03.02.2025 | 14:08
826
“CHO‘LPON TARG‘IBOTCHISI”
Ozod Sharafiddinov adabiyotshunos, munaqqid sifatida ma’lum va mashhur. Lekin ular haqida gapirganda yana bir jihatga to‘xtalish kerakki, buni yodga olmaslik insofdan bo‘lmas. U “Cho‘lpon targ‘ibotchisi” hamdir. Vaqtida bu nom bilan qora ro‘yxatga kiritilgan, ammo hozir ularni aynan shu ta’rif bilan ulug‘laymiz.

Muallif oltin qalami bilan yillar yashirgan sirni, yuziga qorakuya surtilgan millatparvarlar haqidagi barcha haqiqatlarni oshkor qildi. Nafaqat, Cho‘lpon, Mustafo Cho‘qay, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi jadid namoyondalarini mustaqillik yillarida o‘z xalqiga, avlodlariga tanitdi. Adibning “Cho‘lponni anglash”, “Turkiston mustaqilligining atoqli kurashchisi”, “Istibdod qurboni yoxud o‘zligidan mahrum etilgan shoir” hamda “Abdurauf Fitrat va uning “Hind sayyohi” asari” kabi maqolalari marifatparvarlar haqida so‘zlaydi.
Adibning jadidlar hayotiga qiziqishi maktab vaqtlaridan boshlangan. 1930-yillar qatag‘onidan keyin, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy asarlarini o‘qish man etilgan edi. Shunga qaramasdan, ularni yashirib, kechalari mutolaa qilganlar ko‘plab topiladi. Ozod Sharafiddinov ham ular qatoridan joy olgan. U o‘z xotiralarida, maktabda o‘qib yurgan kezlari sinfdoshlari bilan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz” kabiasarlarni o‘qigani, bir kechada barcha hissiyotlar va iztiroblarga g‘arq bo‘lib, tongda kitobning so‘ngi sahifasini yopganini aytib o‘tadi. Jadidlar adabiyoti bilan tanishar ekan, yosh qalbi bilan ularda millatchilik g‘oyalarini topa olmaydi. Keyinchalik, maqolalarida ham “yuraklarda asardan olingan iliq va yorqin taassurotlar bilan, ongda esa “ular dushman, vatan xoini” degan aqida bilan 1956-yilgacha yashaganiga” iqror bo‘ladi.
Adibning jadidlar ayniqsa, Cho‘lpon hayoti va faoliyatini o‘rganishi XX asrning 60–80-yillariga to‘g‘ri keladi. Bu voqeaning o‘z tarixi bor, hozir shu haqida bir-ikki og‘iz to‘xtalamiz. 1953-yil Iosif Stalin vafot etdi. Undan so‘ng boshqaruvni qo‘liga olgan Nikita Xrushchev 1930-yil, 1950-yilgi qatag‘onni “shaxsga sig‘inish” davri deya qoralaydi. Stalinning qimishlari ochiq aytdi va jamiyat hayotini boshqa o‘zanga burib yubordi. Mudhish yillarda beayb qatag‘on qilinganlar nomi esa asta-sekin oqlandi.Abdulhamid Cho‘lpon ham aybsiz deb topildi. Yozuvchilar uyushmasi tezkorlik bilan Choʻlponning merosini oʻrganuvchi komissiya tuzdi. Komissiya raisi Bahrom Rahmonov, aʼzolari esa Uygʻun, Mirzakalon Ismoiliy, Gʻulom Karimov va Ozod Sharafiddinov bo‘lgan. Lekin ular ish boshlay qolmagan, komissiya raisining vafotidan so‘ng esa boshlanmagan ish nihoyasiga yetgan. Shundan so‘ng, Ozod Sharafiddinov mustaqil ravishda Choʻlponning baʼzi asarlarini topib, oʻrgana boshlaydi.
U izlanishlari natijasida, Cho‘lponga nisbatan “Cho‘lpon va uning “tuzg‘on”, “cho‘lponizmi” yoshlar uchun g‘oyatda zararli”, “Cho‘lpon taraqqiyparvar rassom emas, tanazzulparvar xayolparast”, “Cho‘lpon xalq shoiri emas, millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning shoiri” kabi uni tahqir etuvchi so‘zlar bo‘hton, quruq tuhmatdan boshqa narsa emasligiga ishonch hosil qildi. Buni boshqalarga ham anglatishga harakat qildi.
Afsuski, hali adabiyotga kirib, kirmay, Cho‘lponni yomonlash, asarlari, she’rlarining faqatgina bir qismini tanlab olib, uni noto‘g‘ri talqin qilish, ayblar topa olmagan taqdirda, uni yaratish mansabparastlarning kundalik ishiga aylangan edi. Ozod Sharafiddinov bu davrni “adabiyot va tanqidning manqurtga aylanishi” deya baholaydi. Axir, millati uchun, zamondoshlarining kelajagini o‘ylab, ularga “ki sen ham hur tug‘ilg‘ongsan” deya ozod, erkin bo‘lishiga da’vat qilgan shoir yetmish yil davomida qoralanib kelinishi hech aqlga sig‘maydi. Shuning uchun ham, Ozod Sharafiddinov Yozuvchilar uyushmasining bir yig‘inida Cho‘lpon shaxsiyatini ochib beruvchi, uning “xalq dushmani” emasligini dalillar bilan isbot qiluvchi otashin nutq so‘zlaydi, keyinchalik u haqida maqola, kitoblar chop ettiradi. Lekin jamiyat haqiqatni ko‘rish, tinglash va anglashga tayyor emas edi. Voizga Cho‘lpon “fuqaro sifatida oqlangan, shoir sifatida emas” degan javobni berishadi. Inson jismini qanday ikki bo‘lakka ajratish mumkin?! Yoinki uning shoir yo fuqaroligina qanday bilamiz, chegara aynan qayerdan o‘tadi? Bu kabi savollar adibni ham ancha xunob qilgani ma’lum.
