho‘ponlik qilardi. Xudo ularga Jaloliddin, Mohlaroyim, Saidafzal ismli biri-biridan shirin uch farzand berdi…
Kattagina xonadonda besh kelin ahil va inoq yashay boshladi. Ayniqsa, katta ovsini Adiba Diloromga ovsin emas, balki tug‘ishgan opasidek edi. Mehribon-u mushfiq, hamisha yordamga tayyor turadigan, ko‘ngli ochiq ayol. Hamma ish katta xonadonda shu ikkisiga tushgandi. Qozon-tovoq – bir. Bozorga borishmi, tomorqada ishlashmi, to‘y o‘tkazishmi, mehmon kutishmi… barchasi ularning zimmasida.
* * *
Afsuski, inson falokat qayerdan kelishini bilmaydi. Shu sababdan falokat – oyoq ostida, degan ibora bor. Dilorom uchungina emas, balki hamma uchun ham kutilmagan dahshatli falokat yuz berdi!
O‘rim-yig‘imning qaynoq payti. Dalada ishlayotganlarga tushlik olib borgan Dilorom bekor turmay deb bir bog‘ makkapoyani guvillab yurib turgan kombaynga tashladi… Biroq uzun xalatining peshi makka poyasiga ilashib qolib, bahaybat texnika uni domiga tortib keta boshladi. Lahza o‘tmay uning oyoqlarini kombaynning o‘tkir tishlari chaynab tashladi. Yana bir-ikki lahzada u butunlay nobud bo‘lishi mumkin edi. Yaxshiyam, shu payt Dilmurod yugurib kelib, uni muqarrar o‘lim changalidan qutqarib oldi.
Bu juda og‘ir fojia edi. Lekin Dilorom o‘zini yo‘qotmadi… Jasoratli ekanini shu yerda namoyon etdi. Dahshatli og‘riq iskanjasida hammasini bilib turardi: uni mashinaga olib, kasalxonaga eltdilar, doktorlar kuymalanishib, muolajaga shaylana boshladilar, chamasi. Birdan hech narsani sezmay, ko‘rmay qoldi: u hushdan ketgan edi…
Operatsiya to‘rt yarim soat davom etdi. Dilorom o‘ziga kelib qarasa, ikki oyog‘i yo‘q! O‘ziga o‘xshamaydi…
Shundan so‘ng katta ovsini butun uyning tashvishini zimmasiga oldi. Ikkinchi ovsini bolalarini uyda qoldirib, o‘n kun kasalxonada unga g‘amxo‘rlik qildi. Mahallada odamlar besh ovsinning bir-biriga hurmati, oqibati haqida ko‘p gapirardilar. “Shularning ko‘magida oyoqqa turdim”, deydi Dilorom diydasi yumshab.
Uzoq-yaqin qarindoshlari, farzandlari, ovsinlari, jonday dugonalari Sayyora bilan Sevara og‘ir damlarda uning boshida parvona bo‘lishdi. “Orol” mahallasi odamlari kasalxonada ham, uyda ham Diloromdan xabar olgani kelishar, unga dalda berishga harakat qilishardi. Har kuni mehmon, mehmon… Bularni ko‘rgan Diloromning “Odamlar men uchun qayg‘urib, atrofimda shuncha parvona bo‘lyapti, demak, mahallaga, odamlarga kerak ekanman-da…”, degan o‘ydan ko‘ngli ko‘tarilar, kuchiga kuch qo‘shilardi.
Falokat tufayli keraksizga chiqdim, deb o‘ylayotgan Dilorom, kerakli odam ekanini his qildi, o‘ziga ishonchi orta boshladi.
Muolajalardan keyin Dilorom to‘rt oy uydan chiqmadi. Kunduzi keldi-ketdi bilan ovunar, chalg‘ir, kechasi esa badbin xayollarga berilib, yuragi siqilar, ertalabgacha ko‘zlariga uyqu kelmasdi. Bu yog‘i nima bo‘ladi, oila, turmush, o‘zining nochor ahvoli… Xo‘jayini Dilmurod ham qiynalib ketdi. Barini Dilorom ko‘rib turardi. Unda bir fikr tug‘ildi, uzoq o‘ylab yurdi, lekin fikrini dabdurustdan eriga aytishga jur’ati yetmasdi.
