Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.01.2025 | 11:22

img1354

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY

Samarqandlik jadidlardan biri, o‘z vaqtida munaqqid sifatida tanilgan Vadud Mahmud (1897–1975) quyidagi asarida o‘z ustozi Mahmudxo‘ja Behbudiyning dunyoqarashi, amalga oshirgan ishlari hamda Samarqand muhitidagi jadidlar harakati bilan bog‘liq voqealarni esga oladi. Behbudiy faoliyatining matbuot, kutubxona, usuli savtiya maktablari, mohir siyosatchilik bilan bog‘liq qirralari haqida tarixiy sharoit, muayyan shaxslar va voqealar bilan bog‘liq holda hikoya qilinadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchiligidagi jadid ziyolilarining matbuot nashrlari va ularni chop etishdagi moddiy qiyinchiliklari hamda ibratga munosib fidoyiliklari bayon qilinadi.

“Mahmudxo‘ja Behbudiy” deb nomlangan ushbu xotiralar o‘n ikki varaqlik to‘rtta daftarga kirill yozuvida yozilgan. Bizningcha, muallif bu yodnomani o‘tgan asrning 70-yillarida, umrining oxirlarida yozgan bo‘lsa kerak. Chunki ayrim o‘rinlarda jumlalarning tugallanmay qolishi yoki so‘z oxiridagi qo‘shimchalarning tashlab ketilishi holatlaridan uning juda shoshilinch ravishda bitilgani seziladi.

Muhim jihati shuki, mazkur tarixiy manba Behbudiy va uning davri ziyolilari, ularning matonat bilan olib borgan kurashlari xususida muayyan tasavvur hosil qilish imkonini berishi mumkin.

Ushbu asar matbuotda ayrim juz’iy qisqartirishlar bilan ilk bor e’lon qilinmoqda.

Nashrga tayyorlovchilar

Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqandda, balki o‘sha zamondagi Turkistonda birinchi taraqqiyparvar, birinchi marotaba o‘z tashabbusi va o‘z xarji (mablag‘i) bilan gazet chiqarib, shu o‘lkaning uyqudan uyg‘onishiga sabab bo‘lgan. U zamonlar gazet nima, olamda nima ahvolot bo‘lib turubdur, hech kimni qiziqtirmaydigan bo‘lgan. Behbudiy shahardan shaharga, qishloqdan qishloqqa yurub tashviqot qilib, gazet va jurnaliga obuna yozdiraturgan bo‘lgan.

Behbudiy yana shu maqsad bilan o‘z pulidan bir kutubxona-biblioteka ta’sis qilgan. Bu kitobxonani turli kitoblar bilan uch ming adadga yaqin to‘ldirgan va o‘qiyturgan toliblarga yaqin va oson bo‘lsin deb Registonning ro‘baro‘sida bir boloxonada ijara pulini, qorovul, kitobdor oyligini, mavojibini  o‘z cho‘ntagidan berib turgan. Bu kitoblar o‘sha zamonning oltin puli bilan olingan bo‘lgan.

U zamonlar bizning yurt odamlari mullalar ta’siri ostida bo‘lganidan bolalarini yangi maktabga va rus maktablariga bermasdilar. O‘g‘li Mas’udxonni gimnaziyaga berib, unga maktab formasini kiydirib, shahardan shaharga olib borib ko‘rsatib, odamlarning bolalarini rus maktablariga o‘qutishiga targ‘ib qilgan.

Behbudiy turli kitoblar tuzub tarqatgan. U zamonning ahvoli nazarda tutilsa, bir kitob agar ming nusxa bosilsa, bu miqdorning o‘ndan bir qismining sotilishi qiyin bo‘lgan. Shuning uchun bosdirg‘on kitoblari, albatta, zarardan boshqa natija bermaytirgan bo‘lgan. “Samarqand” gazeti qancha tiraj bo‘lmasin, Samarqand shahrining o‘zida yuz nusxasi zo‘rg‘a sotilaturg‘on bo‘lgan. Buxoro, Xo‘jand, O‘ratepa, Konibodom va boshqa turkiyzabon shaharlarda ham o‘n-yigirma nusxa tarqalib, boshqa nusxalari taxlanib qolatirg‘on bo‘lg‘an.

