07.04.2025 | 09:34
230
BOGʻ YARAT, MEVASINI TATIRSAN!
Ilgari har bir hovlida ota-bobolar farzandlari, nevaralariga atab tuproqqa ko‘chat qadashgan. Nihollar tobora chuqur tomir yoyib, kun sayin baquvvat dov-daraxtga aylanib borarkan, bu rivoj ota-bobomizga o‘zgacha surur bag‘ishlasa, farzandga oilaning ertasi, tayanchi sifatida zimmasidagi ulkan mas’uliyatni anglatib turgan. Agar oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, hovli chekkasiga yaxshi niyatda yigirma tup terak ko‘chati ekilar, ular kun kelib yigit voyaga yetganda uyli-vatanli bo‘lishida asqotardi. Shular haqida xayol surar ekanman, “Otangning tol ekkani − o‘ziga nom ekkani” naqli beixtiyor esga kelaverdi. Naqadar haq gap!

O‘zi, daraxt ekib, bog‘ yaratish – bizga bobomeros. Tarix sahifalarini varaqlasak, bog‘lar asnosida “o‘ziga nom ekib ketgan” buyuk ajdodlarimiz shaxsi, ezgu qadriyatlari bilan yuzlashamiz. Sohibqiron Amir Temur yaratgan bog‘-rog‘lar hammamizga ma’lum: “Bog‘i Behisht”, “Bog‘i Baland”, “Bog‘i Dilkusho”, “Bog‘i Maydon”, “Bog‘i Nav”, “Bog‘i Shamol”, “Bog‘i Zog‘on”, “Bog‘i Chinor”, “Bog‘i Naqshi Jahon”… Ular bizga yaxshidan bog‘ qolishi hikmatini mudom urg‘ulab turadi. “Temur tuzuklari”dan mana bu qayd esa Sohibqiron bobomizning yaratuvchanlik salohiyatidan darak: “Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat – bir kunmas-bir kun mevasini tatirsen…”
Eslayman, bolalik damlarimda har to‘rt-besh hovlining birida, albatta, tut daraxti bo‘lar, shoxlari tarvaqaylab paxsabo‘y o‘sib ketar, tutpishar palla bo‘yimiz yetmagan joylarini tom ustida o‘tirib terib olardik. Bola bo‘lib bizga qorin g‘ami muhimroq, ularning hovli etagiga ekilgani u qadar qiziq emasdi. Keyinchalik bildimki, tutning imoratga yaqin ekilishi suvni bug‘latib, devorlar zax tortishining oldini olarkan. Teran fikrli ota-bobolarimiz daraxtlarni shunchaki havasga ekmagani, balki bu xayrli ishning-da tagzamirida ilm yotganini anglab, ajdodlar zakovatiga tahsin aytasan kishi.
Daraxt va butalar havodagi changni hamda kasallik qo‘zg‘ovchi bakteriyalarni kamaytiradi. Atrofda yashillik qancha ko‘p bo‘lsa, kislorod almashinuvi va havoni tozalash imkoni shuncha oshadi. Qolaversa, daraxtlar shahar shovqinini ham qiyadi, jaziramada salqinlik berib jonga ora kiradi. Kuzag-u ayozda yaproq to‘kib yalang‘ochlanishiga qaramay, havoni chang-g‘ubordan himoyalashda davom etadi.
Daraxt ekish atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda eng samarali usullardan biri bo‘lib, bu borada jahonda ko‘plab an’anaviy yirik loyihalar mavjud. Afrikada 2007-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan “Buyuk yashil devor” (“Great Green Wall”), Xitoyda 1978-yildan beri izchil amalga oshirib kelinayotgan “Three-North Shelterbelt Program”, Efiopiyadagi “Yashil meros” (“Green Legacy”), Braziliyaning Amazon o‘rmonlarini tiklashga qaratilgan “Trillion daraxt” (“Trillion Trees”) loyihalarini eng muvaffaqiyatli tashabbuslar sifatida e’tirof etish mumkin.
Xususan, Afrikadagi “Great Green Wall” loyihasidan ko‘zlangan bosh maqsad Sahroyi Kabir cho‘lining kengayishini to‘xtatishdan iborat. Loyihaga ko‘ra, 8 ming kilometr uzunlikda yashil hudud yaratish maqsad qilingan. Ushbu tashabbusda qit’adagi 20 ga yaqin davlat bevosita ishtirok etadi. Loyiha natijasida tuproq eroziyasining oldi olinib, millionlab odam ish bilan ta’minlanayotir.