– Xo‘jayin… – dedi Dilorom oxiri shunday bedor kechalarning birida. – Ahvolimni ko‘rib turibsiz… Sizga qiyin bo‘lib ketdi…
Dilmurod indamadi.
– Bizning mahallada qizlar bor, boshqa mahallalarda ham qizlar ko‘p, yana…
Dilmurod birdan jerkib berdi:
– Indamaganimga o‘zingdan ketma! Ikkinchi eshitmay bu gapingni! O‘g‘illarim bor. Xudoga shukr qilaman. Bu erkakning ishi emas-da! Hammasi yaxshi bo‘ladi…
Bu haqiqiy erkakning gapi bo‘ldi! Erining oxirgi baqirishi edi bu. Uni boshqa koyimadi. Dilorom erining sadoqatiga ishondi, bu uni yana ham ruhlantirdi.
Baribir, umidsizlik iskanjasi uni qo‘yib yubormasdi. Ayniqsa, ishga yaroqsiz bo‘lib qolganidan o‘ksinar edi. Shunda u bir vaqtlar otasining maslahati bilan xolasining qizidan oz-moz tikuvchilik sirlarini o‘rganganini esladi va o‘zi uchun eng qulay ish – uyda o‘tirib tikuvchilik bilan shug‘ullanish ekanini anglab yetdi. Axir, kelajakda tikuvchi-dizayner bo‘lmoqchi edi-ku.
Qaynonasidan qolgan qo‘l mashina ish berdi. Lekin mashina eski bo‘lib, ishlash qiyin edi. Ko‘p mashaqqat chekdi.
* * *
Diloromning baxtiga mahalla saylovi bo‘lib o‘tdi, mahalla rahbarligiga yangi odamlar keldi, ishlar oz-oz yurisha boshladi, Dilorom bola puli oladigan bo‘ldi, ilgari xo‘p urinib ololmagandi, hokim yordamchisi Faxriddin O‘rinov ko‘magida unga yangi tikuv mashinasi berildi.
Diloromda endi protez olish fikri tug‘ildi. Youtube kanalida nogiron kishilarning protezda bemalol yurib ketayotganlarini ko‘rib, ularga havas qilardi. Hatto protez ekani bilinmasdi ham. Lekin uning to‘plagan puli protezga yetmasdi…
Bir kuni hamqishlog‘i Poshsha xola kirib qoldi.
– Diloromxon, eshitdim, Toshkentga borib kelibsiz. Protez olishingiz uchun jinday pul yetmay turgan ekan, – dedi u. – Eshon buvangiz bilan kelishdik. Hajga boramiz, deb ozgina pul jamg‘argan edik… Shuni sizga olib keldim. Protez sotib olishga ishlatarsiz! Biz Hajga bu yil bo‘lmasa, kelasi yil borarmiz.
Dilorom Poshsha xolaning himmatiga tan berdi.
– Xudo umrlaringizni ziyoda qilsin, Poshsha xola! – dedi Dilorom. – Katta rahmat! Lekin pullaringizni ololmayman. Sizlar ulug‘ safarga sog‘-salomat borib kelingizlar!..
Poshsha xola chorasiz chiqib ketdi.
2023-yilda xotin-qizlar faoli Diloromga “Sizni elektron aravacha oladiganlar ro‘yxatiga kiritaymi?”, deb so‘rab qoldi. Dilorom darhol rozilik berdi. Keyin ikki nafar tuman kengashi deputati, mahalla faollari qo‘shni qishloqda bir momoning anchadan beri ishlatmayotgan elektron aravachasini olib kelib Diloromga topshirishdi. Tantanavor suratlarga tushildi.