Muallim Shakuriy maktabida men yordamchi muallim (xalfa)  bo‘lub ishlab yurgan chog‘larim edi. Bir kun meni birga olib shu gazetning idorasiga bordilar. Hozir yodimda qolg‘an Reshetnikov ko‘chasida yangi yasalg‘an bir binoga kirdik. Katta bir uy, uy to‘rida bir stol orqasida gazetning muharriri Behbudiy (ko‘zlariga aynak taqqan) o‘tirgan, bir tomonda gazetning tarjimoni Saidrizo Alizoda, boshqa tomonda gazetani tarqatuvchi Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li adreslar yozmoq bilan mashg‘ul. Mana shu yerda gazetaga obuna bo‘lub qaytdik.

Bu esa menim hayotimda muhim bir hodisa tarzida jilvalandi. Chunki u zamonlar kim bilar, Samarqand kabi katta shaharda gazetga obuna bo‘lub, gazetxon sifatiga noil qancha kishi bo‘lgan. Haftada ikki-yoki uch karra chiqadirgan gazetni maxsus pochtalyon tashib keltirib berib ketar edi.

Shular qatorida men ham bor edim. Va bu mening uchun zo‘r bir iftixor edi.

Behbudiylar, ya’ni bu kishining fikrdoshlari eski shaharda hovli-joylari bo‘lsa ham mahalladagilarning, qo‘shnilarining yomon qarashlaridan ozorlanib, bezor bo‘lub qochib ketishga majbur bo‘lgan edilar.

Va shu yuqorida aytilgan Reshetnikov ko‘chasida joylashib biroz tinchlanish chorasiga kirishganlar. Shulardan bir necha hovli hali shu ko‘chada yodgor qolgandir.

Behbudiy ham yangi ochilg‘on maktablar uchun, ham umumiy ma’lumot oluvchilar istifodasi uchun turli mavzuda kitoblar, risolalar yozgan. “Muntaxabi jug‘rofiyai umumi”, “Muxtasari tarixi islom”, “Madxali jug‘rofiyai umroni”, “Muxtasar Rusiya tarixi”, “Yangi hisob” darsligi shu jumladandur. Bulardan boshqa “Oyina” jurnalida “Sayohat xotiralari” unvoni ostida o‘zining ko‘rganlarini nashr etgan. Bulardan boshqa o‘shal zamonlarda chiqaturgan gazeta va jurnallarga ishtirok etgan. Ostroumov tomonidan, ya’ni Rusiya davlatining axboroti gazeti, Orenburgda chiqatirgan “Sho‘ro” majallasiga, “Tujjor”, “Xurshid”larga maqolalar yozib turgan.

Behbudiy anchagina yaxshi madrasa tahsili ko‘rgan, muftilik darajasiga yetgan odam. Boshida oq sallasi bor, lekin boshqa mulla-muftilarnikidek katta emas, o‘rtacha. Mullalar kiyaturgan katta uzun choponlar o‘rniga yarim yevropacha, no‘g‘aycha kamzul ustidan paltoga o‘xshagan chakmon kiyar edi. Bu chakmonning ichki tomonida uzun kissa (cho‘ntak) va unda doimo gazet, jurnal bo‘lardi. Uyiga kirsangiz ustolining ustida har tomondan kelgan gazet-jurnallar to‘la: Misrdan kelatirgan “Al-ahram”, Kalkuttadan chiqatirgan “Suri Isrofil”, Tehrondan chiqadirgan “Eroni nav”, “Chehranamo”, “Parvarish”, “Sabilur-rashodal alamul-islom”, Istanbulda chiqaturgan “Tanin” va jurnallardan “Siroti mustaqim”, “Shaxbol”, “Sarvati funun” kabilar bo‘lar edi. Bular xorijdan keladurganlari edi. Rossiyaning ichidagi gazetalardan “Tarjimon”, “Vaqt”, “Iqbol”lar kelib turar edi.

Behbudiy doimo ko‘ziga aynak tutar va buning sababi albatta ko‘p mutolaa natijasida ko‘zining kuchsizlanishi edi. Xususan, kutubxonasi ko‘p boy edi. Men undan ko‘p ajoyib – nodir kitoblar so‘rab olib o‘qirdim. Hech bir zamon rad qilmas edi. Doim yaxshi narsalar topib berib turar edi. Yaqin kunlargacha undan olganim Istanbul bosmasi “Tadrisoti ibtidoiya” tarbiyaviy majmua menda yurardi. O‘g‘lining gimnaziyada o‘qiganini yuqorida aytgan edik. Qizi Surayyo begim ham yaxshigina savodli, rus tili bilan ham tanishdur. Hozir anchagina qarib qolgan. Behbudiyning uch o‘g‘li bor edi: Mas’ud, Maqsud, Matlub. Mas’uddan to‘rt nevarasi hozir turli ishlarda, idora, nashriyot va ilmiy sohalarda mashg‘uldirlar.

