22.02.2025 | 15:50
408
“O‘Z YERNI QO‘YIB…” YOXUD MUSHTARAK MUHOJIRLIK
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining Turkiston hududiga bosqini natijasida minglab mahalliy aholi, jumladan, siyosiy va diniy yetakchilar, jadidlar o‘z vatanlarini tark etishga majbur bo‘ldilar. Ushbu muhojirlik jarayoni bir necha bosqichda kechdi va ularning har biri turli sabablar bilan bog‘liq. Misol uchun, 30-yillarda avj olgan ommaviy qatag‘on siyosati oqibatida minglab ziyolilar, din vakillari va jadidlar qatl etildi yoki qochishga majbur bo‘ldi.
Turkiyalik dong‘il shoir Mehmet Emin Sharxan xotiralaridan quyida keltirilayotgan parcha bugungi kun yoshlarini doim harakatda bo‘lishga undashi bilan ham ahamiyatli.
Tahririyat

“…O‘sha paytlari dunyoning turli burchaklariga tarqab ketgan qochqinlar orasida eng ko‘pi Afg‘onistondan qo‘nim topib, yigirma-yigirma besh yilcha yashab, so‘ngra ularning bir qismi 1951-52-yillarda Turkiyaga ko‘chib o‘tgan. Bunga qadar 1941–45-yillarda Ikkinchi jahon urushi davrida omon qolgan vatanparvar jadidlar ruslarga qarshi qo‘shin tuzadi. Keksalarimiz tayyorgarlikni qo‘mita tuzishdan boshladi, ammo bundan xabar topgan bolshevoylar Afg‘oniston hukumatidan harakatni to‘xtatishni talab qiladi. Shundan keyin afg‘on hukumati ko‘plab oqsoqollarimizni uylaridan, ish joylaridan olib ketib qamadi. Ular orasida otam va qarindoshlarim ham bor edi.
Ularning oylab, yillab vaqtlari sudda o‘tdi; inson zoti dosh berishi qiyin qiynoqlarni boshdan kechirishdi, uch-to‘rt oy, hatto bir yilga yaqin panjara ortida qolib ketishdi. Bo‘yniga hech qanday ayblov ilishning uddasidan chiqisholmagach, ozod qilishdi. Biroq bu vaqt ichida ko‘plari mol-mulkidan ayrilgan, ishsiz, chorasiz qolgan otalarimiz ne qilarini bilmay sarosar edi. Shunda bir qancha yosh jadidlar o‘zaro qaror qabul qilib, Turkiyaga muhojir sifatida ketishga chog‘lanishdi. Afsuski, Turkiya ushbu qarorni-da, ularni-da qabul qilmadi. Bu kechmishlar 1948-yil voqealari edi.
Bir necha yil o‘tgach, Turkiyada hukumat o‘zgardi. Ko‘pdan turk eliga ketish istagidagi yosh jadidlar ro‘yxati tuzila boshlandi. Yoshlarning ahdi qat’iy ediki, ular Afg‘onistonda qolgudek bo‘lsa, nainki o‘zlari, balki farzandlari kelajagi, kelgusi hayoti tuman ostida qolishidan xavotirda edi. Ular asli turkiy bo‘lganliklari, urf-odatlari yo‘qolib ketmasin uchun ham bu qarorni qabul qildilar. Yosh jadidlar boshida Abdulhakim Quyosh, Mirzo Umar Oltoy, Hoji Mahmud Ayoz, Mahmud Umar To‘lqin, Abdulfattoh Sharqiy, Gʻulom Nabi Termiziy, Sabriy Sayxon, Hamid Zor va men eslay olmaydigan yana bir necha oqsoqollar bor edi.
Ro‘yxat avvalida oilalar soni 50 ta edi, keyin saf kengayib 72 ta bo‘ldi. To‘qqiz oiladan iborat birinchi guruh 1951-yili Afg‘onistondan Hindiston, Karachi, Bag‘dod orqali poyezdda Turkiyaning Adana shahriga keldilar. Bu xushxabar bir zumda keng yoyilib, qolganlar ham 1952-yil boshida ko‘chish harakatiga tushishdi. 72 kishidan iborat guruh Karachiga karvonda, ayrimlari kemada yetib kelishdi. U yerdan Bag‘dodning Basra ko‘rfaziga borishib, poyezdda Adanaga qarab yo‘l olishdi. Ular ma’lum muddat chodirlarda yashadilar.
Shu o‘rinda oqsoqollarimiz Karachida boshdan kechirgan bir misolni aytib o‘tsam: ular Karachida Britaniya elchixonasi oldidan o‘tisharkan, eshik oldida tanish odamga ko‘zlari tushib, yaqinlashganlarida bir vaqtlar o‘zlariga imomlik qilgan kishini tanidilar. Uning egnida smoking, boshida shlyapa, xuddiki bir ingliz. Biznikilar u odamga savol berdi: “Britaniya elchixonasida nima qilyapsiz?” U javob beradi: “Men Britaniya fuqarosiman, ko‘p yillar sizlarga imom bo‘lib xizmat qildim. Qirq yildan beri sizlarga diningizni noto‘g‘ri targ‘ib qilib, birdamligingizga putur yetkazishga urindim, endi safarim qaridi, o‘z yerimga qaytyapman”. Tag‘in bir gapni qistirib qo‘ydi: “Orangizda menga o‘xshagan minglab soxta imomlar bor”. Odamlar yuz yillar shu zayl aldovlarga ko‘nib yashashdi. Yolg‘on ma’lumotlar bilan johil qilishga urindilar. Vazifalari bitgach, bizni masxara qilib ketardilar.
