17.03.2025 | 09:45
300
IBRATDAN IBRAT OLAYLIK
Atoqli ma’rifatparvar Ibrat domla shahar va qishloqlarda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat baravar rivojlansagina millat najot topishi mumkinligi haqida kuyinib yozadi. Shu bois u ushbu maskanlarda madaniyat o‘choqlari, ta’lim muassasalari, turli maishiy inshootlar barpo etilishini orzu qilgan.
Men Is’hoqxon Ibratning “Tarixi madaniyat” va “Mezon uz-zamon” asarlarini o‘qib bir xursand bo‘lsam, bir o‘ksiyman. Chunki bu asarlarda yig‘im-terim ishlari tugagach, mahalliy dehqon yigitlarning ko‘klamgacha “gapma-gap” tarallabedod yurib vaqtini behuda isrof qilishi nadomat va taassuf bilan qalamga olingan.

Men bu dalillarni bejiz keltirayotganim yo‘q. Xo‘p, gapni sal olisroqdan boshlaymiz. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan To‘raqo‘rg‘on tumanida, ya’ni men tug‘ilib o‘sgan maskanda Namangan davlat chet tillari institutining filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti ochildi. Is’hoqxon To‘ra bobomiz orzu qilganidek, yurtimizning chekka hududlarida ham markaziy shaharlarda bo‘lgani kabi zamonaviy ta’lim muassasalari qad rostlayotgani jadid ma’rifatparvarlarining asriy orzulari ushalayotganiga yorqin misoldir.
Men maktabda o‘qiyotgan paytimdayoq Is’hoqxon Ibrat haqida ancha-muncha ma’lumotga ega edim. Uning yurtimiz ravnaqi, xalqimiz ma’rifati yo‘lidagi sa’y-harakatlari bilan tanishib, ko‘nglimda bunday fidoyi ajdodimizga nisbatan cheksiz hurmat paydo bo‘lgan.
Biroq institutga o‘qishga kirganimdan so‘ng buyuk bobomizni mutlaqo yangidan kashf etdim. Bunda menga Ibrat bobomizning “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan “Tanlangan asarlar”i juda katta yordam berdi. To‘g‘risini aytsam, ushbu kitobni ikki marta o‘qib, har safar undan yangidan- yangi hikmatlar topaverdim.
Ibrat domlaning har bir chiqishi, adabiy-ma’rifiy asarlari, maqolalarida odamlar hayotida chuqur ildiz otgan turli xil illatlarni bartaraf etishga, kundalik maishiy muammolar bilan o‘ralashib qolib, millat va mamlakat taqdirini unutib qo‘yayotgan yoshlarni o‘qib-izlanishga, bunyodkorlikka da’vat yangraydi. Xalqimizni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, ilg‘or davlatlardan ibrat olib yangilikka intilish, yoshlarni ilm-fan cho‘qqilarini egallashga undash uning eng katta orzusi edi.
Is’hoqxon Ibrat o‘zining “Tarixi madaniyat” asarida madaniy shahar haqida yozib, bunday manzilda: “…kimki qaysi ilmni xohlasa, ani ta’lim beradurgan muallimlar bo‘lsa, arz qilganda, arz-holini bilib javobini qaytarsa, yaramas odamlar uchun jazoxonalar, omonat qo‘ymoq uchun xiyonat qilmaydurgan omonatxonalar bo‘lsa, ahli ilmlarning qadri yaxshi bo‘lsa, nodonlarni o‘z holiga qo‘ymasa, fikr va ilm-u hunar o‘rgatsa, har kishi o‘z ishiga mashg‘ul bo‘lub, bekorga ko‘chalarda va samovarlarda o‘lturmasa”, deb qayg‘uradi.
Biz bugun Ibrat yashagan davrni faqat kitoblar, nuroniylarning suhbatlari orqali bilamiz. Ular har qanday qiyinchilikka qaramay, millat yoshlari uchun tom ma’nodagi ibrat namunalarini ko‘rsatdilar. Yillar davomida yo‘l azobi, iqtisodiy qiyinchiliklar hamda hukmdorlarning zug‘umlariga qaramasdan, dunyoning rivojlangan davlatlariga safar qilib, yurtimizga ilm-fan, madaniyat va ma’rifat uchqunlarini olib kelishga harakat qildilar. Xususan, Ibrat muallim o‘z sarmoyasi evaziga yurtimizga ilk tipografiya uskunasini olib kelib, zamonaviy bosmaxona faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Zotan, u foydali ma’rifiy asarlarni nashr etish orqali odamlarni jaholat botqog‘idan qutqarishni niyat qilgan edi. Bugun bitta xorijiy tilni chala o‘rganib, ko‘ksiga uradigan tengdoshlarimga o‘z vaqtida Ibrat bobomiz yettita tilni mukammal bilganini eslatib qo‘ygim keladi.
Hozirgi kunda yoshlarning o‘qishi, ishlashi va munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Bundan yuz yil avval Ibrat bobomiz orzu qilgan kunlar yetib keldi. Xo‘sh, biz, bugungi yoshlar jadid bobolarimizga haqiqiy izdosh bo‘la olyapmizmi? O‘qishda, hayotda ulardek bo‘lishga harakat qilyapmizmi? Biz bugun bir paytlar jadid bobolarimiz orzu qilganidan-da ko‘proq sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lsak-da, ayrim tengdoshlarimizning buning qadriga yetmasdan, qimmatli vaqtini behuda sovurayotganini ko‘rganda ana shunday savollar menga tinchlik bermaydi.
Chindan ham, hozir yoshlar uchun barcha narsa muhayyo! O‘zimdan misol keltiradigan bo‘lsam, men muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanyapman, deya olaman. Masalan, hozirda dual ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiyman, ya’ni tushlikkacha barcha zamonaviy, qulay va shinam auditoriyalarda tahsil olaman.
O‘qishdan so‘ng Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida ishlayman. Muzey institutimiz professor-o‘qituvchilari va talabalarining sevimli maskaniga aylangan. Shuningdek, tumanimiz, viloyatimiz, hatto mamlakatimizning olis hududlaridan keladigan mehmonlar uchun ham eshigimiz hamisha ochiq.
Shukurki, biz ajdodlarimiz orzu qilgan dorilomon kunlarda yashayotgan baxti kulgan yoshlarmiz. Buni his qilishning o‘ziyoq kishiga o‘zgacha kuch-quvvat, ishtiyoq bag‘ishlash bilan birga, katta mas’uliyat ham yuklaydi. Biz buyuk allomalarimiz, xususan, jadid bobolarimizning orzularini ro‘yobga chiqarishga mas’ul ekanligimizni aslo unutmasligimiz zarur.
Durdona ZOKIROVA,
Namangan davlat chet tillari instituti talabasi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