Yuqorida Behbudiyning manoqiba tarzida gazet, jurnallar, kitobxona va boshqa nashriyotni o‘z kissasidan xarajatini to‘lab chiqarg‘anini aytdik. Bir kitobxona uchun vaqf tarzida topshirgan 3000 mujallad kitobdan va u ming qimmatini 10 000 so‘mga taxmin qilgan edik, degan masala albatta, qiziqarlidir. Olgan ma’lumotlarimizga qaraganda, Samarqandning atrofida bo‘lak-bo‘lak yerlari bo‘lgan va buni ikki yuz, uch yuz tanob, balki ko‘prak taxminlaganlar. Mirzaxoja Behbudiy haqida yozgan risolasida uni “sudxo‘r” deb tanitadi. Agar sudxo‘r shunday bo‘laturgan bo‘lsa, koshki bunday sudxo‘rlar ko‘prak bo‘lsaydi!

Inqilob yillarida Samarqandda uch firqa tuzulub davom qilmoqda edi:

1. Sho‘royi islom;
2. S.R. Sotsial revolyutsionerlar;
3. Bolsheviklar.

“Sho‘royi islom”ning boshlig‘i yuqorida necha karra zikr etilgan Qozi Iso hoji bo‘lub, mullolar va boylar, amaldorlardan iborat edi. U zamonlar Samarqand aholisining aksariyati shular nufuzi ostida edilar.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zini shularga yaqin tutub shu tashkilotning ishlariga ishtirok qilib turardi.

Birinchi jihat shulki, u mufti va mulla edi, o‘zining shu charkadan ekanini va dinchi bo‘lish va dindor bo‘lishning hayot va taraqqiyotga mone’ va to‘sqin emasligini u eskilarga talqin qilib turish bo‘lsa, ikkinchi jihat, ularning orasida bo‘layotgan ahvolotdan xabardor bo‘lib turish bo‘lgan. U zamonlar “Sho‘royi islom” o‘zini yurtning yagona hokimi sanardi. Chunki saylovlarda hamma firqalardan ortiq ovoz egasi edi. U kunlar “Sho‘royi islom”ning birdan bir raqibi Ittifoq partiyasi – ishchilar va yangi fikrlar tarafdori bo‘lganlar partiyasi edi. Saylovlarda ikkinchi raqamli quti tarafdorlari shular edilar. U zamonlarning ikkinchi qora partiyasi shu Ittifoq edi. Uchinchi partiya S.R.lar – Sotsial revolyutsionerlar edi. Bu partiyaning Samarqand bo‘limi boshlig‘i Mardonqul Shomuhammadzoda, bir zamonlar “Hurriyat” gazetasining muharriri edi. Behbudiy bilan Qarshida o‘ldirilganlarning biri shu kishidir. Bu uch firqa bir-birovi bilan talashardilar. Mitinglarda, yig‘inlarda bir-birovini tanqid qilar, yomonlardilar.

Shunday bir voqea esimda qolgandir: bir kuni muallim Shakuriy bir ish bilan meni Mahmadqul O‘runboy hovlisiga yubordilar. Bu kishi o‘sha Qarshida o‘ldirilganlarning biridir (Behbudiy qatorida). Bu kishi o‘z hovlisida maktab ochib muallim xarajatini tutub yurgan yosh boylardan edi. Bu kishining otasini O‘runboy kupas (kupes) der edilarkim, savdo bilan shug‘ullanatirgan odamlardan bo‘lgan. Shul kuni bu kishining uyida uy egasi bilan birga katta sandali atrofida o‘tirgan uch kishini ko‘rdim: Behbudiy, Akobir, Mardonqullar edilar. Shul kunning o‘zidayoq Registonda bo‘lgan katta mitingda Akobir bilan Mardonqul bir-birovini xorlab o‘z partiyalarini yoqlab talashgan edilar. Menim taajjubimga sabab bo‘ldi. Bu ne degan voqea edikim, kunduzi bu ikki muxoliflar va yana bir muxolifsimon – “Sho‘royi islom” a’zosi Behbudiy bilan bir yerda yig‘ilishib, choy ichishib chaqchaqlashib o‘ltirsalar! U zamonlar men bu sirning ma’nosiga bormas edim. Keyincha Behbudiyning atvori va ahvoli bilan tanishgan so‘ng uning tadbirlari ekanini angladim.