– Opa, – dedi deputatlardan biri. – Bu aravacha sizning nomingizga rasmiylashtirib beriladi.
Diloromning quvonchi cheksiz edi. Endi qo‘ltiqtayoq ham kerak emas, aravachasi bor! Xuddi oyoqlari qaytib kelganday bo‘ldi. Qarindosh-urug‘lariga maqtanib ham qo‘ydi.
Oradan chamasi ikki oylar o‘tdi. 2024-yil fevral oyi oxirlari edi, Dilorom eri ikkisi yo‘llanma bilan dam olish uyiga borishdi. Ikkisi ham mamnun. Kutilmaganda notanish odam unga qo‘ng‘iroq qildi:
– Opa, xafa bo‘lmaysiz-da endi. Shunday-shunday… onamning aravachasini sizga oborib berishgan edi, endi uning o‘ziga kerak bo‘lyapti, bizga shuni qaytarib bersangiz…
Diloromni chaqmoq urganday bo‘ldi. Shu zahotiyoq er-xotin muolajalarni qoldirib, uyga jo‘nadi. U birovning omonatini saqlab yurgan ekan-da! Bugunoq aravachani egasiga qaytarish kerak!
Dilorom nadomatdan xonaga sig‘mas edi. Darhol xotin-qizlar faoliga qo‘ng‘iroq qilib, aravachani qanday olib kelgan bo‘lsangiz, shunday egasiga eltib bering, deb tayinladi. Ish aytganiday yakun topgachgina ko‘ngli joyiga tushdi. Ammo dastavval oyoqsiz qolganda qanday ayanchli ahvolga tushgan bo‘lsa, hozir o‘sha hol takrorlanganday tuyuldi, aravachaga o‘rganib qolgan ekan-da.
Dilorom o‘kinch-alamdan to‘liqib ketdi, ichida qadriga yig‘ladi, u jasoratli ayol edi, tashiga chiqarmadi. Inson qadri bir aravachalik emasmi?..
Yana umidsizlik Diloromni qisti-qafasga ola boshladi, olam ko‘ziga tor ko‘rinardi… Shu kunlarda Dilorom Prezidentning topshirig‘i bilan chekka hududlarda yashayotgan nogiron va imkoniyati cheklangan odamlarning muammolari bilan tanishish uchun Toshkentdan katta rahbarlar kelibdi, degan yangilikni eshitdi. U el orasida “direktor momo” deb nom chiqargan shaddod momosidan, borib o‘sha rahbarlarga Diloromning ahvolidan xabar berishini iltimos qildi. Momo borib, kerakli odamga uchrashdi. Ajabki, ertasi kuniyoq o‘sha rahbarlar yap-yangi kolyaska bilan Diloromning xonadoniga kirib keldi.
Ular Diloromxonning, nogiron bo‘lsa-da, hech kimga nolimay, birovga boqimanda bo‘lishni istamay, eski tikuv mashinasida ishlab o‘tirganini ko‘rib qoyil qolishdi.
Ezgu ish boshqa ezgu ishlarni boshlab keladi. Tez orada “Ayol va zamon” nodavlat-notijorat tashkiloti Diloromga katta yordam ko‘rsatdi. Tashkilot o‘quv markazi rahbari Gulnora Xojaniyozova juda mehribon va mas’uliyatli ayol ekan. Uning ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘l-yo‘riqlari tufayli Diloromning ustaxonasi zamonaviy tikuv mashinalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Natijada tikuvchilikka qiziqib, shogirdlikka keluvchi xotin-qizlar safi ko‘paya boshladi.
Ko‘p o‘tmay “Ayol va zamon” tashkiloti huzuridagi o‘quv markazining Denov filialini ochdilar. Dilorom kun bo‘yi sevimli ishi bilan band: peshingacha kursga kelgan qizlarga chevarlik sir-asrorlaridan dars beradi, tushdan keyin o‘zi buyurtmalarga qarab, bichish-tikish ishlari bilan band bo‘ladi. U o‘zini aslo nogiron hisoblamaydi. Uning boshchiligidagi sexda bolalar kiyimlari, kelin seplari, avra chopon, qavima paxtalik chopon, ko‘rpachalar, bet-astar ham tikiladi. Yaqinda ishchilar kombinezoni tikish bo‘yicha ham yirik shartnomalar imzolandi.