…Chodirda bir muddat qolganimizdan keyin Turkiya davlati bizga har bir oilada nechta odam borligiga qarab shaharlardan yer ajratdi. Oilalar Ko‘nya, Oqshahar, Jihanbeyli, Kullu, Oqsaroy, Urfa, Manisa kabi turli shaharlarga joylashdi. Ularning bir qismi Adanada qolib mahalla tashkil etishdi. 1953-yili mahalla ahli masjid qurilishini boshladi. O‘sha paytda men yetti-sakkiz yosh atrofida edim. Biz bolalar qurilishga g‘isht tashib yordam berardik. Boshqa shaharga joylashganlar keyinroq Adanaga qayta boshlashdi.
1958-59-yillarda masjidimiz va uyushmamiz (“Turkiston birdamlik uyushmasi”) binosi qurib bitkazildi. Harbiyga chaqirish yoshiga yetganlar birin-ketin armiyaga otlanishdi. Barcha kattalarimiz ishlashda davom etdi – yaxshi yashash uchun, hech kimga muhtoj bo‘lmaslik, erkin hayot uchun. Uyushmamizda oqsoqollarimiz deyarli har oqshom yig‘ilib, suhbatlashishardi. Shuningdek, o‘qish kurslarini tashkil qilib, turk tilida o‘qish va yozishni o‘rganishar edi. Biz yoshlarga esa folklor guruhi tashkil qilinib, milliy musiqa va o‘yinlar o‘rgatilardi. Bu yerda biz shunday birdamlikni yaratdik. Uyushmamizda ayollar va yoshlar bo‘limi ham bor edi. Oqsoqol va yoshlar uchun alohida guruhlar mavjud bo‘lib, ular har o‘n besh kunda o‘z uylarida to‘planib, Turkiston yo‘lida tadqiqotlar va tadbirlarni olib borishardi.
Xotin-qizlar bo‘limining vazifalaridan biri uyushma a’zolarining uylarida o‘tkaziladigan to‘y-marosimlarda oilalarga yordam berish, bolalarning ilm-fanni puxta o‘zlashtirishiga ko‘maklashish edi. Bundan tashqari, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga undash Yoshlar bo‘limining vazifasiga kirardi. Uyushmamiz tarkibiga Turkistonda yashab, Turkiyaga muhojir bo‘lib kelgan barcha turkistonliklar – o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, uyg‘urlar kiritilgan bo‘lib, ularning barchasi bu jamiyatda faol edilar.
Yoshlarimiz o‘qish uchun boshqa shaharlarga jo‘nab ketishdi. Turmush qurganlar yangi hayot boshladilar va biz o‘sib-rivojlanganimiz sari aholimiz ham ko‘payib bordi. Turkiston mustaqilligi va ravnaqini yanada oshirish uchun yoshlarimiz kitob yozib, maqolalar chop etib Turkiston fojiasini dunyo xalqlariga yetkazish uchun katta harakat qildilar.
…Yangi jadidlar Turkiyada ham o‘zni katta ishlarga chog‘lashdi. Ular jadidlik harakati asoschisi Ismoil Gʻaspralining “Tilda, fikrda va ishda birlik” ezgu g‘oyasi bilan o‘z yo‘lini davom ettirdilar va bugun ham so‘nmas shahd va muhabbat bilan yo‘lda sobitlar.
Mushtarak muhojirlik
Tarix sahifalarida majburiy muhojirlik taqdirini yashab o‘tgan shaxslar oz emas va ular qismatida o‘ziga xos mushtaraklik bor: Zahiriddin Muhammad Bobur va jadidlarning muhojirlik yo‘li… Har ikki holatda ham muhojirlik siyosiy bosim, ta’qib va o‘z yurtida panoh topa olmagan shaxslarning tashqi dunyoda yangi imkoniyat izlashga majbur bo‘lishi bilan bog‘liq. “O‘z yerni qo‘yib, o‘zga yurtga yuzlanish”ga majbur qilgan sabablar ham yetarlicha.
Bobur o‘z ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan Andijonni saqlab qolish uchun uzoq kurashdi. Biroq ichki nizolar va tashqi dushmanlar unga qarshi birlashdi. Shayboniyxon bosimi tufayli u ona yurtidan ajraldi va “Hind sori yuzlandi”.
Jadidlar ham mustamlakachilik zulmi tazyiqlari ostida qolib, o‘z yurtida erkin yashash va faoliyat yuritish imkonidan mahrum bo‘lgan edi. Sovet hokimiyati ularni “millatchi”, “aksilinqilobchi” sifatida qoralab, qatag‘on qildi. Natijada, jadidlarning aksariyati Turkiya, Afg‘oniston, Eron, Xitoy yoki boshqa davlatlarga bosh olib ketdi.
Bobur va jadidlar taqdiri orasidagi asosiy o‘xshashlik shundaki, har ikkisi ham mustaqil fikr va davlat qurish orzusi yo‘lida muhojirlikning achchiq qismatiga duch keldi. Bobur bu muhojirlik savdosini maqsadga yo‘naltirilgan kuchga aylantirib, yangi imperiya barpo etdi. Jadidlar esa, afsuski, bosimlar sabab o‘z maqsadlariga to‘liq yetisha olmadi. Shu bilan birga ularga ham ota makonga qaytish toleyi nasib etmadi.
Men bu xotiralarni bugunning yoshlari, Turkiston vorislari, otayurtning baxti kulgan dilbandlari shukronasini ko‘zlab yozdim…”
Mehmet Emin SHARXAN (Shahrixon)
Turkiya
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