U kunlar bu uch kurashib turgan firqalarning qaysisi g‘olib keladir, aytish qiyin edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Behbudiy o‘zi “Sho‘royi islom”da, Mardonqul S.R.da, Akobir bolshevik tarafdori bo‘lgan Ittifoqda turar va kuzatar edilar. Qaysisi zo‘r chiqsa har birida “o‘zlari”ning odami bor bo‘lganidan shu yurtning manfaatini mudofaa qilatirgan odamlari bo‘lar edi…

Maqsad bir edi – shul qavmning ajnabiylar qo‘lida ezilmasligi…

Aslida asosan Behbudiyning o‘zi “Ittifoq” rahbarlaridan edi. Bu ehtiyotkorlik u kunlardagi noma’lum ahvolotdan vujudga kelgan edi. Qo‘qon Muxtoriyatiga ishtiroki u kungi umumiy milliy harakatning savqi ifodasi edi. U kunlarda Maskvadan eskan bir ozodlik shamoli ta’siri bilan vujudga kelgan bir harakat edi. Bu harakat yolg‘iz bizda emas, butun boshqa mayda millatlar – Rus davlati qo‘l ostida bo‘lgan Gurjiston, Armaniston, Ozarbayjon, Tataristonlarning hammasida mushtarak edi. Qo‘qon muxtoriyat hukumati tarqatilgan so‘ng uning harbiya vaziri Madaminbekning qo‘shini shahardan chekilib tog‘larga, dalalarga tarqalib partizan urushlarini bir necha yillar davom ettirdilar. Sovet hukumati kuchlanib o‘rnashib olgan so‘ng bu harakatlar bosilib ketdi va yurt tinchidi.

Fevral inqilobining birinchi haftasi edi. Birinchi kunlari demadim, chunki inqilob xabarini Turkiston genaral-gubernatori uch-to‘rt kun saqlab nima bo‘lar ekan deb aniqlab, so‘ngra Turkistonga e’lon etgan. Samarqand shahrining hozirgi ozodlik maydonining sharqiy-janubiy burchagi ro‘paro‘sida bo‘lgan ofitserlar klubida har kun kechqurunlar miting bo‘lar edi. Biz ham har kuni ishdan bo‘shagach, hurriyat va ozodlik taronalarini eshitmak uchun borar edik. Zal doimo to‘la edi, turli-tuman xaloyiq bir yondan kelar, bir yondan chiqib ketarlar edi. To‘rda orkestr o‘ynaytirgan baland sahnada Qozi Haydarbek va yana bir volostnoy bo‘lub yurgan kishi ismini unutdim, qo‘llarida yozilgan bir oq qog‘ozni navbatba navbat o‘qir edilar. Unda Nikolayning taxtdan tushurilgani va u zolimdan xalqning qutulg‘ani va endi barcha millatlarning ozodlikka chiqqani, har millatning o‘z ixtiyoriga o‘ziga hukumat tuzishga ixtiyorli bo‘lg‘ani tantanali sur’atda chiroyli iboralar bilan yozilg‘an. Uni o‘qub eshittiruvchilarning lablarida tabassum va chehralarida shodlik alomatlari ko‘runib turar edi.

Bundan bir-ikki yilgina burun shu maydonda 1916-yilda general Kuropatkin kelib do‘q urub, urush jabhasiga yordam berish uchun mardikor kerakligini eshitgan xalq bugungi yumshoq bashoratlardan shodlanar va ko‘ylagiga sig‘mas edi. Va o‘zlarining qarindosh-urug‘larining tezdan majburiy harbiy xizmatdan qaytib kelishini shodlik bilan kutardilar. Ehtimol shu qozi Haydarbek qo‘lida bo‘lgan va har kecha takror-takror o‘qilatirgan “Ozodlik bashoratnomasi” Behbudiy qalamidan chiqqan edi. Behbudiyning fikrdoshlari orasida mutafakkir, taraqqiyparvar bor bo‘lsa ham ularning aksari rus maktab va madrasalarida tahsil ko‘rgan bo‘lub, o‘z tillarini bilatirgan va tahrir quvvati borlari ko‘runmas edi…

Mullalar orasidan bo‘lsa bu mavzularda qalam yuritatirganlar bor edimikin, ko‘zim yetmaydi. Ne bo‘lsa ham biz har oqshom yangi shahar ko‘chalari bo‘ylab yurub shul klubga kelib zavqlanib, yoqimli xayollar bilan uyquga ketar edik. Va kelgusi kunning kechini kutardik, chunki yana yangi xabarlar, yangi voqealar eshitgimiz kelardi.

Behbudiy Buxoro bilan Samarqand orasidagi suv masalasi nizosi munosabati bilan o‘z takliflari bilan gubernator yoniga kirganda “Siz kim bo‘lasiz?”, degan so‘ziga men jurnalistman deb javob bergan. Chunki u xalq namoyandasi sifati bilan kirib ba’zi talabatda bo‘lgan.