– “Ayollar daftari”ga kiritilgan birinchi guruh nogironlari uy-joyini ta’mirlash uchun subsidiya olishlari mumkin, – maslahat berdi Gulnora Jabborovna unga.
Dilorom bunday imkoniyatdan bexabar edi. U huquqshunos bilan maslahatlashib, tadbirkorlikni boshlab yubordi: bir xonani tikuv sexiga moslab ta’mirlattirdi, biznes-reja tuzdi, o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Hozir Diloromning 60 nafardan ortiq shogirdlari bor, ayollarni ish bilan ta’minlamoqda, ularga kasb-hunar o‘rgatmoqda.
– Tikish-bichish – qishloq sharoitida xotin-qizlarga eng kerakli yumush. Tikishni bilgan ayol qiynalmaydi. Odamlar hech bo‘lmasa, o‘z bolasiga kiyim tikib beradi-ku! Bu yurtda tikuvchi hech qachon ishsiz qolmaydi… – deb uqtiradi Dilorom o‘zining shogirdlariga.
Men bundan bir necha yil burun bir yozuvchi ukamizning mo‘ynoqlik Manzura Yerniyazovaning fojiali kechmishi haqida yozilgan “Yo‘lbarsning yuragini yegan ayol” asari asosida o‘zbek va qoraqalpoq kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Tengiz” badiiy filmini katta qiziqish bilan tomosha qilgandim. Asarda Mo‘ynoq shahrida yashayotgan oddiy bir ayolning boshiga tushgan og‘ir sinovlarni sabr-toqat va matonat bilan yengib o‘tishi, uning bukilmas irodasi juda hayotiy, ta’sirli aks ettirilgan.
Ayol kutilmagan falokat tufayli poyezdning tagiga tushib ketib, bir qo‘l va bir oyog‘idan judo bo‘ladi. Ruhiy tushkunlik va umidsizliklardan so‘ng nihoyat, u o‘zini qo‘lga olishga, hayotini yangidan qurishga kuch topadi. Ming mashaqqatlar bilan bir qo‘lda kiyim-kechak tikishni o‘rganadi. Sidqidildan mehnat qilgan odam, albatta, niyatiga yetadi. Tengiz tez orada Mo‘ynoqda mohir chevar sifatida tilga tushadi. Tikuvchilik korxonasini ochib, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaydi, nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki butun O‘zbekistonda jasoratli ishbilarmon ayol sifatida dong taratadi.
Bu filmni eslashimning sababi bor. Gap shundaki, “Tengiz” – Diloromning eng sevgan filmlaridan biri. Uni ko‘p ko‘rgan, qayta-qayta ko‘radi, undan ta’sirlanadi, kuch oladi. Shogirdlariga ham bu filmni ko‘ringlar, deb uqtiradi. Tengizning yuksak irodasi, sabr-bardoshiga qoyil qoladi. “Men ham Tengiz kabi kuchli ayol bo‘laman!” – deb o‘zini o‘zi ruhlantirgan paytlari ko‘p bo‘lgan. Mana, san’atning kuchi nimalarga qodir!
Meni bu o‘xshash taqdirlar juda hayajonlantirdi. Manzura va Dilorom – qoraqalpoq va o‘zbek ayollarining jasoratli vakilalari, mo‘tabar siymolari. Ular – To‘marislar, Apamalar avlodi! Bular – hozircha biz bilganlarimiz. Bilmaganlarimizning sanog‘i qancha ekan…
* * *
O‘tgan yilning oktyabr oyida Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kino saroyida Dilorom Yo‘ldoshevaga bag‘ishlangan “Matonat” filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda davlat arboblari, jamoatchilik vakillari, kino san’ati vakillari va film qahramoni Dilorom Yo‘ldoshevaning o‘zi ham ishtirok etdi. Taqdimot muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Barcha o‘zbek ayolining matonati, mardlik va jasorati timsoliga aylangan Diloromga mehr va hayrat bilan qarashardi.