Xitoy tajribasi ham muvaffaqiyat qozongan loyihalar safidaligi xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. “Three-North Shelterbelt Program” dunyodagi eng katta o‘rmonlashtirish dasturlaridan biri sanaladi. Ushbu loyiha Gʻo‘bi sahrosining kengayishini sekinlashtirishni nazarda tutadi. Dastur doirasida millionlab gektar maydonga daraxt ekilgan. Bu esa tuproq unumdorligini tiklash va mahalliy ekotizimni barqarorlashtirishga yordam bermoqda.
Efiopiyaning “Yashil meros” tashabbusi esa o‘ziga xos jahon rekordi bilan mashhur – 2019-yili loyiha doirasida bir kun ichida 350 million tup daraxt ekilgan. Bu loyiha hududda qurg‘oqchilik xavfini kamaytirish, yer unumdorligini oshirish va suv resurslarini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bordi-yu, Germaniyaga yo‘lingiz tushsa, so‘lim va quyuq daraxtzorlardan qadamingiz uzilmaydi. Tabiiyki, ularni parvarishlash juda katta mablag‘, vaqt va kuch talab etadi. Shu bois mamlakatning deyarli har bir shahrida “Yashil ko‘ngillilar” jamiyati faol ishlaydi. Misol tariqasida Kyoln shahrini olaylik. Bu yerda fuqarolar “Kyoln uchun 1000 daraxt” tashabbusi doirasida ko‘chat ekishga homiylik qilishi mumkin. Buning uchun 1200 yevro miqdorida xayriya qilish talab etiladi. Shundan so‘ng shahar hokimiyati qo‘shimcha 1500 yevro ajratadi. Boshqa sarf-xarajatlar bilan qo‘shib hisoblaganda bir daraxt ekish va uni parvarishlash 2800 yevroga tushadi. Shuningdek, shaharning ayrim joylarida nikohdan o‘tayotgan yoshlar maxsus ajratilgan hududlarga borib, daraxt ekishadi. Bu an’ana yangi oila, mehr-muhabbat ramzi sifatida yuksak qadrlanadi.
Butun dunyoda iqlim o‘zgarishi global muammoga aylanib borayotgan bir paytda bu xavf biz yashab turgan makonni ham chetlab o‘tmasligi kunday ravshan. Taassufki, so‘nggi paytlarda turli qurilishlar va boshqa sabablar bilan “yashil do‘stlarimiz” ildiziga bolta urayotganlar toifasini ham uchratdik. Bunday holatlar keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar tomonidan e’tibor markaziga olinib, qonuniy yechimlar taklif etish darajasigacha ko‘tarildi. Shu tariqa tuproqning unumdor qatlamini saqlab qolish va yashil hududlarni asrash maqsadida endilikda 2025-yil 1-iyuldan boshlab ko‘pqavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi belgilandi.
Davlat rahbarimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi esa yurtimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, iqlim o‘zgarishlariga milliy yechim sifatida taqdim etilgan ezgu tashabbus o‘laroq umummilliy harakatga aylanib ulgurdi.
Ushbu loyiha doirasida belgilangan vazifalar, jumladan, 200 million tup daraxt va butalar ekish, “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish, Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,1 million gektarga, o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 4,1 million gektarga yetkazish va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni 14,5 foizgacha kengaytirish – bularning barchasi hududlarni obodonlashtirish, ekologik jihatdan qulay va farovon muhitni yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.
Qamrov ham aytib turibdi, “Yashil makon” bir yillik tadbir emas, kelajak uchun davomli harakatdir. Ushbu umummilliy loyiha shaharlarimiz, mahallalarimizga o‘zgacha fayz bag‘ishlovchi yangi yashil hududlar barpo etilishiga turtki berishi bilan birga, yurtimiz iqlimini moʻtadil saqlash, tabiatni asrash, aholi salomatligini yaxshilash, pirovardida xalqimiz farovonligini ta’minlashda yuksak ahamiyat kasb etadi.
Xayrullo GʻAFFOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
103
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
614
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
611