Buxoroda islohot e’lon qilinganda minnatdorlik izhor qilmoq uchun amirga bergan hay’at ichida Behbudiy, Qozi Haydar, Fayzullo Xo‘jalar bo‘lgan. Amir Kogondan kelgan rus “namoyandalar” bilan qo‘l berib ko‘rishgan bo‘lsa-da, bular bilan ko‘rishishga tanazzul etmagan.

Bizning matbuotda Behbudiy kibi kishilarning yashagan zamon va uning ahvoloti borasinda ko‘p narsalar yozilgan. U davrning eng aniq va komil sifati “Qurini vusto” (o‘rta asrlar)lik sifatidur. Madrasalarimiz besh yuz yil  olti yuz yil burun yozilgan kitoblardan dars berish bilan mashg‘ul. Qur’on va Haftiyakdan keyin o‘qulatirgan Chor kitob – bir musulmonga tiriklik va ma’ishatda, kundalik yurush-turushlarda shariat ta’limotidan nima kerakligini ko‘rsatatirgan bir majmua edi. Bu to‘plamda axloqiy va shar’i adab orasida ming yillardan beri diniy hayotda mashhur bo‘lgan hikoya-rivoyatlar yozilgan edi…

Bu afsonalar bilan yetishgan bola madrasaga kelgach shu afsonalarni yana takroran “mantiqiy” tarzda “buyuk odamlar” tomonidan, arabcha til bilan “qanoat qildirarlik dalillar” bilan bilib chiqar edi. O‘shal eski afsonalarni bizga to‘plab bergan va qadim arab tilida yozilgan kitoblarni bizga tojik tilida, istifodamiz uchun osonlashtirilgan va bizdan ko‘p ham uzoq zamonda o‘tmagan Tafsiri Husaynini varaqlasak, ancha zehnimizni ochatirgan ma’lumot topamiz. Bu kitobning oti Tafsirdir. Tafsir demak Qur’onning anglashilmagan nuktalarini ochib bermak demakdir. Buning muallifi mavlono Husayn Voizdur va Navoiyning xohishi bilan Navoiy uchun tartib berilgandur. Alhaq, tili, uslubi, unda har bir munosabat bilan keltirilgan baytlar lazzat beradirgan narsadir. Bu tafsir o‘zidan burun yozilgan yuzlarcha tafsirlarning eng muhim nuktalarini ichiga olgan bir qomusdir. Bunday narsaga qanday e’tiborsizlik bilan qaramoq mumkin bo‘lur? Hajmi ham katta va ichida Qur’on bor. Har bir qo‘liga olgan kishi avval uni o‘pub so‘ngra ochar va istagan matlab joyini ko‘zdan kechirgach, ehtirom bilan yopib, tokchaning yuqorisiga qo‘yar va bu kitob turgan tamonga oyog‘ini uzatmas!

Shunday ulug‘ kitobning so‘ziga kim e’tibor qilmasin?

So‘nggi besh yuz yilning boshlangan oltin davrida yozilgan bu kitob o‘tgan besh yuz yilning yakuni va keyingi besh yuz yilning rahbari bo‘lub kelgan. Buni varaqlab ko‘rsangiz hech bir o‘zgarishdan asar bo‘lmagan muzlanib-tosh bo‘lub qolg‘an bir ahvolni ko‘rasiz. Bir bizda emas edi bu hol. Arabiston, Turkiya, Eron, Afg‘on, Hindiston hammasi shu holda edi. Balki o‘shal yillarning g‘arb dunyosi – Yevropa ham ayni shu vaziyatda edi. Galileylarning, koperniklarning ro‘zgori ham shunga o‘xshar edi…

Behbudiy yosh chog‘larida bir yo‘l hajga borib kelgan edi. Haj yo‘li Rusiya shaharlaridan o‘tub, Istanbul va Misrlar orqali bo‘lur edi. Bu sayr-u safarda o‘z shahrida va oztar, yaknasak muhitida bo‘lmagan, ko‘rulmagan va eshitilmagan narsalarni ko‘rdi. Mana shu yangi narsalar va ahvolot shu davrda ko‘p kishining fikrini ochishga sabab bo‘lgan edi.