Shuningdek, 1969-yil adibning “Tirik satrlar” kitobi ham turli qarshiliklarga uchraydi. U bu voqealar haqida “Tirik satrlar”ning qiyin taqdiri” degan maqolasida batafsil hikoya qilgan. Kitobga Cho‘lponning 23 ta she’ri kiritilgan edi. Bu she’rlar har tomonlama tekshirilgan, Markaziy Komitetning mafkura bo‘limi ham uni o‘z chig‘irig‘idan o‘tkazgan edi. Ammo “og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” deganlaridek, ikki qatag‘onni ko‘rganlar, o‘z boshini kundaga qo‘yishni istamaydi. Shu sababli kitob nashr etiladi, ammo savdo dastalariga yetib bormasdan, uning tarqalgan nusxalari bittalab yig‘ib olinadi. Negaki, kitob nashr etilsa, Cho‘lpon shoir sifatida oqlangan hisoblanardi.
Adibning o‘zi yozishicha, 1967-yilga kelib jamiyatimiz mafkura sohasida 1937-yildan ancha ilgarilab ketgan. Bu vaziyatda faqat dorilamon kunlarni kutish, sabr qilishdan boshqa iloj qolmagan edi. XX asrning 80-yillarida “Qayta qurish” siyosati – oshkoralik davrini boshlab berdi. Bu yillarda ayniqsa jurnalist, olimlar uchun baralla fikrini ayta olish imkoniyati yaratildi. 1987-yilda Cho‘lpon va Fitrat asarlarini nashr etish va ijodlarini yangicha baholashga berilgan ruhsat ham oshkoralik mevasi edi. Lekin shunda ham Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani bir necha qarshiliklarga uchrab, yuqorilarga ma’qul keladigan so‘zboshi bilangina nashr etilgan.
Mustaqillik yillarida Ozod Sharafiddinovning “Cho‘lponni anglash” maqolasi chop etildi. Bu maqola haqiqatdan qahramon shaxsiyati, uning faoliyati va unga qo‘yilgan barcha ayblar yolg‘on ekanligini xolissharhladi. Muallif izlanish va tahlil qilishi natijasida quyidagi xulosaga keldi: “Cho‘lponni anglash – so‘z san’atining botiniy qonuniyatlarini teran anglash, ularning shoir ijodida qanday zohir topishini anglashdir. Cho‘lponni anglash – uning buyuk umumbashariy g‘oyalarini, uning yuksak insoniy tuyg‘ularini yurakka singdirib olishdir. Cho‘lponni anglash – Vatanni, ko‘hna Turkistonimizni Cho‘lpon ko‘zi bilan ko‘rib, Cho‘lpon yuragi bilan seva bilmoqdir. Bir so‘z bilan aytganda, Cho‘lpon har bir adabiyot muxlisining yurak mulkiga aylanishi shart. Buning uchun esa, Cho‘lpon merosini yangi tafakkur asosida bag‘rikenglik bilan tadqiq etmoq lozim”.
Ozod Sharafiddinov faoliyati davomida adabiyotda o‘chmas iz qoldirdi. Uning adabiy merosi 28 ta asar, 385 ta maqola va 150 ga yaqin tarjima asarlarni tashkil qiladi. Shuningdek, nomlari yo‘qolib, kelajak avlod unutib yuborishi mumkin bo‘lgan jadid namoyondalarini qayta hayotga qaytardi. Munaqqidlik faoliyatida davomida adabiyotning gullab-yashanashi, rivojlanishi sababchilardan biri bo‘ldi. Faoliyati munosib baholanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni hamda “O‘zbekiston Qahramoni” kabi unvonlar bilan taqdirlandi. “Cho‘lpon targ‘ibotchisi” millatning ziyolilari, jadidlar qatag‘on qilinganidan 67 yil o‘tib, aynan o‘sha kun – 4-oktyabrda vafot etdi.
Bugungi kunda Ozod Sharafiddinovning serqirra ijodi ma’lum darajada o‘rganilib, tadqiqot, monografiya va dissertatsiyalarda foydalinib kelinmoqda. Tavalludining 80 va 95 yillik yubileylari keng nishonlanib, anjumanlar o‘tkazilmoqda. Bu ularning nomi adabiyot va qalblarimizda manguga muhrlanganidan dalolat beradi. Zero, haqiqiy san’atkor va uning shoh asariga yillar o‘z ta’siri ko‘rsata olmaydi.
Zebo IBRAGIMOVA
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