2024-yil 20-dekabr kuni xalqaro Amir Temur jamoat fondi rayosatining qaroriga ko‘ra, bir guruh fond faollari Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talaba va o‘qituvchilari huzurida “Sohibqiron Amir Temur merosi – kelajagimiz asosi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazdi. Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti professori, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri, shoir va tarjimon Sirojiddin Rauf, taniqli publitsist adib Toshtemir Turdiyev, institut rektori Oybek Ro‘ziyev va kamina Sohibqiron faoliyati, tarixi va zamoni, uning Surxondaryoda bo‘lgan yillari haqida ma’ruzalar qildik, qizg‘in kechgan anjuman savol-javoblarga ulanib ketdi.
Anjumandan so‘ng “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangan Dilorom Yo‘ldoshevani qutlamoq uchun “Orol” qishlog‘iga otlandik. Bizni Dilorom o‘z ustaxonasida o‘nga yaqin shogirdlari bilan kutib oldi. Barchasi ish ustida, tikuv mashinalari ishlab turibdi. Ana shogirdlar – Barchinoy, Xayrinisa, Gulchehra, Guljahon, Baxmal, Sayyora…
Jasoratli ayolni davlatimizning yuksak mukofoti hamda xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladik. Men Diloromning chehrasiga qaradim. Shuncha falokatlarni ko‘rgan ayolning yuzida biron nolish, ranj alomatlarini ko‘rmadim. U hammaga ochiq chehra bilan boqardi. Davrada she’rlar ham jarangladi.
Dilorom hikoya qildi:
– Bir narsaga hayron qoldim. Mahallamizdan Ilhom degan o‘ttiz besh yoshlardagi nogiron yigit o‘ziga chopon tiktirgani bir tikuvchiga boribdi. Tikuvchi, agar ellik ming so‘m bersang, tikib beraman, debdi. Ilhomning puli yo‘q ekan, o‘ksib qaytibdi. Buni eshitib, darhol yigitni chaqirtirdim. Andozasini olib, bir kechada to‘nni chiroyli qilib tikib, qavib, ertasiga uning yelkasiga yopdim. Qomatiga juda yarashdi. Boyaqish boshi osmonga yetganday xursand bo‘ldi! “Necha pul beray, opa?” – deb so‘radi u. “Sizga bepul! Bu ehson, pulingiz kerakmas!” – dedim. Yuzi quvonchdan yorishgan Ilhom qayta-qayta rahmat aytib, yosh boladay chopqillab chiqib ketdi.
Bir savob ish qildim, deya ichimda quvonib turgan edim. Qarang, Ilhom chiqib ketishi bilan Toshkentdan qo‘ng‘iroq bo‘lib turibdi-ku! Xabar qilishlaricha, men xalqaro Bi-Bi-Si nashrining eng mashhur 100 ayoli ro‘yxatiga kiritilgan ekanman.
Bu xushxabar menga chaqmoqday ta’sir qildi. Shunda Xudo o‘z bandasini hech qachon esdan chiqarmasligiga ishondim. Muhtaram Prezidentimiz nazarlariga tushdim. Orden bilan taqdirladilar. Mening xursand bo‘lgan joyim, hozir qonunlar ishlay boshladi, ha, qonunlar ishlamoqda! Davlat rahbarining o‘zi nogiron va mehrga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Ana shunday g‘amxo‘rlik tufayli men shu darajaga erishdim. Hurmatli Prezidentimizga bunday e’tiborlari uchun ming qulluq deyman.