Turkistonda birinchi qaldirg‘och bo‘lub yangi harakatlarni vujudga keltirganlarning bir nechasi shu sayohatlar natijasida bo‘libdir. Saidahmad Ajziy, Hoji Muin Shukrullo (Mehriy), Andijonning faol jadidlaridan bo‘lgan Hoji Abdullolar shu qatorda yetishganlardandir. Bu odamlar gazetxonlik bilan o‘zlarini yetishtirganlar. Muallim Shakuriy o‘zining yangi yo‘llardan xabardor bo‘lishini va yangi maktab ochmak fikriga tushganini “Tarjimon” gazeti bilan tanishishi bilan boshlanganini hikoya qiladi. Yuqorida ko‘rsatganimizcha Behbudiyning ustali va paltosining kissasi gazeta bilan to‘la edi.

Bu o‘zgarishlarning yana bir sababi rus maktablarida o‘qish va rus tili bilan tanishish bo‘lgan. Behbudiy rus tilida gaplashar va yozib o‘qurdi. Ajziy bir oz zamon tuzemniy shkolada tahsil davom etgan va so‘ngra unda rus tili muallimi ham bo‘lgan. Rus hukumati va uning faol ideolog namoyandasi Ostroumov Turkistonda rus maktablari ta’sis etish va ularni ko‘paytirish bilan bu aholini o‘rusga muhabbatli, sadoqatli talaba tabaa qilmoqchi edi. Lekin bu yerda ajoyib bir boshqalik vujudga keldi. Eng g‘ayur millatchilar shu o‘rus maktabidan chiqqanlar bo‘lib chiqdi. Bularning bir nechasini Samarqand miqyosida aytib o‘tmak zararli bo‘lmas. Kamol Husainov, Qori Komil, Ro‘zi Yusuf, Sharif Badriddin, Turobbek To‘rabekov… Bularning hammasi rus maktablaridan chiqqanlar va so‘ngra partizanlik harakatiga faol ishtirok qilganlardan, ya’ni o‘zlarining murabbiylari bo‘lgan amaldagi hukumatga qarshi chiqqan odamlardir.

Bu bir aksul-amal edi. Istiqlol fikri ham shundan vujudga kelgan edi. U zamonlar bu hol tabiiy edi. Internatsional ideya o‘rnashgan sari, bu tarzdagi tarbiya kuchlangan sari u ziddiyatlarning yo‘qolishi tabiiydir.

Bu millatchilik va istiqlolparvarlik jarayoni ko‘p yillar yangi fikr arboblarini o‘ziga mashg‘ul qildi va sho‘ro hukumatini ko‘p tashvishlarga soldi. Chunki sovet hokimiyati qancha tirishsa ham uni bitirish uzoq cho‘zildi. Shu yuqorida nomlarini tutganimiz millatchilar hukumat idoralari ustiga o‘tirib olib, parda ostidan o‘z faoliyatlarini davom ettirardilar. Qosimovlar, Sharipovlar ishlari ochilgach ko‘p gaplar bilindi.

So‘ng kunlarda eshitilgan rivoyatlarga qaraganda, Ro‘zi Yusufov o‘zi shu bosmachi deb atalgan dastalar bilan kurashatirgan bir otryadning boshlig‘i – komandiri bo‘la turib bosmachilar bilan kurash o‘rniga ularga yordam berib turgan. Bu odam bir kuni bosmachi dastalarini quvmoqchi bo‘lub askar olib chiqadi. Ular bilan bir uchrashuvda go‘yo mag‘lub bo‘lub qochadir. Shu bahona bilan allaqancha yaroq va o‘q tashlab keladirkim, ular bosmachilar qo‘liga tushadir.

Abdulqodir Karimiy degan bir kishi bosmachilar bilan kurashish bahonasi bilan bir dasta tuzadi. Buning otini chast osobogo naznacheniya (CHON) qo‘yadi. Bu dastani krepostdan olingan yaroq bilan ta’min qiladi. So‘ngra shu dasta bilan tamoman bosmachilarga o‘tub ketadi.

Shunday faoliyatlar davom etgach, sovet tarafdorlari Samarqandda mullalarni, boylarni to‘plab bir majlis o‘tkazadilar. Shu majlisda mulla va o‘sha zamondagi nufuzli odamlarni ayblaydilarkim, ular shu to‘polonlarni bitirmaydilar. Shu majlisda hozir bo‘lgan qozi, mudarris Isoxo‘ja bu tuhmatni rad qilib hukumatdorlarning o‘zlarini muqassir  deb ko‘rsatadir va aytadir: “Bosmachilarning yarog‘i va o‘qi qayerdan chiqadi? Krepostdan chiqadi. Siz oni berkitsangiz bu ishlar bitadi!..”

Haqiqatan ham bu so‘z to‘g‘ri chiqdi.