“Bi-Bi-Si – 100 ayol” loyihasi muharriri Rebekka Torn o‘z intervyusida shunday deydi: “Ba’zan qiyinchiliklardan shikoyat qilib, ruhan tushkunlikka tushib qolish insonga xos. Shunday paytlarda ayollik kuchi va irodasiga tayanish kerakligini Dilorom kabi ayollar isbotlaydi.
Dilorom iroda va matonat sohibasi bo‘lgan ayol sifatida bizning diqqatimizni tortdi. Biz qidirayotgan xislatlarning bari unda mujassam edi. Baxtsiz hodisa tufayli oyoqlarini yo‘qotganiga qaramay, hayotdan yuz o‘girmagan. Tikuvchilikni o‘rgangan. Faqatgina tikuvchilik qilib qolmay, tadbirkorlikka ham kirishgan. Kengayib borayotgan biznesi bilan nafaqat o‘zining, balki boshqa ayollarning ham hayotini yaxshilashga erishyapti. Bunday fojiani boshidan kechirgan uncha-muncha odam tushkunlikka tushib qolishi shubhasiz. Dilorom esa o‘zini qo‘lga olib, o‘zidan boshqa ayollarga va jamiyatga katta foydasi tekkani bizni lol qoldirdi.
Bu yil davomida dunyoda bo‘layotgan ziddiyatlar sabab, ayollarning ruhiy sog‘lig‘iga juda katta putur yetdi. Depressiya, qayg‘ular, jismoniy sog‘liqqa bo‘lgan tahdidlarga qaramay, bunday ayollar irodasi va matonati sabab eng katta qiyinchiliklarni yengib o‘tib, nafaqat o‘zlarining balki atrofdagilarning ham hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirmoqda”.
Shuni aytish joizki, dunyoning ko‘p mashhur ayollari “Bi-Bi-Si – 100 ayol” ro‘yxatidan joy olishgan. Chunonchi, ular orasida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari – iroqlik Nodiya Murod, amerikalik kimyogar olim Frensis Arnold amerikalik mashhur aktrisa, ko‘plab nufuzli mukofotlar sohibasi Sheron Stoun, AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obama singari ayollarning borligi diqqatga sazovordir. Ular safiga endi jasoratli o‘zbek ayoli, fidoyi tadbirkor, “Mardlik” ordeni sohibasi Dilorom Yo‘ldosheva ham qo‘shildi.
Diloromdan so‘radim:
– Endi rejalar qanday? Bu yog‘i qanday bo‘ladi?
– Rejalarim katta, – dedi u. – Avvalo, tikuvchilik sexini kengaytiraman, gaplashib qo‘ydim, chunki bizga ish so‘rab keluvchilar ko‘p. Men ayollarning oftobda kuyib-yonib dalada ishlashlariga qarshiman. Ular soya-salqin joylarda o‘tirib ishlashi kerak. Birinchi galda ana shunday ayollarga ish bermoqchiman. Uch kun avval Jizzax viloyatidagi “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri rahbari Sharofat opa Norova meni tabriklashga kelib qoldi. “Tuproq changallab qilgan mehnatlarimiz ro‘yobga chiqyapti, Diloromxon!” – dedi opa quvonib. Men ham u kishiga havas qilib, gulchilikni yo‘lga qo‘ymoqni niyat qildim. Sharofat opa yordam berishga tayyor ekanini aytdi. Kelishib oldik.
Men o‘z shogirdlarimni Jizzaxga yuboraman, opa ularni o‘qitib, gulchilik sirlarini o‘rgatib qaytaradi…
Kamtarin, sodda va samimiy bu ayol bilan xayrlashib, ortga qaytarkanmiz, beixtiyor inson jasorati haqida o‘ylayman. Bir paytlar o‘zim yozgan ruboiy yodimga tushadi:
Jasorat… Bu – buyuk obida,
Tengi yo‘qdir sharaf bobida.
Ko‘cha-ko‘yda yotmas jasorat…
Uning joyi – yurak tubida!..
Ha, jasorat pokiza yuraklarda yashaydi.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