Bir kuni Samarqandning yangi rastasidan ustig‘a o‘tin-shox ortqan bir eshakarava o‘tib boryapti. Registonga yaqinlashganda aravaning bir g‘ildiragi sinib o‘tirib qoladi. Uni ko‘tarib tiklaganda shoxlarning ostidan miltiqlar, o‘q qutisi chiqadi. Aravani haydab borayotgan bir armani yigit ushlanadi. Krepostdan olib chiqayotgani ochiladi.

Yana bir kishi hikoya qildi. U zamonlar zargarlik rastasida kitobfurushliklar bor edi. Bir kitob do‘konidan kitob sotib oldim. Biri “Ravzat us-safo” tarix kitobi va yana bir lug‘at kitobi edi. Ochib qarasam ichidan bir qog‘oz chiqdi, shu so‘zlar yozilgan: “Maxdum aka shu qog‘ozni olib borgan yigit bilan 25/26 adad miltiq va o‘qlar yubormog‘ingizni iltimos qilaman. Imzo Qori…”

– Men hayron bo‘lib qoldim, – dedi u kishi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu Maxdum aka kim ekan va bu Qori… kim ekan. Agar deydi buni hikoya qilgan kishi, shu xat axtarishlar vaqtida mening uyimdan chiqsaydi, men baloga qolardim. Chunki men ham odamlar orasida Maxdum aka laqabi bilan mashhur edim… 

Anvar poshoning kelishiga ham shunday unsurlar sabab bo‘lgan. Anvar kelganda men Buxoroda edim, bir maktabda muallimlik qilar edim. Bizning maktabga keldi. Qirq yoshlarga yaqin, ixchamgina bir yigit edi. Ark maydonida bir mitingda so‘z so‘zladi. Salla, to‘n kiygan edi. O‘shal kunlar Sharqiy Buxoroga chiqib ketdi. Sharqiy Buxoroda amirning odamlaridan Ibrohimbek bilan birga sovetlarga qarshi kurashmoqchi bo‘ldilar. Har qaysilarining odamlari bor edi. Shu kunlarda Qobuldan turub Amir Olim Ibrohimbekka: “Ehtiyot bo‘l, Anvar Buxoroni olmasin, u jadid!” – deb yozgan ekan…

Anvar Boysunda urushda o‘ldi. Kissasidan “Damadi xalifai muslimin – Anvar”  yozuli muhr chiqqan. Shundan uni taniganlar. Va shunda ko‘mganlar.

Behbudiy 1919-yilda Qarshida Tog‘aybek tomonidan yollangan sheriklari Mardonqul va Mahmadqullar bilan o‘ldirilgani xabarini olgan so‘ng Samarqand yoshlari bir janoza marosimi tashkil etdilar va shu shahidlarni yodlab, ularning uylariga borib ishlaridan hikoyalar qilib aylanib chiqdilar.

Bu muhit ajib bir muhit edi. Har kim har ne desa ma’qul, muhokama va aql ishlatish yo‘q. Bir kun birisi kalosh voqeasini chiqaradi. Kalosh yangi chiqqan yillar edi. Ovoza bo‘ldikim, kaloshning patagi ostida Kalimayi tavhid yozib qo‘yganlarmish. Kim, musulmonlar kiysalar gunohga botib, do‘zaxga tushsunlar deb. Bir g‘avg‘o ko‘tarildi. Kalosh kiyganlar bo‘ladigan bo‘ldilar. Bir necha vaqt odamlar kalosh kiyishdan hazar qildilar. Tugmalik kamzul shunday harom sanaldi. Bu ahvolot esga keltirilsa, u davronda Behbudiylarning vaziyati qanday og‘ir ekani bilinar.

Behbudiy ikki masalada ayblandilar. Birinchisi, uning Xo‘qand muxtoriyat hukumatiga ishtiroki bilan. Ikkinchisi, uning xorijiy davlatlarga millatlar ittifoqiga shikoyat uchun borish niyati bilan. Bu eski masala bir-biri bilan bog‘langandir. Inqilob yillarining boshida kim, qaysi millat istiqlol uchun kurashmadi va hozir butun dunyodagi millatlar na uchun kurashadilar?

Xo‘qand muxtoriyat hukumat kuch bilan tarqatilsa, u qayoqqa borsin! Kimga shikoyat qilsin? Shu tashabbusning o‘zi ham Behbudiyning faoliyat bilan qaynag‘anini ko‘rsatadir. U bu holni ko‘rub, qo‘l qovushtiruv taslim bo‘lib o‘ltirmabdir, kurashga bel bog‘labdir…

U zamonlar hali ozod millatlarning o‘z ixtiyorlari bilan uyushib bir davlat tuza olishlari, xususan, Rusiyadagi turli millatlarning birlashib bir davlat qurushlari fikri hech kimning aqliga kelmas edi. Moskva harakatlarini eski jahongirlik tariqi deb bilar edilar. Shu andisha bilan turli millatlar arbobi Moskvaga qarshi kurashdilar. Keyingi imper(iya)ning ahvoloti endi u o‘tganlarga o‘xshamaydi. Millatlar jumhuriyat shaklida uyusha boshladilar. Behbudiy bu holni ko‘rsa edi, jon-u dili bilan qo‘shilishib hamkorlik qilar edi.

Samarqandimizda Xudoyberdi degan kishi bor. Bu yigitning aytganiga qaraganda, bobosi Qashqardan shu tomonlarga kelib qolg‘an. Uning hunari egarchilik bo‘lgan… Men shu yigitni inqilobning boshlang‘ich yillarida Samarqand tepa qo‘rg‘onida (krepostda) komandirga o‘xshash bir ma’muriyatga ko‘rdimki, biz yoshlarga harbiy mashqlar ta’lim berardi. Bir-ikki-uchlarni takror qilib yurardik. 

Bu kishining aytishiga qaraganda, shu yillarda u Buxoroga yuborilgan. Hali u zamonlar Amir Olim hukmronlik qilmoqda bo‘lgan… Xudoyberdi Buxoroda bir ko‘r gadoy topib, unga yo‘lboshlovchi sifatida asosini ushlab ko‘chama-ko‘cha yuratirgan bo‘lgan. Kogon darvozasi ertalab ochilishi bilan bu ikki gadoy bir-biriga suyanib tayoqlarini tutub Buxoro shahriga kirib, ko‘cha-bozorlarni qadamlab gadoylik qilib, shaharning har burchagiga kirib chiqarmishlar. Odamlarning so‘zlariga quloq solib shaharda nima voqealar yuz berganini eshitib yurarmishlar. Buxoroning arkiga yaqinlashganda u yerda bir vazifa bilan xizmat qilib turgan tog‘asimi yoki bir boshqa qarindoshi bilan ko‘rushub ahvolotdan xabardor bo‘lar ekan. Bu tog‘asi kunda bo‘lgan voqealarni yozib, Xudoyberdiga berar va bu gadoylar kechqurun shahar darvozasi yopilishidan burunroq chiqib Kogonning qaysi bir buzuq burchaklarida tunar ekanlar. Olib kelgan ma’lumot qog‘ozini avvaldan belgilangan bir churuk tut daraxtiga tiqib yashirar ekanlar. Kunda bularning hunari shu bo‘lgan.

So‘ngra bu hunarmand Qarshi shahriga tushadi. Bunda qal’a atrofida va zindon tevaragida ishlay boshlaydi. Shu choqlarda Behbudiylar qo‘lga tushub qamoqda yotgan bo‘ladilar. Xudoyberdi Samarqandda yashagan chog‘larida Behbudiyni tanigan bo‘lgan. Ularni zindondan chiqarib yor-siporish – ko‘chalarni tozalashlarini ko‘rgan. Ularga yaqinlashib ba’zi bir ehtiyojlarini chiqarib turar ekan. Yana bir kuni shularni yer qazishda ko‘rgan. Go‘yo ular bu kun o‘zlari uchun qabr qazarlar ekan. Behbudiy qog‘oz-qalam so‘rab oladi va bir vasiyatnoma yozadi. Xudoyberdi bu qog‘oz bilan Samarqandga keladi. Gazetchilik bilan mashhur bo‘lgan Hoji Muin Shukrulloga beradi. U kishi bu vasiyatnomani avvalo gazetaga, so‘ngrak jurnalga “Maorif va o‘qituchi”ga bosdirib nashr etadi. Shu ko‘rgan voqealarini yozib Xudoyberdi Buxoro voqealari mavzuida Hoji Muin bilan birga ikki-uch pardalik bir pyesa ham tuzdilar. Hoji Muin bu asarni o‘zining ismi bilan nashr etganidan Xudoyberdi norozilik izhor qilib yurar edi. Bu Xudoyberdi hali tirik, mendan bir-ikki yosh ulug‘ bo‘lsa kerak. Yaxshi yigit, hech kimdan uning haqida bir yomon so‘z eshitganimiz yo‘q.

Vadud Mahmudning shaxsiy arxividan olingan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” asarini nashrga tayyorlovchilar:

Zebo Xurramova,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Najot Vadudzoda
(Vadud Mahmud o‘g‘li).

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600